Rossiya musulmonlari jamiyati taklifiga ko‘ra, joriy yil Ramazon oyida Rossiyaning bir qator shaharlarida taroveh namozlarini o‘qib bergan o‘zbekistonlik qorilar eson-omon Toshkentga qaytib keldilar. Qorilarimiz 25 iyun kuni Moskva shahrida Rossiya musulmonlari jamiyati raisi, muftiy Albert hazrat Krganov qabulida bo‘ldilar. Muftiy hazrat qorilarimizga taroveh namozlari ado etib berganliklari va chiroylik xatm Qur’onlar uchun chuqur minnatdorchilik izhor qildi. Buning isboti sifatida muftiy A.Krganov qorilarimizni Rossiya musulmonlari jamiyatining Faxriy yorlig‘i va maxsus ordeni bilan taqdirladi.
Taqdirlash marosimida muftiy hazrat O‘zbekiston, u yerdan yetishib chiqqan ulamolar, o‘zbekistonlik qorilar haqida juda iliq fikrlar bildirdi. Xususan, Biz O‘zbekistondan o‘rganadigan jihatlarimiz ko‘p, u yerdan yetishib chiqqan va chiqayotgan ulamolarga, qorilarga butun dunyo havas qiladi – deb ta’kidladi.
O‘z o‘rnida qorilarimiz ham mehmondo‘stlik uchun tashakkur izhor qilib, bu yilgi Ramazon o‘zgacha ruhda o‘tganligini ta’kidladilar va berilgan e’tibor uchun minnatdorchilik bildirdilar.
Shuning bilan qorilarimiz o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni a’lo darajada ado etib, O‘zbekistonga yorug‘ yuz bilan qaytib keldilar.
Shuningdek, Ukrainaning Kiyev shahrida Ramazon oyida taroveh namozlarini o‘qib bergan qorimiz M.Abbosiddinov ham kuni kecha xatmi Qur’onni tugatib O‘zbekistonga qaytib keldi. Musoxon qori ham ukrainalik musulmonlar e’tirofiga sazovor bo‘lib, Ukraina musulmonlari idorasining maxsus Faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Xalqaro aloqalar bo‘limi