Ramazon oxirlab bormoqda. Biz rejalashtirgan qaysi ezgu amallarimizga ulgurdigu qaysilarini keyingi yilga olib qo‘ymoqchimiz. Biroq hali vaqtimiz bor, oylar sultonining har daqiqasi bebaho va mazmunli, ulguramiz ko‘p ezguliklarga inshoolloh.
Qur’oni karimning Niso surasi, 80-oyatida Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Kimda-kim Payg‘ambarga itoat etsa, demak, u Allohga itoat etibdi. Kimda-kim bosh tortsa, Sizni ular ustidan qo‘riqlovchi qilib yuborganimiz yo‘q”. Chindan ham, Nabiy (a.s.)ning hayot yo‘llari biz o‘rganishimiz, namuna olishimiz uchun eng munosib hidoyat manbaidir. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Ramazon oyi davomida har doimgidan ko‘proq ibodat va ezguliklar qilishga shoshilar edilar. Biz ham ularning bu qutlug‘ yo‘llaridan yurishga muyassar bo‘lishni dilimizga tugganmiz. Zero, bu bizning oliy maqsadimiz bo‘lishi kerak.
Qur’oni karimni ko‘proq tilovat qilishning ayni pallasi – Ramazon oyidir. U Qur’on oyi, ma’rifat oyi deb bejiz ta’kidlanmagan. Bu muborak shahr – Qur’on nozil bo‘lgan oydir. Hadislarda keltirilishicha: “Jabroil (a.s.) Rasululloh (s.a.v.)ning oldilariga Ramazonda har tunda kelar, bu hol Ramazon tugaguncha davom etar edi. Rasululloh Jabroil (a.s.)dan Qur’onni o‘tkazib olar edilar”. Ushbu hadisdan ma’lumki, Ramazon oyida qancha ko‘p Qur’on o‘qilsa shuncha yaxshi, uning yaxshiligi va barakasi ham ortib boraverar ekan. Qolaversa, oyatlarning mazmunini tushunishga harakat qilish, suralar mohiyatini tafakkur qilish alohida ahamiyatga egadir. Bugungi kunda tobora chiroy ochib borayotgan masjidlarda ado etilayotgan xatmi Qur’onlar ana shu go‘zal an’ananing davomidir.
Ramazonda har qachongidan ham saxovatli bo‘lmoq joiz. Binobarin, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ham saxiylik bobida peshqadam edilar. Ayniqsa qutlug‘ oyning sharofati bilan ularning karamlari yanada ortgandan ortib boraverar edi. Hadislarda ta’kidlanishicha, “Rasululloh (s.a.v.) insonlarning eng saxiysi edilar. ayniqsa Ramazonda Jabroil (a.s.) bilan uchrashganlarida saxiyliklari yanada ortar edi”. Demak, hali vaqtimiz bor. Atrofimizga bir nazar tashlaylik, qiynalgan qarindoshlarimiz yoki nochor qo‘ni-qo‘shniyu beva-bechoralarning holidan bir bor xabar olib, keksalarni yo‘qlashni unutmaylik.
Bu oyda duolarimizni yanada ko‘paytirishimiz fazilatli. Ayniqsa, iftor paytida qilingan duoning xosiyati bemisl. Rasululloh (s.a.v.) og‘iz ochganlarida shunday der edilar: “Tashnalik ketdi, tomirlar namlandi va ajr savob sobit bo‘ldi”. Iftor payti duolar qabul bo‘ladigan vaqtlar qatoridadir. Bu esa naqadar buyuk imkoniyat. Ramazonning qadrli lahzalarida, iftorlik pallasida chin dildan, yurak-yurakdan Yaratganga iltijo qilishning fazli tengsiz. Bu g‘animat onlardan foydalanib qolaylik.
