Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Iyul, 2025   |   21 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:24
Quyosh
05:04
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:58
Xufton
21:31
Bismillah
16 Iyul, 2025, 21 Muharram, 1447

Zakotlarimizni kimga beramiz...

22.06.2017   96363   11 min.
Zakotlarimizni kimga beramiz...

Ramazon zakot va sadaqalar vaqtidir. Ramazon kirib kelgan, odamlar zakot berishni boshlagan bo‘lsada ayrim kishilar parvo ham qilmay, yengil qaramoqdalar. Zakot ham xuddi namoz, ro‘za va haj kabi Alloh taolo farz qilgan, tark qilish ulkan gunoh sanaladigan amal ekanini unutib qo‘ymoqdalar. Zakot berayotgan kishilarning ko‘pchiligi esa ba’zi vaqtlarda zakotlarini o‘z o‘rnidan boshqa o‘ringa sarflamoqda.

Yana odamlar orasida “albatta sadaqa masjidlarning eng yaqinigadir” degan hujjat bilan zakotini yaqinlariga, qarindoshlariga taqsimlab beradiganlari bor. Bu gap aslida mutlaq sadaqa borasida aytilgan. Qarindoshlarga qilingan infoq qarindoshlik haqqi uchun bo‘ladi. Ulamolarimiz qarindoshlariga qarindoshlik haqi o‘laroq berilishi kerak bo‘lgan mulkni zakoti hisobidan berib, “bir o‘q bilan ikki quyonni” urishlikni yaxshi amal deb sanamaganlar. Balki, yaqinlariga qarindoshlik uchun alohida, zakotga haqli kishilarga zakotni alohida infoq qiladigan kishilarni maqtaganlar. Ulamolarimiz maqtagan amalni o‘zimizda mujassam qilishimiz uchun zakot tarqatiladigan o‘rinlarni yaxshilab o‘rganib olmog‘imiz zarur bo‘ladi.

Alloh taolo bizlarga nozil qilgan hukmlarni dastlab Qur’oni karim, so‘ngra sunnati Nabaviy orqali batafsilroq bilib olamiz. Misol uchun, Qur’oni karimda namoz hukmlari qisqacha kelgan. Keyin uning miqdori, sifati, vaqtlari va adadlarini Rasulimiz alayhissalom batafsil bayon qilganlar. Haj hukmlari ham Qur’onda qisqacha kelgan. Qolgan shartlar, ruknlar hamda manosiklarini Rasulimiz bayon qilganlar.

Biroq, mol-mulklarning hukmini, ya’ni ularni qanday va kimlarga taqsimlashni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qoldirmay, Alloh taoloning O‘zi bayon qildi. Merosda beriladigan mol-mulk bilan bog‘liq narsalarning hukmini ham O‘zining kitobida ochiq-oydin keltirdi.

Zakot farz qilingach ko‘plab sahobai kiromlar zakot berishga shoshila boshladilar. Borgan sari zakot beradiganlar ko‘paya boshladi. Munofiqlarning qo‘llari esa zakotga cho‘zildi, ko‘ngillari mana shu zakotlarni qo‘lga kiritish payiga tushdi. So‘ng Alloh taolo Qur’oni karimda munofiqlarning mol-dunyoga, o‘zlari haqli bo‘lmagan narsaga hirs qo‘yganligini ko‘rsatib beruvchi oyat tushurib, ularni sharmanda qildi.

Shundan so‘ng Alloh taolo zakot sarflanadigan o‘rinlarni ham birma-bir  bayon qildi:

 إِنَّمَا الصَّدَقَاتُ لِلْفُقَرَاءِ وَالْمَسَاكِينِ وَالْعَامِلِينَ عَلَيْهَا وَالْمُؤَلَّفَةِ قُلُوبُهُمْ وَفِي الرِّقَابِ وَالْغَارِمِينَ وَفِي سَبِيلِ اللَّهِ وَاِبْنِ السَّبِيلِ فَرِيضَةً مِنَ اللَّهِ وَاللَّهُ عَلِيمٌ حَكِيمٌ

Albatta, sadaqalarni faqat faqirlar, miskinlar, unda (sadaqa ishida) ishlovchilar, dillari oshna qilinuvchi (kofir)lar, (pul to‘lab ozod etiluvchi) qullar, qarzdorlarga va Alloh yo‘lida hamda yo‘lovchiga (musofirga berish) Alloh (tomoni)dan farz (etildi). Alloh ilmli va hikmatli zotdir (Tavba surasi,60‑oyat).

 Bu oyat vojib zakot haqida nozil bo‘lgan. Bu ko‘rsatilgan kishilarga zakot, xiroj, fitr va ushr kabi sadaqotlar berilishi kerak. Ulardan "dillari oshna qilinuvchilar" va “qullar” mansux etilgan.

Boylarga faqatgina zakot berishning o‘zigina vojib bo‘lmay, balki, unga haqli o‘rinni izlab topib, ado qilish ham vojib bo‘ladi. Zakot ham Islomning ulug‘ ruknlaridan bo‘lib, Alloh taolo xuddi namozni qoim qilishni qanday zikr qilgan bo‘lsa, zakotni ado qilishni ham o‘shanday zikr qilgan. Shunday ekan, zakot beruvchiga uni beradigan kishisini to‘g‘ri tanlashi vojib. Alloh taolo oyatda bayon qilgan sakkiz o‘ringa nazar tashlasak, hozirgi kunda sadaqa yig‘uvchilar va ko‘ngillari ulfat qilinadiganlarni uchratmaymiz, qul ozod qilish ham topilmaydi. Sakkiz guruhning bir qismi ulamolardan xos fatvoga muhtoj. Bu “fiy sabilillah” turiga kiruvchi kishilardir. Zakot sarflanadigan o‘rinlar ichida eng mashhuri bo‘lgan uch o‘rindan mosini topishligi lozim. Ular faqirlar, maskinlar va qarzdorlardir. Xo‘sh, faqir, miskin kim o‘zi, ularni qanday bilamiz?

Jumhur ulamolar nazdida miskin sahih qavlga ko‘ra, o‘zi va oilasi uchun “asliy hojati”dan kifoyasini topa olmaydigan kishi, faqir esa zakot nisobiga qodir bo‘lmagan hojatmand kishidir. O‘ylab ko‘rsak, bir kishining moli bo‘lmasa, boshqa biror kishi unga nafaqa bermasa, bu faqir va miskindir. Miskin va faqirni bilish osondir. Hojati asliyasiga, kiyimiga, farzandlarining holatiga qarab kim faqir, kim hojatmand ekanini bilib olishning imkoni bor. Yoki o‘sha yerlik odamlardan so‘rab surishtirishlik ila faqir-kambag‘allarni ham, qarzdorlarni ham bilib olish mumkin. 

Zakotni munosib o‘ringa ado qilish muhim masala bo‘lgani bois ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu borada qattiq surishtirganlar. U zot o‘z huzurlariga yordam yoki zakotdan berishlikni so‘rab kelgan har qanday kishiga to‘g‘ridan to‘g‘ri, surishtirib o‘tirmasdan zakotni berib yubormaganlar. Boshqa nafl sadaqalardan bersalar ham zakot borasida nihoyatda ehtiyot bo‘lganlar. So‘zimizni to‘g‘ri ekanligini Abu Dovud Ziyod ibn Horis roziyalllohu anhudan rivoyat qilingan quyidagi hadisi sharif tasdiqlab beradi:

جاء عند أبي داود من حديث زياد بن الحارث الصدائي قال: أتى رجل إلى النبي صلى الله عليه وعلى آله وسلم يسأله الصدقة، فقال صلى الله عليه وعلى آله وسلم: ( إن الله تعالى لم يرض بحكم نبي ولا غيره في الصدقة حتى حكم هو بنفسه، فجزّئها ثمانية أجزاء؛ فإن كنت من تلك الأجزاء أعطيتك حقّك)

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga bir kishi kelib zakotdan (unga ham ajratib berishlarini) so‘radi.  Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: “Alloh taolo zakot borasida biror payg‘ambarning ham, undan boshqa biror kishining ham hukmiga rozi emasligidan O‘zi (bu borada) hukm qilib, u (zakot oluvchilar)ni sakkizta qism qilgan. Agar sen o‘sha qismlardan bo‘lsang albatta, senga o‘z haqqingni beraman”, dedilar”.

 Boshqa bir hadisi sharifda shunday naql qilinadi:

روى أبو داود من حديث عبيد الله بن عدي بن الخيار قال: أتى رجلان يسألان الرسول صلى الله عليه وعلى آله وسلم الصدقة، فقلّب بصره فيهما، يتحرى عليه الصلاة والسلام، وينظر في شأنهما، فرأى صلى الله عليه وعلى آله وسلم من القرائن ما يُوحي بأنهما لا يستحقان الزكاة، فقلّب بصره فيهما، فوجدهما جلدين؛ يعني قويين، فقال صلى الله عليه وعلى آله وسلم محذّراً ومنبهاً: "إن شئتما أعطيتكما، ولا حظ فيها لغني ولا قوي مكتسب".

 

Abu Dovud Ubaydulloh ibn Adiy ibn Xiyor roziyallohu anhudan shunday deganini rivoyat qiladi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga ikki kishi ularga ham zakotdan berishlarini so‘rab keldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko‘zlarini ularga tikib, sinchiklab qarab chiqdilar, ahvolini o‘rgandilar. Ularga boshdan-oyoq diqqat bilan razm solgach ularda zakot olishga haqdor emaslik alomatlarini ko‘rdilar. Yana bir bor ular tomonga nazar solib, ularni baquvvat, ishga yaroqli ekanini ko‘rdilar va ogohlantirib, tanbeh berib: “Agar xohlasalaring sizlarga (zakotdan) beraman, holbuki, zakotdan boy va kasb-kor qila oladigan baquvvat kishi uchun nasiba yo‘qdir”,  dedilar”.

Zakotga haqdorlarni topish borasida o‘tgan salafi solih kishilarning qilgan amallari bizlarga go‘zal o‘rnak bo‘ladi.

– Solihlarimiz  o‘z oila a’zolaridan birini qishloqga, miskin va faqirlarni bilib kelish uchun jo‘natardilar. Ular kelib faqirlarning ahli oilasini, uning hovlisini kuzatardilar. Ulardan zakotga haqlilarini aniqlab ketar, so‘ngra kelib ularga o‘z zakotlarini ulashardilar.

– Boshqa ulug‘larimiz esa qarzdorldarga zakotlarini berish uchun quyidagicha uslubni ixtiyor etganlar. Mahallalarga borib oziq-ovqat va kundalik hojat uchun zarur bo‘lgan ashyolarni sotadigan do‘kondorlar oldiga borib, oxirgi oy ichida ulardan qarzi bor kishilar nomini so‘rab bilib olishardi. Bir oy o‘tgandan so‘ng kelib o‘sha qarzdorlar o‘z qarzini to‘lagani yoki yo‘qligini aniqlab, kimning qarzi  keyingi oylarga o‘tsa, yoki qarzi yana ko‘paygan bo‘lsa o‘sha odamlarga o‘z zakotlarini tarqatar edilar.

– Yana bir guruh kishilar esa qishloqma-qishloq odamlar yuborib, uylarida bemorlari bor xonadonni izlab topar, so‘ng o‘shalarga o‘z zakotlarini ado etardilar. Chunki bemori bor kishilar doimo dori-darmon va bemorni tabiblar huzuriga olib borish harajatlari ustida turadi.

– Boshqa bir guruh solihlarimiz esa masjid madrasalarga borib, u yerdagi tolibi ilmlarga o‘z zakotlarini tarqatmoqlikni afzal ko‘rar edilar. Bunda ular ilm o‘rganishlikning fazli, tolibi ilmlarning Alloh yo‘lidagi kishilar ekanligi  hamda musofir ekanligini hisobga olganlar.

