Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Iyul, 2025   |   21 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:24
Quyosh
05:04
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:58
Xufton
21:31
Bismillah
16 Iyul, 2025, 21 Muharram, 1447

Insonning yomonidan shayton ham qochadi

23.06.2017   6840   2 min.
Insonning yomonidan shayton ham qochadi

Ba’zi  insonlar fasod ishlarda, buzg‘unchilikda, havoyi nafsiga ergashib shaytonga ham zalolat etar ekan. Ya’ni, uni dovdiratib qo‘yarkan.

Bu borada Hazrati Alisher Navoiy bobomizning quydagi baytlari misol bo‘la oladi.

Yomonni, demaki, izlol etar ekan shayton,

Degil: fasodda mundin yetar zalolat anga.

Ma’nosi: Yomon kishini shayton adashtirib zalolatga solar ekan, gumroh qilar ekan dema, aksincha, buzg‘unchilikda yomon kimsadan shaytonga zalolat yetdi. Hazrat Navoiyning bu bayti Alloh subhanahu va taoloning kalomidagi ushbu oyatga muvofiq.

“So‘ng u (Fir’avn) (xalqini va sehrgarlarni) to‘pladi va (ularga) hayqirdi: “Men sizlarni eng oliy rabbingizman!” – dedi” (Noziot surasining 24-oyati).

Fir’avn bu gapidan qirq yil oldin ham a’yonlariga: “Men sizlar uchun o‘zimdan boshqa iloh borligini bilmasman” degan edi” (Qasas surasining 38-oyati). Yana Shuaro surasining 28-oyatida ham Shayton shayton bo‘la turib ilohlik da’vosini qilgani yo‘q. Ammo inson inson bo‘la turib xudolikka da’vo qildi. Iblis bundan uzoq turdi, hatto iymon ahliga qarshi jangga kirgan kufr toifasiga qarab: “Men sizlardan bezorman... va men Allohda qo‘rqurman, chunki Alloh jazosi o‘ta shiddatli zotdir”, dedi  (Anfol surasining 48-oyati).

Bundan anglash mumkinki. Shayton o‘ziga tegishli bo‘lmagan bir martabani davo qilmadi. Ammo yuqoridagi oyatning mazmunidan ko‘rinib turibdiki, Fir’avnning so‘zini shayton eshitib, necha farsang uzoqlikki qochib ketgani ayrim rivoyatlarda keltirilgan.

Ha darhaqiqat, inson fasodda shaytondan ham o‘tadi, uni gumroh qilib qo‘yadigan darajaga yetadi. Ammo bu so‘zlar shayton haqida ijobiy fikr bildirish uchun emas, balki insonlarni fasoddan ogohlantirish uchun, xolos.

“Ruhul bayon” kitobida aytiladiki: “Iblis xudolikni da’vo qilmagan bo‘lsa ham la’natlandi, Fir’avn va unga o‘xshaganlar esa xudolikni da’vo qilsa ham na tayin jihatidan, na tahsin jihatidan iblisdek la’natlanmadi”. Buning hikmati nima? deydigan bo‘lsangiz, bu savolga javoban aytiladiki: “Chunki iblisning niyati insonlarning niyatidan yomonroqdir”. Ha, insonlarning yomonidan, odam qiyofasidagi shaytonlarning xiyla-makridan Alloh subhanahu va taoloning O‘zi asrasin.

Abduqodir USMONOV,

Marhamat tumanidagi  “Sulaymon Sirli” jome masjidi imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Qariyani ovora qilibsan-ku

14.07.2025   4322   3 min.
Qariyani ovora qilibsan-ku

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Nihoyat, Makka fath bo‘ldi. Bir paytlar g‘ordan vahiy dahshatidan titrab-qaltirab yolg‘iz tushib kelgan bir nafargina Inson butun bir ummatga aylandi.

Tun zulmatida Quraysh o‘ldirishga qasd qilgan Inson Makkadan sodiq do‘sti bilan Madina tomon chiqib, bir necha yildan so‘ng Makkaning to‘rt darvozasidan kuppa-kunduz kuni g‘olib bo‘lib kirib keldi! Kuraysh esa, o‘sha kuni o‘zlaridan qasos olinishini kutib, u zotning oldida bosh egib o‘tirardi. Ularni nima qildi deb o‘ylaysiz?

U kishini yolg‘onchiga chiqarganlarni, aziyat berganlarni, Ka’ba atrofida sajda qilayotganida ustiga tuyaning eshini (ya’ni, ko‘p kitoblarda " سَلَى جَزُور"ni tuyaning ichak-chavog‘i deb yozishadi. Ustoz Abdul Azim Ziyouddin domla «Nurul yaqiyn» kitoblarida yozgan izohda bunday tushuntirganlar: «Imom Buxoriy rivoyatida سَلَى جَزُور va Muslim rivoyatida سَلَى جَزُور, ya’ni «tuyaning qog‘onog‘ini» deyilgan. Qog‘onoq — homilani o‘rab turuvchi shilliq parda, yo‘ldosh.) ag‘darganlarni, Abu Tolib darasida qamal qilganlarni, u kishini yolg‘onchi, sehrgar, majnun deb ayblaganlarni, so‘ngra u kishini o‘ldirish uchun har bir qabiladan bittadan kishi tanlab, u kishining qoni barchaga tarqalishi uchun birgalikda o‘ldirmoqchi bo‘lganlarni nima qildi deb o‘ylaysiz?

U zot sollallohu alayhi vasallam ulardan qasos olmadilar. Balki ularga: «Boraveringlar, sizlar ozodsizlar!» dedilar!

Abu Bakr roziyallohu anhu uyiga borib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam duo qilishlari va islomga kirishi uchun qartayib qolgan, oyoqlarini ko‘tarishga ham majoli yo‘q otasi Abu Quhofani olib keldi. U hali-hamon iymon keltirmagan edi. Uni ko‘rgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qariyani ovora qilibsan-ku, uni uyida qoldirsang bo‘lmasmidi, biz o‘zimiz uning oldiga borar edik», dedilar.

Abu Bakr roziyallohu anhu aytdi: «Yo Allohning Rasuli! Sizning borishingizdan ko‘ra otam kelishi to‘g‘riroqdir».

Nabiy sollallohu alayhi vasallam uni o‘tirishga taklif qildilar. Uning ko‘ksini siladilar va: «Musulmon bo‘l», dedilar. Abu Quhofa iymon keltirdi. Abu Bakr roziyallohu anhu yig‘ladi. Qo‘lida ko‘p sahobalar islomga kirgan, ko‘p buyuklar iymonga kirgan buyuk sahobaning otasi endi Islomga kirdi...

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning odoblariga qarang! U kishi yoshi bir joyga borib qolgan qariyaning huzurlariga kelishini noo‘rin bildilar. O‘zlari uning oldiga borishga tayyor ekanliklarini aytdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam doimo yoshi kattalarga shafqatli edilar. Doimo: «Sochlari oqargan musulmonni ikrom qilish Allohni ulug‘lashdandir!» der edilar.

Bir qariya Nabiy sollallohu alayhi vasallamni qidirib keldi. Sahobalar unga yo‘l berishmadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga: «Kichigimizga rahm qilmagan, kattamizni hurmat qilmaganlar bizdan emas!» dedilar.

Qariyalarga xuddi otamiz yoki bobomiz kabi muomalada bo‘lishimiz lozim. Onaxonlarga esa onamiz yoki buvimiz kabi muomalada bo‘lishimiz kerak. Inson qariganda o‘zining zaifligi, bemorligi va ojizligiga qarab qachonlardir yosh bo‘lganini, kuchli bo‘lgan paytlarini eslaydi, eziladi. Garchi boshqalarga ko‘rsatmasa-da, qalbida siniqlikni his qiladi. Bu siniqlikka faqatgina atrofdagilar beradigan e’tibor va hurmatgina davo bo‘la oladi! Ko‘ngil olish ibodatdir!


«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi