Shariatimizda Ramazon oyi ro‘zasidan boshqa vaqtda ham ro‘za tutishga targ‘ib qilingan. Zotan, Ramazon oyida ro‘za tutishlik farz bo‘lsa-da, undan boshqa vaqtda tutilgan ro‘zalar nafl hisoblanib, sohibiga ulkan ajr-mukofotlarni kashf qiladi. Lekin yilning besh kunida ro‘zador bo‘lishlikdan qaytarilganmiz. Ular: Ramazon hayiti kuni, qurbon hayiti kuni va tashriq kunlari(zulhijja oyining 11-12 va 13- kunlari)dir.
Yil davomida ro‘zador bo‘lishga qiziqtirilgan kunlar:
A. Hafta kunlarining dushanba va payshanba kunidagi ro‘za;
Oisha roziyalllohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning odatlari dushanba va payshanba kunilari ro‘za tutar edilar” (Imom Termiziy rivoyati). Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:“Albatta bandalarning amallari dushanba va payshanba kuni arz qilinadi, mening amalim arz qilinganda ro‘zador holda bo‘lishni yaxshi ko‘raman” deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
B. Arafa kuni ya’ni Zulhijja oyining 9- kuni;
Abu Qatoda roziyalllohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohdan umid qilamanki, Arafa kunining ro‘zasi undan oldingi sananing va undan keyingi sananing kafforati bo‘ladi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
V. Oq kunlar ya’ni har oyning 13-14-va 15-kunida ro‘za tutish;
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning odatlari safarda ham hazarda ham oq kunlarida ro‘za tutar edilar”(Imom Nasaiy rivoyati).
Bulardan tashqari yana ko‘plab targ‘ib qilingan nafl ro‘zalar bor. Qiziqtirilgan nafl ro‘zalar fazl va ajrda bir-biridan farqlidir.
Quyida ana shunday ro‘zalardan biri Shavvol oyidan olti kunida ro‘za tutish va uning fazli haqida bayon qilamiz:
عَنْ أَبي أَيُّوبَ الأَنصَاريِّ - رضي الله عنه - أَنَّ رَسُولَ الله - صلى الله عليه وسلم - قال: مَنْ صَامَ رَمَضَانَ ثُمَّ أَتبَعَهُ سِتًّا مِنْ شَوَّالَ كَانَ كَصِيَامِ الدَّهرِ؛ رواه مسلم.
Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazon ro‘zasini tutib, so‘ng unga Shavvol oyidan olti kun ro‘za qo‘shsa, go‘yo bir yil ro‘za tutgandek bo‘lur”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
وعَنْ ثوبانَ - رضي الله عنه - أَنَّ رَسُولَ الله - صلى الله عليه وسلم - قَالَ: صِيامُ رَمَضَانَ بِعَشرَةِ أَشْهُر، وصِيَامُ السِّتَّةِ أيَّامٍ بِشَهرَينِ فذَلك صِيَامُ السَّنَة.
وفي رِوايةٍ: مَنْ صَامَ سِتَّةَ أيَّامٍ بَعْدَ الفِطْرِ كَانَ تَمامَ السَّنة ﴿ مَنْ جَاءَ بِالحَسَنَةِ فَلَهُ عَشْرُ أَمْثَالِهَا ﴾ رواهُ أحمدُ وابنُ ماجه.
Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ramozon ro‘zasi o‘n oy ro‘zaga to‘g‘ri kelsa, Shavvolning olti kuni ikki oyga to‘g‘ri keladi, natijada bu bir yil ro‘za bo‘ladi”, dedilar. Boshqa rivoyatda: “Kim fitrdan keyin olti kun ro‘za tutsa, bir yil to‘la ro‘za bo‘ladi”, oyati karimada (Kim bir yaxshilikni amalga oshirsa, unga o‘sha yaxshilikning o‘n barobari bo‘lur), deb zikr qilingan (Imom Ahmad va Ibn Moja rivoyati).
Mazkur muborak bayonotdan kuyidagi foyda va hukmlarni xulosa qilish mumkin:
Jaloliddin Hamroqulov
TII “Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri,
“Novza” jome masjidi imom-xatibi
Vatan – bu insonning tug‘ilib o‘sgan yeri, uning go‘daklik chog‘idanoq mehr qo‘ygan o‘chog‘i, mahallasi va qishlog‘i bilan ta’riflanadi. “Vatan” so‘zi arab tilida tug‘ilib o‘sgan joy, ona yurt ma’nosini anglatadi. Vatanga muhabbat yuksak insoniy fazilat. Bu borada: “Vatanni sevmoq iymondandir” hikmatini esga olishning o‘zi kifoyadir. Bizga ma’lumki, Vatanga bo‘lgan muhabbat joy, makon va vaqt tanlamaydi. Bu tuyg‘u inson tug‘ilishi bilan vujudga kelib, vafot etishi bilan o‘z poyoniga yetadi.
Vatanga mehr esa ona suti bilan qalbga singadi. Shu o‘rinda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Burhoniddin Marg‘iloniy, Qaffol Shoshiy, Farobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Al-Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek, Ahmad Farg‘oniy kabi buyuk allomalarimiz Vatanga bo‘lgan kuchli muhabbatlari tufayli ko‘plab asarlarini yurt nomi bilan bog‘laganlari tarixdan ma’lum.
Buyuk ajdodlarimiz Najmiddin Kubro Vatan himoyachisi qanday bo‘lishiga yorqin misol bo‘la oladi. Minglab muridlarga ega bo‘lgan bu tariqat peshvosi mo‘g‘ullar bostirib kelganligidan xabar topgach, birinchilardan bo‘lib Vatan himoyasiga otlanadi. Mo‘g‘ul hukumdorlari Najmiddin Kubroning xalq orasidagi obro‘-e’tiborini ko‘rib, unga shaharni tashlab, o‘zi ixtiyor qilgan tarafga ketishini taklif qiladi. Biroq, vatanini o‘z jonidan ustun bilgan Najmiddin Kubro bosqinchilarga qarshi jangga kirishadi, lashkarlarni olg‘a chorlab borayotganida shahid bo‘ladi. Jaloliddin Manguberdining esa mohir lashkarboshiligi, jasorati va mardligi mo‘g‘ul imperiyasi hukmdori Chingizxonni lol qoldirgani tarix sahifalaridan ma’lum. U Jaloliddinning sha’niga maqtov so‘zlarini izhor etib: “Otadan dunyoda hali bunday o‘g‘il tug‘ilmagan. U sahroda sher kabi g‘olib jangchi, daryoda esa nahang (akula) kabi botirdir”, deydi va o‘g‘illariga yuzlanib: “Otaga shunday o‘g‘il zarurki, u ikki girdob – olov va suv girdobidan ozodlik maydoniga chiqa oladi”, deb ta’riflashi uning mardligini tan olganini anglatadi.
Bir so‘z bilan aytganda, ming yillar davomida yurtimizga ko‘plab bosqinchilik hujumlari bo‘lgan. Barcha zamonlarda o‘z yurti himoyasi uchun bosqinchilarga qarshi ozodlik bayrog‘ini baland ko‘targan vatanparvar yo‘lboshchilar, millat qahramonlari dushmanlar bilan tinimsiz kurash olib borgan.
Vatanni sevish uni himoya qilish savobli ish. Unga xiyonat qilish esa kechirilmaydigan katta gunoh bo‘lsa-da, ayrim kishilar o‘z vatanini tashlab o‘zga yurtlarda vatangadolik qilib yurganliklariga nima deyish mumkin.
Bobolarimizdan meros bo‘lib kelayotgan “O‘zga yurtda shoh bo‘lguncha o‘z yurtingning gadosi bo‘l” degan hikmatli so‘zga ko‘ra, bu insonlarda na vatan, na insoniylik, na ota-onaga bo‘lgan hurmat, aka-uka, opa-singilga bo‘lgan mehr, qavmu qarindosh va qo‘ni qo‘shnichilikka nisbatan oqibatni aks etmaganini ko‘rishimiz mumkin. Ularning ayrimlari esa turli radikal diniy-ekstremistik tashkilot va oqimlarga qo‘shilib ketayotgani kishini ajablantiradi. Ular o‘zga ayrim manfaatdor yovuz kishilarning nayrangiga uchib o‘z vatanidan, oilasidan hatto ota-onasidan ham voz kechib ketmoqda… Bunday xislat insoniylik me’zoniga xam to‘g‘ri kelmaydi. Zero, inson o‘z vatani ravnaqi uchun fidoiylik ko‘rsatishi, bu yo‘lda kerak bo‘lsa, jonini ham berishga tayyor bo‘lishi lozimdir.
Donishmandlardan birining aytishicha: “Vatan bir bog‘dir, Vatanning sodiq farzandlari bu bog‘ni o‘z yurak qonlari ila sug‘armaklari darkordir”. O‘zini vatan farzandi deb hisoblovchi inson butun tanu-joni bilan yurak qoni ila vatan bog‘ini yashnatish uchun xizmat qilishi kerak. “Vatan ostonadan boshlanadi”, deganidek vatan har bir kishining qalbidan, vijdonidan boshlanadi.
Ma’rufxon Aloxodjayev,
Namangan shahar “Abdulqodir qori” jome
masjidi imom-xatibi