Janob Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) aytadilar: “Nikoh mening sunnatimdir. Kim sunnatimga amal qilmasa, u men (ummatim)dan emas” (Ibn Moja rivoyati).
Turmush qurish, oila tebratish va farzand tarbiyasi kabi muhim ishlarda diniy va milliy an’analarimizga, mamlakatimizdagi joriy qonun-qoidalarga amal qilgan har bir kishi, avvalo, o‘z hayot tarzi tinch-osoyishta kechishi uchun ishonchli asosga ega bo‘ladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining “Shar’iy nikohdan o‘tish odoblari” to‘g‘risidagi fatvosida: “Shar’iy nikoh shartlariga davlatimizning nikoh va oila to‘g‘risida qabul qilgan qaror va qonunlari ham qo‘shiladi. Masalan, kelin-kuyov shar’iy nikohdan oldin nikohni qayd qiluvchi davlat idoralari ro‘yxatidan o‘tib, rasmiy guvohnoma olgan bo‘lishlari lozim. Rasmiy nikohdan o‘tmagan, FHDYO guvohnomasiga ega bo‘lmagan yosh oilalar ajrashib, ona bolasi bilan ko‘chada qolishini hisobga oladigan bo‘lsak, shar’iy nikoh shartlariga hukumat tomonidan berilgan FHDYO guvohnomasining bo‘lishini ham muhim shartlardan biri deb e’tibor qilish o‘rinlidir. Imomlarning FHDYO guvohnomasini surishtirmay nikoh o‘qishlari yosh oilalarning ijtimoiy huquqlarini kamsitish bo‘lsa, guvohnomani ko‘rib, so‘ngra nikoh o‘qishlari huquqiy jamiyat barpo qilayotgan bir vaqtda yosh oilalarning ijtimoiy huquqini muhofaza qilishdir...”, deyiladi.
Mamlakatimizda amalda bo‘lgan Oila kodeksi hamda qonunlarda belgilab qo‘yilgan talablar, shuningdek, yoshlarning turmush qurishdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari shart qilib belgilanishidan maqsad yigit va qizlarni oilaviy hayotga har jihatdan tayyorlashdir. Bu muhim ijtimoiy vazifani ota-onalar chuqur his etishlari, farzandlarini oila qurishga tayyor ekaniga to‘la qanoat hosil qilib, so‘ngra nikohdan o‘tkazishlari shart.
Oilaviy hayotning ostonasi bo‘lmish nikoh doimo keng mushohada va tajribali insonlar bilan kengashib amalga oshirilishining fazilatlari ko‘p. Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) turmushga chiqayotgan xotin-qizlarning o‘zlari bilan maslahatlashish kerakligini aytganlar. Maslahatlashish qizdan kuyovlikka tanlanayotgan yigit haqidagi fikrlarini bilishdangina iborat bo‘lib qolmay, uning kelinlik mas’uliyati vazifalarini qanday tushunishi, ularni ado etishga uquvi, malakasi, sog‘ligi, xohish-irodasi qay darajada ekanini hisobga olib, yo‘l tutishni ham taqozo etadi.
Agar bo‘lajak kelin balog‘at yoshiga yetgan bo‘lsa-da, ammo oila, er va jamiyat oldidagi burch va vazifalarini anglash, teran tasavvur etish darajasida bo‘lmasa, u oilada ham, jamiyatda ham o‘z o‘rnini topa olmaydi. Xuddi shu mulohaza yigitlarga ham taalluqlidir.
Balog‘at yoshi – bu kamolot yoshi degani emas. Turmushda moddiy va ma’naviy jihatdan qiynalmay o‘rnini topib olishi uchun yoshlar majburiy o‘rta ta’lim bosqichlarini bosib o‘tishlari, undan so‘ng uch yil kollej yoki litsey ta’limini olib, ma’lum bir hunarni egallashlari kerak. Zero, dinimiz ta’limotlarida ham ilm olish, ma’rifatli bo‘lish, hayot uchun zarur bo‘lgan barcha ko‘nikmalarni hosil qilish har bir qiz bolaga zarurligi aytilgan. Bordi-yu, shundan oldin turmush qursalar, o‘qish, oila yumushlari, uy bekaligi va boshqa ishlarni bajarishga ulgurmay qiynaladilar. Ilmli va kasb-hunarli ayolgina farzandlariga yaxshi tarbiya bera oladi.
Jismonan va ma’nan voyaga yetmasdan turmush qurgan qizlarning hayoti og‘ir kechadi. Erta homiladorlik, nimjon bola tug‘ilishi, ro‘zg‘or yumushlaridagi uquvsizligi bois unga aytiladigan ta’nayu dashnomlar oxir-oqibatda ahvolini yanada og‘irlashtirib, tinkasini quritadi.
Yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh masalasiga ham jiddiy e’tibor qaratish lozim. Hazrat Umar (roziyallohu anhu) Soib avlodlarining bir-birlari bilan quda-anda bo‘lishlarini ko‘rganda: “Farzandlaringiz zaif bo‘lmasligi uchun begonalardan uylaninglar”, deganlar (Ibrohim Harbiy, “G‘arib al-Hadis” kitobidan). Bu nasihat kasallik tarqalib, odamlari zaif, nimjon bo‘lib qolgan qavmga qarata aytilgan bo‘lsa-da, ibratli tomonlari ko‘pligi hayotda tasdiqlanib kelmoqda. Chunki quda-andachilikdan kelib chiqqan muammolar tufayli yaqin qarindoshlar orasiga sovuqchilik tushishi, ular yuzko‘rmas bo‘lib ketishlari ko‘p kuzatilgan. Qondoshlik rishtalari bo‘lmagan odamlar quda bo‘lganda, qarindoshlaru qadrdonlar safi kengayadi. Yana muhim jihati, tibbiyot sohasi olimlari ilmiy izlanishlarining natijalaridan kelib chiqib, yaqin qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi nikohdan tug‘ilganlar orasida nimjon, aqli zaif bolalar nisbatan ko‘p ekanini aytadilar. “Irsiyat yetti pusht suradi”, deydilar. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, qarindosh bo‘lmagan oilalarda har mingta go‘dakdan ikkitasi nogiron bo‘lib dunyoga kelsa, yaqin qarindoshlar eru xotin bo‘lgan oilalarda bu ko‘rsatkich ikki-uch barobar yuqori ekan.
Ma’lumki, biz, ota-onalar uchun o‘g‘limiz, qizimizni qanday qilib bo‘lmasin tezroq uylantirish yoki turmushga uzatish emas, balki ularni chin oilaviy baxtga sazovor etadigan xislat, fazilatlari borligiga to‘la ishonch hosil qilgandan keyin mustaqil hayotga yo‘llash muhimdir. Zero, jamiyat istiqbolini sog‘lom, aqlli, ma’nan barkamol farzandlar yaratadilar. Ular tarbiyasi, hayot yo‘lini tanlashida xalqimizning ibratli an’analari va diniy-milliy qadriyatlariga asoslansak, inshoalloh, xayrli niyatlarimiz amalga oshadi.
Maryam ABDULLAYEVA,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakatuhu
Bugun sizlarga 6 yoshli bir qizaloq haqida so‘zlab beraman. Qizaloqning ismi Tessi bo‘lib, u kambag‘al oilada yashardi. Uylarining birinchi qavatida dorixona joylashgan edi.
Qizaloq kunlarning birida ota-onasiga bildirmasdan shu dorixonaga bordi. Dorixonachi uzoq yil ko‘rishmagan chikagolik bir do‘sti bilan suhbat qurardi. Ular dorixonaga kirgan qizaloqni payqamay, gaplashishda davom etardilar. Oxiri Tessi stolni taqillatib, qo‘lidagi bir dollarni sotuvchining oldiga qo‘ydi-da: “Iltimos menga mo‘jiza berib yuboring” dedi.
Sotuvchi hayron bo‘lib: “Senga nima kerak qizaloq?” dedi.
Qizaloq: “Mana bir dollar, menga mo‘jiza kerak” dedi.
“Biz mo‘jiza sotmaymiz” dedi sotuvchi.
Qizaloq bu gapni eshitishi bilan yig‘lab yubordi. “Iltimos qilaman, menda yana 11 sent ham bor, menga mo‘jiza topib bering”.
Sotuvchi: “Menda sen izlayotgan narsa yo‘q. Kechirasiz, lekin men senga yordam berolmayman”, dedi.
Dorixonachining oldida turgan do‘sti tiz cho‘kib, qizaloqdan so‘radi: “Siz qanday mo‘jiza sotib olmoqchisiz?”.
“Ukam, ukam.... kasal. U yuqori qavatdagi uyimizda ahvoli og‘ir holatda yotibdi. Hozirgina shifoxonadan keldi. Lekin miyasidagi shishni davolab bo‘lmayapti. U o‘lib qoladi, ukam yashashi uchun menga mo‘jiza kerak” dedi jajji qizaloq ko‘zlari yoshga to‘lib.
Ha, qizcha mo‘jizani sotib olsa bo‘ladigan narsa deb o‘ylardi. Chunki u shifokorning ukasi og‘ir kasal ekani, buning uchun katta mablag‘ kerakligi haqida aytgan so‘zlarini eshitgandi. Shifokorning bu so‘zlaridan keyin Tessi ko‘zlari yoshga to‘lgan otasining umidsizlik bilan aytgan ushbu so‘zlarini ham eshitgandi: “Endi...endi o‘g‘limizni faqat mo‘jiza qutqara oladi”.
Shuning uchun qizaloqqa mo‘jiza juda zarur edi.
“Sizda necha pul bor?” deb so‘radi haligi chikagolik odam.
“Bir dollarim va yana o‘n bir sentim bor”, dedi Tessi.
“Qanday ham yaxshi, mening mo‘jizam uchun aynan shuncha kerak bo‘ladi” deb jilmaydi va jajji mushtiga pullarini qisib olgan qizchaning qo‘lidagi pulni olib, “Qani menga uyingni ko‘rsat-chi, ukangni ko‘rmoqchiman” dedi.
Ma’lum bo‘lishicha, bu odam taniqli neyroxirurg shifokor Karlton Armstrong ekan. U dunyodagi eng yaxshi neyroxirurglardan biri edi.
Shifokor qizaloq bilan birga uyga bordi va Tessining ukasini ko‘rib: “Men sizning farzandingizni mutlaqo bepulga davolayman”, dedi. Tessining oilasi bundan nihoyatda xursand bo‘lishdi. Mo‘jiza sodir bo‘layotganiga ishonishmasdi.
Shifokor Armstrong jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli amalga oshirdi va uning bu amaliyotda qo‘llagan uslubi butun dunyo tibbiyot maktablarida o‘rgatiladigan bo‘ldi.
Tez orada Tessining ukasi butunlay sog‘lom holda uyga qaytdi. “Sizning o‘z oyoqlaringiz bilan uyimizga kelib qolishingiz bu – haqiqiy mo‘jiza. Pulimiz ham yo‘q edi. Nahotki, bepulga shunday murakkab amaliyotni qilib bergan bo‘lsangiz”, dedi qizaloqning otasi. Bu gaplarni qizaloq Tessi eshitib qolib, yugurib keldi: “Yo‘q, kechirib qo‘yasiz hech bepul emas. Men bu mo‘jiza uchun 1 dollar va 11 sent to‘laganman”, dedi. Qizaloqning ota-onasi hayratlanib: “Yo‘g‘e, bu sening ishingmi?” deyishdi. Shifokor: “Ha, hammasiga shu jajji qizaloq sababchi”, dedi.
Ushbu hikoyadan o‘zimizga qanday foydalarni olishimiz mumkin:
Avvalo, yosh bolalarning beg‘uborligi, sof tabiat ekani. Bir narsaga shak-shubhasiz ishonishlari.
Ikkinchidan, Alloh taoloning rahmati kengligi.
Uchinchidan, agar bir narsaga chin qalbdan ishonsak va unga erishish uchun astoydil harakat qilsak, albatta mo‘jiza bizdan uzoq emasligiga guvoh bo‘lamiz.
Qissada guvohi bo‘lganingizdek, qizaloqning qat’iy ishonchi sababli Alloh taolo shifokorni yubordi. Natijada, qizaloqning ukasi tuzalib ketdi, mo‘jiza sodir bo‘ldi. Buning uchun bor yo‘g‘i 1 dollaru 11 sent sarflandi.
Davron NURMUHAMMAD