2017 yilning 4 aprelida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi Farmonni imzolagan edi. Ushbu farmon ijrosi yuzasidan yurtimizning turli hududlarida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining muborak haj ziyoratiga borish bo‘yicha bildirgan istaklari hamda “Nuroniy” jamg‘armasining taklifi inobatga olinib, ilgari haj ziyoratiga borolmagan yoki bunga imkoni bo‘lmagan urush qatnashchilari Prezident ajratgan mablag‘ hisobidan haj ziyoratiga yuboriladigan bo‘ldi. Bu farmon yurtimizda istiqomat qiluvchi tabarruk yoshdagi otaxonlarni behad xursand qildi.
Ayni kunlarda ana shu farmon asosida yurtimizdan 73 nafar nuroniylar haj safariga borish taraddudini ko‘rmoqdalar.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining eson-omon haj ibodatlarini ado etib qaytishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida ko‘p ishlar qildilar. Jumladan, urush faxriylarining oila a’zolari yoki yaqin qarindoshlaridan bir nafariga navbatsiz haj ziyoratiga borishga ruxsat berildi. Har bir guruhga bir nafar guruh rahbari va yana bir nafar guruh rahbarining yordamchilari tayinlandi hamda ikki nafar malakali shifokor ajratildi.
Ayni paytda otaxonlarning quvonchiga sherik bo‘lish va ular bilan dildan suhbatlashish maqsadida guruh rahbarlari har bir otaxonlarning xonadonida bo‘lmoqda. Ayniqsa, Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi sakkiz nafar otaxon bilan tanishish va haj safariga tayyorgarliklarni ko‘rish maqsadida dildan suhbat qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining har bir ziyoratchiga ehrom taqdim qilgani nur ustiga a’lo nur bo‘ldi. Bu tashrifdan otaxonlarimiz behad xursand bo‘ldilar. Bunday ulug‘ ishlarning boshida turgan muhtaram yurtboshimiz haqlariga duolar qildilar.
Shayx Muhammad G‘azzoliy rahimahulloh aytadilar:
“Hanafiy va molikiy mazhablari imom juma xutbasini o‘qiyotgan vaqtida masjidga kirgan kishi tahiyyatul-masjid namozini o‘qishi makruh deb biladilar. Holbuki, bu namozni o‘qish haqida hadis kelgan. Buning sababi nima?
Biroz mulohaza yuritib, shunday xulosaga keldim: Juma xutbasi hijratdan keyin shariatga kirgan. Musulmonlar o‘n yil davomida Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning orqalarida juma namozini o‘qiganlar, ya’ni bu davrda taxminan 500 ta xutba aytilgan. Lekin ular qayerda? Nega muhaddislar bu xutbalarni yozib qoldirmagan? Ular faqat sanoqligina xutbalarni qayd etgan!
Haqiqat shundaki, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam xutba qilganlarida Qur’on tilovat qilar edilar. U zot minbarda turganlarida Allohning kitobini o‘qish bilan band bo‘lardilar, shuning uchun barcha kishilar sukut saqlab, diqqat bilan eshitishlari kerak edi. Hech kim o‘sha paytda boshqa narsa bilan, jumladan, namoz yoki qiroat bilan mashg‘ul bo‘lolmas edi. Chunki Alloh taolo bunday marhamat qilgan: “Qachon Qur’on o‘qilsa, uni diqqat bilan eshiting va jim turing, shoyadki rahm qilinsangiz” (A’rof surasi, 204-oyat)”.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV