Yurtimizda azaldan diniy ta’lim rivojlanib kelgan. Nufuzli madrasalar ko‘pligi va undagi ta’lim-tarbiya ishlari tahsinga loyiq bo‘lgan. Madrasalar nafaqat diniy, balki dunyoviy ilmlarni o‘rganish va o‘rgatishda maktab vazifasini bajargan. Shu tufayli ilm-ma’rifat bilan jahon tamadduniga munosib hissa qo‘shgan buyuk allomalar aynan ushbu zamindan yetishib chiqqani barchaga ayon. Ularning nomi va qoldirgan ilmiy meroslari necha asrlardan beri katta obro‘-e’tibor qozonib kelmoqda.
Ko‘hna Buxoro ham o‘zining ko‘p sonli madrasalari bilan nom taratgan. U turli yerlardan ilm tahsili uchun talabalar tashrif buyuradigan muazzam shahar hisoblangan. Bu an’ana keyingi asrlarda ham davom etgan.
Ashtarxoniylar davri muarrixi Mahmud ibn Vali (XVII asr) Buxoroning ilmiy markaz sifatidagi xizmatini shunday baholaydi: «Olimlarning ko‘pligidan, u shaharni “olimlar va ilm-fan” bulog‘i deb ataydilar».
Buxoroga XIX asrda kelgan Ye.K.Meyendorf esa Buxoroning islom olamida tutgan o‘rnini quyidagicha ta’riflaydi: «O‘zining ko‘plab maktablari, olimlari hamda muqaddas qadamjolari sababli musulmonlarning ziyoratgohiga aylangan. Ehtimol shuning uchun u «sharif» nomiga sazovor bo‘lgandir».
Rus sayyohi N.Xanikov o‘z esdaliklarida Buxoroni yirik ilm-fan va ma’rifat, diniy bilimlar markazi sifatida ta’riflab: «Buxoro ilm tarqatuvchi markaz hisoblangan va hisoblanadi», deydi.
Narshaxiyning fikricha, 937 yilgi yong‘indan zarar ko‘rgan Buxorodagi «Forjak» madrasasi Markaziy Osiyodagi dastlabki madrasalardandir.
O‘rta asrlarda Buxoro madrasalari ilm maskani sifatida nafaqat Markaziy Osiyoda, balki musulmon Sharqida ham g‘oyat mashhur edi.
Amir Temur va temuriylar davrida madrasalar oliy ma’lumot beruvchi markaz vazifasini o‘tagan. Hatto Buxoro amiri Amir Haydarning (1800-1826 yy.) «Amir» yoki «Oliy» nomli madrasa qurdirgani to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud.
Amir Haydar hukmronlik qilgan davrda ilm olish maqsadida Buxoroga dunyoning turli joylaridan talabalar kelgan, ilm-fan taraqqiy etib, katta yutuqlar qo‘lga kiritilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 10-11 mart kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi chog‘ida Buxoro viloyatida “Mir Arab” oliy madrasasini tashkil qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi.
Berilgan ko‘rsatmalarga asosan O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan “Mir Arab” oliy madrasasi tashkil qilinib, 2017 yil 7 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov va Oliy madrasa rektori vazifasini bajaruvchi Elov Jobir Rustamovichga Oliy madrasaning davlat ro‘yxatidan o‘tgani to‘g‘risidagi guvohnoma topshirildi
Ushbu diniy ta’lim muassasasining tashkil qilinishi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan fuqarolarning vijdon erkinligi hamda diniy ta’lim olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirishlari uchun yana bir imkoniyat bo‘ldi.
Joriy yilning 15 iyun kunidan boshlab mazkur oliygohga abituriyentlarning hujjatlarini qabul qilish boshlandi. Unda faqat o‘rta maxsus islom bilim yurtlarini tamomlaganlarning hujjat topshirishlari va diniy fanlardan imtihon topshirishlari belgilab qo‘yilgan.
Mazkur ta’lim muassasasidan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband kabi buyuk allomalar yetishib chiqishiga ishonamiz.
Jobir ELOV,
“Mir Arab” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudiri
“Mazhab” so‘zi arabchada “yo‘l”, “yo‘nalish”, shar’iy istilohda esa “diniy masala bo‘yicha muayyan mujtahid olimning fatvo chiqarish yo‘li” ma’nolarini bildiradi.
Mashhur alloma Ibn Rajab (1335-1393 m.y.): “Ko‘plab mazhablar orasidan faqat to‘rttasining saqlanib qolgani asrlar davomida insonlarni turli ziddiyatlar va ixtiloflardan himoya etishda asos bo‘lgan”, deb yozgan (“To‘rt mazhabdan boshqaga ergashganga raddiya” kitobi).
Ulamolar mazhablarga ergashish Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning quyidagi hadisiga amal qilishdir, deb ta’kidlaydilar: “Agar ixtilofni ko‘rsangiz, o‘zingizga ko‘pchilik tomonini lozim tuting” (Imom Moja, 3950-hadis).
Mazhablardagi bitta masalaga nisbatan turlicha yondashishlik islom shariatida musulmonlar uchun keng imkoniyatlar mavjudligidan dalolat beradi. Mazhablarda u yoki bu masala islom ahkomlari, muayyan jamiyat, xalq yoki millatning urf-odatlari, qadriyatlari hamda ijtimoiy munosabatlarning mazmunini ham hisobga olgan holda, eng ma’qul shaklda hal qilingan.
Islom ulamolari shar’iy hukmni va uning dalilini bilmaydigan musulmon odam (muqallid)mujtahid olimga taqlid qilishi zarurligini ta’kidlaydilar. Bunga Qur’ondagi ushbu oyatni dalil sifatida keltirish mumkin: “Agar bilmasangiz zikr ahllaridan so‘rang” (Nahl surasi, 43-oyat).
Mazhablarda Qur’on, sunnat, ijmo va qiyosdan dalil sifatida foydalanishning o‘ziga xos qoidalari, usul va tamoyillariga asoslangan muayyan tizim mavjud. Masalalar tizimli ravishda hal bo‘lgan. Mazhabsizlarda esa hech qanday ijtihod usul va qoidalari yo‘q bo‘lib, “Qur’on va Sunnatga murojaat qilamiz” qabilidagi dalilsiz da’vo bilan hukmlar berilmoqda. Maqsadiga, ra’yiga va nafsiga to‘g‘ri kelgan dalillarni olib, qolganlarini tashlash esa yomon oqibatlarni keltirib chiqarmoqda.
Bemazhablar omma musulmonlar ichida ko‘plab noto‘g‘ri talqin qilingan aqidaviy va fiqhiy masalalarni tarqatmoqdalar. Vaholanki, bu masalalar Ahli sunna olimlari tomonidan allaqachon hal qilingan.
Mazhabsizlar tarafdorlarining ayrim iddaolaridan ularning da’volari asossiz ekaniga ishonch hosil qilish mumkin:
– bemazhablar “Qur’on bitta va Payg‘ambar bitta bo‘lsa, to‘rt mazhab orasida fiqhiy ixtiloflar bor, haq bitta emasmi?” deydilar.
Mazhablar bir manba – Qur’on va sunnatga asoslanadi. Mazhablarning biriga ergashgan kishi Qur’on va sunnatga ergashgan bo‘ladi.
– Mazhabsizlik tarafdorlari “Imom Buxoriy bemazhab bo‘lgan”, deb dalil qiladi. Vaholanki, Imom Buxoriy yashagan davrda u kishiga o‘xshash ilmi ijtihod darajasiga yetgan, o‘zi ijtihod qilganlar ko‘p bo‘lgan. Hamma ulamolar ilmi mujtahidlikka yetgan odam, o‘zi ijtihod qiladi, deganlar. Hozir esa o‘sha davrdagi kabi mujtahidlar yo‘q ekanini hisobga olmaydilar.
Aksincha, Qur’on va sunnatdan har kim o‘zboshimcha yangi hukm chiqarish, fitna qo‘zg‘ash kabi islomda qat’iyan man qilingan xatti-harakatlarga sabab bo‘lmoqda. Shu nuqtayi nazardan, marhum Shayx Muhammad Said Ramazon Butiy qayd etganidek: “Mazhabsizlik islom shariatiga tahdid soladigan xatarli bid’atdir”.
Ming afsuslar bo‘lsinki, mana shunday yetuk olimlar bir mazhabni mahkam ushlab, to‘g‘riligini e’tirof qilib turgan bir paytda ba’zi yurtdoshlarimiz hali dastlabki ilmiy ko‘nikmalarni hosil qilmagan bo‘lsalarda: “Men Qur’on va hadisdan o‘zim hukm olaman” deb, da’vo qilib, turli ixtiloflarni keltirib chiqarmoqdalar. Ba’zida o‘zlari adashgani yetmagandek, o‘zgalarni ham yo‘ldan urmoqdalar.
Alloh taolo hammamizni O‘z hidoyatida sobit qilsin.
G‘ulomov FATHULLOH,
Al-Hudaybiya jome’ masjidi imom noibi