Ramazon mehr-oqibat, muruvvat faslidir. Ayniqsa, kishi o‘z oila a’zolari bilan yanada xushmuomala bo‘lishi, ezguligu saxovatlarini avvalo oilasi uchun ado etmog‘i muhim hisoblanadi. Hadisi sharifda: “Sizlarning eng yaxshingiz oilasiga yaxshilaridir”, deya marhamat qilinadi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ham Ramazon oyida ahli oilasiga go‘zal muomala qilganlar, ayollariga ibodat va boshqa masalalarda ta’lim berganlar.
Ramazon oxirlab borayotgan kunlarda har bir musulmon fitr sadaqasi haqida unutmasligi lozim. Binobarin, hadisi sharifda shunday deyiladi: “Rasululloh (s.a.v.) fitr sadaqasini ro‘zadorning so‘kish va lag‘v ishlarini poklash hamda miskinlar uchun taom ma’nosida farz qildilar. Kim uni namozdan oldin ado qilsa, maqbul zakot, kim namozdan so‘ng ado qilsa, sadaqaning bir turi hisoblanadi”. Demak, ushbu muborak kunlarda faqirlarning xonadoniga xursandchilik ulashish, muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zish bir tomondan zimmamizdagi mas’uliyatli vazifa bo‘lsa, ikkinchidan, oilalarga shodlik va baraka olib keluvchi sharafli va savobli amallardan ekan.
Biz Ramazonning g‘animat imkoniyatlarining dengizdan tomchisinigina eslatib o‘tdik. Biroq, uning yaxshiliklarini sanab oxirlash mumkin emas. Ramazon oxirlab bormoqda. Uning imkoniyatlarga boy lahzalarini isrof qilmaylik. Qolaversa, Ramazon oyidan ta’lim olganlarimizni yil davomida o‘zimizga odat bilaylik: Hamisha ezguliklarga shoshilaylik, Qur’oni karim tilovati va ma’rifat egallashdan to‘xtamaylik, duolarimizda Allohdan yurtimizga tinchlik, xalqimizga omonlik so‘raylik, muhtoj va kasallar holidan hamisha xabardor bo‘laylik. Ana shunda Ramazon shukuhi qalblarimizni yil davomida tark etmaydi.
Sharifa G‘ANIYEVA,
“Ziyo” studiyasi bosh muharriri
Ma’lumotlarga ko‘ra, Sadriddin Ayniy 1878 yili 15 aprelda Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. O‘zbek va tojik tilida ijod qilgan. Tojikiston Fanlar Akademiyasi akademigi va birinchi prezidenti (1951-54), O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi faxriy a’zosi (1943), Tojikistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi (1940), filologiya fanlari doktori (1948), professor (1950).
Ayniy Buxoroda yangi usuldagi maktablar ochadi. Ular uchun o‘quv qo‘llanmalar, ommani ilm-ma’rifatga chaqiruvchi she’r va hikoyalardan iborat «Yoshlar tarbiyasi» (1909) darsligini tuzadi. «Yosh buxoroliklar» harakatida faol qatnashadi.1918-21 yillarda tojikcha, o‘zbekcha marsh, qo‘shiq va she’rlar yaratadi. «Buxoro jallodlari» (1922) povesti, «Buxoro mang‘it amirligining tarixi» (1921) asarida Buxoroning ijtimoiy-siyosiy hayoti ifodalangan. «Odina», «Qiz bola yoki Xolida» (1924), «Tojik adabiyotidan namunalar» (1926), «Qul bobo yoki ikki ozod» (1928) kabi qissa, hikoya, ocherklari muhim ahamiyatga ega.
Sadriddin Ayniy tojik va o‘zbek adabiyotlarining ming yillik tarixiy taraqqiyotida yetishib chiqqan 200 nafardan ortiq shoir, tarixchi, olim, tazkiranavis hayoti va ijodi haqida ma’lumot beradi. Ayniy 1927-29 yillarda yirik romani «Doxunda»ni tojik tilida nashr ettirdi. 1934 yilda esa o‘zbek tilida «Qullar» romanini yaratdi. Unda o‘zbek va tojik xalqining yuz yillik hayoti aks etadi.
