Avval xabar berilganidek, Ozarbayjonga xizmat safariga jo‘nab ketgan O‘zbekiston delegatsiyasi Boku shahriga yetib bordi.
Boku xalqaro aeroportida vakillarimizni Ozarbayjon Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Qurbonali Muboriz va Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayx-ul-Islom Ollohshukur Poshshozoda kutib oldi.
Safar avvalida vakillarimiz Ozarbayjonning marhum Prezidenti Gaydar Aliyev qabrini ziyorat qildilar va uning xotirasiga Qur’on tilovat qilindi.
Shundan so‘ng, delegatsiyamizni Ozarbayjon Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Q.Muboriz qabul qildi. Uchrashuvda O.Yusupov samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirib, bu tashrif diniy sohada ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishga umid bildirdi.
Uchrashuvda Q.Muboriz so‘z olib, O.Yusupov va muftiy hazratlarini Ozarbayjonga tashrifi bilan yana bir bor qutladi. U so‘zida davom etib - O‘zbekiston qadim qadimdan ilm beshigi bo‘lgani, Ozarbayjonning ko‘plab ahli ilmlari, xususan, Ollohshukur Poshshozoda kabi allomalarning O‘zbekistondagi diniy madrasalarda ilm olganini alohida ta’kidladi va O‘zbekistonda diniy sohalarda qilingan ishlar va amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.
Q.Muboriz o‘z so‘zida davom etib, Ozarbayjon boshqa sohalarda bo‘lgani kabi diniy sohada ham O‘zbekiston bilan hamkorlik qilish tarafdori, xususan, dunyo hamjamiyatini tashvishga solib kelayotgan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashda ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish muhim ahamiyatga ega ekanligini bildirdi.
Uchrashuv so‘ngida tomonlar o‘zaro hamkorlik uchun minnatdorchilik izhor qilib, esdalik sovg‘alari almashdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Xalqaro aloqalar bo‘limi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 8 yanvar kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masjidlar holati, imom-xatiblar faoliyati, haj-umra, oilaviy masalalar va moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Masjid va imomlar faoliyatiga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Mana shunday samimiy qabul va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan fuqarolar ko‘rsatilgan e’tibordan ko‘ngillari shod bo‘lishib, xayrli duolar qilishdi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati