Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

Shavvol oyidan olti kun ro‘za tutish fazilati

26.06.2017   23847   6 min.
Shavvol oyidan olti kun ro‘za tutish fazilati

Shariatimizda Ramazon oyi ro‘zasidan boshqa vaqtda ham ro‘za tutishga targ‘ib qilingan. Zotan, Ramazon oyida ro‘za tutishlik farz bo‘lsa-da, undan boshqa vaqtda tutilgan ro‘zalar nafl hisoblanib, sohibiga ulkan ajr-mukofotlarni kashf qiladi. Lekin yilning besh kunida ro‘zador bo‘lishlikdan qaytarilganmiz. Ular: Ramazon hayiti kuni, qurbon hayiti kuni va tashriq kunlari(zulhijja oyining 11-12 va 13- kunlari)dir.

Yil davomida ro‘zador bo‘lishga qiziqtirilgan kunlar:

A. Hafta kunlarining dushanba va payshanba kunidagi ro‘za;

Oisha roziyalllohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning odatlari dushanba va payshanba kunilari ro‘za tutar edilar” (Imom Termiziy rivoyati). Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:“Albatta bandalarning amallari dushanba va payshanba kuni arz qilinadi, mening amalim arz qilinganda ro‘zador holda bo‘lishni yaxshi ko‘raman” deganlar (Imom Termiziy rivoyati).

B. Arafa kuni ya’ni Zulhijja oyining 9- kuni;

Abu Qatoda roziyalllohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohdan umid qilamanki, Arafa kunining ro‘zasi undan oldingi sananing va undan keyingi sananing kafforati bo‘ladi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

V. Oq kunlar ya’ni har oyning 13-14-va 15-kunida ro‘za tutish;

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning odatlari safarda ham hazarda ham oq kunlarida ro‘za tutar edilar”(Imom Nasaiy rivoyati).

Bulardan tashqari yana ko‘plab targ‘ib qilingan nafl ro‘zalar bor. Qiziqtirilgan nafl ro‘zalar fazl va ajrda bir-biridan farqlidir.

Quyida ana shunday ro‘zalardan biri Shavvol oyidan olti kunida ro‘za tutish va uning fazli haqida bayon qilamiz:

عَنْ أَبي أَيُّوبَ الأَنصَاريِّ - رضي الله عنه - أَنَّ رَسُولَ الله  - صلى الله عليه وسلم -  قال: مَنْ صَامَ رَمَضَانَ ثُمَّ أَتبَعَهُ سِتًّا مِنْ شَوَّالَ كَانَ كَصِيَامِ الدَّهرِ؛ رواه مسلم.

Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazon ro‘zasini tutib, so‘ng unga Shavvol oyidan olti kun ro‘za qo‘shsa, go‘yo bir yil ro‘za tutgandek bo‘lur”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

وعَنْ ثوبانَ - رضي الله عنه - أَنَّ رَسُولَ الله  - صلى الله عليه وسلم -  قَالَ: صِيامُ رَمَضَانَ بِعَشرَةِ أَشْهُر، وصِيَامُ السِّتَّةِ أيَّامٍ بِشَهرَينِ فذَلك صِيَامُ السَّنَة.

وفي رِوايةٍ: مَنْ صَامَ سِتَّةَ أيَّامٍ بَعْدَ الفِطْرِ كَانَ تَمامَ السَّنة ﴿ مَنْ جَاءَ بِالحَسَنَةِ فَلَهُ عَشْرُ أَمْثَالِهَا ﴾ رواهُ أحمدُ وابنُ ماجه.

Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:  Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ramozon ro‘zasi o‘n oy ro‘zaga to‘g‘ri kelsa, Shavvolning olti kuni ikki oyga to‘g‘ri keladi, natijada bu bir yil ro‘za bo‘ladi”, dedilar. Boshqa rivoyatda: “Kim fitrdan keyin olti kun ro‘za tutsa, bir yil to‘la ro‘za bo‘ladi”, oyati karimada (Kim bir yaxshilikni amalga oshirsa, unga o‘sha yaxshilikning o‘n barobari bo‘lur), deb zikr qilingan (Imom Ahmad va Ibn Moja rivoyati).

Mazkur muborak bayonotdan kuyidagi foyda va hukmlarni xulosa qilish mumkin:

  1. Shavvol oyidan olti kun ro‘za tutishning fazilati albatta, kim Ramozon ro‘zasiga qo‘shimcha qilib, Shavvol ro‘zasini ham uzluksiz tutib yursa, bir umr ro‘za tutgandek bo‘ladi. Bu esa ulkan fazl va buyuk amal hisoblanadi.
  2. Buyuk Allohning bandalariga rahmati bo‘lib, bu Alloh taolo tomonidan bandalarining ozgina amaliga ko‘p savob va ulkan ajrlar ato etishidir.
  3. Shavvol oyidan olti kun ro‘zasini tezlatib tutish mustahabdir. Yaxshiliklarda musobaqa qilishga amr bo‘lgani, bu ro‘za qolib ketmasligi va kishini boshqa ish mashg‘ul qilib qo‘ymasligi uchun bu kundagi ro‘zani shoshilib tutish muhimdir.
  4. Ushbu ro‘zani Shavvol oyining avvali, o‘rtasi yoki oxirida uzluksiz  yoki kun oralatib tutish durust bo‘laveradi. Mukallaf ushbu ro‘zani xohlagan holatda tutsa ham Alloh taolo ushbu amalni qabul qilsa, va’da qilingan ajrga haqli bo‘ladi.
  5. Ramozondan qazosi bo‘lgan kishi birinchi qazosini keyin Shavvoldan olti kun ro‘za tutadi. Chunki hadisda Nabiy alayhissalom: “Kim ramazon ro‘zasini (to‘la) tutib,....”, deganlar. Zero, zimmasida Ramazonning qazosi bo‘lgan kishiga nisbatan to u o‘sha qazosini tutguniga qadar ro‘za tutdi, deyish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Chunki inson o‘z zimmasini vojibdan xolos qilib olishi, mustahab ishni qilishidan avlo hisoblanadi.
  6. Zero, Hakim sifatli Alloh taolo farzlarni nafl ibodatlardan oldin qilib shariatga kiritgan. Shuningdek, ularning ortidan nafllarni keltirgan. Buni namozlardagi tartibli sunnatlar, Sha’bon va Shavvol oylari orasida Ramazon ro‘zasini shariatga kiritishi misolida ham ko‘rish mumkin.
  7. Ushbu nafllar farzlarda kuzatilgan kamchilikni to‘ldiradi. Chunki mukallaf tomonidan ro‘zasining ajrini kamaytirib qo‘yadigan ba’zi kamchiliklarga yo‘l qo‘yishi tabiy. Masalan, ko‘p gapirish, ko‘p qarash, ko‘p yeyish va boshqa shu kabi biror kamchilik sodir etilgan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun bu nafl ibodatlar insonga ziynat va ibodatlarini mukammalligiga sabab bo‘ladi. Ramazon oyidan keyin keladigan Shavvol oyida olti kun nafl ro‘za tutishga targ‘ib qilishda bundan boshqa yana bir qancha hikmatlari ham bor. Muhimi inson bu nafl ibodatlarga o‘zini odatlantirishidir.

Jaloliddin Hamroqulov

TII “Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri,

 “Novza” jome masjidi imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Boshingizga tushgan g‘am-tashvishlardan qanday xulosa chiqardingiz?

9.01.2025   2728   4 min.
Boshingizga tushgan g‘am-tashvishlardan qanday xulosa chiqardingiz?

Bir o‘tirib, yashab o‘tgan shuncha yillik hayotimizda boshdan kechirgan g‘am-g‘ussalarimiz haqida fikr yuritib ko‘rsak, qayg‘ular ikki xil ekanini ko‘ramiz:

Birinchisio‘sha paytda ko‘zimizga katta ko‘rinib, hatto yig‘lashimizga sabab bo‘lgan qayg‘ularimiz. Lekin vaqt o‘tishi bilan ular aslida oddiy narsa ekani, yig‘lashga arzimasligi ma’lum bo‘ladi. Ba’zan o‘sha kunlarni eslaganimizda kulgimiz kelib, «Shu arzimas narsa uchun ham siqilib, yig‘lab yurgan ekanmanmi? U paytlarda ancha yosh bo‘lgan ekanmiz-da», deb qo‘yamiz.

Ikkinchisihaqiqatdan ham katta musibatlar. Ba’zilari hayotimizni zir titratgan. Bu qayg‘ular ham o‘tib ketadi, lekin o‘chmaydigan iz qoldirib ketadi. Bu izlar uzoq yillargacha qalbga og‘riq berib turaveradi. Bu qayg‘ular ba’zan to‘xtab, ba’zan harakatga kelib, yangilanib turadigan vulqonga o‘xshaydi. Bunday g‘am-qayg‘ularning yaxshi tarafi shundaki, ular hayotda ham, oxiratda ham yaxshiliklarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Ular qalbimizda o‘chmas iz qoldirsa, har eslaganda ko‘zlarimizda yosh qalqisa, eng asosiysi – o‘shanda duoga qo‘l ochib, sabr bilan turib bera olsak, ko‘p-ko‘p yaxshiliklarga, ajr-savoblarga ega bo‘lamiz. G‘am-qayg‘u yangilanishi bilan yaxshiliklar ham yangilanib boraveradi.

G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.

Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).

Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.

Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».

Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.

Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev 
tarjimasi.