Uzum — foydali vitaminlar va minerallar xazinasidir. Uning tarkibida S vitamini, A, RR, N vitaminlari, V gruppasiga kiruvchi vitaminlar, shuningdek K vitamini mavjud.
Shuningdek, uzumda natriy, kalsiy, temir, fosfor, bor, ftor, nikel, marganes, sink va ko‘pgina boshqa foydali metallarni, minerallarni va bir qator nodir foydali moddalarni uchratish mumkin. Bundan tashqari, uzum tarkibida saraton kasalligi paydo bo‘lishiga qarshilik ko‘rsatuvchi fitosterin deb nomlanuvchi modda mavjud. Yana uning tarkibida antioksidant ta’sir ko‘rsatuvchi organik kislotalar, foydali ozuqaviy to‘qimalar, shuningdek, ilmiy tilda flavonoidlar va monosaxaridlar deb nomlanuvchi inson organizmi uchun foydali moddalar mavjud.
Agar zerikarli raqamlar bilan ifodalanadigan tilda aytiladigan bo‘lsa, olimlar tomonidan uzumda ikki yuz xilga yaqin foydali moddalar mavjudligi aniqlangan.
Shuningdek, uzum urug‘i ham inson uchun foydali, unda xushbo‘y moddalar, fitosterinlar va efir moylari bor.
Uzum immunitetni va yurak muskullarini mustahkamlaydi, tomirlarni kengaytiradi va bosh og‘rig‘ini bartaraf etishda yordam beradi. Uzum qon tarkibidagi xolesterin miqdorini kamaytiradi, ichni yurgizadi.
Uzumning ozuqaviy quvvati
Uzum parhez mevasi emas, shuning uchun uni iste’mol qilish me’yorida bo‘lishi lozim. Uning ozuqaviy quvvati 100 gram mevasida (uning naviga qarab) 45 dan 63 kkal gachani tashkil etadi. Albatta uning ozuqaviy quvvati baland emas, lekin uning ishtaha ochish xususiyati kuchli bo‘lganidan, ko‘proq ovqat iste’mol qilishga sababchi bo‘ladi.
Uzum nimasi bilan zararli?
Barchamizga ma’lumki, har bir foydali narsaning zararli tomoni ham bo‘lishi mumkin. Uzumning ba’zi kishilar uchun asosiy kamchiligi tarkibida qand moddasi miqdori juda balandligidadir. Uzumni semirish, qandli diabet, oshqozon yarasi, kariyes kasalliklarida iste’mol qilish maqsadga muvofiq emas. Shuningdek, uni iste’mol qilishdan qonni suyultirish maqsadida dori-darmon iste’mol qilayotganda ham o‘zini tiyish tavsiya etiladi.
Jaloliddin Nuriddinov
Manba: hronika.info
Malayziyaning “Berita RTM” telekanalida O‘zbekistonda ziyorat turizmi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan maxsus dastur namoyish etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida efirga uzatilgan ushbu ko‘rsatuvda malayziyalik professorlar – Badrul Isa va Norfadilah Kamaruddin tomonidan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston–Malayziya: kreativ turizm” nomli loyiha taqdim etildi.
Olimlar tashabbusi bilan yaratilgan mazkur loyiha mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi, Turizm qo‘mitasi va Islom sivilizatsiyasi markazi hamkorligida amalga oshirildi.
Tashabbus O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari haqida “Visual storytelling” formatida professional raqamli kontent yaratishni nazarda tutadi.
Loyihaga ko‘ra, 17–31 avgust kunlari Malayziya UiTM texnologiya universitetining professional fotograflari va dizaynerlaridan iborat ijodiy jamoa Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xorazmda suratga olish ishlarini olib boradi.
Malayziyalik ijodkorlar yurtimiz haqida tayyorlagan foto va videomateriallar “Instagram”, “Facebook”, “TikTok”, “YouTube” kabi internet platformalarda joylashtirilishi rejalashtirilgan. Loyihada yurtimiz oliy o‘quv yurtlarining dizayn, san’at, turizm va mehmonxona biznesi yo‘nalishidagi talabalari ham ishtirok etadi. Bu akademik, turizm va ijodiy sohalarda tajriba almashishni tashkil etish imkonini beradi.
Dasturda fikr bildirgan Badrul Isa loyiha ASЕAN mamlakatlari va musulmon olamida O‘zbekistonni yanada kengroq tanitishga xizmat qilishini ta’kidladi. Uning fikricha, raqamli platformalar orqali mamlakatimiz tarixiy merosi, ziyorat turizmi va amalga oshirilayotgan so‘nggi o‘zgarishlari keng yoritiladi.
“Biz boy tarixiy meros, yuksak madaniyat va mehmondo‘st xalqqa ega bo‘lgan O‘zbekistonni ASЕAN mintaqasi aholisi tomonidan qayta kashf etilishini istaymiz”, – dedi professor.
Shuningdek, u O‘zbekiston xalqini mustaqillikning 35 yilligi bilan tabriklab, loyiha natijalari ushbu sanaga munosib sovg‘a bo‘lishini qayd etdi.
Ushbu tashabbus O‘zbekistonning ziyorat turizmini ommalashtirish va ASЕAN mamlakatlaridan ko‘proq sayyohlarni jalb qilishga xizmat qilishi kutilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati