Eslang, Luqmon o‘g‘liga nasihat qilib, degan edi: «Ey, o‘g‘ilcham! Allohga shirk keltirmagin! Chunki shirk ulkan zulmdir» (Luqmon, 13 oyat).
Biz insonga ota-onasini (rozi qilishni) buyurdik. Onasi uni zaiflik ustiga zaiflik bilan (qornida) ko‘tarib yurdi. Uni (ko‘krakdan) ajratish (muddati) ikki yilda (bitar). (Biz insonga buyurdikki) «Sen Menga va ota-onangga shukr qilgin! Qaytishlik Mening huzurimgadir» (Luqmon, 14).
Ey, o‘g‘ilcham! Namozni barkamol ado et, yaxshilikka buyur va yomonlikdan qaytar hamda o‘zingga yetgan (balolar)ga sabr qil! Albatta, mana shu puxta ishlardandir (Luqmon, 17).
Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va yerda kerilib yurmagin! Chunki, Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas (Luqmon, 18).
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi
Muhyiddin ibn Arabiy aytadilar: “Kimning qanday hojati bo‘lsa, shom namozining farz va sunnatini o‘qib bo‘lganidan keyin o‘rnidan turmasdan Fotiha surasini 40 marta o‘qisin. Shundan keyin, Allohdan hojatini so‘rasin, albatta so‘ragan narsasini beradi. Biz buni tajriba qilib ko‘rdik va foydasini topdik. Fotiha surasini o‘qib bo‘lganidan so‘ng ushbu duoni o‘qiydi: “Allohim! Sening ilmingni o‘zi Sendan so‘ramaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan O‘zing so‘rovimga kifoya qil. Sening karamingni o‘zi Senga so‘zlamaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan so‘zimga kifoya qil va qalbimdagi tilagimni hosil qil”.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV