Sayt test holatida ishlamoqda!
18 May, 2025   |   20 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:25
Quyosh
05:02
Peshin
12:24
Asr
17:26
Shom
19:41
Xufton
21:11
Bismillah
18 May, 2025, 20 Zulqa`da, 1446

Bir hadis haqiqati

08.08.2017   12900   9 min.
Bir hadis haqiqati

Tavba surasining 75–77 oyatlarida, va’da berib, so‘ng uni bajarmaydigan munofiqlar vasf qilinib, shunday deyiladi:

«Ular orasida: Agarda bizga (Alloh) fazli (boyligi)dan bersa, albatta, sadaqa qilurmiz va solih (kishi)lardan bo‘lurmiz”, – deb Alloh bilan ahdlashadiganlar ham bor.

Alloh ularga fazlidan berganda esa, (ular) unga baxillik qildilar va yuz o‘girib ketdilar. Allohga bergan va’dalariga xilof qilganlari va yolg‘onchilik qilganlari sababli ularga, to Uni uchratadigan kunlari (qiyomat)gacha dillarida munofiqlik bo‘lishini qismat qilib qo‘ydi».

Ko‘plab tafsir kitoblarida ushbu oyat Sa’laba ibn Hotib (roziyallohu anhu) sabab nozil bo‘lgan deyishadi. Vaholanki, bu sahobiy Badr qatnashchisi bo‘lgan ansorlardan hisoblanadi. Tafsir va ishonchli manbalarda u kishi haqida bu mazmundagi oyat nozil bo‘lishi mumkin emasligi, balki bu ma’lumot o‘ta zaif va noto‘g‘ri ekani aytiladi. Jumladan, Mahmud ibn Abulhasan Naysoburiy al-G‘aznaviy “Iyjozul bayon ’an ma’onil Qur’on” kitobida quyidagicha keltiradi: “Darhaqiqat Sa’laba ibn Hotib, Alloh taoloning: «Ulardan: «... “Agarda bizga (Alloh) fazli (boyligi)dan bersa, albatta, sadaqa qilurmiz va solih (kishi)lardan bo‘lurmiz”, – deb Alloh bilan ahdlashadiganlar ham bor”» (Tavba, 75), oyati nozil bo‘lishi sababchisi, deyilgan. Lekin, oyatda zikr qilingan shaxs, Sa’laba ibn Hotib ansoriydan boshqa kishidir”.

Ibn Hajar Asqaloniy “Al Isoba fi tamyizus sahoba” kitobida, Sa’laba ibn Hotib (roziyallohu anhu)ning tarjimayi holida bu qissani keltirmagan. Aksincha, bu sahobiyni badr qatnashchisi deya himoya qilgan. Mazkur qissani esa ziror masjidini qurishda qatnashgan munofiq Sa’laba ibn Hotib yoki Abu Hotibga nisbat bergan. Olim, Sa’laba ibn Hotib (roziyallohu anhu) haqidagi so‘zlarni keltirgach, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning quyidagi: “Badr va Uhudda qatnashgan biror kimsa do‘zaxga kirmaydi”, degan lafzlarini eslatadi.

Ayrim mo‘tabar manbalarda ismlar bir-biriga o‘xshash bo‘lgani uchun ulug‘ sahobiyga nisbatan noto‘g‘ri nisbat berilgan bo‘lishi mumkin. Bu hadis noto‘g‘ri talqin orqali odamlar orasida keng tarqalib ketgan.

Aslida, voqe’lik quyidagicha bo‘lgan: “Sa’laba ibn Xotib ansoriy, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning xuzurlariga kelib: “Ey, Allohning rasuli! Allohdan menga mol-dunyo berishini so‘rab duo qiling” dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Holinga voy bo‘lsin! Ey Sa’laba! Shukrini ado qilgan oz narsang, sen toqat qila olmaydigan ko‘p narsadan ko‘ra yaxshiroqdir” – dedilar. Sa’laba yana murojaat qilib: “Ey, Allohning rasuli! Allohdan menga mol-dunyo berishini so‘rab duo qiling” dedi. U zot (sollallohu alayhi va sallam): “Ey, Sa’laba! Mendan ibrat olsang bo‘lmaydimi? Allohga qasamki, agar men Allohdan tog‘ni tillo va kumushga aylantirib berishini so‘rasam, albatta ularni tillo va kumushga aylantirib beradi. Lekin men so‘ramadimku, shundan ibrat olsangchi?” – dedilar.

Sa’laba yana kelib: “Ey, Allohning rasuli! Allohdan menga mol-dunyo berishini so‘rab duo qiling. Agar Alloh menga mol-dunyo bersa, har bir haqdorni haqqini ado etardim” – dedi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Allohim Sa’labani mol-mulk bilan rizqlantirgin” – deb duo qildilar.U qo‘y oldi. Qo‘y xuddi qurt singari o‘sib ko‘paya boshladi. U peshin va asr namozini Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan birga va qolgan namozlarini qo‘ylari yonida o‘qirdi. Qo‘ylar shu darajada ko‘payib, endi unga Madina o‘tloqlari torlik qilib qoldi. U qo‘ylarini olib Madinaning atrofiga olib chiqib ketdi. Endi u besh vaqt namoz u yoqda tursin, juma namozini ham Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan birga ado etolmadi. Jumani ham, jamoatni ham tark qildi.

Kunlarning birida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Sa’labaga nima bo‘ldi?”, deb so‘rab qoldilar. Qo‘ylari ko‘payib, vodiyga sig‘masdan, ular bilan birga Madinaning tashqarisiga chiqib ketgani aytildi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Sa’labaning holiga voy! Sa’labaning holiga voy! Sa’labaning holiga voy!” – dedilar. Alloh taolo tavba surasidagi quyidagi:

«Mol-mulklaridan ularni u sababli poklashingiz va tozalashingiz uchun sadaqa oling va ular (haqqi)ga duo qiling! Albatta, duoingiz ularga taskin (tasalli)dir. Alloh eshituvchi va biluvchidir» (Tavba, 103) oyatini nozil qilgach, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Ansor va Bani Sulaym qabilasidan ikki kishini sadaqa ishi bilan shug‘ullanishga tayinladilar. Ularga sadaqa haqidagi ko‘rsatmalarini yozma tarzda berib, odamlardan sadaqa yig‘moqqa amr qildilar.

Ular Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning maktublarini olib Sa’laba huzuriga borishdi va unga maktubni o‘qib Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning zakot haqidagi buyruqlarini yetkazishdi.

Shunda Sa’laba: “Bu jizya yoki uning o‘xshashidir. Undan boshqa narsa emas. Sizlar boraveringlar men o‘ylab ko‘ray, keyin kelasizlar.” – dedi.

Ular uning huzuridan chiqib Sulmaning xuzuriga borishdi. Sulma esa zakotga o‘zining mol-qo‘ylari ichidan eng yaxshilarini chiqarib berdi. Ular yana Sa’laba huzuriga qaytganlarida, u oldingi so‘zlarini takrorlab, u ikkovini qaytarib yubordi.

Ular yo‘lda kelishar ekan Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga ro‘baru bo‘lishdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ulardan so‘rashlaridan oldin: “Sa’labaning holiga voy!”, dedilar va Sulmaning haqiga hayrli duo qildilar.

Shunda Alloh taolo quyidagi oyatlarni nozil qildi:

«Ular orasida: «Agarda bizga (Alloh) fazli (boyligi)dan bersa, albatta, sadaqa qilurmiz va solih (kishi)lardan bo‘lurmiz», – deb Alloh bilan ahdlashadiganlar ham bor. (Alloh) ularga fazlidan berganda esa, (ular) unga baxillik qildilar va yuz o‘girib ketdilar. Allohga bergan va’dalariga xilof qilganlari va yolg‘onchilik qilganlari sababli ularga, to Uni uchratadigan kunlari (qiyomat)gacha dillarida munofiqlik bo‘lishini qismat qilib qo‘ydi» (Tavba, 75–77).

Shundan so‘ng Sa’labaning qarindoshlaridan biri uning oldiga borib: “Sen haqingda oyat nozil bo‘ldi” – dedi. Sa’laba darxol Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning xuzurlariga kelib, undan sadaqasini qabul qilishlarini so‘radi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) esa: “Alloh taolo menga sening sadaqangni qabul etmasligimni buyurdi. Bu sening menga itoatsizliging oqibatidir”, – dedilar. Sa’laba boshiga tuproq sochganiga nadomat chekib qoldi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) vafot etib, Abu Bakr (roziyallohu anhu) xalifa bo‘lganlarida, Sa’laba sadaqotlarini ko‘tarib uning xuzuriga keldi. Abu Bakr (roziyallohu anhu) undan qabul qilmadilar. Umar va Usmon (roziyallohu anhumo) xalifa bo‘lganlarida, ularga ham sadaqasini qabul etishlarini so‘rab yolvordi, ammo, ular ham qabul qilmadilar. Sa’laba Usmon (roziallohu anhu) xalifaligi davrida vafot etdi”.

Bu voqe’a ba’zi mufassirlar nazdida qanchalik mashhur bo‘lmasin, u ikki  jihatdan haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Birinchidan, Qur’on va Sunnatda kelgan “tavba qiluvchining tavbasini qabul bo‘lishi” haqidagi xabarga zid ekani, ikkinchidan, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning “Zakotni man qiluvchilar” hadislariga ziddir. Unda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) zakotni man qiluvchiga nisbatan qilinadigan muomala haqida so‘z borgan.

Undan tashqari bu ma’lumotning noto‘g‘ri ekani, quyidagi manbalarda keltirilgan ma’lumotlarda ham o‘z ifodasini topgan:

  1. Imom Qurtubiyning “Al jome’ liahkamil Qur’on” kitobida shunday deyiladi: “Sa’laba, Alloh va Rasuli uning imoniga guvohlik bergan, Badr qatnashchisi, ansoriy sahobadir. U haqida rivoyat qilingan narsa to‘g‘ri emas”.

Abu Umar: “Zakotni man qiluvchilar oyati Sa’laba xususida nozil bo‘ldi” degan so‘z to‘g‘ri emas”.

  1. Munaviy “Fayzul Qodiyr”da shunday deydi: “Bayhaqiy: “Garchi u mufassirlar nazdida mashhur bo‘lsa ham, bu hadisning isnodida nazar (ya’ni unga nazar solib, tahqiq qilishga ehtiyoj) bor”.
  2. Zayniddin Abulfozil Abdurahim ibn Hasan al-Iroqiy shunday deydi: “Tabaroniy u hadisni zaif sanad bilan keltirgan”.
  3. Muhammad ibn Tohir: “Tazniratul mavzuot” kitobida ushbu rivoyatni zaif degan.
  4. Ibn Hajar Asqaloniy “Kashshof” kitobida bu hadisni “juda zaif” degan.
  5. Imom Zahabiy “Miyzonul e’tidol” kitobida, Imom Suyutiy “Asbobul nuzul” kitobida bu qissani zaif sanashgan.
  6. Imom Bayhaqiy va Haysamiylar ham zaif deyishgan.

Xulosa qilib aytganda, aksar olimlar ushbu qissaning zaif ekaniga ittifoq qilishgan. Alloh taolo barcha sahobalardan rozi bo‘lsin.

 

Olimxon YUSUPOV,

Imom Buxoriy xalqaro markazi “Manbashunoslik” bo‘lim boshlig‘i

 

Boshqa maqolalar

“Qiroat qilib ko‘tarilaver”

14.05.2025   3993   3 min.
“Qiroat qilib ko‘tarilaver”

Tartil bilan Qur’oni karimni qiroat qilish muhim amallardan biri bo‘lib, harflarni maxrajlaridan chiqarib, Allohning kalomini tushunib, tajvid qoidalari bilan to‘g‘ri o‘qishni anglatadi. “Tartil”ning lug‘aviy ma’nosi “biror narsani dona-dona qilib terish”ni anglatadi.

Qur’oni karim Alloh taoloning kalomi bo‘lib, uni tartil bilan o‘qish U zotning buyrug‘idir. Muzzammil surasi 4-oyatda shunday deyiladi: “Va Qur’onni tartil bilan tilovat qil”.

Ali roziyallohu anhudan oyatning ma’nosini so‘rashganda, “tartil – harflarni yaxshilash, vaqf o‘rinlarni bilish”, deb javob qilganlar. Jabroil alayhissalomga Muhammad alayhissalom Qur’onni tartil bilan o‘qib berganlar.

Tartil bilan Qur’on qiroat qilish uchun bir qancha qoidalarga rioya qilish lozim. Ular quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  1. Tajvid qoidalariga rioya qilish: “Tajvid”ning lug‘aviy ma’nosi “sifatini oshirish, ziynatlash, chiroyli qilish”ni bildiradi, istilohda Qur’ondagi so‘zlarning har birini o‘z miqdori va sifatida talaffuz qilish, iste’lo va istifola harflarini bir-biridan farqlab, tafxim, tarqiq, idg‘om, izhor kabi qoidalarga amal qilib o‘qishni anglatadi.
  2. Dona-dona, bir maromda va aniq o‘qish: Tartil bilan o‘qishda shoshilmaslik, har bir kalimani aniq tarzda o‘qish muhimdir. Bu oyatlarning ma’nosini tushunishga yordam beradi. Imom Shofeiy tartilning eng ozi tilovatda shoshilishni tark etishdir deganlar.
  3. Ma’nolarini tadabbur qilish: Qur’on ma’nolarini anglash tartilning muhim qismidir. Oyatlarning ma’nosini bilish ularni qalbga singdirishga yordam beradi.
  4. Ixlos va taqvo: Qur’onni faqat Allohning roziligi uchun o‘qish kerak. Ixlos bilan o‘qilgan Qur’onning barakasi va savobi ulug‘ bo‘ladi.
  5. Poklik va ehtirom: Qur’onni tahorat bilan o‘qish, tinch joyda va e’tibor bilan o‘qish tartilning sifatini oshiradi.

Tartil bilan Qur’on o‘qishning foydalari juda ko‘p. Ulardan ba’zilari:

  • Ruhiy oziq: Qur’on qalb uchun nurdir. Uni tartil bilan o‘qish insonning ruhini yanada sayqallaydi va Allohga yaqinlashtiradi.
  • Savob: Har bir harf uchun ko‘plab savob beriladi. Tartil bilan o‘qish bu savobni yanada oshiradi.
  • Qalb xotirjamligi: Qur’on qiroatining ovozi va ma’nosi qalbga taskin beradi, stress va tashvishlarni kamaytiradi.
  • Ilm: Qur’on ma’nolarini anglash va tajvidni o‘rganish orqali insonning bilimi rivojlanadi.
  • Shafoat: Qur’on qiyomat kuni o‘quvchilariga shafoatchi bo‘ladi.

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qur’on sohibiga: qiroat qilib ko‘tarilaver. Dunyoda qandoq tartil qilgan bo‘lsang, xuddi shundoq tartil qil. Albatta, sening manziling oxiri qiroat qilgan oyating makonidan bo‘ladir, deyiladi”, dedilar”, (Imom Termiziy rivoyati).

Zafar qori Mahmudov,
Toshkent Islom instituti “Qur’on ilmlari” kafedrasi o‘qituvchisi.