Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Iyun, 2025   |   22 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:40
Shom
20:02
Xufton
21:41
Bismillah
18 Iyun, 2025, 22 Zulhijja, 1446

Qo‘shnisi och mo‘min uxlamas

04.08.2017   5364   11 min.
Qo‘shnisi och mo‘min uxlamas

Bismillahir rohmanir rohim

Islomda har bir ish Qur’oni karim va sunnati nabaviya ta’limoti asosida bajariladi. Islom dinining jamiyatdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamga munosabati ham shu ikki manbada o‘z ifodasini topgan. Ijtimoiy himoya deganda avvalo aholi orasida moddiy jihatdan qiynalgan, o‘zining ehtiyojini qoplay olmayotgan fuqarolarga moddiy va ma’naviy ko‘mak berish tushuniladi. Shu jihatdan, Qur’oni karim va hadisi sharifda ijtimoiy himoyaga naqadar katta e’tibor qaratilganini ko‘rishimiz mumkin.

Qur’oni karimda “faqirlik” va “faqirlar” lafzi moddiy ma’noda 13 marta takrorlangan. Ularning ba’zisi odamlarning Allohga faqir (muhtoj) ekanini bayon qilsa, ba’zilari shaytonning odamlarga faqirlikni va’da qilishini bayon qiladi, boshqalari esa faqirlarga molning ma’lum bo‘lagidan sadaqa berishga buyuradi. “Boylik” va “boylar” lafzi 26 marta kelgan. Bundan 21 tasi Allohning behojat zot ekanini ta’kidlasa, 5 tasi insonlarning sifati ma’nosida vorid bo‘lgan. “Miskin” lafzi ko‘plik va birlik siyg‘alarida 33 marta takrorlangan. “Soil” (tilamchi) lafzi 4 marta kelgan va uning barchasida ularga sadaqa berishga buyurilgan. Iqtisodiy jihatdan “zaiflar” lafzi 4 marta zikr qilingan va unda zaiflardan muayyan majburiyatlarni soqit qilish va ulardagi zaiflik sabablarini bartaraf etish haqida gapirilgan. Iqtisodiy jihatdan “mahrum” lafzi 2 marta kelgan va ikkisida ham boylarning molida ularning ham haqqi borligi ta’kidlangan. Barcha turdagi muhtojlarning nasibasi bor bo‘lgan “zakot” lafzi 32 marta takrorlangan. Gohida zakot lafzining, gohida esa nafl sadaqaning ma’nodoshi sifatida keladigan “sadaqa” lafzi 16 marta kelgan, uning hammasi ham sadaqa berishlikka undagan va buyurgan. Muhtojlarga moliyaviy yordam ko‘rsatish ma’nosidagi “ehson” lafzi 63 marta zikr qilingan. “Alloh yo‘lida infoq qilish” jumlasi 70 marta vorid bo‘lgan.

Yuqoridagi raqamlarni jamlab chiqsak, Qur’oni karimda ijtimoiy himoya mavzusida 263 o‘rinda so‘z yuritilgani ma’lum bo‘ladi.

            Ijtimoiy himoyaga oid hadislarni tahliliy hisob-kitob qilib chiqish mushkul ish. Chunki bir tomondan hadis kitoblarining xilma-xilligi bo‘lsa, ikkinchi tomondan rivoyatlarning takrorlanishi natijasida aynan o‘xshash hadislar ham takrorlanib kelgan. Lekin shunga qaramay, hadis kitoblarini ko‘zdan kechirib chiqish natijasida ushbu mavzuga oid so‘zlar 157 marta vorid bo‘lganini ko‘rish mumkin va ularning aksarida faqirlarga xayrixohlik qilish to‘g‘risida so‘z yuritiladi.

            Musulmonlar avvalambor har bir narsani Alloh taolo yaratgan, bandalar esa shu narsalarni tasarruf qilishga tayinlangan, degan tushunchaga suyanadi. Shunday ekan, banda qo‘lidagi molni uning haqiqiy egasi bo‘lgan Zotning roziligi yo‘lida tasarruf etmog‘i lozim bo‘ladi. Shunday qilish zarurligini Alloh taolo: “Alloh senga ato etgan narsa bilan oxiratni istagin va dunyodan bo‘lgan nasibangni ham unutmagin. Alloh senga ehson qilgani kabi sen ham (odamlarga) ehson qil! Yerda buzg‘unchilik qilishni istama! Chunki Alloh buzg‘unchilarni suymas”, deb bayon qiladi (Qasas surasi, 77-oyat).

            Ushbu oyatdan hamma narsaning haqiqiy egasi Alloh taolo ekani va bizni O‘zi belgilab bergan me’yorga muvofiq ish yuritishga buyurgani ma’lum bo‘ladi. Bu me’yor oxiratda Allohning roziligiga erishish umidida bu dunyoda unga itoat qilishdir. Ibodatlarni to‘la ado etish, xayr sadaqa va zakot berish shular jumlasidandir. Boylarga yaxshilik tariqasida Alloh bergan moldan jamiyatdagi muhtojlarga ehson qilishga buyurishi esa shu molda Allohning ham haqqi borligini anglatadi. Alloh taolo Qur’oni karimda shu haqni faqir va muhtoj bandalariga berishga buyuradi. Faqir va miskinlar boylardan sadaqalarni olishni o‘zlariga or deb bilmasliklari uchun muhtojlarning moldagi nasibalarini ularning haqlari deb qaraydi. Chunki ular Qur’on oyatiga binoan o‘z haqlarini xuddi sherikchilik orqali topilgan daromaddagi o‘z ulushlarini olgandek qabul qilishlari lozim bo‘ladi.

            Islom dinida faqirlik muammosi avvalo o‘sha faqirlarni mehnat qilish, kasb-hunar bilan shug‘ullanishga targ‘ib qilish, dangasalikdan qochishga chaqirish bilan hal etiladi. Chunki mehnat qilish bu asosiy vazifa hisoblanadi. Biroq jamiyatda mehnatga yaramaydigan yoki munosib ish topa olmayotgan yoxud ishi bor-u, biroq undan oladigan daromadi ehtiyojini qoplashga yetmaydigan ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarga nisbatan ham Islom dini o‘ziga xos tarzda rahnamolik qilishga yo‘llaydi. Masalan, zakot, yaqin qarindoshlarga berilishi vojib bo‘lgan nafaqa, nafl sadaqa, xayriya, vaqf ishlari, nazrlar, kafforatlar, qo‘shnilar haqqi, mehmondorchilik haqqi, emmigrantlar (ibn sabillar) haqqi, yetimlarga g‘amxo‘rlik qilish, tilamchilar (soil) haqqi, davlat tomonidan ijtimoiy ta’minot uchun ajratadigan haqlari shular jumlasidandir.

            Islom dini – e’tiqod, shariat va axloqdan tashkil topgan bo‘lsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarga rahnamolik qilish ana shu uchovining har biri bilan chambarchas bog‘liqdir. E’tiqod va imon bilan bog‘liqlik jihati – Alloh taolo hamma narsaning egasi degan aqidaga tayanadi. Albatta, Alloh bandasi qo‘lidagi molidan bir qismini muhtojlarga berishni amr qilgan. Mo‘min kishi esa o‘z aqidasiga sodiq qolgan holda ushbu buyruqni bajaradi. Chunki Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi, “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Yon qo‘shnisi och o‘tirganini bila turib qorni to‘q yotgan kishi mo‘min emas”, dedilar” (Hokim rivoyati).

            Ijtimoiy himoyaning shariat bilan bog‘liqligi Islomning arkonlaridan biri bo‘lmish zakotda yaqqol namoyon bo‘ladi. Alloh taolo zakot olishga haqli bo‘lgan kishilarni Qur’oni karimda birma-bir bayon qilgan:

“Albatta, sadaqalarni faqat faqirlar, miskinlar, unda (sadaqa ishida) ishlovchilar, dillari oshna qilinuvchi (kofir)lar, (pul to‘lab ozod etiluvchi) qullar, qarzdorlarga va Alloh yo‘lida hamda yo‘lovchiga (musofirga berish) Alloh (tomoni)dan farz (etildi). Alloh ilmli va hikmatli zotdir”. (Tavba surasi, 60-oyat).

            Ijtimoiy himoyaning islomiy axloq bilan bog‘likligini boshqa sadaqalar borasida ko‘rish mumkin.

“Ular (hozirda o‘z zimmalariga olgan) nazrlarini ado qilurlar va yomonligi (dahshatlari) keng yoyiluvchi kundan qo‘rqurlar. Taomni esa suyub tursalar-da, (o‘zlari yemasdan) miskin, yetim va asirlarni yedirurlar. (Ular ayturlar): Bizlar sizlarni faqat Alloh yuzi uchun taomlantirurmiz. Sizlardan (bu ish uchun) biror mukofot va minnatdorchilik kutmasmiz. (Inson surasi, 7-9-oyatlar).

Shuni ham aytib o‘tish joizki, Islomdagi ijtimoiy himoya faqat moddiylik bilan cheklanib qolmaydi, balki ijtimoiy va ruhiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni ham nazarda tutadi.  

Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Birodaringning yuziga tabassum bilan boqishing ham sadaqa, yaxshilikka buyurishing ham sadaqa, yomonlikdan qaytarishing ham sadaqa, yo‘ldan adashgan kishini to‘g‘ri yo‘lga solib yuborishing ham sadaqa, ko‘zi ojiz kishiga yordam berishing ham sadaqa, yo‘lni yuzida yotgan toshni, tikanni, suyakni chetga olib qo‘yishing ham sadaqa, chelagingdagi suvdan birodaringni chelagiga quyib berishing ham sadaqadir, dedilar” (Imom Termiziy rivoyati).

            Shuningdek, Islom dinida bemorlarni ziyorat qilish, tanigan-tanimaganga salom berish, janozada ishtirok etish, marhumning yaqinlariga ta’ziya bildirish borasida ham ko‘rsatmalar berilgan va bu amallar uchun ulug‘ savoblar va’da qilingan. Bularning barchasi insonlarning ko‘ngliga xursandchilik bag‘ishlaydigan, ijtimoiy aloqani yanada mustahkamlaydigan islomiy fazilatlar sanaladi.

            Ayni paytda Islom dinida muhtojga yordam qo‘lini cho‘zishdan qochish qattiq qoralanadi. Quyidagi hadisdan shu ma’noni anglash mumkin:

 Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilib aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Qiyomat kuni Alloh azza va jalla aytadi: Ey, Odam bolasi! Men betob bo‘ldim, sen esa meni ko‘rgani kelmading! U aytadi: Ey, Rabbim! Sen olamlarning rabbisi bo‘lsang, men seni qanday ko‘rgani boraman? U aytadi: Falon bandam bemor bo‘lganini bilib turib, uni ko‘rgani bormading. Agar uni ko‘rgani borganingda, o‘sha yerda meni topgan bo‘lar eding. Ey, Odam bolasi! Sendan taom so‘radim, sen esa bermading. U aytadi: Ey, Rabbim! Sen olamlarning rabbisi bo‘lsang, men seni qanday taomlantiray? U deydi: Falon bandam sendan taom so‘raganda sen bermading. Agar berganingda o‘sha savobni hozir shu yerda topgan bo‘lar eding. Ey, Odam bolasi! Men sendan suv so‘radim, sen bermading. U aytadi: Ey, Rabbim! Sen olamlarning rabbisi bo‘lsang, senga qanday qilib suv beray? U deydi: Falon bandam sendan suv so‘radi, sen bermading. Agar berganingda o‘sha savobni meni huzurimdan topishingni bilmasmiding?” dedilar” (Muslim rivoyati).

            Islomda ijtimoiy himoya nafaqat mo‘min-musulmonlar o‘rtasida bo‘lishi, balki musulmon jamiyatida yashayotgan boshqa din vakillariga ham g‘amxo‘rlik qilinishi lozim ekani ta’kidlangan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarining birida: Kim zimmiyga aziyat yetkazsa men u bilan xusumatlashaman. Men kim bilan xusumatlashsam qiyomat kunida undan haqqimni olaman, deganlar.

