Yahyo qori Turdiyev (“Hasanboyota” jome masjidi imom noibi):
1978 yil To‘ytepadagi masjidda imomlik qilayotganimda Marokashning muftiysi bilan hamsuhbat bo‘ldim. Qur’oni karimdan tilovat qilganimda muftiy ko‘zida yosh ila quyidagi so‘zlarni aytdi: “Inson oltin, gavhar kabi qimmatbaho toshlarni hech qachon oddiy yog‘och sandiqda saqlamaydi. Alloh taolo ham Qur’oni karimni saqlaydigan qalbni O‘zi yaratadi va O‘zi himoya qiladi.
Alloh taolo qorining qalbiga O‘zining kalomi Qur’oni karimni omonat qilib topshirar ekan, avvalo, qalbni yaratadi, so‘ngra u qalbga Qur’oni karimni joylaydi. Ana shunday qalbdan Qur’oni karim ko‘tarilmaydi. Bunday qalb Qur’oni karimga xiyonat qilmaydi. Doimo uni takror qiladi va uning odoblariga rioya etadi”.
Shundan so‘ng, muftiy Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning ushbu hadislarini aytib so‘zini yakunladi:
“Allohumma ya musarrifal qulub, sarrif qulubana ’ala to’atika”,
(Yo qalblarni o‘zgartiruvchi Alloh, qalblarimizni toatinga burib qo‘ygin)
“Allohumma, ya muqollibal qulub, sabbit qulubuna ’ala diynika”
(Yo qalblarni o‘zgartiruvchi Alloh, qalblarimizni diningda sobit qilgin)
Davron NURMUHAMMAD
yozib oldi
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Sirdaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida “Qur’on tinchlikka buyuradi” shiori ostida “Zakovat” intellektual musobaqasi o‘tkazildi.
Bellashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — diniy soha xodimlarining ilmiy-ma’rifiy va huquqiy bilimlarini mustahkamlash, ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni yanada oshirishdan iborat.
Musobaqada shahar va tumanlardan jamlangan jamoalar Qur’oni karim, hadisi shariflar, islom tarixi, milliy qadriyatlar va mamlakatimiz qonunchiligiga oid savollar bo‘yicha o‘z bilim va tezkor fikrlash qobiliyatlarini namoyon etdilar.
Yakuniy natijalarga ko‘ra:
1-o‘rin — “Tafakkur” jamoasi
2-o‘rin — “Ittifoq” jamoasi
3-o‘rin — “Hikmat” jamoasi
G‘oliblar O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligining maxsus diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Sirdaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati