Janob Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) aytadilar: “Nikoh mening sunnatimdir. Kim sunnatimga amal qilmasa, u men (ummatim)dan emas” (Ibn Moja rivoyati).
Turmush qurish, oila tebratish va farzand tarbiyasi kabi muhim ishlarda diniy va milliy an’analarimizga, mamlakatimizdagi joriy qonun-qoidalarga amal qilgan har bir kishi, avvalo, o‘z hayot tarzi tinch-osoyishta kechishi uchun ishonchli asosga ega bo‘ladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining “Shar’iy nikohdan o‘tish odoblari” to‘g‘risidagi fatvosida: “Shar’iy nikoh shartlariga davlatimizning nikoh va oila to‘g‘risida qabul qilgan qaror va qonunlari ham qo‘shiladi. Masalan, kelin-kuyov shar’iy nikohdan oldin nikohni qayd qiluvchi davlat idoralari ro‘yxatidan o‘tib, rasmiy guvohnoma olgan bo‘lishlari lozim. Rasmiy nikohdan o‘tmagan, FHDYO guvohnomasiga ega bo‘lmagan yosh oilalar ajrashib, ona bolasi bilan ko‘chada qolishini hisobga oladigan bo‘lsak, shar’iy nikoh shartlariga hukumat tomonidan berilgan FHDYO guvohnomasining bo‘lishini ham muhim shartlardan biri deb e’tibor qilish o‘rinlidir. Imomlarning FHDYO guvohnomasini surishtirmay nikoh o‘qishlari yosh oilalarning ijtimoiy huquqlarini kamsitish bo‘lsa, guvohnomani ko‘rib, so‘ngra nikoh o‘qishlari huquqiy jamiyat barpo qilayotgan bir vaqtda yosh oilalarning ijtimoiy huquqini muhofaza qilishdir...”, deyiladi.
Mamlakatimizda amalda bo‘lgan Oila kodeksi hamda qonunlarda belgilab qo‘yilgan talablar, shuningdek, yoshlarning turmush qurishdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari shart qilib belgilanishidan maqsad yigit va qizlarni oilaviy hayotga har jihatdan tayyorlashdir. Bu muhim ijtimoiy vazifani ota-onalar chuqur his etishlari, farzandlarini oila qurishga tayyor ekaniga to‘la qanoat hosil qilib, so‘ngra nikohdan o‘tkazishlari shart.
Oilaviy hayotning ostonasi bo‘lmish nikoh doimo keng mushohada va tajribali insonlar bilan kengashib amalga oshirilishining fazilatlari ko‘p. Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) turmushga chiqayotgan xotin-qizlarning o‘zlari bilan maslahatlashish kerakligini aytganlar. Maslahatlashish qizdan kuyovlikka tanlanayotgan yigit haqidagi fikrlarini bilishdangina iborat bo‘lib qolmay, uning kelinlik mas’uliyati vazifalarini qanday tushunishi, ularni ado etishga uquvi, malakasi, sog‘ligi, xohish-irodasi qay darajada ekanini hisobga olib, yo‘l tutishni ham taqozo etadi.
Agar bo‘lajak kelin balog‘at yoshiga yetgan bo‘lsa-da, ammo oila, er va jamiyat oldidagi burch va vazifalarini anglash, teran tasavvur etish darajasida bo‘lmasa, u oilada ham, jamiyatda ham o‘z o‘rnini topa olmaydi. Xuddi shu mulohaza yigitlarga ham taalluqlidir.
Balog‘at yoshi – bu kamolot yoshi degani emas. Turmushda moddiy va ma’naviy jihatdan qiynalmay o‘rnini topib olishi uchun yoshlar majburiy o‘rta ta’lim bosqichlarini bosib o‘tishlari, undan so‘ng uch yil kollej yoki litsey ta’limini olib, ma’lum bir hunarni egallashlari kerak. Zero, dinimiz ta’limotlarida ham ilm olish, ma’rifatli bo‘lish, hayot uchun zarur bo‘lgan barcha ko‘nikmalarni hosil qilish har bir qiz bolaga zarurligi aytilgan. Bordi-yu, shundan oldin turmush qursalar, o‘qish, oila yumushlari, uy bekaligi va boshqa ishlarni bajarishga ulgurmay qiynaladilar. Ilmli va kasb-hunarli ayolgina farzandlariga yaxshi tarbiya bera oladi.
Jismonan va ma’nan voyaga yetmasdan turmush qurgan qizlarning hayoti og‘ir kechadi. Erta homiladorlik, nimjon bola tug‘ilishi, ro‘zg‘or yumushlaridagi uquvsizligi bois unga aytiladigan ta’nayu dashnomlar oxir-oqibatda ahvolini yanada og‘irlashtirib, tinkasini quritadi.
Yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh masalasiga ham jiddiy e’tibor qaratish lozim. Hazrat Umar (roziyallohu anhu) Soib avlodlarining bir-birlari bilan quda-anda bo‘lishlarini ko‘rganda: “Farzandlaringiz zaif bo‘lmasligi uchun begonalardan uylaninglar”, deganlar (Ibrohim Harbiy, “G‘arib al-Hadis” kitobidan). Bu nasihat kasallik tarqalib, odamlari zaif, nimjon bo‘lib qolgan qavmga qarata aytilgan bo‘lsa-da, ibratli tomonlari ko‘pligi hayotda tasdiqlanib kelmoqda. Chunki quda-andachilikdan kelib chiqqan muammolar tufayli yaqin qarindoshlar orasiga sovuqchilik tushishi, ular yuzko‘rmas bo‘lib ketishlari ko‘p kuzatilgan. Qondoshlik rishtalari bo‘lmagan odamlar quda bo‘lganda, qarindoshlaru qadrdonlar safi kengayadi. Yana muhim jihati, tibbiyot sohasi olimlari ilmiy izlanishlarining natijalaridan kelib chiqib, yaqin qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi nikohdan tug‘ilganlar orasida nimjon, aqli zaif bolalar nisbatan ko‘p ekanini aytadilar. “Irsiyat yetti pusht suradi”, deydilar. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, qarindosh bo‘lmagan oilalarda har mingta go‘dakdan ikkitasi nogiron bo‘lib dunyoga kelsa, yaqin qarindoshlar eru xotin bo‘lgan oilalarda bu ko‘rsatkich ikki-uch barobar yuqori ekan.
Ma’lumki, biz, ota-onalar uchun o‘g‘limiz, qizimizni qanday qilib bo‘lmasin tezroq uylantirish yoki turmushga uzatish emas, balki ularni chin oilaviy baxtga sazovor etadigan xislat, fazilatlari borligiga to‘la ishonch hosil qilgandan keyin mustaqil hayotga yo‘llash muhimdir. Zero, jamiyat istiqbolini sog‘lom, aqlli, ma’nan barkamol farzandlar yaratadilar. Ular tarbiyasi, hayot yo‘lini tanlashida xalqimizning ibratli an’analari va diniy-milliy qadriyatlariga asoslansak, inshoalloh, xayrli niyatlarimiz amalga oshadi.
Maryam ABDULLAYEVA,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Uch toifadan bo‘lishga intiling
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qiyomat kuni jahannamni ko‘rmaydigan, Alloh taolo jahannam azobidan qutqaradigan ko‘zlar haqida shunday deganlar: «Uch toifa inson borki, ularning ko‘zi jahannamni ko‘rmaydi: Alloh yo‘lida soqchilik qilgan ko‘z; Allohdan qo‘rqib yosh to‘kkan ko‘z; Alloh harom qilgan narsalardan tiyilgan ko‘z».
Reklamalarni tomosha qilish va ularning ta’siri
Bir qiz aytadi:
«Bir kuni ovqatlanib o‘tirsak, televizorda «Do‘mboq jo‘ja» degan taomning reklamasi bo‘lib qoldi. Hozirgina onam bergan ovqatni yemay, xarxasha qilayotgan kichkintoy ukam reklamani ko‘rib, «Oyi, qornim ochdi...» deb qoldi. Ana shunda reklamalar bizni qanchalar o‘yinchoq qilib, o‘ziga tobe qilib olayotganini tushunib qoldim. Ovqat yegisi kelmayotgan bola birgina reklamani ko‘rib, bir zumda qovurilgan jo‘ja yeyman deb janjal qila boshladi-ya! Bu kabi reklamalarning salbiy ta’sirlaridan biri – insonni o‘z hayotidan nolib, undan norozi bo‘lib yashaydigan qilib qo‘yar ekan. Natijada inson qanoatning halovatini yo‘qotib, Alloh bergan ne’matlarni ko‘ra olmaydigan bo‘lib qolar ekan».
Endi shu savolga javob bering:
«Siz ham reklamaning his-tuyg‘ularingizga, o‘y-xayollaringizga, xotirjamligingizga, butun hayotingizga qanday ta’sir qilishini sezganmisiz?»
Qizlarning reklama borasidagi tajribalari
Juda ko‘p qizlardan «Reklama bo‘yicha biror tajribangiz bormi?» deb so‘rab, ajoyib javoblar eshitganmiz. Keling, ulardan ba’zilarini o‘qib ko‘ring.
Bir qiz aytadi: «Qizlarga xos narsalarning reklamasi meni jinni qilishiga sal qoldi. Oldiniga kiyim-kechak (ayniqsa ichki kiyim), keyin sochni, terini parvarishlaydigan vositalar, so‘ngra parfyumeriya mahsulotlari, atir-upalar... Ming afsuslar bo‘lsinki, men shunday reklamalarning asirasiga aylanib qolibman. O‘smirlik paytimda yana ham chiroyli bo‘lish uchun reklamani bitta ham qoldirmay ko‘rardim. Ko‘rganimga, eshitganimga ishonaverardim. Kim nima tavsiya qilsa, o‘shani sotib olib, sinab ko‘rardim. Lekin natija qanday bo‘lsa ham, hech biridan ko‘nglim to‘lmas edi, shuning uchun reklama qilingan boshqa narsalarni sotib olib, sinab ko‘rishga harakat qilardim. Shunday qilib, yillar davomida undan bunga sakrab yuraverdim. Maqsadim – reklamadagidek chiroyli bo‘lish, go‘zal qizga aylanish edi. Yillar davomida tanani yoshartiruvchi, sochni baquvvat, jozibali qiluvchi, yuzni oqartirib, terimni tekis, mayin qiluvchi kremlarni sinab ko‘raverib, o‘zimni o‘zim tajriba quyonchasi qilib qo‘yibman. Lekin afsuski, reklamada ko‘rsatilgan qizlardek go‘zallikka erisha olmadim.
Bir kuni ertalab uyg‘onib, oynaga qaradim-da, o‘zimga o‘zim «Qachondir men ham chiroyli bo‘larmikinman?» deb savol berdim. So‘ng «Hech qachon…» deb, yig‘lab yubordim. Shu kundan boshlab chiroyli, betakror bo‘lishdan umidimni uzdim. Tushkunlikka, umidsizlikka tushib qolgan bo‘lsam ham, go‘zallikka bu kabi narsalar bilan erishib bo‘lmasligini tushunib yetdim. Shundagina o‘sha reklamalarni ko‘rmaslikka qaror qildim, hatto oynaga ham qaramay qo‘ydim.
Oradan bir necha oy o‘tdi: qizlarga xos reklamalarni ko‘rmadim, oynaga ham qaramay qo‘ydim. Bir kuni bir dugonam «Yuzing rosa tiniqlashib, chiroyli bo‘lib ketibdi-ya. Qanaqa krem ishlatyapsan?» deb so‘rab qoldi.
Men bo‘lsa jahl bilan «Meni masxara qilyapsanmi?» dedim.
«Voy o‘lay, nega masxara qilaman?! Rostdan aytyapman, sen rosa chiroyli bo‘lib ketibsan! Oynaga qaragin!» dedi u.
Bir necha oydan beri birinchi marta oynaga qaradim. Dugonam to‘g‘ri aytgan ekan, yuzim tiniqlashib, chiroyli bo‘lib qolibdi.
Dugonam: «To‘g‘ri aytibmanmi? Endi menga qanaqa krem surtganingni ayt!» dedi.
Men shunday dedim: «Bir necha oydan beri umuman hech qanaqangi kosmetikaning reklamasini ko‘rmayapman. Kremlarni ham, boshqa narsalarni ham, hammasini yig‘ishtirdim. Umuman, chiroyli bo‘lishdan umidimni uzib, oynaga ham qaramay qo‘ydim. Hozir esa shunday xulosaga keldim: reklama ko‘rishni to‘xtatganimda beri xotirjam bo‘lib, yuzimdan nur yog‘ila boshlabdi. Demak, haqiqiy go‘zallikni reklamadan qidirmaslik kerak ekan!».
Yana bir qiz aytadi:
«Reklama desa, mazam qochadi, chunki shuni deb boshimga juda yomon kunlar tushgan. Bu narsa o‘n uch yoshimdan boshlab bugungi kungacha davom etyapti. Hammasi yuzga surtiladigan krem bilan tish pastasining reklamasidan boshlangan. Reklamadagi qizlarning hammasi yuzi oppoq qizlar edi, bitta ham bug‘doy ranglisi yo‘q. Shuning uchun yuzimga qarab, o‘zimni o‘zim yomon ko‘rib ketganman. Bir necha oy oynaga qaramadim. Har safar reklamani, ularda rol o‘ynagan qizlarni ko‘rganimda o‘zimni battar yomon ko‘rib ketardim. Bir kuni aynan menga kerak bo‘lgan, yuzni oqartiradigan kremni reklama qilib qolishdi. Ertasi kuniyoq o‘sha kremni sotib olib, yuzimga surdim. Har kuni o‘n martalab oynaga qarab, yuzimga tikilaman. Har soatda oynaga qarayverib, charchab ham ketdim. Kremim tugashi bilan yangisini olardim. Bir necha oydan keyin dahshatli fojia yuz berdi. Kremni haddan tashqari ko‘p ishlatib yuborganimdan, yuzimning terisi qorayib, toshmalar toshib ketdi. Teri shifokoriga borsam, «Yuzingni nima qilding? Terisi butunlay zaharlanib ketibdi-ku! Ishqilib, saraton orttirib olmagan bo‘lsang bo‘ldi», deb rosa urishdi.
Uning so‘zlari har qancha achchiq bo‘lsa ham, meni g‘aflat uyqusidan uyg‘otdi. Qilgan axmoqligim uchun rosa yig‘ladim. Men aqlimni axlat qutisi qilib olgan ekanman, reklamachilar esa unga xohlagan narsasini tashlab yuravergan ekan. Aqlimni reklamaga sotibman, lekin evaziga hech narsaga ega bo‘lmabman. Faqatgina pulimni, tinchimni va sog‘lom terimni yo‘qotganim qolibdi. Uzoq muolajalardan keyin yuzim biroz o‘ziga keldi. Lekin reklama va’da qilganidek, yuzim oqarmadi. Qanchalik aldanganimni tushunishim uchun uch yil kerak bo‘ldi. Shu uch yilda o‘qishni ham tashlab qo‘ydim, hayotdan rozilik degan narsani unutdim. Bir necha bor o‘z jonimga qasd qilishni ham o‘yladim, lekin Alloh saqladi».
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.