Ota-bobolarimiz, ulamolarimiz o‘z dini buyurgan hukmlarga qanchalik e’tibor va mas’uliyat bilan qaraganliklariga bir e’tibor qilaylik. Ularning din amrlariga bo‘lgan o‘sha mas’uliyat va e’tiborlari bugungi kunimizda ham bo‘lganda edi, opa-ukalar “aka-uka, opa-sigillariga zakot ulashadigan”   “saxovatpesha” akasi qachon zakot berishini kutib o‘tirmas edi...

Agar o‘sha mas’uliyat va rahmdillik bugun ham bo‘lganda edi, do‘konlardagi “qarz aloqalarni buzadi”, “nasiyaga savdo yo‘q, hatto sizga ham” degan yozuvlar ham, yoki shu yozuvlar tufayli do‘konlarga kirishga iymanib, och qolishgacha rozi bo‘lib turgan odamlar ham bo‘lmas edi...

 Agar o‘sha mas’uliyat va ehtimom bugun ham bo‘lganda edi, qarzdorligi tufayli odamlar orasiga qo‘shilishdan iymoni va hayosi to‘sib turgan kishilar ham, ularning uylaridagi yo‘qchilik tufayli yuz berayotgan kundalik janjallar ham  kelib chiqmas edi...

 Agar o‘sha mas’uliyat va sinchkovlik bugun ham bo‘lganda edi,  bemorlariga dori-darmon topa olmay dorixonalar eshigi oldida bemorlarning yaqinlari qayerdan mo‘jiza paydo bo‘lar ekan, deb najot kutib turmas edi...

Bemorlarni ulov topa olmaganligi bois vaqtida shifoxonaga yetkaza olmaganidan afsuslanib yig‘layotgan ota-onalar ham, baxtiqaro farzandlar ham bo‘lmas edi... 

Agar o‘sha mas’uliyat va e’tibor bugun ham bo‘lganda edi, talabalar shartnoma pullarini qayerdan topaman deb bosh qotirishmas, yoxud kundalik sarf harajatlarini qoplash uchun darsni tashlab qo‘shimcha ish qilishiga hojat ham qolmas edi...

Alloh taolo bizlarga Ramazon oyi savoblariga ega bo‘lmog‘imizni nasib aylasin va barchalarimizni ota-bobolarimiz singari dinimiz amrlariga mas’uliyat hamda  ehtimom ila qaraydigan bandalaridan qilsin!

Jaloliddin Hamroqulov

TIITahfizul Qur’onkafedrasi mudiri,

“Novza” jome masjidi imom xatibi

 

Ramazon
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Farg‘onalik hojilarning safar tassurotlari

03.07.2025   7164   3 min.
Farg‘onalik hojilarning safar tassurotlari

Mana, bu yilgi Haj safarini ado qilish uchun yurtimizdan otlangan barcha ziyoratchilar muqaddas amallarni bajarib, eson-omon vatanga qaytdilar. Bu ulug‘ safar nihoya topgan bo‘lsada, uning xotirasi doimo yodda qoladi.

Yurtimizdan 15 000 dan ziyod, Farg‘ona viloyatidan esa 1600 dan ortiq mo‘min-musulmonlar Haj amallarini ado etdilar. Ziyoratda bo‘lgan hojilarning ayrimlari taassurotlarini bo‘lishdi.


Ibrohimjon Rustamov:

– Hojilarning ulug‘ safarga yo‘l olishida hujjat ishlaridan tortib, shifokor ko‘rigidan o‘tishgacha barcha jarayonlar tizimli va xavfsiz tashkil etildi. Madinai munavvaraga kelib, amallarni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ravzalariga kirish bilan boshlash biz uchun juda xursandlik bag‘ishladi. O‘zimizning va yuborilgan salomlarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hamda hazrati Abu Bakr va Umar roziyallohu anhularga yetkazdik. Duolarda yurtimiz tinchligi, el farovonligi, yaqinlarimiz va barcha yurtdoshlarimizning xayrli holati uchun iltijo qildik.

Ziyoratlar chog‘ida Uhud va Qubo masjidi, ikki qiblali masjid va boshqa muqaddas joylar sayohat qilindi. Ilmiy suhbatlar va tarixiy voqealar qalbimizga chuqur ta’sir qildi. Madinadagi vaqtimiz ibodat bilan o‘tdi.

Makkai mukarramaga avtobuslarda “Labbayka” sadolari ostida yo‘l oldik va shu kuniyoq guruhimiz bilan to‘liq Umra ibodatini ado etdik. Mino, Arofot, Muzdalifa va Ka’ba atrofidagi ibodatlar davomida jamoaviy duo va zikrlar bilan tavof qilish, guruhimiz tartibi hamda birdamligi boshqalar uchun ham ibrat bo‘ldi.

Shu ulug‘ safarda o‘zimni musulmon va o‘zbekistonlik sifatida baxtli his etdim. Hotirjam ibodat qilishimga yaratilgan imkoniyatlar uchun yuragimdan shukronalar aytdim. Guruhimizdagi har bir ziyoratchi yurt tinchligi, oilalar barakati, farzandlar saodati uchun chin dildan duo qildi.

Bu safar biz uchun buyuk imkoniyat bo‘ldi. Barcha tashkilotchilar, yo‘lboshchilar, xizmatchilar va, albatta, davlatimiz rahbariyatiga chuqur minnatdorlik izhor etamiz. Kelgusida manaviyat targ‘ibotchisi sifatida vatanimga va xalqimga sidqidildan xizmat qilishda davom etaman, insha Alloh.


Qurbonali Aripov:

— Haj safari juda chiroyli o‘tdi. Juda ham hursandmiz. Prezidentimizga shunday sharoitlarni yaratib berganliklari uchun minnatdorchilik bildiramiz. Yurtimiz uchun duolar qildik, muqaddas ziyoratni ado etishga imkon bo‘lgan kunlarga shukronalar aytamiz. Endilikda mahallamizda yoshlarga ta’lim-tarbiya berishda, ma’naviyat targ‘ibotida faol ishtirok etamiz. Ezgu ishlarga bosh-qosh bo‘lishga harakat qilamiz.

Hojilarning ulug‘ safarga kelishida hujjat tayyorlashdan tortib shifokor ko‘rigidan o‘tishda tizimli ish tashkil etib, namunali holda xavfsizligimizni ta’minlab, bizni safarga kuzatishdi.


Tolibjon O‘rmonov:

         — Men avval ziyoratga borganlardan eshitgan-bilganlarimga taqqoslasam, buyilgi ziyorat umuman o‘zgacha bo‘ldi. Ishchi guruh, elikboshilar xizmatini alohida qayd etish kerak. Davlat rahbarining hojilarga bergan e’tibori hammani xursand qildi.

 

Muborakxon Inomova:

         — Taassurotlarimni til bilan ifodalay olmayman, Madinai munavvara, Makkai mukarrama kabi ulug‘ dargohlarga avvalo qadamim yetgani men uchun katta baxt. Ayniqsa, yurtboshimizni bizni ortimizda turib hol-ahvol so‘ragani, bizga tabrik yo‘llaganlaridan ko‘zimga yosh oldim. Juda ham quvondim, shunday prezidentim borligidan.

        

Qaysi bir hoji bilan suhbatlashmang yuzida xursandchilik va shukronalik ifodasini ko‘rasiz. Alloh barchalarini ibodatu duolarini qabul qilsin!

Rahmatulloh Jalilov
tayyorladi

Farg‘onalik hojilarning safar tassurotlari Farg‘onalik hojilarning safar tassurotlari Farg‘onalik hojilarning safar tassurotlari Farg‘onalik hojilarning safar tassurotlari Farg‘onalik hojilarning safar tassurotlari Farg‘onalik hojilarning safar tassurotlari
O'zbekiston yangiliklari