Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Yanvar, 2025   |   3 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:32
Asr
15:24
Shom
17:08
Xufton
18:28
Bismillah
02 Yanvar, 2025, 3 Rajab, 1446

Tarozi bosadigan amallar

2.08.2017   12402   7 min.
Tarozi bosadigan amallar

Abu Molik Ash’ariy (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Poklik imonning yarmidir. “Alhamdulillah” mezon (tarozi)ni to‘ldiradi. “Subhanalloh” va “Alhamdulillah” yer va osmon o‘rtasini to‘ldiradi. Namoz nurdir. Sadaqa hujjatdir. Sabr ziyodir. Qur’on foyda yoki zararingizga dalildir. Barcha insonlar o‘zlari harakat qiladilar, so‘ngra nafslarini sotib, uni ozod qiladi yoki halokatga uchratadi”, dedilar” (Imom Muslim rivoyati).  

“Poklik imonning yarmidir”

Imonning xislatlari ikki qismga bo‘linadi. Birinchi qismda bandaning qalbi poklanadi. Ikkinchi qismda esa insonning tashqi ko‘rinishi go‘zallashadi. Poklikdan tahorat, g‘usl, najosatni ketkazish, kiyim va badanni tozalash kabi ma’nolar tushuniladi. Muqaddas dinimizda ko‘plab ibodatlarda poklik shart qilingan. Alloh taolo bandalarni poklikka chaqirib bunday marhamat qiladi: “Agar junub bo‘lsangiz, obdon poklaningiz (cho‘milingiz)!” (Moida,6) Boshqa oyatda kiyimni poklashga amr qilinadi: “Liboslaringizni poklang” (Muddassir, 4).

Poklik Alloh taoloning muhabbatiga sazovor bo‘lishda muhim omil hisoblanadi. Chunki Alloh taolo pokiza kishilarni yaxshi ko‘radi. Bu haqda Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “Albatta, Alloh (shungacha bilmay yo‘l qo‘ygan xatolaridan) chin tavba qiluvchilarni va obdon poklanib yuruvchilarni sevadi” (Baqara, 222).

Poklikning ajri beqiyos. Imon insonning botiniy dunyosini shirk, nifoq va shunga o‘xshash ma’naviy illatlardan poklaydi. Tahorat esa insonning zohirini poklaydi. Poklikning savobi ko‘payib, hatto imon savobining yarmiga yetadi. Chunki imon oldingi katta-kichik xatolarni o‘chiradi. Shuningdek, poklik, xususan, tahorat oldingi kichik xatolarni o‘chiradi. Shuning uchun, poklik imonning yarmi deyiladi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Kim tahorat olsa va uni go‘zal qilsa, bu odamning xatolari jasadidan chiqib ketadi…”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

“Alhamdulillah” tarozini to‘ldiradi

Hadisning bu qismida Alloh taologa hamd aytish naqadar ajri ulug‘ amal ekani bayon qilinmoqda. “Alhamdulillah” berilgan ne’matlar shukronasi sifatida Alloh taologa go‘zal tarzda maqtov aytishdir. Hadisda bu lafzning savobi iroda qilingan. Ya’ni “Alhamdulillah” deb Allohni zikr qilishning savobi qiyomat kuni amallar o‘lchanadigan tarozini to‘ldiradi.

“Subhanalloh”, “Alhamdulillah” yer va osmon o‘rtasini to‘ldiradi

“Subhanalloh” so‘zining ma’nosi Alloh taoloni ulug‘lash va aybu nuqsonlardan poklashdir. Bu ikki kalimani ajr-savobini jism deb faraz qilinsa, yer va osmon orasini to‘ldiradi. Chunki zikrda Alloh taoloni poklash va olamlar Robbisiga maqtov aytish bordir. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh taolo kalomdan to‘rtta so‘zni tanlab oldi. Ular: “Subhanalloh”, “Alhamdulillah”, “La ilaha illalloh” va “Allohu akbar” so‘zlaridir. Kim: “Subhanalloh” desa unga yigirma yaxshilik yozilidi va uning yigirma yomonligi o‘chiriladi. Kim: “Allohu akbar” desa yuqoridagi kabi savob beriladi va yomnliklar o‘chiriladi. Kim: “La ilaha illalloh” desa yuqoridagi kabi bo‘ladi. Kim: “Alhamdulillah” desa ham xuddi shunday. Kim: “Alhamdu lillahi robbil alamin” desa, unga o‘ttizta yaxshilik yozilib, o‘ttizta yomonlik o‘chiriladi”, dedilar (Imom Nasoiy rivoyati).