            Zikr qilinishicha, Umar ibn Abdulaziz Basra shahridagi voliysi Adiy ibn Arto’tga maktub yo‘llab, unda jumladan shunday yozadi: “...So‘ngra, qaramog‘ingdagi ahli zimmalardan qaysilarining yoshi keksayib, quvvati zaiflashib, kasb qilishga qurbi yetmay qolgan bo‘lsa, ularga  baytul moldan yetarli miqdorda nafaqa ajratilishini joriy qilgin. Shuning uchunki, men eshitgan edim, mo‘minlarning amiri Umar ibn Xattob roziyallohu anhu uyma-uy yurib, odamlardan tilanchilik qilib yurgan ahli zimmalardan bo‘lmish bir qariyani ko‘rib: Yoshlingda sendan jizya olsag-u, keksayganingda qarovsiz qoldirsak, senga nisbatan insofsizlik qilgan bo‘lamiz, deganlar va baytul moldan unga yetarli miqdorda nafaqa berishni joriy qilganlar”. Demak, Islom tarixida birinchi marta davlat xazinasi hisobidan keksalarga ijtimoiy ta’minot uchun nafaqa tayinlanishi Umar ibn Xattob davridan boshlangan ekan.

            Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Islom dini ijtimoiy himoya borasida har bir haq egasining haqqini ado etishga keng targ‘ib qilgan dindir.

H. ISHMATBЕKOV, Fatvo bo‘limi mudiri  

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Moshina haydovchining 66 ta ODOBI (4-qism)

16.06.2025   4611   8 min.
Moshina haydovchining 66 ta ODOBI (4-qism)

MOSHINA HAYDOVCHINING 66 ta ODOBI

ni

ULUG‘ USTOZ ULAMOLARIMIZ bayon qilib berganlar:

     (4-qism)

MOSHINA HAYDOVCHINING  66 ta ODOBI

(bularning aksi

mo‘min-musulmon insonga

mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi!!!)

 

  1. Moshinaga minishda yaxshi niyat bilan eng avvalo «Auuzu billohi minashshaytonir rajim!», «Bismillohir rahmonir rahim!» deb, o‘ng qo‘l bilan eshikni ochib, o‘ng oyog‘ini oldin bosib chiqishlik.
  2. Moshinaga chiqayotib, salom berishlik.
  3. Moshinaga minganda, qisqagina tilovat qilib, o‘tganlarning haqlariga duo qilib, belgilangan duolarini o‘qishlik.
  4. Moshinada o‘zini xuddi birovning uyida yoki jamoatchilik joyida o‘tirgandek tutishlik.
  5. Moshinani ichki va tashqi tomonlarini doim toza, ozoda va pokiza tutishlik.
  6. Moshinaning texnik talablarini buzmasdan, ularga so‘zsiz va to‘liq rioya etishlik.
  7. Moshinani har doim barcha joylari sozlangan va minishga yaroqli holda haydamoqlik.
  8. Yo‘lga chiqishdan oldin ulug‘lar (OTA-ONA, ustoz, rahbar, o‘zidan yoshi katta, ulug‘ inson, tabarruk odamlar)ning duolarini olib chiqishlik.
  9. O‘zi yaxshi ko‘rganni o‘zgalarga ham ravo ko‘rishlik.
  10. Bir-biriga nisbatan rahmdillik, mehr-oqibat, hurmat va bag‘rikenglik bilan muomala qilishlik.
  11. Odamlar bilan muomalada hayo, uyatni unutmaslik.
  12. Nafaqat insonlar bilan, balki hayvon, parranda, hasharotlar hatto o‘simliklar bilan ham chiroyli xulq-odob bilan muomala qilishlik.
  13. O‘zidan kattalarni doim hurmat qilishlik.
  14. O‘zidan kichiklarni doim izzat qilishlik.
  15. Hargiz va hargiz boshqalarga noqulaylik tug‘dirmaslik.
  16. Hech kimga hech qayerda va hech narsaga jahl qilmaslik!
  17. Atrofdagilar bilan doim shirinsuxan bo‘lishlik!
  18. Yo‘l asnosida atrofdagilarga biror savol bilan murojaat qilganda, javob bergan odamga minnatdorchilik izhor etishlik.
  19. Moshina haydovchisi til, qo‘l, oyoq va boshqa harakatlar orqali ham boshqalarga ozor berishi dinimiz ko‘rsatmalariga aslo to‘g‘ri kelmaydigan amal. Chunki bunday ishlar muborak oyati-karimalar va hadisi-shariflarda qattiq qoralangan.
  20. Yo‘l harakat qoidalari va yo‘lda yurish odoblariga to‘liq va din-diyonat bilan rioya qilishlik.
  21. Moshina bilan ham kechayu-kunduz OTA-ONANING xizmatlarini og‘rinmasdan, mehr bilan bajarib, ULARNING bebaho, beqiyos va betakror duolarini olishlik.
  22. Ulug‘lar (OTA-ONA, ustoz, rahbar, o‘zidan yoshi katta, ulug‘ inson, tabarruk odamlar) ning hurmatlarini joyiga qo‘yishlik.
  23. Ulug‘lar (OTA-ONA, ustoz, rahbar, o‘zidan yoshi katta, ulug‘ inson, tabarruk odamlar) ga nisbatan beodoblik qilmaslik.
  24. Ulug‘lar (OTA-ONA, ustoz, rahbar, o‘zidan yoshi katta, ulug‘ inson, tabarruk odamlar) oldilaridan imkon qadar kesib o‘tmaslik. Mabodo shunga majbur bo‘lib qolgan holda, uzr aytib, kechirim so‘rashlik.
  25. Ulug‘lar (OTA-ONA, ustoz, rahbar, o‘zidan yoshi katta, ulug‘ inson, tabarruk odamlar)  ning imkon qadar oldilariga tushib yurmaslik. Mabodo shunga majbur bo‘lib qolgan holda, uzr aytib, kechirim so‘rashlik.
  26. O‘z aka-uka, opa-singillariga moshina bilan ham mehribonlik qilib, doim xizmat-yumushlarini beminnat ado etishlik.
  27. Qavm-qarindoshlar bilan yaxshi munosabatda bo‘lib, issiq-sovuq kunlarida moshina bilan ham beminnat xizmat qilishlik.
  28. Qo‘ni-qo‘shnilar bilan chiroyli muomala qilib, issiq-sovuq kunlarida ham, ular ehtiyoj sezganlarida ham moshina bilan ham beminnat xizmat qilishlik.
  29. Inson zotini manfaati ko‘zlab o‘rnatilgan tartib-qoidalarga insof bilan, din-diyonat bilan rioya etishlik.
  30. Inson zotini manfaati ko‘zlab qo‘yilgan yo‘l belgi (znak)lar talablarini hamda svetofor ishoralarini buzmaslik.
  31. Og‘ir bo‘lib, bosiqlik va sabr bilan yurishlik.
  32. Sira ham shoshilmaslik, zero shoshilish – shaytondandir.
  33. Juda sekin ham harakatlanmaslik.
  34. Kasalxona, qabriston, masjid, maktab va shu kabi joylarda imkon qadar signal chalmaslik.
  35. Kasalxona, qabriston, masjid, maktab va shu kabi joylarda video-ovoz chiqarish uskunalarini ovozini keskin pasaytirishlik.
  36. Agar mutlaqo o‘chirib qo‘yilsa, yanada ulug‘roq bo‘ladi.
  37. Har qanday katta-kichik yo‘ldagi har qanday qabristonning ham yonidan o‘tganda, tezlikni sezilarli darajada pasaytirishlik.
  38. Kasalxona, qabriston, masjid, maktab va shu kabi joylarda imkon qadar sekinroq harakatlanishlik.
