Qur’oni karimni tilovat qilish natijasida o‘quvchi kishiga dunyo va oxiratda juda ham ko‘plab foydalar bor. Biroq, mana shu foydalarni yana ham ko‘proq va unumliroq qiladigan bir amal mavjud. Bu tadabbur ila qiroat qilmoqdir. Qur’oni karimni tadabbur ila o‘qishda kishiga ko‘plab foydalar bo‘lib, ularni bayon qilishdan oldin tadabbur ila qiroat qilish nima ekanligini keltirib o‘tsak.
Tadabbur – biror narsa haqida fikr yuritmoq, mulohaza qilmoq deganidir. Qur’oni karimni qiroat qilishda esa Qur’oni karimdagi oyatlar borasida fikr yuritib, aql-idrok qodir bo‘lgan darajada oyatlardagi Alloh taoloning murodini anglamoq va fahmlamoqdir.
Endi esa tadabbur tufayli paydo bo‘ladigan foydalarning eng afzallarini bayon qilamiz:
أَفَلَا يَتَدَبَّرُونَ الْقُرْآَنَ وَلَوْ كَانَ مِنْ عِنْدِ غَيْرِ اللَّهِ لَوَجَدُوا فِيهِ اخْتِلَافًا كَثِيرًا
Qur’on (oyatlarining ma’nolari) haqida (chuqurroq) fikr yuritmaydilarmi?! Agar (u) Allohdan o‘zganing huzuridan (kelgan) bo‘lsa edi, unda ko‘pgina qarama-qarshi gaplarni topgan bo‘lur edilar. (Niso surasi, 82 oyat), deb ta’riflanganiga yana bir bor inonib, iqror bo‘ladi. Mana shu ishonch Alloh taoloning:
قُلْ نَزَّلَهُ رُوحُ الْقُدُسِ مِنْ رَبِّكَ بِالْحَقِّ لِيُثَبِّتَ الَّذِينَ آَمَنُوا وَهُدًى وَبُشْرَى لِلْمُسْلِمِينَ
(Ey, Muhammad! Ularga) uni (ya’ni Qur’onni) Ruhul-Qudus (Jabroil) Rabbingiz (tarafi)dan iymon keltirganlarni (dinda) sobitqadam qilish uchun musulmonlarga hidoyat va bashorat bo‘lgan holida barhaq nozil qilganini (ularga) aytib qo‘ying! (Nahl surasi, 102 oyat), deb nozil qilgan oyatidagi iymonning sabotini ro‘yobga chiqaradi. Mana, o‘n to‘rt asr o‘tayotgan bo‘lsada, ilohiy mo‘jiza – Qur’oni karim oyatlarida keltirilgan ma’lumotlarda birorta xato jumla topilgani yo‘q, topilmaydi ham. Falakiyot, koinot, hayvonot, nabotot, ilohiyot va tabiiyotga doir oyatlarning naqadar to‘g‘ri ifoda etilgani kun sayin o‘z tasdig‘ini topib kelayotir.
يَا أَيُّهَا النَّاسُ قَدْ جَاءَتْكُمْ مَوْعِظَةٌ مِنْ رَبِّكُمْ وَشِفَاءٌ لِمَا فِي الصُّدُورِ وَهُدًى وَرَحْمَةٌ لِلْمُؤْمِنِينَ
Ey, odamlar! Sizlarga Rabbingizdan va’z (nasihat), dillardagi narsa (shirk va boshqa illatlar)ga shifo va mo‘minlarga hidoyat va rahmat keldi (Yunus surasi, 57 oyat), deya lutf etgan. Darhaqiqat, Qur’on oyatlarida keltirilgan va’z-nasihat, eslatma, amr va nahylar unga amal qiluvchilarga moddiy va ma’naviy jihatdan foydalidir. Ayniqsa, dillaridagi buzuq aqidalar, salbiy illatlar tuzatilar ekan, insonning diniy va dunyoviy ishlari o‘z-o‘zidan izga tushib, ikki dunyo saodatiga erishish imkoniyati tug‘iladi. Buning uchun faqat chin iymon va to‘g‘ri e’tiqod bo‘lishi zarur. Bu esa, oyatda aytilganidek barcha qalbiy razilliklarga shifo bo‘ladi.
