Bismillahir rohmanir rohiym
Hanbaliy mazhabining muassisi, mashhur olim, ulug‘ muhaddis, Imom al-Buxoriy rahimahulloh kabi buyuk muhaddislarning ustozi Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhi vafot etganlarga, qabristonda dafn qilinganlarga Qur’on o‘qib bag‘ishlashni joiz deb bilganlar va uning savobi o‘lganlarga yetadi, degan e’tiqodda bo‘lganlar. Bu haqida hanbaliy mazhabi olimlarining tarjimayi hollariga bag‘ishlangan yirik hajmli eng mashhur asar – Ibn Abu Ya’lo al-Hanbaliy (451-526 h./1059-1131 m.) rahimahulloh qalamiga mansub “Tabaqot al-hanobila” asarida quyidagi ma’lumot keltirilgan:
حدثنى الحسن بن مهران بن الوليد الأصبهانى قال سمعت محمد بن أحمد المروروذى يقول سمعت أحمد بن حنبل يقول: «إذا دخلتم المقابر فاقرؤوا آية الكرسى ثلاث مرات و قل هو الله أحد ثمّ قولوا اللهم فضله لأهل المقابر
و روى أبو بكر فى الشافى قال محمد بن أحمد المروروذى سمعت أحمد بن محمد بن حنبل يقول: «إذا دخلتم المقابر فاقرؤوا آية الكرسى و ثلاث مرات قل هو الله أحد ثم قولوا اللهم إن فضله لأهل المقابر
و روى أبو بكر فى الشافى قال محمد بن أحمد المروروذى سمعت أحمد بن حنبل يقول إذا دخلتم المقابر فاقرؤوا بفاتحة الكتاب و المعوذتين و قل هو الله أحد و اجعلوا ثواب ذلك لأهل المقابر، فإنه يصل إليهم
“Muhammad ibn Ahmad al-Marvaruziy rahimahulloh Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhining bunday deganlarini eshitdim, deganlar: “Qachon qabristonga kirsangiz, “Oyat al-kursiy”ni uch marta va “Qul huvallohu ahad”ni o‘qing! So‘ngra, “Ey, Alloh! Uning fazlini qabristondagilarga bag‘ishladim!”, denglar!”.
Abu Bakr rahimahulloh “ash-Shofiy” kitobida rivoyat qilishlaricha, Muhammad ibn Ahmad al-Marvaruziy rahimahulloh Ahmad ibn Muhammad ibn Hanbal rahmatullohi alayhining bunday deganlarini eshitdim, deganlar: “Qachon qabristonga kirsangiz, “Oyat al-kursiy”ni va uch marta “Qul huvallohu ahad”ni o‘qing! So‘ngra, “Ey, Alloh! Albatta, uning fazlini qabristondagilarga bag‘ishladim!”, denglar!”.
Abu Bakr rahimahulloh “ash-Shofiy” kitobida rivoyat qilishlaricha, Muhammad ibn Ahmad al-Marvaruziy rahimahulloh Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhining bunday deganlarini eshitdim, deganlar: “Qachon qabristonga kirsangiz, “Fotihat al-kitob” (“Alhamdu” surasi)ni va ikki “Muavvazatayn” (“Qul a’uzu bi-robbi-l-falaq” va “Qul a’uzu bi-robbi-n-noss” suralari)ni hamda “Qul huvallohu ahad”ni o‘qing va buning savobini qabristondagilarga bag‘ishlanglar! Chunki, ularga savob yetadi”.
(Abu Ya’lo al-Hanbaliy. Tabaqot al-hanobila. 2-jild. – Riyoz: al-Amonat al-omma, 1999. – B. 224).
Mazkur rivoyat sahih hisoblanadi. Mazkur rivoyatning shu yerida Muhammad ibn Ahmad al-Marvaruziy rahimahullohning ishonchli zot ekani qayd qilingan. Rivoyatga asossiz ravishda ishonchsizlik bildirish mumkin emas!
Demak, buyuk mujtahid olim va mashhur muhaddis Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhi vafot etganlar ruhiga bag‘ishlab Qur’on tilovat qilishni va ularga savobini bag‘ishlashni joiz deb bilganlar hamda uning savobi o‘lganlar ruhiga albatta yetadi, deb e’tiqod qilganlar. Bu haqqoniy ahli sunnat va jamoatning barcha vakillarining aqidasi hisoblanadi. Uni ahli sunnat va jamoatdan og‘ishgan toifalargina inkor qiladilar. Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhi esa haqqoniy olim, insof-diyonatli ulug‘ mujtahid va muhaddis edilar. U zot bilan sodir bo‘lgan quyidagi rivoyat esa juda ko‘plab manbalarda o‘z aksini topgan. Jumladan, uni ustozimiz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh ham “vafot qilganlarga qiroat qilish” mavzusida bir necha marta keltirib o‘tganlar. Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhi o‘z shogirdi Ibn Qudoma rahimahulloh bilan birga bir janozada qatnashgan ekanlar. Mayyit dafn etilgach, ko‘zi ojiz bir kishi qabr oldida o‘tirib tilovat qila boshlaydi. Buni ko‘rgan Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhi: “Ey, falonchi! Qabr oldida qiroat qilish bid’atdir!”, deydi. Ana shunda, qabristondan chiqqach, Ibn Qudoma rahimahulloh ustozi Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhiga sahoba Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhuning vasiyatlarini – qabr boshida “Baqara”ning boshi va oxirini o‘qishni tavsiya qilganlari haqidagi rivoyatni aytib beradi. Ahli sunnat va jamoatning buyuk imomi Ahmad ibn Hanbal rahimahulloh: “Borib haligi kishiga ayt, tilovat qilaversin!”, deganlar.
Sahobalar davrida ham qabrlar oldida Qur’on qiroat qilish odati bo‘lganiga Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhuning o‘zi vafot etganda, dafn qilinganidan so‘ng “Baqara” surasidan qiroat qilishni vasiyat qilganlarini ko‘rsatish mumkin. Bunga, Imom at-Tabaroniy rahimahulloh tomonlaridan u zotning bunday degan gaplari naql qilingan:
إذا مات أحدكم فلا تحبسوه و اسرعوا به الى قبره و ليقرأ عند رأسه بفاتحة البقرة و عند رجليه بخاتمة البقرة
“Qachon sizlardan biringiz vafot etsa, uni ushlab turmanglar, qabriga tezda olib boringlar. Bosh tomonida “Baqara”ning kirish qismini, oyoq tarafida esa “Baqara”ning xotima qismini qiroat qilsin!”.
(Tabaroniy, 12/13613).
Haqqoniy ahli sunnat va jamoatning barcha vakillarining aqidasi bo‘lgan vafot etganlar ruhiga Qur’on tilovatini bag‘ishlash va ularga savob yetib boradi, deyishni buyuk mujtahid Imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhi ham aytgan ekanlar. Biz ham ahli sunnat va jamoat ta’limotiga ergashgan musulmonlar sifatida o‘lganlar ruhiga qiroatlar qilib, savobini bag‘ishlaymiz. Uni ahli sunnat va jamoat ta’limotidan og‘ishganlargina inkor qiladilar.
Hamidulloh Beruniy
Alloh taolo aytadi: «Ular ehson qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar (tutgan yo‘llari) buning o‘rtasida – mo‘tadildir»[1].
O‘zingizdan boyroq bo‘lganlar bilan tenglashishga urinmang. Aks holda bo‘yningizgacha qarzga botib, malomatga qolasiz.
O‘zingizga, oila a’zolaringizga, shuningdek, qo‘li yupin kishilarga nisbatan ziqnalik qilmang.
Ziqna odam uchun ta’magir bo‘lmasdan yashayotganining o‘zi katta gap. Alloh taolo aytadi: «(Baxillik qilib) qo‘lingizni bo‘yningizga bog‘lab ham olmang. (Isrofgarchilik qilish bilan) uni butunlay yoyib ham yubormang. Aks holda malomat va mahrumlikda o‘tirib qolursiz»[2].
Men juda katta maosh oladigan, biroq oy tugamasidanoq oyligidan bir chaqa ham qolmaydigan kishilarni bilaman. “Ular shuncha pulni, mol-dunyoni qayerga sarflashyapti ekan”, deb hayron qolaman. Alloh taolo aytadi: «...va mutlaqo yo‘l qo‘ymang! Chunki isrofgarlar shaytonlarning do‘stlaridir. Shayton esa, Parvardigoriga nisbatan o‘ta noshukr edi»[3].
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu: “Ancha kunga yetadigan ro‘zg‘orlikni bir kunda ishlatib yuboradigan oilaga achchig‘im keladi”, deganlar.
Muoviya roziyallohu anhu: “Zoye bo‘lgan, birovning haqqi o‘tib ketgan narsani “isrof” deb hisoblayman”, deganlar.
Sarf-xarajatda isrofgarchilikka yo‘l qo‘yadiganlar, ziqnalik qiluvchilar dunyoda har kuni qanchadan-qancha musulmon ochlikdan o‘layotganini nahot bilishmasa?!
Kimdir e’tiroz bildirib: “Ular bizdan uzoqda-da” desa, “Axir ular bizning Islomdagi birodarlarimiz, din qardoshlarimiz-ku!” – deymiz. Biz erta qiyomat kunida ular borasida ham so‘roq qilinmaymizmi? Qolaversa, oramizda ro‘zg‘origa ora-sirada go‘sht kiradiganlar bor. Gohida shu ozgina go‘shtni olishga ham imkon topa olmay, oylab go‘sht yemaydilar.
Bir jamoa odamlar Qays ibn Uboda roziyallohu anhuning oldilariga ozroq yegulik so‘rab kelishdi. U zot bog‘larida to‘kilgan mevalarni terib, yaxshisini chirigidan ajratib saralayotgan edilar. Ular Qays roziyallohu anhuga nima uchun kelishganini aytishdi. Sahobiy ularga so‘raganlarini berdilar. Kelgan jamoa bir-birlariga ajablanib qarab: “Nochor hayot kechirayotgan bo‘lsangiz, yana qizg‘anmay infoq qilishingiz qiziq bo‘ldi-ku”, deyishdi. U zot: “Sizlarga ehson qilish uchungina shunday yashayman”, dedilar (ya’ni, sahobiy roziyallohu anhu men iqtisod qilaman va isrof qilmaganim holda, siz kabi muhtojlarga yordam berishga ham ortinaman demoqchi bo‘ldilar).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Chiqimda iqtisod qilish tirikchilikning yarmidir. Odamlarga muhabbatli bo‘lish aqlning yarmidir. Chiroyli savol berish esa yarim ilmdir”, [4] dedilar.
Ulug‘lardan biri aytadi: “Kim farzandiga iqtisod qilib yashashni o‘rgatsa, unga ko‘p meros qoldirishdan ham ko‘proq yaxshilik qilibdi”.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Furqon surasi, 67-oyat.
[2] Isro surasi, 29-oyat.
[3] Isro surasi, 26–27-oyatlar.
[4] Imom Tabaroniy rivoyati.