Bir zamonlar bir ko‘zi g‘ilay va bir oyog‘i kalta podshoh bo‘lgan ekan. Kunlarning birida u barcha rassomlarni chaqirtirib o‘z suratini jismoniy nuqsonlarini yashirgan holda chizishni buyuribdi. Lekin rassomlarning birortasi bunga rozi bo‘lmabdi. Ular o‘zaro “Bir ko‘zi g‘ilay va bir oyog‘i kalta podshohni sog‘lom ko‘z va oyoqli qilib tasvirlash yolg‘on manzara bo‘ladi, biz bunday ishga qo‘l urmaymiz”, deyishibdi va har xil bahonalar bilan shohga o‘z uzrlarini izhor qilibdi. Ammo bir rassom bunga rozi bo‘lib, barcha musavvirlarni hayratga solibdi.
Haqiqatan, u podshohning nuqsonsiz rasmini juda ham chiroyli tasvirlabdi.
Suratda podshoh ov miltig‘ini ushlab kiyikni nishonga olayotgan holatda edi. Bunday choqda tabiyki, ovchi bir ko‘zini yumib olgan hamda bir oyog‘ini bukib yerga tayanib turgan bo‘ladi. Mahoratli rassom suratda podshohning g‘ilay ko‘zi va cho‘loq oyog‘ini shu holatda yashira oldi. Boshqa hamkasblari uning mahorati va ziyrakligi oldida bosh egdi va tasannolar aytdi. Chunki u odamlarga ayblov ko‘zi bilan emas, balki ijobiy ko‘z bilan qarab, uni benuqson suratda tasvirlay olgan edi.
Bizning ham atrofimizdagi odamlarning ba’zi kamchiliklari ko‘zga tashlanishi mumkin. Lekin biz ular haqida gapirganimizda bu kamchiliklarni yashirishimiz va yaxshi tarafga yo‘yishimiz darkor. Chunki inson xatodan xoli emas. Undan tashqari, odamlarning ba’zi qilayotgan ishlariga uning haqiqatini bilmasdan, zohiriga qarab baho berish bilan noo‘rin ayblab qo‘yib, so‘ng pushaymon bo‘lishimiz mumkin. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu haqida: «Zinhor va zinhor badgumon bo‘lmanglar. Chunki badgumonlik so‘zning eng yolg‘onidir», deganlar. Oyati karimada ham Alloh taolo: «Ey mo‘minlar, ko‘p gumonlardan chetlaninglar! Chunki ba’zi gumon(lar) gunohdir. (O‘zgalar aybini qidirib) josuslik qilmanglar va biringiz biringizni g‘iybat qilmasin», degan (Hujurot, 12).
Demak, o‘zgalardagi aniq ko‘rinib turgan ayblarni gapirishimiz g‘iybat, aniq bo‘lmagan kamchilik yoki ayblarni aytishimiz badgumonlik, asli bo‘lmagan aybni aytish esa bo‘hton va tuhmat bo‘lar ekan. Shunday ekan, boshqalar haqida gapirganimizda tilimizga ehtiyot bo‘laylik va faqat ularning yaxshi tarafini tilga olaylik.
Sh.CHO‘LPONOV,
Toshkent islom institutining “Tillar” kafedrasi o‘qituvchisi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Mutorrif ibn Mus’ab aytadilar: “Men xalifa Mansurning huzuriga kirsam, u g‘amgin va xafa holatda ekan. Ayrim yaqin insonlaridan judo bo‘lgani sabab, hatto so‘zlashmay qo‘ygan ekan. U menga: “Ey Mutorrif! Men musibatga duchor bo‘ldim. Bu baloni Allohdan boshqa hech kim bartaraf qila olmas. Alloh bu musibatni daf qilishini so‘rashim uchun biron duo bormi? Men uni o‘qib yurardim”, dedi.
Men: “Ey mo‘minlarning amiri! Muhammad ibn Sobit menga Amr ibn Sobit al-Basriydan rivoyat qilib gapirib bergan. “Basralik bir kishining qulog‘iga pashsha kirib ketib, quloq pardasigacha yetib bordi. U og‘riqdan qiynalib, kechasiyu kunduzi uxlolmay qoldi. Shunda Hasanning yaqinlaridan bir kishi: “Sahoba Alo ibn Hazramiyning duolarini o‘qigin, chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari ushbu duoni sahroda va dengizda so‘rab duo qilganlarida, Alloh taolo ularni mashaqqatdan xalos qilgan”, deb aytgan edi, u kishi: “Alloh rahm qilsin, u qanaqa duo?” dedi. Shunda men u kishiga quyidagi rivoyatni aytib berdim:
“Alo ibn Hazramiyni Bahraynga yuborildi. U kishi sahroni yurib borarkan, juda qattiq chanqoq va suvsizlikdan o‘lar holatga keldi. Shunda u zot ulovdan tushdi va ikki rakat namoz o‘qidi. So‘ngra: “Ya Haliymu, ya Aliym, ya Aliyyu, ya Aziym, isqinaa” (Ey Halim, ey Biluvchi, ey Oliy va ey Buyuk Zot, bizni suv bilan sug‘or, tashnaligimizni qondir) deb duo qilgandi, birdan qushning qanotiga o‘xshab ketadigan bulutlar paydo bo‘lib, gumburlay boshladi. So‘ngra yomg‘ir yog‘a boshladi, biz idish va meshkoblarimizni to‘ldirib oldik. Yo‘limizda davom etib, dengiz qirg‘ogidagi kichik ko‘rfazga yetib keldik. U yerda hech qimirlashni iloji yo‘q edi. Suzib ketishimiz uchun kemalarimiz ham yo‘q edi. U kishi ikki rakat namoz o‘qib: “Ya Haliymu ya Aliym, ya Aliyyu ya Aziym, ajiznaa” (Ey Halim, ey Biluvchi, ey Oliy va ey Buyuk Zot, bizni bu yerdan o‘tkazib yubor), deb aytdilar. So‘ngra otning tizginidan ushlab: “Allohning ismini aytib bu yerdan kechib o‘tinglar”, dedilar.
Abu Hurayra roziyallohu anhu: “Biz suvning ustidan yurib o‘tdik. Allohga qasamki, bizni na oyoqlarimiz, na mahsilarimiz va na oyoq kiyimlarimiz ho‘l bo‘lgan edi. O‘sha paytda qo‘shin to‘rt ming otliqdan iborat edi”, deb aytdilar.
(Ibn Abu Dunyo, Lalkaiy va Ibn Abu Shayba musanniflarida ba’zi qisqartirish va qo‘shimchalar bilan rivoyat qilishgan).
Haligi qulog‘iga pashsha kirib ketgan kishi ham ushbu duoni o‘qigan edi, qulog‘idan pashsha chiqib, o‘z holiga keldi.
Xalifa Mansur ham qiblaga qarab, ushbu duo bilan so‘ray boshladi. Biroz fursat o‘tib, menga yuzlandi va: “Ey Mutorrif, Alloh mendagi g‘amni aritdi”, deb ovqat keltirishlarini amr qildi va meni ham taklif etdi, birga o‘tirib tanovvul qildik.
“Yoqimsiz narsalarni bartaraf qilish va balo ofatdan qutulishda duoning ahamiyati” nomli kitobdan.
Biz ham hayotda qandaydir muammo va to‘siqlarga duch kelib: “Ya Haliymu ya Aliym, ya Aliyyu ya Aziym”, deb aytib, o‘sha muammoni ko‘tarishini Allohdan astoydil va chin ixlos bilan so‘rasak, insha Alloh U Zotning yordami bilan muammolardan xalos bo‘lamiz.