Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Yanvar, 2025   |   18 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:45
Peshin
12:38
Asr
15:41
Shom
17:25
Xufton
18:43
Bismillah
18 Yanvar, 2025, 18 Rajab, 1446

Vikinglardan davrimizgacha; Norvegiyada islom

11.08.2017   4025   6 min.
Vikinglardan davrimizgacha; Norvegiyada islom

Maydan iyulgacha quyosh deyarli botmaydigan, yarim tunda ham oftob charaqlab turadigan, shimolida esa qish faslida kun davomida quyuq tun hukmronlik qiladigan, janubda kun yorug‘ligi atigi bir necha soat bo‘ladigan mamlakatda yashovchi musulmonlar besh vaqt namozini qanday o‘qiydi? O‘zi islom dini Norvegiyaga qay yo‘sinda kirib kelgan va o‘rnashib qolgan?

Sayyoramizdagi barcha davlatlarda bo‘lgani kabi shimoldagi ana shu davlatda ham musulmonlar istiqomat qiladi. Ibodatlar, xususan, besh mahalgi namoz masalasida ushbu g‘ayrioddiy tabiat sharoitida  yashovchi musulmonlar o‘zlariga eng yaqin bo‘lgan, kun va tun o‘z vaqtida almashadigan aholi punktiga qarab mo‘ljal oladi.

Norvegiya statistika qo‘mitasining 2008 yilgi hisob-kitobiga ko‘ra, o‘sha vaqtda mamlakatda 84 ming musulmon bo‘lgan. Ularning hammasi Norvegiyaning rasmiy fuqarolari edi. Qo‘mita vakili Xelg Brunborgning aytishicha, mamlakatda aholining qaysi dinga mansubligini aniqlash yuzasidan rasmiy statistik ma’lumotlar yig‘ilmaydi, ammo olimlar o‘z tashabbuslari bilan mamlakatdagi musulmon aholi sonining taxminiy hisobini qilib ko‘rgan. “Bugungi kunda musulmonlar mamlakat aholisining 4 foizini tashkil etadi. ayrim ekspertlarning fikricha, yaqin 20-30 yil ichida musulmon aholi 11 foizga chiqadi. Hozirgi vaqtda Norvegiyada o‘rta hisobda 163 ming muhojir yashaydi. Musulmonlarning soni o‘sishining sabablaridan biri – muhojirlar va mahalliy qizlar o‘rtasidagi nikohdir. Bunday ayollar islom diniga kirib farzandlarini islomiy ruhda tarbiyalab voyaga yetkazmoqda. Norvegiyada hozir masjidlar uncha ko‘p emas, borlarining ham aksari xususiy xonadonlarda joylashgan. Shunga qaramasdan, islom mamlakatda ikkinchi o‘rindagi din maqomiga chiqib oldi va boshqa dinlarga nisbatan katta tezlikda yoyilib borayotir”, degan edi u.

O‘rni kelganda bir qiziq faktni keltirmasak bo‘lmaydi: Norvegiyaning Troms shahri qutbdagi makon. Shu yerda dunyodagi eng shimoliy masjid deb atash mumkin bo‘lgan ibodatxona bor.

Aslida Norvegiyada islom dinini yangi din deb gapirish unchalik to‘g‘ri emas. Negaki, ushbu dinning mazkur mamlakat hududidagi tarixiy ildizlari ko‘p vaqtlar davomida unut bo‘lib ketgan edi. Norveglarning musulmonlar bilan dastlabki aloqalari vikinglar davrida boshlangan. Hijriy 700 va 837 yillarda vikinglar musulmonlar yerlariga bostirib kirgan va o‘sha vaqtlarda musulmonlar qo‘l ostida bo‘lgan  Marokko va Ispaniyaning bir qismini bosib olgan Sevilya shahrini butkul vayron qilgan. Shved va norveglarning tarixiy kitoblarining birida ulug‘ musulmon sayyohi ibn Fadlan X asrda bir guruh vikinglar bilan skandinaviya yarim oroliga borgani yozilgan. Bu xabar uning musulmonlardan birinchi bo‘lib dunyoning ana shu chekkasiga kelganini ko‘rsatadi. Eng qizig‘i, XIX asr boshlarida Norvegiya Qirolligi kutubxonasida juda ko‘p miqdorda Islom diniga oid  kitoblar borligini ko‘rgan va islom haqida o‘qigan Norvegiya davlat madhiyasi muallifi islom diniga kirgan.

Yaqinda arxeologlar Norvegiya janubida bir necha kashfiyotlar qildilar. Ma’lum bo‘lishicha, vikinglar abbosiylar davrida Bag‘dodga savdo ishlari bilan borgan va uylariga xalifalikning shahodat kalimasi yozilgan tangalarini olib qaytgan. Eng ajablanarlisi, Norveglarning XVII yuzyillikda yashab ijod qilgan mashhur publitsist va shoiri Genrix Vergelandning yashirin ravishda Islomni qabul qilib islomiy hayot kechirgani kashf bo‘lib qoldi. Vergelandning onasiga yozgan maktubi ham topildi. o‘sha xatda u “turklarning diniga” (U Usmonli imperiyasi dini deganda Islom dinini nazarda tutgan edi) e’tiqod qilayotganini yozgan edi.

O‘tgan asrning 60-yillarigacha Norvegiya iqlimi nobopligi va iqtisodi nochorligi bois musulmonlarning e’tiborini tortmagan. Ammo neft topilganidan so‘ng ishchi kuchiga talab ortdi va Norvegiya hukumati turklarga va pokistonliklarga eshigini lang ochib qo‘ydi. Biroq norveg jamiyati muhojirlarni unchalik xushlamadi:  mamlakat amalda etnik va diniy jihatdan bir xillikni saqlab qoldi. Musulmon muhojirlar bu jamiyatda nihoyatda katta farq qiladigan urf-odatlar va odamlarning odatlari bilan to‘qnash keldi. 1970 yillargacha Norvegiyadagi musulmonlar jamoasi unchalik ko‘p emas edi. Vaqt o‘tishi bilan muhojirlar soni ortdi, eng qaynoq nuqtalardan, shuningdek, Afrika va shimoldan musulmonlar kela boshladi. 1985 yilga kelib musulmonlarning soni muhojirlar va talablar hisobiga sezilarli darajada ortdi, Ayni vaqtda norveglarning o‘zlari ham Islom diniga kira boshladi.

Hozirgi vaqtda Islom ikkinchi o‘rinda turibdi va bag‘oyat jadallik bilan ilgarilab boryapti. Musulmonlarning sonini aniq aytish qiyin-u, ammo ular 300 000 dan oshib ketgani aniq. Bu – davlat aholisining 7 foizi demakdir. 

Ommaviy axborot vositalarida va boshqa tadbirlarda muttasil ravishda islomni tanqid qilish aholining aynan shu dinga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirib yubordi. Oldindan musulmon bo‘lgan kishilar esa o‘zlari e’tiqod qilgan dinning ahkomlariga yanada mas’uliyat bilan amal qila boshladi. Teng huquqlilik masalasi, ayniqsa, musulmonlarning ikkinchi avlodi kun tartibidan asosiy o‘rin egalladi. Dinga mansublik qaysi millatga mansublikdan ko‘ra kattaroq ahamiyat kasb eta boshladi. Norvegiyadagi musulmon jamiyati turli millatlardan tashkil topgan. Eng katta jamoa poksitonliklar, ularning ortidagilar turklar va arablardir.

Shuni e’tiborga olish kerakki, norvegiyalik musulmonlar jamiyatga Yevropaning boshqa davlatlaridagi dindoshlariga nisbatan yaxshi singishgan (integratsiyalashgan). Buning zamirida norveg hukumatining jamiyatda qiyinchilikka duch kelgan kishilarni qo‘llab-quvvatlashidek katta xizmati yotadi. Hukumat haqida so‘z ochilgandan keyin bir faktni aytib o‘tmasa bo‘lmaydi, Ashaddiy o‘ngchilardan tashqari barcha siyosiy partiyalarning faol musulmon a’zolari bor.  Shuningdek, mamlakat parlamenti va hokimiyat organlarida ham musulmonlarni uchratish mumkin. 

Ruschadan Damin JUMAQUL tarjima qildi.

 

Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

100 dan ziyod oilaning holidan xabar olindi

17.01.2025   12071   1 min.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati