Makka shahrida Muqaddas Ka’baning yopinchig‘i – Kisvaning ko‘rgazmasi ochildi, deya habar bermoqda www.marwa.ru sayti. Ko‘rgazmaga tashrif buyuruvchilar Ka’ba yopinchig‘i uzoq asrlar davomida qanday bo‘lgani va hozirgi kunga kelib qay holatdaligini ko‘rishlari mumkin. Shuningdek ko‘rgazmada Kisvani tayyorlashda ishlatiladigan uskunalar, mato va ipak mahsulotlari ham namoyish etilmoqda.
Kisvani tayyorlash xiyla mashaqqatli ish bo‘lib, bunday sharafli ish ustida 240 ta hunarmand va texnik mutaxassislar uch oy mehnat qiladilar. Kisvaga hajga aloqador oyatlar yoziladi. Ka’ba yopinchig‘ini tayyorlash uchun Saudiya Arabistoni hukumati 1927 yilda alohida ustaxona tashkil qilgan va hozirgi kunga kelib kisva tayyorlashga 17 million saudiya riyali (4,5 million dollar) sarflanadi.
Kisvaning oltin iplar bilan naqshlar solib tikiladigan matosining o‘ziga 450 kg ipak sarflanadi. Har yili ikkita kisva tayyorlanadi. Biri Ka’baning ustiga yopilsa, ikkinchisi, har ehtimolga qarshi saqlab qo‘yiladi.
Ka’baga yangi yopinchiq yopish paytida hojilar Arafot tog‘ida haj amallarini bajarayotgan bo‘ladilar. Bu ishni bir qancha mahalliy xodimlar maxsus ko‘tarma uskunalar yordamida amalga oshiradilar.
Xalqaro aloqalar bo‘limi
Qiyomat kuni ikki kishiga Alloh taolo rahmat nazari bilan qaramaydi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qilganlar: “Alloh taolo qiyomat kuni ikki kishiga rahmat nazari bilan qaramaydi. Ulardan biri qarindosh-urug‘i bilan aloqalarini uzgan kishi bo‘lsa, ikkinchisi yomon qo‘shnidir”.
Shunday ekan, kim Allohning nazaridan umidvor bo‘lsa, silai-rahmni uzmasligi, qo‘ni-qo‘shnilar bilan yaxshi qo‘shnichilik qilishi lozim.
Alloh taolo barchamizni O‘zining rahmatiga sazavor aylasin!
Ruhiddin Akbarov,
O‘MIning Qashqadaryo viloyat vakilligi xodimi