Ba’zi insonlar fasod ishlarda, buzg‘unchilikda, havoyi nafsiga ergashib shaytonga ham zalolat etar ekan. Ya’ni, uni dovdiratib qo‘yarkan.
Bu borada Hazrati Alisher Navoiy bobomizning quydagi baytlari misol bo‘la oladi.
Yomonni, demaki, izlol etar ekan shayton,
Degil: fasodda mundin yetar zalolat anga.
Ma’nosi: Yomon kishini shayton adashtirib zalolatga solar ekan, gumroh qilar ekan dema, aksincha, buzg‘unchilikda yomon kimsadan shaytonga zalolat yetdi. Hazrat Navoiyning bu bayti Alloh subhanahu va taoloning kalomidagi ushbu oyatga muvofiq.
“So‘ng u (Fir’avn) (xalqini va sehrgarlarni) to‘pladi va (ularga) hayqirdi: “Men sizlarni eng oliy rabbingizman!” – dedi” (Noziot surasining 24-oyati).
Fir’avn bu gapidan qirq yil oldin ham a’yonlariga: “Men sizlar uchun o‘zimdan boshqa iloh borligini bilmasman” degan edi” (Qasas surasining 38-oyati). Yana Shuaro surasining 28-oyatida ham Shayton shayton bo‘la turib ilohlik da’vosini qilgani yo‘q. Ammo inson inson bo‘la turib xudolikka da’vo qildi. Iblis bundan uzoq turdi, hatto iymon ahliga qarshi jangga kirgan kufr toifasiga qarab: “Men sizlardan bezorman... va men Allohda qo‘rqurman, chunki Alloh jazosi o‘ta shiddatli zotdir”, dedi (Anfol surasining 48-oyati).
Bundan anglash mumkinki. Shayton o‘ziga tegishli bo‘lmagan bir martabani davo qilmadi. Ammo yuqoridagi oyatning mazmunidan ko‘rinib turibdiki, Fir’avnning so‘zini shayton eshitib, necha farsang uzoqlikki qochib ketgani ayrim rivoyatlarda keltirilgan.
Ha darhaqiqat, inson fasodda shaytondan ham o‘tadi, uni gumroh qilib qo‘yadigan darajaga yetadi. Ammo bu so‘zlar shayton haqida ijobiy fikr bildirish uchun emas, balki insonlarni fasoddan ogohlantirish uchun, xolos.
“Ruhul bayon” kitobida aytiladiki: “Iblis xudolikni da’vo qilmagan bo‘lsa ham la’natlandi, Fir’avn va unga o‘xshaganlar esa xudolikni da’vo qilsa ham na tayin jihatidan, na tahsin jihatidan iblisdek la’natlanmadi”. Buning hikmati nima? deydigan bo‘lsangiz, bu savolga javoban aytiladiki: “Chunki iblisning niyati insonlarning niyatidan yomonroqdir”. Ha, insonlarning yomonidan, odam qiyofasidagi shaytonlarning xiyla-makridan Alloh subhanahu va taoloning O‘zi asrasin.
Abduqodir USMONOV,
Marhamat tumanidagi “Sulaymon Sirli” jome masjidi imom-xatibi
Sayyor yig‘ilish
Xabaringiz bor, shu yil hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muhtaram Prezidentimizga Qurbon hayiti tabirigini yo‘llab, yurtga qaytgach har bir hoji «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari» degan ezgu tashabbusni bir ovozdan olg‘a surgan edilar.
Ana shu ezgu tashabbus bugun amalga ko‘chib, hojilar imom-xatiblar, mahalla faollari bilan birgalikda xonadonlarga, oilalarga kirib boryapti.
Shu yil 17 iyul kuni Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov boshchiligida O‘rta Chirchiq tumanidagi «Usmon ota» jome masjidida tumanlar/shaharlar bosh imom-xatiblari, «Haj 2025» hojilari, mahalla faollari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirdan so‘ng tumandagi mahallalarga chiqilib, oilalar o‘rganildi. Ajrim yoqasida turgan yoshlar yarashtirildi, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan kishilar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi, tavsiyalar berildi.
Bunday tadbir qamrovi kengligi bilan alohida ahamiyat kasb etyapti. Gap shundaki, tadbir doirasida bir oila 12 nomdagi turli adabiy-badiiy kitoblar sovg‘a qilindi.
Tumandagi masjidlar imom-xatiblari ham tadbirda faol qatnashdilar.
Shundan so‘ng yana «Usmon ota» masjidiga qaytilib, amalga oshirilgan ishlar ko‘rib chiqilib, kelgusidagi rejalar belgilab olindi.
Xayrli duolar bilan sayyor yig‘ilish nihoyasiga yetdi.
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati