Bizlarni O‘ziga ibodat qiladiganlardan qilib qo‘ygan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin. Hayotning barcha jabhalarida bizlarga namuna bo‘lgan islom minorasini ko‘targan zot Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)ga salavot va salomlar bo‘lsin.
Ramazon oyining oxirgi kunlarini o‘tkazmoqdamiz Ramazon kunduzlari ro‘za tutib, tunlarda qoim, bedor bo‘lganlardan Alloh taolo rozi bo‘ladigan oydir. Jannat eshiklari ochilib, shaytonlar zanjirband qilinadigan oydir. Bu oy avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat hamda oxiri do‘zaxdan qutulish bo‘lgan ulug‘ oydir. Bu oy har tunda do‘zaxga kirishi vojib bo‘lgan kimsalarning yuz mingi ozod bo‘ladigan buyuk oydir. Bu oy ro‘zadorlarning nafasi Alloh taolo huzurida miskdan-da xushbo‘y bo‘ladigan muborak oydir. Bu oy Alloh taolo va gunohkorlar o‘tasida aloqa tiklanib gunohlar kechiriladigan oydir. Alloh taolo bandalaridan har bir solih amaldan keyin istig‘for aytishini talab qiladi. Bu borada Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:
“…Darhol Rabbingizga hamd bilan tasbeh ayting va Undan mag‘firat so‘rang! Zero, U tavbalarni qabul etuvchi zotdir” (Nasr, 3).
“…Allohdan mag‘firat so‘rangiz. Albatta, Alloh kechirimli va rahmlidir” (Baqara, 199).
Ha azizlar, Alloh taolo gunohlarni kechiruvchi zotdir. Mohi sharif Ramazon oyining oxirgi kunu tunlarida barcha narsani biluvchi, olamlar Rabbisiga bog‘lanib, istig‘for va tavba qilish bilan mashg‘ul bo‘lishimiz lozim. Shoyad Alloh taolo gunohlarimizni kechirib, bizlarni yangi tug‘ilgan chaqaloq kabi gunohlardan pok qilsa.
Qur’oni karimda o‘tgan payg‘ambarlarning qavmlariga aytgan quyidagi so‘zlari keltiriladi:
Nuh (alayhissalom):
“Bas, dedimki: «Rabbingizdan mag‘firat so‘rangiz! Albatta, U (bandalariga nisbatan) o‘ta kechirimli zotdir. (Shunda, ya’ni istig‘for aytsangiz) ustingizga osmondan (barakali) yomg‘ir yog‘dirur, sizlarga mol-dunyo, farzandlar bilan madad berur hamda sizlarga bog‘lar (barpo) qilur va sizlarga anhorlarni (ato) qilur” (Nuh, 10-12).
Hud (alayhissalom):
“(Alloh buyuradiki), Rabbingizdan mag‘firat (kechirim) so‘rangiz, so‘ngra Unga tavba qilingiz, shunda (U) sizlarni ma’lum muddat (ajallaringiz oxiri)gacha chiroyli bahra bilan bahramand qilur va har bir fazlli (karamli, saxiy) kishiga O‘z fazlini ato etur…” (Hud, 3).
Sulaymon (alayhissaolom):
«Ey, Rabbim! O‘zing meni mag‘firat qilgin va menga o‘zimdan keyin biror kishiga muyassar bo‘lmaydigan bir mulk (hukmronlik) ato etgin! Sening O‘zinggina Vahhob (barcha yaxshiliklarni ato etuvchi)dirsan»” (Sod, 35).
Ibrohim (alayhissalom) umrlarining oxirida:
“U jazo kuni (qiyomatda) mening xatolarimni mag‘firat etishini umid qilurman”, deganlar (Shuaro, 82).
Alloh taolo Odam (alayhissalom) va ayollari Havvo onamiz gunoh qilib qo‘yganlarida aytgan so‘zlarini Qur’onda shunday marhamat qiladi:
“Ikkisi aytdilar: «Ey, Rabbimiz! Biz o‘zimizga (o‘zimiz) zulm qildik. Agar bizni kechirmasang va bizga rahm qilmasang, biz, albatta, ziyon ko‘ruvchilardan bo‘lib qolurmiz»” (A’rof, 23).
Alloh taolo istig‘for so‘rovchilarga shunday va’da beradi:
“Ularning ichida Siz bo‘la turib, Alloh ularni azoblovchi emas. Ular istig‘for aytib (kechirim so‘rab) turgan hollarida ham Alloh ularni azoblovchi emas” (Anfol, 33).
Alloh taolo barcha insonlarga shuday nido qiladi:
“(Ey, Muhammad!) O‘z jonlariga (gunoh bilan) zulm qilgan bandalarimga ayting: «Allohning rahmatidan noumid bo‘lmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni mag‘firat qilur. Albatta, Uning o‘zi Mag‘firatli va Rahmlidir” (Zumar, 53).
Bu oyat Ibn Kasir (rahmatullohi alayh) ta’biri bilan aytganda, kofirlar uchun ham, mo‘minlar uchun ham barobar da’vatdir. Zero, kufr va shirkdan shu dunyoda tavba qilib imon keltirgan kishining tavbasi va imoni qabul qilinishi aniq. Shuningdek, mo‘min bo‘la turib, daryoning ko‘pigidek ko‘p gunoh qilgan kimsaning ham gunohlarini Alloh taolo o‘z fazli bilan kechib yuborishi mumkin ekani ham oyat va hadislardan ma’lumdir (Shayx Abdulaziz Mansur).
Alloh taolo gunoh qilib qo‘yib istig‘for aytib, tavba qilgan bandalarini madh etib shunday deydi:
“Ular biror fahsh ish qilib qo‘ysalar yoki o‘zlariga zulm qilib qo‘ysalar, (darhol) Allohni eslab, istig‘for aytadilar. Vaholanki, gunohlarni faqat Allohgina mag‘firat etar. Yana, ular bila turib, qilmishlarida davom etmaydigan kishilardir. Aynan ularning mukofotlari – Parvardigorlaridan mag‘firat va ostidan anhorlar oqib turuvchi jannat bog‘lari bo‘lib, o‘sha joyda abadiy bo‘lurlar. (Solih) amal qiluvchilarning mukofoti naqadar yaxshi!” (Oli imron, 135-136).
Alloh taoloning rahmati ulug‘ligi va mag‘firati cheksiz ekani hamda chin qalbdan qilingan duolarni qabul qilishi haqida Qur’oni karimda shunday deyiladi:
“U imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlarni (duolarini) ijobat qilur va ularga O‘z fazlidan ziyodalik ato qilur. Kofirlar uchun esa qattiq azob bordir” (Shuro, 25).
“Allohga tavba qilib, Undan kechirim so‘ramaydilarmi?! (Axir,) Alloh kechirimli va rahmli zot-ku?!” (Moida, 74).
“Kimda-kim biror yomon ish qilsa yoki o‘z joniga jabr qilsa, so‘ngra Allohdan kechirim so‘rasa, Allohning (qanchalik) kechiruvchan va rahmli ekanini idrok etadi” (Niso, 110).
Biz Ramazonda tavba qilmasak, qachon tavba qilamiz? Alloh taologa Ramazonda qaytmasak, qachon qaytamiz? O‘z nafsimizni Ramazonda hisob-kitob qilmasak, qachon hisob qilamiz? Alloh taolo qudsiy hadisda: “Ey bandalarim, sizlar tunu kun gunoh qilsalaring ham Men barcha gunohlarni kechiruvchiman. Mag‘firat so‘rang, mag‘firat qilaman”, dedi.
Bugun istig‘for aytiladigan, gunohlardan forig‘ bo‘linadigan, Alloh taoloning rahmatiga sazovor bo‘linadigan, do‘zahdan ozod bo‘linadigan oyining oxirgi kunidir. Bu fursatni g‘animat bilib, to‘liq foydalanaylik. Ushbu tunda o‘zimizni do‘zahdan qutqaraylik, namozni, tavba va istig‘forni ko‘paytiraylik, yaxshiliklarga shoshilaylik. Kim katta gunoh qilgan bo‘lsa, shu kunda afv qilinadi. Kim yomonlik qilgan bo‘lsa, bugun kechiriladi. Kelinglar, bugun Rabbimizdan mag‘firat qilishini so‘raylik, iltijo qilaylik. Kim bu kundan foydalanmasa pushaymon va ko‘p nadomat qiladi.
Alloh taolo bizlarga dunyo va oxiratda saodatni nasib qilsin. Umrning har soniyasini g‘animat biladiganlardan qilsin. Alvido ey Ramazon. Alvido ey taroveh, Alvido ey rahmat oyi.
Bahriddin PARPIYEV
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ayting-chi, Qur’onda nechta hukmiy oyat bor? Eng uzog‘i 500 ta hukmiy oyat bor. Hukmga doir nechta hadis bor? Ba’zi ulamolar 500 ta deyishgan, ba’zilari 700, 1000, 1500, 2000, 3000 gacha deyishgan. Men faqat hukmga doir hadislarni aytyapman. Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan sahih hadislar nechta? 8 mingtadan 12 mingtagacha deyilgan. Umuman olsak, sunnat zaxirasida nechta ahkom hadislari bor? Yuqorida aytganimizdek, 500, 1000, 2000, 3000...
Qur’ondagi hukmga oid oyatlar bilan qo‘shganda, 5000 ta deylik. Lekin hayotda millionlab, o‘n millionlab masalalar bor-ku. Shulardan taxminan 5000 tasiga Qur’on va Sunnatdan dalil toparmiz. Lekin qolgan millionlab masalalarga-chi? Shaxsiy masalalaru, muomalot bobini qo‘yib turaylik, namozning o‘zini olsak, undagi holatlarning mayda tafsilotlariga bu 5000 taning ichidan dalilni topa olmasak-chi? Ikki yo‘ldan birini tanlash kerak bo‘lyapti. Agar Qur’on va Sunnatning zohiriga cheklanib qolsam, Qur’ondagi «U har bir narsani bayon qiluvchidir» degan oyatni yolg‘onga chiqarishimga to‘g‘ri kelib qoladi. Alloh asrasin, hatto namozdagi hamma holatlarni to‘liq bayon qilib bera olmasa, qanday qilib har bir narsani bayon qiluvchi bo‘la oladi?! Agar faqat Qur’on va Sunnatning o‘zi bilangina cheklansam, go‘yoki dinsizlikka chaqirayotgan bo‘lib qolar ekanman, chunki hayotning hamma jabhalariga hukm topib bera olmay qolaman. Vaholanki, Alloh taolo: «Bu kun diningizni mukammal qilib berdim», deyapti. Demak, bu din mukammal bo‘lishi kerak. Lekin Qur’on va Sunnatda kiyim-kechak, samolyot, avtomobil, shirkatlar va boshqa minglab ijtimoiy masalalarga tegishli ochiq hukm topa olmayman, chunki men dalillarni shu ikki manbaga, ulardagi muayyan adadga cheklab qo‘ygan bo‘laman.
Mana shuning uchun din dushmanlari dinni yo‘q qilish, uni amaldan chiqarib yuborishni da’vo qilishyapti. Tashaddud va tahallul yo‘nalishlari mana shunga chaqirishyapti, ya’ni Islomni dalillarning zohiri bilan cheklab qo‘yishga harakat qilishyapti. Xo‘sh, unda nima bo‘ladi? Odamlar muomalotda (ya’ni o‘zaro oldi-berdi, oilaviy masalalar, da’volashuv ishlari, meros borasida), umuman olganda, yurish-turishda dindan uzoqlashib ketadi. Dalillarning faqat zohiriga amal qilaman desa, hayotning juda oz jabhalaridagina Islomga amal qila oladi.
U holda qolgan amallarning hukmi nima bo‘ladi? Ularni qayerdan olamiz? Alloh taolo bu savolga: «Bilmasangiz, zikr ahlidan so‘rang», deb javob berdi. Demak, bundan boshqa hukmlar ijtihod, istinbot, ya’ni dalildan hukm chiqarish orqali olinadi. Mana shu yo‘l, ya’ni ijtihod qilish sahihligiga cheksiz dalillar bor.
Demak, yana mavzuimizga qaytsak. Har bir masalaga dalil kerak, lekin «Dalil – faqat Qur’on va Sunnatning o‘zi» desak, qiyin ahvolda qolamiz. Qur’on va Sunnatda ochiq dalili bor masalalar barcha masalaning hukmini olishga yetarli emas. Shuning uchun bu noto‘g‘ri yo‘ldir, chunki masalalar shu qadar ko‘pki, «O‘n mingta masaladan bittasiga ochiq-oydin dalil bor», desak ham, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. O‘n mingta masaladan bittasiga! E’tibor bering, dalili Qur’on va Sunnatda bor bo‘lgan masalalar o‘n mingta masaladan bittasiga to‘g‘ri keladi.
Shuning uchun biz «Har bir fiqhiy masalaning dalili bor» deganda, umumiy dalillarni, qiyos va qoidalarni ham tushunamiz. Dalilsiz biron masala yo‘q, degani mana shudir. Masalani tor olib, «Dalil - faqat Qur’on va Sunnat» desak, o‘n mingta masaladan bittasiga dalil topa olar ekanmiz. Shu e’tibordan, agar mendan o‘sha o‘n mingta masaladan bittasining hukmini talab qilib, qolgan barcha masalani inkor qilsangiz, Islomni bekor qilgan bo‘lasiz. Tashaddud yo‘nalishiga chaqiradiganlar shunday qilishyapti.
Biz ular haqida hazil qilib, bunday deymiz: «Ularning oltmishta masalasi bor, Islom shu oltmishta masaladan iborat, tamom. Qolgan jabhalar Islom emas. Ular uchun Islom nima? Faqatgina shanba kuni ro‘za tutib bo‘lmaydi, yigirma rakat namoz yo‘q, kalta ishton kiyish kerak, soqol va shunga o‘xshagan sanoqli gaplarni aylantiraverishadi».
Lekin muomalot masalasi, shaxsiy holatlar haqidagi masalalar, davlat ishlari haqida gaplashaylik, desangiz, hech narsa bilishmaydi, chunki ular Islomni o‘n mingta, balki millionta masaladan bittaginasi bilan cheklab qo‘yishdi. Yomon xulqlar, takabburlik, tasarrufotlar, musulmonlarni o‘ldirish, harom ishlarni halol sanash va boshqa mavzular bilan ularning ishi yo‘q. «Men faqat dalilga ergashaman», deyishadi. Qanday dalilga? Sen gumon bilan da’vo qilyapsan. Sen bu ishing bilan shariatni to‘xtatishga, uni bekor qilishga da’vat qilyapsan. Sen har bir masalaga ochiq-oydin dalil talab qilsang, bu narsa zohiran yaxshi ishdek ko‘rinaveradi, lekin aslida bu dinni, uning hukmlarini yemirish bo‘ladi, shariatning ahkomlarini bekor qilish bo‘ladi.
Har bir masalaga dalil topasiz, lekin o‘sha dalil Qur’on va Sunnatdan kelib chiqqan qoidalardan bo‘ladi. Yuqorida ham aytdik, hanafiy mazhabi qoidalar majmuasidir, Qur’on va Sunnatdan xulosa qilib olingan qoidalar to‘plamidir. Qur’on va Sunnat asosida qoidalar ishlab chiqilgan, ana shu qoidalardan esa fiqhiy masalalar kelib chiqqan. Demak, bizning dalilimiz ham Qur’on va Sunnatdan olingan, lekin o‘rtadagi ma’lum vosita orqali olingan. Hukm qoidadan olingan, qoida esa Qur’on va Sunnatdan olingan. Bundan boshqacha bo‘lishi mumkin ham emas. Har bir hukmning dalili borligi mana shudir. Istisnosiz, millionta fiqhiy masala bo‘lsa ham, mana shu yo‘l bilan uning dalilini topaverasiz. Lekin Qur’on va Sunnatdan ochiq-oydin dalil qidirsangiz, o‘n mingta masaladan bittasiga dalil topasiz, xolos.
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan