Bugun Ramazon bayramining uchinchi kuni. Farahli saharliklar, shodiyona iftorliklar, tarovatli tarovehlar, xamtlar, qadr kechalari, duolar,.. o‘n bir oyda qaytish sharti bilan bizdan uzoqlashdi. Va’dalashgan vaqtda Ramazon-ku qaytadi. Ammo biz-chi, muborak oyni keyingi yilda ham kutib olish qay birlarimizga nasib etadi. Rabbimiz o‘sha kunga safimizni kamaytirmasin, inshaalloh! deya doimo qo‘limizni duoga ochib yolvorib turibmiz.
Ne baxtki, shunday ajoyib oydan biz miskin bandalar ham nasibamizni olib qolaylik degan ilinjda sa’y-harakatlar qildik, kamini mehribon Parvardigorimizning O‘zi to‘ldirsin.
Savobtalab kishilarimiz Shavvol oyida ham olti kun ro‘za tutib qo‘yish niyatida shu kunlarda niyatli bo‘lib yuribdi. Alloh ziyoda qilsin!
Parvardigorimizning mehribonchiligini qarangki, bizga buyurgan ibodatlari evaziga ikki dunyomiz uchun saodat berish bilan birga, tanamizga ham sihat yetkazib qo‘yibdi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ummatlariga o‘z sunnatlari ila ana shu foydalarni yanada ziyoda qilganlar.
Ro‘za tutish va taroveh namozini o‘qishning foydalari haqida Ramazon oyida ancha narsani o‘rganib oldik. Hurmati baland olimlarimiz Shavvol oyining ro‘zasi haqida ham tushunchalar berdilar. Biz esa ushbu mo‘jaz mashqimizda namozimizdagi muhim nuqta – sajda haqida so‘z yuritib siz bilan imonlashmoqni niyat qildik.
Sajda bu – namoz o‘qiyotgan bandaning Alloh taologa eng yaqin bo‘lgan vaqti. Sajdaga borganda biz yerga yaqinlashgandek bo‘lsak-da, aslida Rabbimizning rahmatiga va mag‘firatiga yaqinlashgan bo‘lamiz. Allohning rahmati qamrab oluvchidir. Shu jihatdan, oldinroq aytganimizdek, namozdan asosiy maqsad ruhiyat bilan bog‘liq hodisa bo‘lsa-da, bundan insonning tanasining salomatligi uchun ham juda ko‘p foydalar bor. Hadislarda “Namoz – barcha xastaliklar davosidir”; “Banda sajdaga borgan vaqtida Allohga eng yaqin kelgan bo‘ladi”, deyilgan.
Qur’oni karimda sajda haqida: “Ey imon keltirganlar! Ruku’ qilingiz, sajda qilingiz va Rabbingizga ibodat qilib ezgu ish qilingiz – shoyadki najot topsangiz!” (Haj surasining 77-oyati). “...Bas, kimki Parvardigori bilan muloqotda bo‘lishdan umidvor bo‘lsa, u holda ezgu amal qilsin va Parvardigoriga ibodat qilishda hech kimni (Unga) sherik qilmasin!” (Kahf surasining 110-oyati), deb marhamat qilingan.
Sajdaga beparvo bo‘lmaslikning qanchalik muhim ekani hadisi sharifda quyidagicha ta’kidlangan: “Alloh taolo bandaning ruku va sajdasi komil bo‘lmagan namoziga boqmaydi” (Imom Ahmad rivoyati). “Agar inson namozining ruku va sajdasini joyiga keltirsa, namoz o‘sha odamga: “Sen meni asraganing kabi Alloh ham seni asrasin!”, deydi. Keyin namoz yuqoriga olib chiqib ketiladi (qabul bo‘ladi). Agar odam namozda ruku va sajdani joy qo‘ya olmasa, namoz unga: “Sen meni vayron qilganing kabi Alloh ham seni vayron qilsin”, deydi. Keyin namoz lattaga o‘xshatib g‘ijimlanib o‘sha odamning betiga qarab otib yuboriladi”. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Ruku va sajdani mukammal qiling. Eng bemaza o‘g‘ri bu – o‘zining namoziga o‘g‘rilik qiladigan o‘g‘ridir”, dedilar. Sahobalar: “Yo Allohning Rasuli namozdan nimani o‘g‘irlash mumkin?”, deb so‘radilar. Rasuli Akram: “Qachonki odam namoz o‘qiganda ruku va sajdasini o‘rniga keltirmasa, ana o‘sha uning o‘g‘irligi bo‘ladi”, dedilar.
Inson sajdaga borgan vaqtida xavotir va siqilishlardan yengil tortib tinchlanadi. Shu holatida xotirjamlik va osoyishtalikni his qiladi. Sajda – insonning miyasi yuragidan pastga keladigan ajoyib holati. Shu vaziyatda miyaga qon va kislorod odatdagidan ko‘proq kelib, miya zaruriy moddalar bilan to‘yinadi. Natijada xotira, ko‘rish va eshitish qobiliyati kuchayadi hamda boshqa qobiliyatlar eshigi ochiladi. Har doim namoz o‘qib yurgan kishilarning irodasi mustahkam bo‘ladi. Ularning ruhiy kasalliklarga va bosh og‘riqlariga qarshi immuniteti kuchli bo‘ladi. Sajdaga borish bo‘yin mushaklari uchun yoqimli va foydali mashq hisoblanadi. Siz sajda hrlatida, ayniqsa, sajdadan bosh ko‘targanda bo‘yin mushaklaringizning zo‘riqqandek bo‘lganini his qilasiz. Namozxonlar bo‘yin qismidagi mialgiya (mushaklar uyushishi) yoki bo‘yin spondilezasidan (suyaklarning noto‘g‘ri rivojlanishi) kamroq aziyat chekadi. Chunki namozdagi doimiy mashqlar natijasida bo‘yin mushaklari kuchli va quvvatli bo‘ladi.
Sajdaga borish va undan turish beldagi mushaklarni ham mustahkam qiladi. Shu boisdan muttasil namoz o‘qib yuradigan kishilarda bel og‘rig‘i boshqalarga nisbatan kamroq uchraydi.
Sajda – insonning tanasida paydo bo‘ladigan elektromagnit nurlanishni kamaytiruvchi juda yaxshi vosita. Olimlar yerning tortish kuchi inson sajdaga borgan vaqtda uning tanasidagi jamiki nur va to‘lqinlarni tortib olishini aniqladi. Musulmonlar bir kungi namozlarida 64 marta sajdaga boradi. Buning har biri ularga xursandchilik, salomatlik, xotirjamlik, eng muhimi, Alloh taologa yaqinlik tuyg‘usini baxshida etadi.
Donishmand oqsoqollardan biri masjidga har safar namozga kelganda boshqa-boshqa yerga o‘tirar edi. U kishidan hadeb joyini almashtiraverishining sababini so‘rashganida, “Qiyomatda boshim sajdaga tekkan joylar guvohlik berganda ular ko‘proq bo‘lsin degan umidda shundaY qilyapman”, deb javob bergan edi (Alloh taolo rahmatiga olgan bo‘lsin). Uning ana shu javobining o‘zi ham sajda qilishning foydasi juda katta ekaniga dalolat qiladi.
Buyuk Rabbimiz barchamizning manglayimizni sajda nurlari bilan munavvar qilib, imonu ixlos ila qilgan sajdalarimiz sharofatidan ikki dunyomizni obod aylasin.
Damin JUMAQUL
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Dengiz to‘lqinlari ustida paydo bo‘ladigan ko‘piklar, majoz va haqiqat tarzida go‘zal va mukammal ifodalar bilan bayon etiladi. Inson faqat ko‘piklarni tomosha qilish bilan kifoyalanib qolmasligi kerak, balki, dengizning qudratiga diqqat qilmog‘i, o‘z ko‘nglini dengiz qilmog‘i kerak. Faqat ko‘piklarni ko‘rib, ammo dengizni ko‘rmaydigan zohiriy fikr va nigoh bilan emas, balki ko‘piklarning siri va aylanishiga sabab bo‘lgan dengizni ko‘radigan dil ko‘zi bilan boqmog‘i kerak inson. Chunonchi, hazrati Mavlono aytadilar:
«Ey bu (tariqat) yo‘l(i)ni qadamba-qadam bosmoqqa qaror qilgan inson! Sen hali xomning xomisan, xomning xomisan, xomning xomisan!
Tegirmon toshining aylanishini ko‘rdingmi, kel, (bu toshni aylantirgan) ariq suvini ham ko‘rgil, axir!
Tuproqni ko‘rdingki, (to‘zon bo‘lib) havoga ko‘tarildi. Endi bu tuproq, to‘zon orasidagi shamolni ham ko‘rgil!
Fikr qozonlarining qaynaganini ko‘rdingmi, bas, (bu fikr qozonlarini qaynatgan) olov ichidagi hushga – ongu idrokka ham nazar qil!
Haq taolo Ayyub alayhissalomga ikrom-ehsonlarini so‘zlagan mahalda: «Men sening har bir tola sochingga sabr berdim!» dedi.
Ogoh bo‘l, sabringga buncha mahliyo bo‘lma, sabrni ko‘rdingmi, sabrni bergan Zotni ham ko‘rgil!
Qachonki dulob, ya’ni quduqdan suv chiqaradigan chig‘ir yoki charxpalakning aylanganini ko‘rsang, boshingni tashqariga chiqarib, mirobni – suvning amirini ham ko‘rgil!
Sen ko‘ryapman, deb aytasan, lekin sen ko‘rgan narsalar (ul yashirin qudratning) oshkor bo‘lgan alomatlari, xolos
Sen dengiz yuzidagi ko‘piklar harakatini ko‘rdingmi, qisqasi, hayratlarga tushib, dengizning o‘ziga ham boq!»
Dengiz va ko‘pik tashbehlari
Mavlono aytadilar: «Kimki ko‘pikni ko‘rsa, u sirini so‘zlovchi bo‘ladi. Kim dengizni ko‘rsa, u hayron bo‘ladi – ulug‘ qudratni his etadi, ulug‘ cheksizlikni ko‘radi».
Kimki ko‘pikni ko‘rsa, u niyatini oshkor etib, hammaga yoyadi, Kimki dengizni ko‘rsa, dilini dengiz qiladi. Kimki ko‘pikni ko‘rsa, u sanoqni kasb qiladi, birning yoniga boshqa sonlarni qo‘shadi, kim dengizni ko‘rsa, u ixtiyorsiz bo‘ladi – bor inon-ixtiyoridan voz kechadi.
Kimki ko‘pikni ko‘rsa, u ko‘pikdek ko‘pirgan kishi bo‘ladi, kimki dengizni ko‘rsa, u sof va xolis bo‘ladi. Kim ko‘pikni ko‘rsa, ko‘pik uni paykor qiladi, jangu jadal, kurash va muborazaga, bahsu munozara, qasd va irodaga boshlaydi. Kimki dengizni ko‘rsa, dengiz uni yuksaltiradi, uni oshiq qilib, dor ostiga olib boradi.
Kim dengiz ko‘rsa, bo‘lur osuda ul !..
Kim ko‘pikni ko‘rsa, o‘sha bilan mast bo‘ladi, kim dengizni ko‘rsa, «Huv» zikriga g‘arq bo‘ladi. Kim ko‘pikni ko‘rsa, u so‘z boshlaydi, gapga mashg‘ul bo‘ladi, kimki dengizni ko‘rsa, unda «mo»vu «man»dan, «biz» va «men» degan so‘zdan, manmanlik va maqtanchoqlikdan asar qolmaydi.
Kim ko‘pikni ko‘rsa, u behuda bo‘ladi, ishi va so‘zi puch va befoyda bo‘ladi, kim dengizni ko‘rsa, u osuda bo‘ladi, tinch, sokin xotirjam va teran fikrli bo‘ladi.
Kim ko‘pikni ko‘rsa, sir go‘yon bo‘lur,
Kim dengizni ko‘rsa, ul hayron bo‘lur!
Kim ko‘pik ko‘rsa, niyat ifsho qilur,
Kimki daryo ko‘rsa, dil daryo qilur.
Kim ko‘pik ko‘rsa, sanoq birlan u bor,
Kim dengiz ko‘rsa, bo‘lur beixtiyor!
Kim ko‘pik ko‘rsa, ko‘pirgan kas bo‘lur,
Kim dengizni ko‘rsa, sof, xolis bo‘lur.
Kim ko‘pik ko‘rsa, ani paykor qilur,
Kim dengiz ko‘rsa, ani bar dor qilur! [2]
Kim ko‘pikni ko‘rsa, anga mast bo‘lur,
Kim dengizni ko‘rsa, «Huv»ga g‘arq bo‘lur.
Kim ko‘pikni ko‘rsa, ul boshlar suxan,
Kim dengizni ko‘rsa, qolmas «mo vu man».
Kim ko‘pik ko‘rsa, bo‘lur behuda ul,
Kim dengiz ko‘rsa, bo‘lur osuda ul !..
(5-daftar, 2899–2911-baytlar).
1 Paykor – jangu jadal, muboriza, kurash; bahsu munozara; qasd, iroda.
2 Bar dor qilmoq – ikki ma’noda (so‘z o‘yini): 1) boshini dorga eltmoq. 2) ko‘tarmoq, yuksaltirmoq.
Ko‘pikni ko‘rganlar sanoqqa asir
Hazrati Mavlono Jaloluddin Muhammad Rumiy-Balxiy ushbu:
Kim ko‘pik ko‘rsa, sanoq birlan u bor,
Kim dengiz ko‘rsa, bo‘lur beixtiyor, –
satrlari orqali aytadilarki, faqat ko‘pikni ko‘rib, dengizni ko‘rmaydigan inson adad va sanoqqa asirdir va adad andishdir, ya’ni faqat adadni – son-sanoqni fikr qilish bilan ovoradir.
«Masnaviy» baytlarining eng go‘zallaridan birining ma’nosi budir: «Kimki dengizni ko‘rsa, Alloh taoloning sun’i-san’atiga hayronlar qoladi va beixtiyor bo‘ladi».
Alloh bergan juz’iy ixtiyorga ishorat qilish orqali Mavlono insoniyatga aytadilar: «Butun kuch-quvvat va ta’sir Allohdandir», loyazol, ya’ni abadiy, so‘ngsiz bo‘lmish Haq taoloning azamati-ulug‘ligi va qudratiga tan berish bilan odamzod o‘z ozodligi, irodasi va ixtiyorini buyuk yaratgan Zotning tasarrufiga topshiradi, bu azamat va qudratni idrok etish bilan ixtiyorsiz bo‘ladi. Chunonchi, hazrati Mavlono mazkur baytlarda aytadilar:
Kim ko‘pikni ko‘rsa, anga mast bo‘lur,
Kim dengizni ko‘rsa, «Huv»ga g‘arq bo‘lur!
Ya’ni Alloh taoloning azamati, qudratiga g‘arq bo‘ladi. Dengiz mavjlarining siri-mohiyatiga va Alloh taoloning sun’i, qudrati, azamati-ulug‘ligiga tan bergan kishi oxir-oqibatda abadiy osudalikka erishadi. Chunonchi: «Kim dengiz ko‘rsa, bo‘lur osuda ul!..»...
Mirzo Kenjabek