Mana bir necha yildirki, jonajon yurtimizdan har yili minglab yurtdoshlarimiz Haj va Umra ziyoratlarini ado etib kelmoqdalar. Ziyoratchilarimiz xotirjam va bemalol ibodat qilishlari uchun yildan-yilga shart-sharoitlar yaxshilanib borilmoqda. Ayni kunlarda ishchi guruh xodimlari Makka va Madina shahrida bu yilgi haj mavsumiga qizg‘in tayyorgarlik ishlarini boshlab yuborishdi.
Ziyoratchilar ibodatlarini chiroyli va mukammal ado etishlari uchun mehmonxona toza va ozoda holga keltirilib, barcha shart-sharoitlar muhayyo qilinmoqda.
Ziyoratchilarimiz Makka shahrining “Aziziya” dahasidagi ko‘rkam, 23 qavatli, hashamatli “Abroj al-Hidoya” mehmonxonasida istiqomat qilishadi. Ushbu mehmonxona juda hashamatli bo‘lib, Makka shahrining uzoq-uzoqlaridan ko‘rinib turadi, tepasiga qaragan kishining do‘ppisi tushib ketadi.
Mehmonxonaning keng zali kishi diqqatini o‘ziga tortadi. U yerda yangi, qulay o‘rindiqlar joylashtirilgan bo‘lib, ko‘chadan charchab kelgan odam uchun salqinlanib olishga mo‘ljallangan.
Ziyoratchi o‘z xonasiga ko‘tarilmoqchi bo‘lsa, har biriga 21 tadan odam sig‘dira oladigan bir nechta liftlar mavjud. Bu liftlar shunday dasturlangan-ki, bitta tugmani bossangiz, siz turgan joyga eng yaqin lift darrov yetib kelib, istagan qavatingizga lip etib olib chiqib qo‘yadi. Har bir qavatdagi yo‘laklarda gilamlar to‘shalgan bo‘lib, gard tushsa, yalagudek saranjom-sarishta holga keltirilgan.
Har bir xona 4 kishiga mo‘ljallangan bo‘lib, yotoqda hali ohori to‘kilmagan ko‘rpa-yu choyshablar to‘shab qo‘yilgan. Xonadagi televizor orqali Ka’bai muazzama yoki Masjidun Nabaviyni to‘g‘ridan to‘g‘ri tomosha qilib o‘tirishi mumkin. Shuningdek, har bir xonada kiyim javoni, yozuv stoli, sovutgich va muzlatgich ham mavjud. Xonalar o‘zgacha did bilan bezatilgan. Makkadagi Haj ishlari bo‘yicha hamkorlarimiz aytganidek: “Maqsad – hojilar rohatlansin!”. Albatta, ziyoratchilarimiz u yerga borib joylashgach, shart-sharoitlar shukronasini qilib, chiroyli, keng va ozoda xonalarga joylashib, ibodat halovatini totib, yurtimiz, xalqimiz haqiga duoi xayyorlar qilishlari naqadar ulkan baxt! Haj safariga otlanayotgan yurtdoshlarimizni Alloh taolo ibodat va duolarini qabul qilib, safarlarini bexatar aylasin!
Makka shahridan
Haj-2017 ishchi guruhi.
Cavol: Kollejda o‘qib yurgan vaqtlarimda ba’zan avtobusdan yo‘lkirani bermasdan tushib ketardim. Bu ishning og‘ir gunoh ekanini anglab yetdim. Buni qanday to‘g‘rilasam bo‘ladi? Taxminiy hisoblab, sadaqa qilsam bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Siz bu ishingiz uchun avvalo istig‘for aytib, tavba qilasiz. To‘lamagan yo‘lkiralaringizni taxminiy hisoblaysiz hamda o‘zingiz foydalangan avtobuslar boshqarmasidan yo‘lkiralar to‘lanadigan hisob raqamlari bo‘lsa, qarzlaringizni shunga o‘tkazib qo‘yasiz va shu bilan zimmangizdagi yukdan qutilasiz, inshaalloh. Agar ularda bunday imkoniyat bo‘lmasa, sadaqa qilib yuborasiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.