Ayol yo‘l chetida tuxum sotib o‘tirgan choldan so‘radi:
– Tuxum necha pul?
– Donasi 2 dirhamdan.
– 6 donasini 10 dirhamga berasizmi yoki ketaveraymi?
Otaxon noiloj rozi bo‘ldi. Mayli, olaqoling, bugun hali bir dona ham tuxum sotganim yo‘q. Juda bo‘lmaganda savdoimni sizga sotish bilan boshlay. Oxirgi payt savdo unchalik yaxshi emas, juda kam tuxum sotayapman.
Ayol butun boshli boylikni qo‘lga kiritganday 2 dirham arzonga olgan tuxumlarni olib hursand bo‘lib o‘zining qimmatbaho mashinasi tomon yugurdi...
...Ayol dugonalari bilan restoranga bordi. U yerda har doimgidek ko‘p buyurtma berishdi, natijada ko‘pgina iste’mol qilinmagan yeguliklar ortib qoldi.
130 dirhamlik chek olib kelishganda, bu ayol 150 dirham to‘lab qaytimi kerak emasligini aytdi. Ushbu voqea restoran faoliyatida oddiy xol, lekin tuxum sotib kun ko‘rayotgan chol uchun esa og‘riqli masala. Bu ayol 2 dirhamni qizg‘andi, lekin deyarli 150 dirhamni ko‘kka sovurdi.
Nima uchun ana shunday o‘rinlarda savob qilish o‘rniga, qizg‘anchiqlik qilamiz?! Muhtojga berishga mablag‘ orttirolmaymiz, lekin orzu havasga bir necha millionlab sarf qilamiz. Atrofdagilar bizga baho berishi uchun o‘zimizni ko‘rsatamiz, aslida-chi, aslida bahoni Xoliq bermaydimi?!
Xalqaro aloqalar bo‘limi
Mohira Zufarova
tayyorladi
Bu oyat taqvodorlarga va’da qilingan jannatni sifatlab berish ma’nosida bo‘lishi mumkin. Oyat “taqvodorlarga va’da qilingan jannat kofirlarga va’da qilingan do‘zaxga o‘xshash bo‘ladimi?” degan ma’noda bo‘lishi ham mumkin. Ya’ni jannat bilan do‘zax birbiriga o‘xshash emas.
Alloh taolo boshqa bir oyatda jannat haqida bunday marhamat qiladi: “Taqvodorlarga va’da qilingan jannatning misoli: ichida aynimagan suvli anhorlari, ta’mi o‘zgarmagan sutli anhorlari, ichuvchilar uchun lazzatbaxsh xamrli anhorlari, musaffo asalli anhorlari bor. Ular uchun unda barcha mevalar va Rabbilaridan mag‘firat bordir. Ular do‘zaxda mangu qoladigan, o‘ta qaynoq suv bilan sug‘orilib, ichaklari titilib ketadigan kimsa (kofirlar)ga o‘xsharmidi?” (Muhammad surasi, 15-oyat).
Alloh taolo bu oyatda bunday demoqda: “Sifati shunday doimiy ne’matlar ichra bo‘lgan kishilar mudom azoblanadigan, sifatlari ana unday bo‘lgan kimsalar kabi bo‘lurmi?” Ya’ni jannatiylar do‘zaxiylar kabi bo‘lmaydi. Shundan oldin kelgan oyat ham ushbu oyatga qiyos qilinadi.
“Uning ostidan anhorlar oqadi, mevalari doimiydir”. Ya’ni jannatning mevalari doimiy bo‘lib, aslo tugab qolmaydi. Ular dunyo mevalari va uning ne’matlariga o‘xshamaydi. Dunyo mevalarining har qanday turi vaqti bilan tugab qoladi. Shuning uchun ham Alloh taolo oxirat jannatining mevalari va undagi jamiki ne’matlar uzluksiz, doimiy ekanini hamda kofirlarga oxiratning azobi ham bardavom ekanini xabar qildi.
“Va soyalari…” Alloh taolo jannatning soyasi ham uzluksiz ekani, unda botishi bilan soyasi ham yo‘qoladigan quyosh bo‘lmasligini bayon etib, undagi barcha ne’matlarning davomiyligi va manfaatli bo‘lishini bildirdi. Soyada manfaat bor, lekin zarar yo‘q, quyoshda esa foyda bilan birga zarar ham bordir. Xuddi shunday, dunyo hayotida barcha narsalarda foydali taraflari bilan birga zararli jihatlar ham bo‘ladi. U ne’matlar kelishi vaqti bilan to‘xtab, zavol topadi. Alloh taolo oxiratdagi soya, jannatdagi barcha ne’matlar zararsiz, uzluksiz, boqiy bo‘lishini va ular dunyodagi soyaga va ne’matlarga o‘xshamasligini xabar qildi.
“Shu taqvo qilganlarning oqibatidir. Kofirlarning oqibati esa do‘zaxdir”. Ya’ni kofirlarning jazosi do‘zaxdir. Bu oyat ning zohirini e’tiborga oladigan bo‘lsak, go‘zal oqibat shirkdan saqlanganlarga bo‘lishi aytildi. Chunki Alloh taolo kofirlarning oqibati do‘zax ekanini zikr qildi. Ya’ni ular ning oqibati, jazosi do‘zaxdir. Jannat esa shirkdan saqlanganlarning mukofotidir.
“Kofirlarning oqibati esa do‘zaxdir”. Ya’ni kofirlarning jazosi do‘zaxdir. Yoki ushbu iboraning ma’nosi: “Taqvo qilganlar ning oqibati jannatdir, kofirlarning oqibati esa do‘zaxdir”.
Mufassirlardan ba’zilari Alloh taoloning “Bu taqvo qilganlarning oqibatidir” oyatining ma’nosini bunday bayon qiladi: “Ularning amallari, yaxshiliklarining oqibati jannatdir. Alloh taoloning yagonaligiga kufr keltirgan kimsalar amallarining oqibati esa do‘zaxdir”.
Imom Abu Mansur MOTURIDIYning “Ta’vilotul Qur’on” asaridan
Abdulatif ALLOQULOV tarjima qildi.
“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 9-sonidan
http://hidoyatuz.taplink.ws