Kundan-kunga turmushimiz farovon, oshiyonimiz obod bo‘lib bormoqda. Yurtimizda bunyod etilayotgan ulkan qurilishlar qatorida Piskent tumani markazida ham yirik inshoat, jome masjidi qurilib, namozxonlar ixtiyoriga topshirildi.
2017 yilning 29 iyuli piskentliklar uchun unitilmas kun bo‘ldi. Masjidning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent viloyati bosh imom-xatibi X.Turmatov, Piskent tuman xokimi A.Akramov, Piskent tuman bosh imom-xatibi va Olmaliq shahar bosh imom-xatibi X.Ortiqovlar so‘zga chiqib, namozxonlarni bu qutlug‘ dargoh, go‘zal koshona, e’tiqod maskani bilan qutladilar, so‘nggi yillarda mamlakatimizda din erkinligi sohasida, namozxonlarning ibodat qilish sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida alohida to‘xtalib o‘tdilar.
Masjid ahli yangi masjid binosida Toshkent viloyati bosh imom – xatibi boshchiligida ilk bora peshin namozini o‘qidilar. “Piskent” jome masjidida ibodat qiluvchilar uchun barcha zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Namozxonlarning yaratilgan sharoitlar va ko‘rsatilgan e’tibor sabab qalblari xursandchilikka to‘ldi.
Masjid kishini o‘ziga ohangrobodek tortadi. Masjidga kirgan kishining undan chiqqisi kelmay qoladi. U birvarakayiga 2000 namozxonni sig‘dirish imkoniyatiga ega. Loyihaga asosan o‘ta mustahkam ta’mal toshi ustiga pishiq g‘ishtdan qurilgan. To‘rt mezanali, gumbazli, o‘ta salobatli. Masjidni gumbazi o‘ta chidamli metalldan Olmaliq metall zavodida yasalgan. Tomi eng zamonaviy metall qoplama bilan yopilgan. Shifti gipsokarton bilan qoplangan, isitish uchun penoplast to‘shalgan. Eshik va derazalariga zamonaviy akfa romlari o‘rnatilgan. Poldan isitish moslamasi o‘rnatilgan. Polga bir sidirg‘a 1200 kv.metr gilam poyandoz to‘shalgan. Zina, hovli sahni va yo‘lkalarga kafel va bruschatkalar yotqazilgan. Tahoratxona va mustahabxonalar eng zamonaviy uslubda jihozlangan. Mo‘jazgina kutubxona tashkil etilgan. Masjid sahni obod, ko‘kalamzorlashtirilgan. Manzarali daraxt va gullar ekilgan.
Zaynilobiddinxon Qudratov,
Piskent tumani bosh imom xatibi
Er-xotin tez-tez urishib qolaverdi. Shunda ayoli eriga:
– Dadasi, qo‘shnilarimiz biror marta urishganini eshitmadim. Biz esa tez-tez janjallashib qolyapmiz. Qarshi bo‘lmasangiz, qo‘shni ayoldan buning sirini bilib kelaman, – dedi.
Eri rozi bo‘ldi. Ayol qo‘shni ayol bilan suhbatlashgani chiqib, undan oilada osoyishtalikni saqlash siri haqida so‘radi.
Bu paytda qo‘shni ayol oshxonada ovqat qilayotgan, uning eri esa stolda bir nimalarni yozib o‘tirgandi. Shunda birdan telefon jiringladi. Eri telefon oldiga borar ekan, bexos stol ustida turgan vazani turtib yubordi. Vaza yerga tushib, sindi. Bu holni ko‘rgan ayoli darrov kelib vazani siniqlarini tera boshladi. Eri ayoliga aybdorona qarab, uzr so‘radi. Ayoli esa: “Aslida men sizdan uzr so‘rayman. Chunki vazani stol ustiga – noqulay joyga qo‘ygan ekanman”, dedi.
Bu holni kuzatgan qo‘shni ayol uyiga qaytib keldi va nimalar ko‘rganini aytib berdi. So‘zi yakunida: “Oddiy bir ishda ular ikkalasi ham o‘zini aybdor hisoblarkan. Biz esa har ishda o‘zimizni haq, deymiz. Janjalimiz sababi shundan ekan”, dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Haq bo‘la turib janjalni tark etgan kishiga jannat yonidagi bir uyga kafilman. Hazildan bo‘lsa ham, yolg‘onni tark etgan kishiga jannat o‘rtasidagi bir uyga kafilman. Chiroyli xulqli kishiga jannatning eng yuqorisidagi bir uyga kafilman» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Mana, osoyishtalik siri nimada ekan!
Akbarshoh Rasulov