Mazkur zikrlarni qalbi ishonchga limmo-lim to‘lib, so‘zlarning ma’nolarini tafakkur qilib, ixlosu muhabbat va chin e’tiqod bilan aytgan banda Alloh taoloning huzurida ulug‘ savobga erishadi hamda oliy darajalarga ko‘tariladi. Shuningdek, Alloh taoloni zikr qilgan insonning qalbi xotirjam bo‘ladi. Bu haqda Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “…Allohni zikr etish bilan qalblar orom olur (va taskin topur) (Ra’d, 28).

“Namoz nurdir”

Namoz buyuk ibodat. Barcha shartlari bilan, ixlosu muhabbat va xushu ila ado etilgan namoz nur bo‘ladi. Shuningdek, namozni mukammal ado qilish bilan mo‘minning qalbi nurga to‘ladi. Shu bilan birga namoz qiyomat zulmatlarida ham mo‘minga nur bo‘ladi. Namoz Islomning asosiy arkonlaridan biridir. Banda namoz o‘qib Robbisiga bog‘lanadi, Unga munojaat qiladi. Namozni chin ixlos bilan ado etuvchilar rohat, sakinat va omonlik topadi. Namoz o‘qigan banda yaxshi yo‘lda yurib, gunohlardan tiyiladi. Bu haqda Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “…Albatta, namoz fahsh va yomon ishlardan qaytarur…” (Ankabut, 45).

Namoz ma’naviy nur. Banda namoz o‘qib, hidoyat va haq yo‘lni topadi. Namozning nuri qiyomatda ham bandaning yuzida porlab turadi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “…Ularning yuzlarida sajda asoratidan (qolgan) belgilari bordir…” (Fath, 29). Boshqa oyatda bunday deyilgan: “…Ularning nurlari oldilarida va o‘ng tomonlarida yurar. Ular: «Ey Robbimiz! O‘zing bizlarga nurimizni komil qilib bergin va bizlarni mag‘firat etgin. Albatta, Sen har narsaga qodirdirsan», derlar” (Tahrim, 8).  

“Sadaqa hujjatdir”

Sadaqa beruvchi qiyomat kuni mukofot olishiga ishonadi. Shuning uchun, banda dunyoda sadaqa berishga oshiqadi. Berilgan sadaqa bandaning qalbidagi ishonchga hujjat bo‘ladi. Munofiq sadaqa bermaydi. Chunki u sadaqaning evaziga ajr-savob berilishiga ishonmaydi. Sadaqa banda qalbida imon borligining dalilidir. Musulmon doimo saxiy va ochiqqo‘l bo‘lishi kerak. Banda baxillik sabab xayru ehson qilmaydi. Sadaqa esa baxillikdan xalos bo‘lishda alohida o‘ringa ega. Kim baxillikni yengsa qiyomat kuni najot topadi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “…Kimki o‘z nafsi baxilligidan saqlana olsa, bas, ana o‘shalar (oxiratda) najot topuvchidirlar” (Hashr, 9).

 

“Sabr ziyodir”

Sabr dinimizda maqtalgan amaldir. Hadisdagi sabrning ma’nosi umumiydir. Shuning uchun, toat-ibodat, gunohlardan saqlanish, g‘am-alam, kasallik va turli musibatlarning barchasiga sabr qilinsa, u ziyo bo‘ladi. Banda nafsini orzu havaslardan tiyib, matonat bilan turishi sabrdir. Ziyo nurdan kuchli bo‘ladi. Shuning uchun, hadisda sabr ziyo deyilmoqda. Inson sabr bilan qiyinchiliklar va mashaqqatlarni barchasini yengib o‘tadi.

“Qur’on foyda yoki zararingizga dalildir”

Qur’oni karim bandaning dunyo hayotida dasturul amal, oxiratda esa najot va saodatga erishishida muhim omil. Inson hayotlik chog‘ida Qur’oni karimga amal qilsa, najot topadi. Qur’ondan yuz o‘girsa, undagi qaytariqlardan saqlanmasa va buyruqlarni bajarmasa baxtdan mosuvo bo‘lib, alamli azobga duchor bo‘ladi. 

 

“Barcha insonlar o‘zlari harakat qiladilar, so‘ngra nafslarini sotib, uni ozod qiladi yoki halokatga uchratadi”

“Nafslarini sotib, uni ozod qiladi” jumlasidan bandalar toat-ibodat qilib, gunoh-ma’siyatlardan saqlanib, nafsni do‘zaxning alamli azobidan ozod qilish ma’nosi tushuniladi. Shuningdek, banda shaytonga ergashib, halol bo‘lmagan ishlar bilan mashg‘ul bo‘lib, o‘z nafsini halokatga uchratadi va jannatning bebaho ne’matlaridan bebahra qoladi.       

Manbalar asosida

Bahriddin JO‘RABЕK o‘g‘li

tayyorladi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Rajab oyini Rasululloh ﷺ qanday o‘tkazganlar?

31.12.2025   5669   2 min.
Rajab oyini Rasululloh ﷺ qanday o‘tkazganlar?

“Rajab” so‘zi qanday ma’noni anglatadi? 
– Arab tilidagi “rajab” so‘zi o‘zbekchada “ulug‘lash”, “hurmatlash” ma’nolarini ifoda etadi.

Rajab oyi qanday oy? 
– Rajab oyi – Alloh taolo urush qilishni harom qilgan (zulqa’da, zulhijja, muharram, rajab) oylardan biridir. 

Rajab oyining qanday fazilatlari bor? 
– Rajab oyi barakali va ulug‘ oy bo‘lib, undagi ozgina yaxshi amal evaziga ko‘plab ajru savoblar beriladi. Ibodatlar va duolar ijobat bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Besh  kecha  borki,  unda  duolar  rad  etilmaydi: rajab oyining  avvalgi  kechasi; sha’bon oyining  yarmidagi  kecha; juma kechasi; fitr kuni kechasi va qurbonlik kechasi” (Ibn Asokir rivoyati).

Rajab oyini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o‘tkazganlar?
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rajab oyida ro‘za tutganlar. Usmon ibn Hakimdan rivoyat qilinadi: “Sa’id ibn Jubayrdan rajab oyida turganimizda rajab ro‘zasi haqida so‘radim. U: “Ibn Abbosning: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ro‘za tutar edilar, hatto og‘izlarini ochmasalar kerak, der edik. Og‘izlari ochiq bo‘lardi, hatto ro‘za tutmasalar kerak, der edik”, deyayotganini eshitganman”, dedi”.

– Rajab oyi kirganda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Allohumma barik lana fi rajabin va sha’bana va ballig‘na ramazona” (Allohim, rajab va sha’bon oylarida bizlarga baraka ato qilgin va bizlarni ramazon oyiga yetkazgin!”) deb duo qilganlar (Imom Bayhaqiy va Imom Tobaroniy Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilgan). 

Ulamolardan biri: “Rajab shamolga, sha’bon bulutga, ramazon yomg‘irga o‘xshaydi. Kimki rajab oyida ekin ekmasa, sha’bon oyida uni sug‘ormasa, ramazon oyida qanday hosil oladi?” degan. 
Shunday ekan, ramazonda olajak hosilimiz mo‘l bo‘lmog‘i uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan o‘rnak olgan holda rajab oyida ko‘proq solih amallar bilan birga astoydil duolar qilishni ham unutmaylik! 

G‘aflatda qolmaylik, azizlar, vaqt g‘animat, umr bevafo!

 Davron NURMUHAMMAD