Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

Ramazon oxirlab bormoqda...

22.06.2017   89671   4 min.
Ramazon oxirlab bormoqda...

Ramazon oxirlab bormoqda. Biz rejalashtirgan qaysi ezgu amallarimizga ulgurdigu qaysilarini keyingi yilga olib qo‘ymoqchimiz. Biroq hali vaqtimiz bor, oylar sultonining har daqiqasi bebaho va mazmunli, ulguramiz ko‘p ezguliklarga inshoolloh.

Qur’oni karimning Niso surasi, 80-oyatida Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Kimda-kim Payg‘ambarga itoat etsa, demak, u Allohga itoat etibdi. Kimda-kim bosh tortsa, Sizni ular ustidan qo‘riqlovchi qilib yuborganimiz yo‘q”. Chindan ham, Nabiy (a.s.)ning hayot yo‘llari biz o‘rganishimiz, namuna olishimiz uchun eng munosib hidoyat manbaidir. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Ramazon oyi davomida har doimgidan ko‘proq ibodat va ezguliklar qilishga shoshilar edilar. Biz ham ularning bu qutlug‘ yo‘llaridan yurishga muyassar bo‘lishni dilimizga tugganmiz. Zero, bu bizning oliy maqsadimiz bo‘lishi kerak.

Qur’oni karimni ko‘proq tilovat qilishning ayni pallasi – Ramazon oyidir. U Qur’on oyi, ma’rifat oyi deb bejiz ta’kidlanmagan. Bu muborak shahr – Qur’on nozil bo‘lgan oydir. Hadislarda keltirilishicha: “Jabroil (a.s.) Rasululloh (s.a.v.)ning oldilariga Ramazonda har tunda kelar, bu hol Ramazon tugaguncha davom etar edi. Rasululloh Jabroil (a.s.)dan Qur’onni o‘tkazib olar edilar”. Ushbu hadisdan ma’lumki, Ramazon oyida qancha ko‘p Qur’on o‘qilsa shuncha yaxshi, uning yaxshiligi va barakasi ham ortib boraverar ekan. Qolaversa, oyatlarning mazmunini tushunishga harakat qilish, suralar mohiyatini tafakkur qilish alohida ahamiyatga egadir. Bugungi kunda tobora chiroy ochib borayotgan masjidlarda ado etilayotgan xatmi Qur’onlar ana shu go‘zal an’ananing davomidir.

Ramazonda har qachongidan ham saxovatli bo‘lmoq joiz. Binobarin, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ham saxiylik bobida peshqadam edilar. Ayniqsa qutlug‘ oyning sharofati bilan ularning karamlari yanada ortgandan ortib boraverar edi. Hadislarda ta’kidlanishicha, “Rasululloh (s.a.v.) insonlarning eng saxiysi edilar. ayniqsa Ramazonda Jabroil (a.s.) bilan uchrashganlarida saxiyliklari yanada ortar edi”. Demak, hali vaqtimiz bor. Atrofimizga bir nazar tashlaylik, qiynalgan qarindoshlarimiz yoki nochor qo‘ni-qo‘shniyu beva-bechoralarning holidan bir bor xabar olib, keksalarni yo‘qlashni unutmaylik. 

Bu oyda duolarimizni yanada ko‘paytirishimiz fazilatli. Ayniqsa, iftor paytida qilingan duoning xosiyati bemisl. Rasululloh (s.a.v.) og‘iz ochganlarida shunday der edilar: “Tashnalik ketdi, tomirlar namlandi va ajr savob sobit bo‘ldi”. Iftor payti duolar qabul bo‘ladigan vaqtlar qatoridadir. Bu esa naqadar buyuk imkoniyat. Ramazonning qadrli lahzalarida, iftorlik pallasida chin dildan, yurak-yurakdan Yaratganga iltijo qilishning fazli tengsiz. Bu g‘animat onlardan foydalanib qolaylik.

Ramazon mehr-oqibat, muruvvat faslidir. Ayniqsa, kishi o‘z oila a’zolari bilan yanada xushmuomala bo‘lishi, ezguligu saxovatlarini avvalo oilasi uchun ado etmog‘i muhim hisoblanadi. Hadisi sharifda: “Sizlarning eng yaxshingiz oilasiga yaxshilaridir”, deya marhamat qilinadi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ham Ramazon oyida ahli oilasiga go‘zal muomala qilganlar, ayollariga ibodat va boshqa masalalarda ta’lim berganlar.

Ramazon oxirlab borayotgan kunlarda har bir musulmon fitr sadaqasi haqida unutmasligi lozim. Binobarin, hadisi sharifda shunday deyiladi: “Rasululloh (s.a.v.) fitr sadaqasini ro‘zadorning so‘kish va lag‘v ishlarini poklash hamda miskinlar uchun taom ma’nosida farz qildilar. Kim uni namozdan oldin ado qilsa, maqbul zakot, kim namozdan so‘ng ado qilsa, sadaqaning bir turi hisoblanadi”. Demak, ushbu muborak kunlarda faqirlarning xonadoniga xursandchilik ulashish, muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zish bir tomondan zimmamizdagi mas’uliyatli vazifa bo‘lsa, ikkinchidan, oilalarga shodlik va baraka olib keluvchi sharafli va savobli amallardan ekan.

Biz Ramazonning g‘animat imkoniyatlarining dengizdan tomchisinigina eslatib o‘tdik. Biroq, uning yaxshiliklarini sanab oxirlash mumkin emas. Ramazon oxirlab bormoqda. Uning imkoniyatlarga boy lahzalarini isrof qilmaylik. Qolaversa, Ramazon oyidan ta’lim olganlarimizni yil davomida o‘zimizga odat bilaylik: Hamisha ezguliklarga shoshilaylik, Qur’oni karim tilovati va ma’rifat egallashdan to‘xtamaylik, duolarimizda Allohdan yurtimizga tinchlik, xalqimizga omonlik so‘raylik, muhtoj va kasallar holidan hamisha xabardor bo‘laylik. Ana shunda Ramazon shukuhi qalblarimizni  yil davomida tark etmaydi.

Sharifa G‘ANIYEVA,

“Ziyo” studiyasi bosh muharriri

Ramazon
Boshqa maqolalar
Maqolalar

To‘lamagan yo‘lkiralarimni qanday ado etaman?

10.01.2025   1645   1 min.
To‘lamagan yo‘lkiralarimni qanday ado etaman?

Cavol: Kollejda o‘qib yurgan vaqtlarimda ba’zan avtobusdan yo‘lkirani bermasdan tushib ketardim. Bu ishning og‘ir gunoh ekanini anglab yetdim. Buni qanday to‘g‘rilasam bo‘ladi? Taxminiy hisoblab, sadaqa qilsam bo‘ladimi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Siz bu ishingiz uchun avvalo istig‘for aytib, tavba qilasiz. To‘lamagan yo‘lkiralaringizni taxminiy hisoblaysiz hamda o‘zingiz foydalangan avtobuslar boshqarmasidan yo‘lkiralar to‘lanadigan hisob raqamlari bo‘lsa, qarzlaringizni shunga o‘tkazib qo‘yasiz va shu bilan zimmangizdagi yukdan qutilasiz, inshaalloh. Agar ularda bunday imkoniyat bo‘lmasa, sadaqa qilib yuborasiz.

Shuni yodda tutish lozimki, birovlarning haqlari eng avvalo egasiga qaytarish shart bo‘ladi. Egasi yoki uning merosxo‘rlarini topishning iloji umuman bo‘lmagandagina uning nomidan sadaqa qilinadi. Vallohu a’lam.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.

Maqolalar