frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Limonning shifobaxsh xususiyati

05.07.2017   36080   4 min.
Limonning shifobaxsh xususiyati

Limonning hushta’mligi insonlarga zavq berishi bilan birga shifobahshligi ko‘pchilikka ma’lumdir. Xalq tabobatida limon  qon bosimi ko‘tarilganda,  oshqozon-ichak kasalliklarida,  podagra, ateroskleroz,  o‘pka sili,  nafas yo‘llari shamollaganda, gepatit, bavosir, siydik yo‘llaridagi  toshlarni eritishda,   tana haroratini tushirishda, bod kasalliklarini davolashda ishlatiladi. Limonning hidi asablarni tinchlantirish xususiyatiga egadir.  Gulini hidlash esa homilador ayollardagi toksikozning yengil kechishida yordam beradi.

Limon – rutadoshlar oilasiga mansub bo‘lib, bo‘yi 2-3,5 metrgacha bo‘ladi. Gullari  mayda, oq, hidi xushbo‘y.  Limon mevasi tarkibi efir moyi, organik kislotalar, qandlar,  karotin,  pektin, flavonoid, temir, fosfor, kaliy, kalsiy, magniy  va bir qator vitaminlardan iborat.   

Limonning siqib olingan suvi:

  • rangni toza qilib, sepkilni ketkazadi;
  • teri kasalliklaridan temiratkiga surtilsa davo bo‘ladi;
  • ko‘zning sariqligini ketkazadi;
  • gipertoniyada qon bosimini mo‘tadillashtiradi;
  • gepatit (sariq kasalligi) da yordam beradi;
  • me’dani toza qiladi.

Limon sharbati:

  • ishtahani ochadi;
  • bezgak bilan og‘rigan bemorlarning haroratini tushirishda yordam beradi;
  • oshqozon-ichak kasalliklarida, hazmni yaxshilash uchun ichiladi;
  • organizmda mineral tuzlarning almashinuvi buzilganida davo bo‘ladi;
  • angina, faringit, gripp va nafas yo‘llarining shamollashida ishlatiladi;
  • limon sharbatini uch-to‘rt qoshiq nahorda iste’mol qilish organizmdagi o‘smalar o‘sishini to‘htatishi mumkin.

Barglari:

  • me’da va ichki a’zolarini kuchli qiladi;
  • gipertoniyada;
  • qand kasalligida davo bo‘ladi.

 Guli:

  • Gulini hidlansa kayfiyatni ko‘taradi;
  • Homilador ayollarda toksikozning yengil kechishida yordam beradi.
  •  

Limonning yog‘i:

  • asabning bo‘shashganida yordam beradi;
  • falajga davo bo‘ladi.

 

Limon qobig‘i:

     -    qobig‘ini og‘izda tutib turilsa, hidni ketkazadi;

     -    kiyimga qo‘yilsa kuya tushishdan saqlaydi;

     -    turli konditer pishiriqlar pishirishda ham foydalaniladi;

     - limon qobig‘ini quritib, quruq choy idishi ichiga solinsa, choy damlaganda hushbo‘y hid kelib turadi.

Limon o‘simligining barglari, novdalari, meva qobig‘idan efir moyi olinib, undan oziq-ovqat, parfyumeriya hamda farmatsevtika sohasida ishlatiladi. Farmatsevtika sohasida limonning efir moyidan ayrim dori-darmonlarning ta’mini yaxshilashda foydalaniladi. 

SALOMATLIK UCHUN  ODDIY TAVSIYALAR: 

Tanadagi tuzlarni haydashda -  uch dona limonni po‘stlog‘i bilan va 150 gramm tozalangan sarimsoqpiyozni qiymalagichdan chiqariladi. So‘ng 1 litrli shisha idishga solib, ustidan 0,5 litr qaynatib, sovutilgan suv quyiladi. Bir sutkadan keyin dokadan o‘tkazib, xomashyoni siqib olgach, banka qopqog‘ini mahkam yopib,  qorong‘i joyda saqlanadi. Davo uchun ushbu suyuqlikdan har kuni ertalab 50 ml.dan iching.

Yurak quvvatli bo‘lishi uchun – 6 limonni qobig‘i bilan  qiymalagichdan o‘tkaziladi va 1  kg asal bilan aralashtiriladi, 1 bosh sarimsoqpiyozni maydalab, qo‘shiladi. Aralashmani shisha bankaga solib, qorong‘i, salqin  joyda 1 xafta saqlanadi.  Har kuni nahorga 1 osh qoshiqda iste’mol qilinadi.

Uyqusizlikda  -  bir stakan mineral suvga bir osh qoshiq asal, yarimta limon sharbatini aralashtirib, ertalab och qoringa 7 kun davomida ichiladi.

Tuzlarni eritishda – 250 gramm petrushka bargi va ildizi, 150 gramm limon po‘stlog‘ini qiymadlagichdan o‘tkaziladi. Unga 300 gram asal quyib aralashtiriladi. Aralashmani 1 kun tindirilib, bir kunda 3 mahal ovqatdan  bir soat oldin  1 osh qoshiqdan iste’mol qilinadi. Davolanish muddati 3 oy. So‘ng bir oy tanaffus qilib yana takrorlanadi. Jami muolajalar soni 3-4 taga yetkaziladi.

Bosh miyani oziqlantirish uchun – 150 gramm qirg‘ichdan chiqarilgan olmani  2 choy qoshiq limon suvi va 2 choy qoshiq asalga aralashtiriladi. Aralashmaga 10 ta yong‘oqni maydalab qo‘shiladi. Bir kishi uchun bir kunlik  miqdor.

 

                  Munira ABUBAKIROVA

Tabobat
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Majlislar omonatdir

06.08.2026   21816   4 min.
Majlislar omonatdir

بِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ

عن جابر بن عبد الله رضي الله عنهما قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم:

« المجالس بالأمانة إلا ثلاثة مجالس: سفك دم حرام، أو فرج حرام، أو اقتطاع مال بغير حق »

 

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Majlislar omonatdir. Faqat uch majlis bundan mustasno: nohaq qon to‘kish, harom shahvoniy aloqa (zino) va nohaq molni tortib olish haqidagi majlislar” (Imom Abu Dovud rivoyati).

 

“Majlislar omonatdir”, ya’ni odamlar yig‘ilgan har qanday majlisda aytiladigan gaplar omonat hisoblanadi. Agar suhbatdoshlar ma’lum bir gapning sir saqlanishini istasalar yoki vaziyat shuni taqozo etsa, u holda u gapni boshqalarga tarqatish joiz emas.

 

Bunga quyidagilar kiradi: shaxsiy sirlar; oilaviy maslahatlar; ishxona yoki tashkilot yig‘ilishlari; davlat ishlariga oid maxfiy suhbatlar; faqat ishtirokchilarga tegishli bo‘lgan ma’lumotlar.

 

“Omonat” degani faqat mol-mulkni saqlash emas, balki sirni, ma’lumotlarni va eshitilgan gapni ham saqlashni o‘z ichiga oladi.

 

Nima uchun majlis omonat deb atalgan? Chunki odamlar bir-biriga ishonib, erkin maslahatlashishi va dardini aytishi uchun ularning gaplari tashqariga chiqmasligi zarur. Agar majlisda yoki biror yig‘inda qatnashgan kishi eshitganlarini boshqalarga tarqataversa, odamlar bir-biriga ishonmay qo‘yadi, g‘iybat va chaqimchilik ko‘payadi, munosabatlar buziladi, jamiyatda o‘zaro ishonch yo‘qoladi. Shu bois solih salaflar majlis sirini oshkor qilishni omonatga xiyonat deb hisoblashgan.

 

“Faqat uch majlis bundan mustasno...” ya’ni ba’zi hollarda sir saqlash mumkin emas. Agar bir kishi: “Men falonchini o‘ldirmoqchiman yoki unga zarar yetkazmoqchiman” desa va uning bu ishi jiddiy ekani ma’lum bo‘lsa, uni yashirish joiz emas. Balki qotillikning oldini olish uchun tegishli mas’ullarni yoki huquqni muzofaza qiluvchi tashkilotlar vakillarini ogohlantirish shart.

 

“Harom shahvoniy aloqa (zino)”. Agar bir kishi zino qilish yoki birovning nomusiga tajovuz qilish niyati borligini bildirsa, bu haqda ham sukut qilish mumkin emas. Bunday holda jabrlanuvchini yoki buning oldini oladigan mas’ul shaxslarni ogohlantirish lozim bo‘ladi.

 

“Nohaq molni tortib olish”. Agar kimdir o‘g‘rilik, firibgarlik qilishni, birovning haqini tortib olishni rejalashtirayotganini aytsa, bu sirni ham saqlab turish joiz emas. Chunki bu boshqalarning haqiga tajovuzdir.

 

Xo‘sh, shunday vaziyatga duch kelgan kishi qanday yo‘l tutishi lozim?

 

Avvalo, o‘sha odamga nasihat qilinadi va Allohdan qo‘rqishi eslatiladi. Agar u fikridan qaytmasa va xavf haqiqiy bo‘lsa, zararning oldini olish uchun tegishli shaxslarga xabar beriladi. Bu xabar berish faqat jinoyatni to‘xtatish bo‘lishi kerak, odamni sharmanda qilish yoki obro‘sini to‘kish emas.

 

Xulosa qilib aytganda, barcha hadislar kabi mazkur hadis ham mo‘min-musulmonlarga juda muhim axloqiy qoidani o‘rgatadi: majlisda eshitilgan gaplar omonat hisoblanadi va ularni egasining roziligisiz tarqatish aslo mumkin emas. Biroq agar bu sirni saqlash oqibatida insonning joniga, nomusiga yoki mol-mulkiga katta xavf tug‘ilsa, zararning oldini olish uchun shu haqda xabar berish ba’zi hollarda vojib bo‘ladi. Shu tariqa Islom ham omonatni saqlashni, ham odamlarning hayoti, nomusi va mol-mulkini muhofaza qilishni ta’minlaydi.

 

Manbalar asosida

T.NIZOM tayyorladi.

Maqolalar