Bulardan tashqari Qur’oni karimdagi oyatlar borasida tadabbur qilish insonlardagi mulohaza qilish, holatlarni to‘la ilg‘ay olish kabi xususiyatlarni o‘stiradi. Fikrlarni teran va ravshanlashtiradi. Kishi dunyoqarashini, atrofdagi narsalarga boshqacha nigoh ila qarashni o‘rgatadi. Natijada, kishi borliq, insoniyat va boshqa narsalar haqida tasavvur va bilim hosil qiladi. Bu haqiqatdan eng yaxshi manfaat bo‘ladi. Zero, Qur’oni karimda bejizga:
أَمْ مَنْ هُوَ قَانِتٌ آَنَاءَ اللَّيْلِ سَاجِدًا وَقَائِمًا يَحْذَرُ الْآَخِرَةَ وَيَرْجُو رَحْمَةَ رَبِّهِ قُلْ هَلْ يَسْتَوِي الَّذِينَ يَعْلَمُونَ وَالَّذِينَ لَا يَعْلَمُونَ إِنَّمَا يَتَذَكَّرُ أُولُو الْأَلْبَابِ
Yoki kechalari sajda qilgan va tik turgan holda ibodat qiluvchi, oxiratdan qo‘rqadigan va Parvadigorining rahmatidan umid qiladigankishi (bilan boshqalar barobarmi?!) Ayting: “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?!” Darhaqiqat, faqat aql egalarigina eslatma olurlar (Zumar surasi, 9 oyat) deyilmagan. Ya’ni olimlar bilan johil (ilmsiz)lar ma’rifatda yoki mo‘minlar bilan
kofirlar savob va toatda yoxud payg‘ambarni tasdiq etuvchilar bilan uni inkor etuvchilar Allohning huzurida teng bo‘lmaydilar. Ya’ni jazo va mukofotda farq bo‘ladi.
Alloh taolo barchalarimizni O‘zining kalomi bo‘lmish Qur’oni karimga muhabbatli, unga rioya etadigan va tadabbur ila qiroat qiladigan bandalardan aylasin.
Jaloliddin Hamroqulov
TII “Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri,
“Novza” jome masjidi imom xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘tgan solihlardan qoida va meros bo‘lgan so‘z bor:
من رام العلم جملة ذهب عنه جملة
."Kimki ilmning hammasini birdaniga o‘rganishni istasa, ilmning hammasidan quruq qoladi"
Oz vaqtda ilmning hammasini o‘rganib olaman, deya xomtama bo‘lgan talaba, ilmning hammasidan bebahra qoladi. Hech narsaga erishmaydi.
Qur’oni karim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga 23 yil davomida nozil bo‘lgan...
Imom Burhoniddin Marg‘inoniy rahimahulloh "Hidoya" asarini 13 yil mobaynida ro‘zador holda yozganlar...
Imom Buxoriy rahimahulloh "Sahihul Buxoriy"ni 16 yilda, tahorat olgan holda va ikki rakat nafl namoz o‘qib, yozganlar...
Ilm kitoblari harfma-harf va kalima-kalima izohlab o‘rganiladi. Igna bilan quduq qazishga sabr-toqat, oliy himmat, intizom va uzoq vaqt zarur. Shoshqaloqlik va puxtalik bir-biriga zid – hech qachon jamlanmaydi.
Muhtaram tolibi ilm! Ilmning boshi sabrdir: kitobga sabr qilasiz, ustozga sabr qilasiz, yashayotgan shahringizga sabr qilasiz, hamdarslaringizga sabr qilasiz va hokazo.
Ilm olish lazzatiga erishgach, sabr maqomidan rozilik va muhabbat maqomiga o‘tib olgach hayotingiz mazmuni kitob va ustozlar suhbatiga aylanadi.