Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Yanvar, 2025   |   19 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:45
Peshin
12:39
Asr
15:42
Shom
17:26
Xufton
18:44
Bismillah
19 Yanvar, 2025, 19 Rajab, 1446

Italiyada islom

16.08.2017   4847   7 min.
Italiyada islom

Italiyada islom. Ana shu iboraning o‘ziyoq eshitgan kishini hushyorlikka chorlaydi. Axir, tasavvur qiling: bu davlat poytaxtida Rim-Katolik Cherkovining markazi  Vatikan – shahar-davlat bor.

Biroq, keling, asrlar qa’ridagi tarixga nazar tashlaymiz. Ayon bo‘lishicha, ming yillardan ham oldinroq g‘arbiy yevropadagi boshqa davlatlarga qaraganda islom Italiyada keng yoyilgan ekan. O‘rta asrlardagi arab istilosi davrida Janubiy Italiyada islom dini keng tarqalgan edi. Boriy amirligi janubiy yarim orolda 847 yildan 871 yilgacha mavjud bo‘lgan. Bundan tashqari, 700 yildan 1091 yilgacha, 400 yil davomida Pantelleriya, Sitsiliya, Malta va boshqa orollar musulmonlar nazorati ostida bo‘lgan va bu makonlar, garchand, keyinchalik aososiy aholisi nasroniylar bo‘lgan bir necha musulmon knyazliklariga bo‘linib ketgan bo‘lsa-da,  shartli ravishda Sitsiliya amirligi deb atalgan.  Janubiy Italiyani normanlar bosib olganidan so‘ng musulmonlarning bu yerdagi davlati barham topgan. Shunday bo‘lsa ham musulmonlarning ko‘plab jamoalari Sitsiliyada  XIV asrgacha saqlanib qolgan.

Aynan o‘sha davrda Sitsiliya orolida musulmon Ispaniyasi bilan birga ushbu mintaqada hozirgacha madaniyati va san’atining izi qolgan islom taraqqiyoti tashkil topgan.

Go‘yoki tarix sahifalariga singib ketgandek tilsiz guvohlar – Palermodagi ajoyib me’moriy yodgorliklar va oroldagi boshqa shahar va qishloqlar, ularning nomlari, manzarali va amaliy san’at asarlarining yorqin namunalari, Sitsiliya muzeyidagi noyob ekspozitsiyalar, arab tilidagi kitoblar va qo‘lyozmalar, oroldagi eng muhtasham kutubxonada saqlanayotgan Qur’oni karimning qadimiy nusxasidir.

 IX asrning birinchi yarmida musulmonlar Korsika va Sardiniyaning bir qismini bosib oldi. Uning ortidan Maltani ham ishg‘ol qildi. Shundan keyin O‘rta yer dengizi musulmon davlatining ichkarisidagi dengiz bo‘lib qoldi.

Islom tamadduni bir necha yuz yil davomida Italiyada barq urib, hozirgi kunimizgacha saqlanib qolgan bebaho me’moriy obidalar barpo etdi. XIV yuzyillik so‘nggiga qadar arab tili sitsiliyaliklarning muomaladagi  tillaridan biri bo‘lgan. Hozirgi vaqtda sitsiliyaliklar tilida arabchadan o‘sha vaqtlarda o‘zlashgan ko‘p so‘zlar mavjud. Mintaqada arablar va turklar bilan bog‘liq qator haykallar ham saqlanib qolgan. Keyinchalik, Uyg‘onish davrida islom o‘rta asrlar Italiyasining madaniy an’analarida o‘z aksini topdi. Normanlar istilosidan so‘ng Sitsiliyada musulmonlar davlatchiligi barham topdi. Ammo XIV asr boshlariga qadar bu yerda ko‘plab musulmon jamoalari saqlanib qolgan. Islom madaniyati va me’morchiligi ta’siri Italiyada hozirgi kunlarda ham sezilib turadi. Bugungi kunda islom dini Italiyada G‘arbiy Yevropaning boshqa davlatlariga o‘xshab ikki ko‘rinishda tarqalmoqda. Bir tarafdan, ular turli vaqtlarda islom diniga kirgan italyanlar. Ularning soni 10-15 ming atrofida deb aytilsa-da, ba’zida 30-50 ming kishi deyishadi. Ammo Italiyadagi musulmonlarning aksari esa Osiyo va Afrikaning o‘ttiz mamlakatidan kelgan 560 ming muhojirdir. Ularning hammasi Italiya fuqaroligini olgan yoki yashashga va ishlashga ruxsatnomasi bor shaxslardir. Ba’zi manbalarga ko‘ra, muhojir-musulmonlarning soni bir milliondan baland bo‘lishi ham mumkin. Italiyaga musulmon muhojirlarning ommaviy ravishda oqib kelishi o‘tgan asrning 80-yillariga to‘g‘ri keladi. Lekin undan oldin ham mamlakatda musulmonlarning jamoasi mavjud edi.  Ularning ko‘pchiligi Afrika davlatlari, bir zamonlar Italiyaning mustamlakasi bo‘lgan – Somali va Liviya davlatlari fuqarolaridir. Ko‘payish bosqichidagi italiyalik musulmonlarning ikkinchi avlodi, birinchi muhojirlar to‘lqinining farzandlaridir. Italiyalik musulmonlar bosqichma-bosqich italiya jamiyatiga singishdi va bu jamiyat muhojirlarni etnik va diniy e’tiqodidan ajratib ololmadi. 

Italiyada islomning o‘rni haqida gapiradigan bo‘lsak, xuddi qo‘shnisi Fransiya kabi katoliklikdan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Keyingi o‘n besh yil ichida muhojirlar oqimining ko‘payishi sababli italiyalik musulmonlar tashkilotlari tobora ortib bormoqda. Dastlab jamoalar paydo bo‘ldi, ibodatxonalar ochildi, keyin esa turli-tuman islom madaniyat markazlari tashkil topa boshladi. Milanda chop etiladigan «Il jurnal» nashri yozishicha,  2002 yil Italiyada 350 masjid va ibodatxonalar bo‘lgan va ularning uchdan bir qismining minora va gumbazlari bor bo‘lib, ana o‘shalarnigina masjid deb atash mumkin bo‘lgan.

Etnik va diniy jamoalarning farqli jihatlariga qaramasdan Italiyada kelib chiqishi turli millatlardan bo‘lgan, shuningdek, islom diniga kirgan mahalliy musulmonlarni ham o‘ziga jalb etadigan islom markazlari bor. Bunday markazlar mamlakatda 30ga yaqin. Ularning eng mashhurlari Milan va Rimda, mamlakat janubida esa Neapol va qisman Palermoda.

 Milandagi Islom markazi  masjidlarga o‘xshab barpo etilgan – Islom madaniyati institutidir. Ularning birinchisini 1977 yilda italiyalik sunniy musulmonlar barpo etgan. Bu markaz islomiy mavzularda turli tadbirlar o‘tkazadi, italyan va arab tillarida xabarnoma chiqaradi, adabiyotlar tarqatadi, turli o‘quv kurslari tashkil qiladi va shar’an halol bo‘lgan go‘sht yetishtiradi.  Milanlik dastlabki musulmon italiyada mashhur sanalgan sulolalardan birining vakili  Abdul Vohid Pallavich hisoblanadi. Islom madaniyati instituti va uning masjidlari besh vaqt namoz vaqtida igna tushadigan joy topilmay qoladigan, hatto odamlar ko‘chalargacha chiqib ketadigan, ko‘plab musulmonlar bilan bog‘liq.  Shuningdek, institut imon keltirganlar o‘rtasida targ‘ibot ishlarini ham olib boradi.  Musulmonlarning yana bir muhim markazi – Rim. G‘arbiy Yevropadagi eng katta sanaluvchi hashamatli masjid 1995 yil Rimda barpo etilgan.

  Masjidning faoliyati Italiya islom madaniyati instituti hamda Rimda akkreditatsiya qilingan musulmon davlatlari elchxonalari bilan bog‘liq. Ushbu mamlakatlarning diplomatik korpuslari vakillari institut kengashi rahbarlari hisoblanadi. Italiyada musulmonlarni umummillat darajasida birlashtirishga ko‘p bora harakat qilingan. Chunki Italiyada ham boshqa davlatlardagiga o‘xshab musulmonlarning manfaatini himoya qiladigan, zarurat tug‘ilganda davlat hokimiyati bilan munozara qilishga qodir bo‘lgan markazlashgan birlashmaga ehtiyoj bor. Italiyalik musulmonlarning Qur’oni karimni maktabda o‘rgatish yoki muqobil tarzda barpo etilgan  musulmon maktablari huquqini davlat maktablari bilan tenglashtirish, yangi masjidlar qurish uchun ruxsat olish tartibini soddalashtirish, islom shariati asosida o‘qilgan nikohni rasmiy tarzda qayd etish va boshqa masalalarga doir yechimini topishi zarur bo‘lgan muammolari ham bor. Ruyxatdan o‘tgan ibodatxonalar va masjidlar qoshida halol go‘sht do‘konlari mavjud. Musulmonlar uchun alohida qabristonga ham joy ajratilgan.

Italiya maktablarida “din soati” darsi ko‘zda tutilgan. Ammo qaysi dinni o‘rganish yoki dahriylik yo‘lini tutib mazkur darsga qatnashmaslik o‘quvchi va ota-onaning ixtiyoriga qarab bo‘ladi. Biroq hozircha ba’zi joyda bunga kadr yetishmasligi, ba’zi joyda xona yetishmasligi, gohida islomobofiya tizimi ishga tushayotgani sababli musulmon bolalar islom dini darslariga yetarlicha qatnasha olmayapti. Shuning uchun italiyalik musulmonlarning uchdan bir qismi farzandlariga islomning asoslarini puxta o‘rgata olmayotganini asosiy muammolardan bir deb hisoblaydi. Shuningdek, shifoxonalardagi musulmon bemorlarga ruhiy-ma’naviy yordam ko‘rsatish masalasi ham shunday muammolar sirasiga kiradi. Ular bu kabi muammolar vaqtning oqimi bilan barham topib boraveradi, deb ishonadilar.

Damin JUMAQUL tarjima qildi.


Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar

Ehsoningiz o‘rnini Alloh to‘ldiradi

17.01.2025   4856   3 min.
Ehsoningiz o‘rnini Alloh to‘ldiradi

Savol: Hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Har tong quyosh chiqqanda ikki farishta nido qiladi. Ey Alloh infoq qiluvchini infoqini o‘rnini to‘ldirgin va xasis, ziqnaga talofat ber” der ekanlar. Lekin biz hayotda bu hadisning aksini ko‘ramiz. Infoq, ehson va sadaqa qiluvchilar yashashda o‘rta hol, ba’zilari esa biroz qiynalgan bo‘lsa, ziqna, xasis Alloh yo‘lida bir chaqa ham infoq qilmaydiganlar esa, dunyolari ziyoda bo‘lib borayotganligini ko‘ramiz. Shunda kishi hayoliga bu hadis sahihmikan yoki yolg‘onmi degan o‘y keladi. Agar sahih bo‘lsa nega infoq qiluvchining qilgan infoqini o‘rni to‘lmayapti? Nega xasis, ziqna odam talofat ko‘rmayapti?

Javob: Mazkur hadis sahih, muttafaqun alayh. Hadisning to‘liq matni quyidagicha.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Bandalar har tong ottirganlarida ikki farishta tushib, ularning biri: "Yo Alloh infoq qiluvchini infoqini o‘rnini to‘ldirgin", ikkinchisi esa: "Yo Alloh xasis, ziqnaga talofat ber" deydi” (Al-Jome’ as-Sahih, 445-bet, 1442-hadis)

Ushbu hadisning ma’nosiga o‘xshash boshqa hadislar ham mavjud. Misol uchun, Abu Umoma roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Ey Odam bolasi agar sahovatli bo‘lsang, bu ishing sen uchun yaxshidir. Agar ziqna, xasis bo‘lsang, bu ishing sen uchun yomondir" (Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyati).

Oyatda esa: “Har bir infoq qilgan narsangizning o‘rnini U to‘ldirur. U zot rizq berguvchilarning yaxshisidir” deyiladi (Saba’ surasi, 39-oyat). Ushbu oyatni Ibni Kasir rahimahulloh tafsirlarida: "Robbingizning buyurgan yoki muboh qilgan ishlarida biror bir narsani infoq qilsangiz, albatta, U dunyoda uning badalini beradi. Oxiratda esa, savob va mukofot beradi", deganlar.

Endi savol beruvchining fikriga keladigan bo‘lsak, u inson faqatgina hadisdagi to‘ldirish va talofot so‘zlarini mol-mulk ma’nosida tushunganlar. Hadisning asl mohiyati esa, bundan ko‘ra chuqurroq va kengroqdir. Aslida infoq qiluvchi kishiga G‘oniy va Karim bo‘lgan Allohning O‘zi kifoya qilishi uning infoqiga eng yaxshi evazdir. Allohni infoq qiluvchi bandasining ahlini isloh, farzandlarini iqtidorli, tanasini sog‘, oziga baraka berishi va uni to‘g‘ri yo‘lga boshlashi, yaxshiliklar qilishga muvaffaq qilishi, qalbida sakinat, insonlarni unga nisbatan muhabbatli va iymon halovatini sezuvchi qilib qo‘yishi infoq qiluvchi kishiga dunyo matolaridan cheklanishidan ko‘ra yaxshiroqdir. Zotan oriflar ruhiy rizqlarni ko‘zni quvontiruvchi dunyo matolaridan ko‘ra abadiy va qiymati baland deb biladilar.

“Talofat” esa, faqatgina molning talofati degani emas, balki kishining oilasini notinchligi, farzandlarini noqobil, o‘zgalar bilan yaxshi aloqada bo‘lmasligi, doim tashvishda, hayotda kishini xafa qiladigan ishlar bilan yashashi, moli ko‘p bo‘lsa-da foydalana olmasligi va doimo tanasining dardi bilan azob uqubatda hayot kechirishi tushuniladi. Bunday holatlar esa, molning talofotidan ko‘ra yomonroqdir.

Hadisda kelgan farishtalarning duosi Qur’oni karimdagi ushbu oyatlarga muvofiqdir: "Ammo kimki (ato) bersa va taqvo qilsa. Va go‘zal (so‘z)ni tasdiq qilsa. Bas, Biz uni osonga muyassar qilamiz.  Ammo kimki baxillik va istig‘no qilsa. Va go‘zal (so‘z)ni yolg‘onga chiqarsa. Bas, Biz uni qiyinga muyassar qilamiz" (Layl surasi, 5-10-oyatlar).

Alloh barchamizni oyatlarini va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarini asl mohiyatlari bilan anglab yetishimizni oson qilsin.

Yusuf Qorozoviyning “Fataava Muasira” nomli asaridan
“Imom at-Termiziy” jome’ masjidi imom xatibi
Yahyo Abdurahmonov tarjimasi