22 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida “Haj-2017” mavsumida ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatuvchi ishchi guruhi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari O‘.Hasanboyev, O‘MI raisi o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur, O‘MI raisi o‘rinbosari I. Inomov, O‘MI Xalqaro aloqalar bo‘limi mudiri M-A.Shakirov va “Haj-2017” mavsumida ziyoratchilarga xizmat qiluvchi ishchi guruhi, tibbiyot guruhi hamda oshpazlar guruhi ishtirok etishdi.
Tadbirda ishchi guruhi tomonidan rioya etiladigan qonun-qoidalar, ularning burch va mas’uliyatlari, haj ibodati ruknlari, safarga jo‘nab ketish hamda Saudiya Arabistonidagi tashkiliy ishlarning ishchi guruhiga taalluqli bo‘lgan jihatlari atroflicha yoritildi.
Shuningdek, safarga doir hujjat ishlarida nimalarga e’tibor qaratish lozimligi va guruhdagi ziyoratchilar bilan ishlash davomida ularning pasport va boshqa hujjatlarini yuritish qoidalari borasida ham ma’lumot berildi.
Tadbir yakunida mutasaddilar guruh rahbarlari tomonidan berilgan barcha savollarga batafsil javob berdilar.


Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV