Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Fevral, 2025   |   14 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:01
Quyosh
07:21
Peshin
12:42
Asr
16:12
Shom
17:57
Xufton
19:11
Bismillah
13 Fevral, 2025, 14 Sha`bon, 1446

Sajda – Rabbimizga qurbat, tanamizga davo

29.06.2017   5813   6 min.
Sajda – Rabbimizga qurbat, tanamizga davo

Bugun Ramazon bayramining uchinchi kuni. Farahli saharliklar, shodiyona iftorliklar, tarovatli tarovehlar, xamtlar, qadr kechalari, duolar,.. o‘n bir oyda qaytish sharti bilan bizdan uzoqlashdi. Va’dalashgan vaqtda  Ramazon-ku qaytadi. Ammo biz-chi, muborak oyni keyingi yilda ham kutib olish qay birlarimizga nasib etadi. Rabbimiz o‘sha kunga safimizni kamaytirmasin, inshaalloh! deya  doimo qo‘limizni duoga ochib yolvorib turibmiz.

Ne baxtki, shunday ajoyib oydan biz miskin bandalar ham nasibamizni olib qolaylik degan ilinjda sa’y-harakatlar qildik, kamini mehribon Parvardigorimizning O‘zi to‘ldirsin.

Savobtalab kishilarimiz Shavvol oyida ham olti kun ro‘za tutib qo‘yish niyatida shu kunlarda niyatli bo‘lib yuribdi. Alloh ziyoda qilsin!

 Parvardigorimizning mehribonchiligini qarangki, bizga buyurgan ibodatlari evaziga ikki dunyomiz uchun saodat berish bilan birga, tanamizga ham sihat yetkazib qo‘yibdi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ummatlariga o‘z sunnatlari ila ana shu foydalarni yanada ziyoda qilganlar.

Ro‘za tutish va taroveh namozini o‘qishning foydalari haqida Ramazon oyida ancha narsani o‘rganib oldik. Hurmati baland olimlarimiz Shavvol oyining ro‘zasi haqida ham tushunchalar berdilar. Biz esa ushbu mo‘jaz mashqimizda namozimizdagi muhim nuqta – sajda haqida so‘z yuritib siz bilan imonlashmoqni niyat qildik.

Sajda bu – namoz o‘qiyotgan bandaning Alloh taologa eng yaqin bo‘lgan vaqti. Sajdaga borganda biz yerga yaqinlashgandek bo‘lsak-da, aslida Rabbimizning rahmatiga va mag‘firatiga yaqinlashgan bo‘lamiz. Allohning rahmati qamrab oluvchidir. Shu jihatdan, oldinroq aytganimizdek, namozdan asosiy maqsad ruhiyat bilan bog‘liq hodisa bo‘lsa-da, bundan insonning tanasining salomatligi uchun ham juda ko‘p foydalar bor. Hadislarda “Namoz – barcha xastaliklar davosidir”; “Banda sajdaga borgan vaqtida Allohga eng yaqin kelgan bo‘ladi”, deyilgan.

Qur’oni karimda sajda haqida: “Ey imon keltirganlar! Ruku’ qilingiz, sajda qilingiz va Rabbingizga ibodat qilib ezgu ish qilingiz – shoyadki najot topsangiz!” (Haj surasining 77-oyati). “...Bas, kimki Parvardigori bilan muloqotda bo‘lishdan umidvor bo‘lsa, u holda ezgu amal qilsin va Parvardigoriga ibodat qilishda hech kimni (Unga) sherik qilmasin!” (Kahf surasining 110-oyati), deb marhamat qilingan.

Sajdaga beparvo bo‘lmaslikning qanchalik muhim ekani hadisi sharifda quyidagicha ta’kidlangan: “Alloh taolo bandaning ruku va sajdasi komil bo‘lmagan namoziga boqmaydi” (Imom Ahmad rivoyati). “Agar inson namozining ruku va sajdasini joyiga keltirsa, namoz o‘sha odamga: “Sen meni asraganing kabi Alloh ham seni asrasin!”, deydi. Keyin namoz yuqoriga olib chiqib ketiladi (qabul bo‘ladi). Agar odam namozda ruku va sajdani joy qo‘ya olmasa, namoz unga: “Sen meni vayron qilganing kabi Alloh ham seni vayron qilsin”, deydi. Keyin namoz lattaga o‘xshatib g‘ijimlanib o‘sha odamning betiga qarab otib yuboriladi”. Payg‘ambar sollallohu alayhi  vasallam: “Ruku va sajdani mukammal qiling. Eng bemaza o‘g‘ri bu – o‘zining namoziga o‘g‘rilik qiladigan o‘g‘ridir”, dedilar. Sahobalar: “Yo Allohning Rasuli namozdan nimani o‘g‘irlash mumkin?”, deb so‘radilar. Rasuli Akram: “Qachonki odam namoz o‘qiganda ruku va sajdasini o‘rniga keltirmasa, ana o‘sha uning o‘g‘irligi bo‘ladi”, dedilar.

Inson sajdaga borgan vaqtida xavotir va siqilishlardan yengil tortib tinchlanadi. Shu holatida  xotirjamlik va osoyishtalikni his qiladi.  Sajda – insonning miyasi yuragidan pastga keladigan ajoyib holati. Shu vaziyatda miyaga qon va kislorod odatdagidan ko‘proq kelib, miya zaruriy moddalar bilan to‘yinadi. Natijada xotira, ko‘rish va eshitish qobiliyati kuchayadi hamda boshqa qobiliyatlar eshigi ochiladi. Har doim namoz o‘qib yurgan kishilarning irodasi mustahkam bo‘ladi. Ularning ruhiy kasalliklarga va bosh og‘riqlariga qarshi immuniteti kuchli bo‘ladi. Sajdaga borish bo‘yin mushaklari uchun yoqimli va foydali mashq hisoblanadi. Siz sajda hrlatida, ayniqsa, sajdadan bosh ko‘targanda bo‘yin mushaklaringizning zo‘riqqandek bo‘lganini his qilasiz. Namozxonlar bo‘yin qismidagi mialgiya (mushaklar uyushishi) yoki bo‘yin spondilezasidan (suyaklarning noto‘g‘ri rivojlanishi) kamroq aziyat chekadi. Chunki namozdagi doimiy mashqlar natijasida bo‘yin mushaklari kuchli va quvvatli bo‘ladi.

Sajdaga borish va undan turish beldagi mushaklarni ham mustahkam qiladi. Shu boisdan muttasil namoz o‘qib yuradigan kishilarda bel og‘rig‘i boshqalarga nisbatan kamroq uchraydi.

Sajda – insonning tanasida paydo bo‘ladigan elektromagnit nurlanishni kamaytiruvchi juda yaxshi vosita. Olimlar yerning tortish kuchi inson sajdaga borgan vaqtda uning tanasidagi jamiki nur va to‘lqinlarni tortib olishini aniqladi. Musulmonlar bir kungi namozlarida 64 marta sajdaga boradi. Buning har biri ularga xursandchilik, salomatlik, xotirjamlik, eng muhimi, Alloh taologa  yaqinlik tuyg‘usini baxshida etadi.

Donishmand oqsoqollardan biri masjidga har safar namozga kelganda boshqa-boshqa yerga o‘tirar edi. U kishidan hadeb joyini almashtiraverishining sababini so‘rashganida, “Qiyomatda boshim sajdaga tekkan joylar guvohlik berganda ular ko‘proq bo‘lsin degan umidda shundaY qilyapman”, deb javob bergan edi (Alloh taolo rahmatiga olgan bo‘lsin). Uning ana shu javobining o‘zi ham sajda qilishning foydasi juda katta ekaniga dalolat qiladi.

Buyuk Rabbimiz barchamizning manglayimizni sajda nurlari bilan munavvar qilib, imonu ixlos ila qilgan sajdalarimiz sharofatidan ikki dunyomizni obod aylasin.

Damin JUMAQUL

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

"Mahri misl" nima degani?

10.02.2025   4181   3 min.

Sahih xilvatdan oldingi taloq atalgan mahrning yarmini vojib qiladi.

Bu hukm Qur’oni karimda kelgan. Alloh taolo «Baqara» surasida bunday deb marhamat qiladi:

«Agar ularga qo‘l tekkizmay turib taloq qilsangiz va mahrni belgilab qo‘ygan bo‘lsangiz, belgilanganning yarmini berasiz, magar ular afv qilsa yoki nikoh tuguni qo‘lida bo‘lgan kishi afv qilsa», (bermaysiz) (237-oyat).

Agar mahr atalmagan bo‘lsa, sahih xilvatdan oldingi taloqda «mut’a», undan keyingida «mahri misl» vojib bo‘ladi.

Bu hukm ham Qur’oni karimda kelgan. Alloh taolo «Baqara» surasida bunday marhamat qiladi:

«Agar xotinlarni, ularga qo‘l tekkizmay turib yoki ular uchun mahrni belgilamay turib, taloq qilsangiz, sizga gunoh yo‘q. Ularni boy boricha, yo‘q holicha ma’ruf ila bahramand eting. Yaxshilik qiluvchilar zimmasiga burch o‘laroq» (236-oyat).

Bu oyatda nikohdan keyin, mahrni aniqlamagan holatda, duxuldan oldin taloq qilganda nima bo‘lishi haqida so‘z ketmoqda. Avvalo, shunday holatda taloq qilish gunoh emasligi bayon qilindi.

«Agar xotinlarni, ularga qo‘l tekkizmay turib yoki ular uchun mahrni belgilamay turib, taloq qilsangiz, sizga gunoh yo‘q».

Chunki insongarchilik yuzasidan turli holatlar bo‘lib turadi. Albatta, bu taloq kelin uchun, uning ahli uchun og‘ir bo‘ladi. Umid bilan nikohdan o‘tib, orzu-havas bilan yangi turmushni ko‘zlab turganida, oilaviy hayotni boshlamay turib, taloq bo‘lishi katta musibat. Buning ustiga, do‘stu dushman, yoru birodarlarning oldida nima degan gap bo‘ladi?! Ana shu holatlarni hisobga olib, mahr hali tayin bo‘lmaganligi uchun bu kelinga «mut’a» (foyda) deb nomlangan moliyaviy taqdirlash berish shariatda ushbu oyati karima asosida joriy qilingan.

Beriladigan mut’aning miqdori kuyov tarafga bog‘liq, imkoniga qarab, ko‘proq narsa bersa, yaxshi bo‘ladi. Rivoyat qilishlaricha, imom Hasan roziyallohu anhu mut’a uchun o‘n ming dirham bergan ekanlar.

Ulamolarimiz: «Mut’a o‘z davrlarining o‘lchovida beriladi: boy bir xizmatchi olib beradi, kambag‘al uch sidra kiyim-bosh bersin», deganlar.

Shunday qilinsa, kelin tarafga yengil bo‘ladi, ko‘ngillari taskin topadi. Do‘st-dushmanning gap-so‘zidan ham qutuladilar. Chunki shunchalik mol-dunyo berish qizda ayb yo‘qligining, yigit taraf uni hurmat qilishining, ammo noilojlikdan ajralayotganining alomati bo‘ladi. Shu bilan birga, kuyov tarafni ham qiynab yuborish kerak emas.

Oyatda:

«Ularni boy boricha, yo‘q holicha ma’ruf ila bahramand eting», deyilyapti.

Kuyov taraf «yaxshilik ila» harakat qilishi kerak, shuningdek, kelin taraf ham. Oyatning oxirida foyda berish yuqori maqom ekani:

«Yaxshilik qiluvchilar zimmasiga burch o‘laroq», deb yana bir bor ta’kidlanyapti.

«Mahri misl» o‘sha yurtda, o‘sha zamonda boshqa kelinlarga odat bo‘yicha qancha mahr berish joriy bo‘lib turgan bo‘lsa, o‘sha miqdordagi mahrdir.

"Baxtiyor oila" kitobidan

Maqolalar