  39. Har qanday katta-kichik yo‘ldagi qabristonning yonidan o‘tganda, o‘tganlarimizning haqlariga duo qilishlik.
  40. Har qanday katta-kichik yo‘ldagi har qanday kasalxonaning yonidan o‘tganda, barcha bemorlarning haqlariga duo qilishlik.
  41. Quloqchin (naushnik) ishlatmaslik.
  42. Imkon qadar telefon bilan gaplashmaslik.
  43. Harakat davomida oynadan boshqa haydovchilar va yo‘lovchilar bilan gaplashmaslik.
  44. Avtomoshina oynasidan turli narsalarni tashlab yubormaslik.
  45. Bo‘lar-bo‘lmasga signal chalmaslik.
  46. Moshinadagi (video, ovoz chiqarish) uskunalarini ovozini baland qo‘yish bilan o‘zgalarga ozor bermaslik.
  47. Ko‘pchilik harakatlanayotgan joyda yurganda jamoatchilik odoblariga rioya qilish lozim.
  48. Ehtiyojmandlarga tez-tez xayr-ehson, sadaqa qilib turishlik.
  49. Uyda, ko‘chada va barcha jamoat joylarida biror narsa umidvor bo‘lib, so‘rab kelgan insonni quruq qaytarmaslik.
  50. Ko‘pchilik harakatlanayotgan joylar ham xuddi majlislar kabidir. Ularda ham majlislar odoblariga rioya qilgan kabi odob-axloq me’yorlariga rioya etish lozim bo‘ladi.
  51. Yo‘l harakati asnosida ham Yong‘in xavfsizligi, Tez tibbiy yordam va shu kabi tashkilotlarning moshinalariga imkon qadar yo‘lni tezroq bo‘shatib qo‘yish lozim.
  52. Moshina haydovchisi shovqin-suron, baqir-chaqir qilmasligi ham odobdandir. Zero baqir-chaqir, shovqin-suron qilishlik musulmon kishilarga mutlaqo yarashmaydi.
  53. Haqiqiy mo‘min-musulmon kishi qachon, kimning oldida va qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, o‘zini yuksak odob doirasida tutadi.
  54. Kechki paytda boshqa haydovchilarning hamda piyodalarning ko‘zlarini qamashtiradigan darajada yoritgichlarni yoqib yurmaslik.
  55. Yo‘lda sarson bo‘lib, qiynalib turganlarga imkon qadar ko‘maklashib, yordam berishlik – haqiqiy mo‘min-musulmon kishining eng savobli ishlaridan hisoblanadi. Janobi Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam marhamat qildilar: “Kim bir musulmonga bu dunyoda yordam bersa, Alloh Oxiratda unga yordam qiladi”.
  56. Borayotgan manzilga bir oz yetmasdan 10-20 metr oldin to‘xtashlik.
  57. Borayotgan manzilda mabodo odamlar to‘plangan joy bo‘lsa, undan kamida 20-30 metr oldin to‘xtashlik.
  58. Borgan manzilga moshinani o‘sha joyning eshigi, darvozasi, kirib-chiqish joyiga ro‘para qo‘ymaslik hamda atrofdagi odamlar va boshqa moshinalarga ham har tomonlama xalaqit bermaydigan darajada qilib qo‘yishlik.
  59. Kishi bilan xayrlashganda odamning oldida eshikni qattiq yopmaslik. Imkoni bo‘lsa, bir oz yurgandan keyin yopishlik.
  60. Uyga kelganda kelganini bildirish uchun yoki eshik, darvozani ochishlari uchun moshina signali bilan yoki o‘z ovozi bilan boshqalarga ozor bermaslik.
  61. Avtoulovni duch kelgan joyda qoldirmasdan, boshqalarga zarar bermaydigan joyni tanlash lozim.
  62. Turli jamoat joylari (kasalxona, bozor, maktab, masjid, savdo markazlari, avtoturargoh va hokazo)da moshinani juda katta diqqat va nihoyatda jiddiy e’tibor bilan, moshinalarga ham, odamlarga ham mutlaqo ozor yetkazmaydigan holda qilib qo‘yishlik.
  63. Hatto o‘z uyining, o‘z ishxonasining oldiga ham qo‘shnilar, yo‘lovchilarga aslo ozor bermaydigan qilib qo‘yishlik.
  64. Biror joyga mehmonga borganda ham yoki biron yumush bilan to‘xtaganda ham moshinani qo‘shnilar, yo‘lovchilarga aslo ozor bermaydigan, birovlarni yo‘lini to‘sib qo‘ymaydigan qilib qo‘yishlik.
  65. Manziliga yetib borganidan keyin, Xudoga shukr qilib, moshinaga ham minnatdorchilik izhor etiladi.
  66. O‘zidagi mavjud ulovga doim shukr qilishlik.

 

Mehribon Parvardigorimiz

o‘zlarimizni ham,

farzand-zurriyotlarimizni ham

O‘zi buyurgan,

Janobi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam tavsiya etgan,

o‘tmishda o‘tganlarimizning ruhlari shod bo‘ladigan,

xalqimiz xursand bo‘ladigan,

ota-onalarimiz rozi bo‘ladigan

yo‘llardan yurishimizni nasib etsin!

 

                                                                                        Ibrohimjon domla Inomov

 

 

Maqolalar