Ayniyning «Eski maktab» (1935) asarida eski maktabdagi o‘qish va o‘qitish haqida hikoya qilinadi. Yigirmanchi yillarda e’lon qilingan qator hajviy asarlari, «Yana bu qaysi go‘rdan chiqdi», «Puling halol bo‘lsa, to‘y qil» (1924), «Mashrab bobo», «Ye, to‘nim» (1925), «Bilganim yo‘q», «Kengash» (1926) kabi o‘zbekcha feletonlari, hajviy she’r va maqolalari, ayniqsa, «Sudxo‘rning o‘limi» (1939) hajviy povesti yozuvchining mohir satirik ekanligini ko‘rsatdi.
Muqanna va Temurmalik boshchiligidagi xalq qo‘zg‘olonini aks ettiruvchi adabiy-tarixiy ocherklar yozdi. U to‘rt qismdan iborat «Esdaliklar»ida (1949-54) Buxoroning o‘tmish hayoti va o‘sha davr ijtimoiy-madaniy muhitini yoritadi. Sadriddin Ayniy adabiyotshunos, tilshunos, sharqshunos olim sifatida «Firdavsiy va uning «Shohnoma»si haqida» (1934), «Kamol Xo‘jandiy», «Shayxurrais Abu Ali ibn Sino» (1939), «Ustod Rudakiy» (1940), «Shayx Muslihiddin Sa’diy Sheroziy» (1942), «Alisher Navoiy» (1948), «Zayniddin Vosifiy» (uning «Badoye ul-vaqoye» asari haqida»), «Mirza Abdulqodir Bedil», Muqimiy, G‘afur G‘ulom va Said Nazar haqidagi asarlari o‘zbek va tojik adabiyotshunosligi va tanqidchiligida, «Fors va tojik tillari haqida», «Tojik tili» kabi ilmiy ishlari tojik tilshunosligida muhim voqea bo‘ldi.
Ayniyning «Doxunda», «Qullar», «Sudxo‘rning o‘limi» va «Esdaliklar» asarlari xorijiy tillarga tarjima qilingan. O‘zbekiston va Tojikiston Respublikalaridagi bir qator shahar, tumanlar, qishloqlar, ko‘chalar, maktablar, kutubxonalar, san’at va madaniyat muassasalariga Ayniy nomi berilgan. Samarqandda Ayniy yodgorlik uy-muzeyi ochilgan (1967).
***
Millatimiz, ma’naviyatimiz haqida jon kuydirgan yana bir fidoyi shaxs, olim Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf 1952 yil 15 aprel kuni Andijon viloyatida tug‘ilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hazrat Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasi, Toshkent islom instituti, Liviya islom universiteti kabi nufuzli islom dorulfununlarida tahsil olgan.
Ko‘p yillar davomida Toshkent islom instituti, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasida samarali faoliyat yuritgan. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf so‘nggi yillarda islom ma’rifatiga bag‘ishlangan ijodiy ishlar bilan shug‘ullangan. “Imon”, “Ixtiloflar haqida”, “Din nasihatdir”, “Sunniy aqiydalar”, “Hadis va hayot”, “Tafsiri hilol”, “Oltin silsila” hadislar to‘plami kabi 120 ga yaqin kitoblarning muallifi edi. Mazkur asarlarning aksariyati jahon xalqlarining turli tillariga tarjima qilinib, nashr etilgan. Ushbu asarlar islom dinining insonparvar va ma’rifatli g‘oyalarini to‘g‘ri tushuntirishda alohida ahamiyat kasb etadi. Bu kitoblar odamlarni hidoyatga chorlashi, dinning mohiyatini to‘g‘ri yetkazishda, ijtimoiy odoblarning mazmunini tushuntirishda, yoshlarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasida g‘oyat muhimdir.
E’tiborga molik jihati, hazrat nainki xalqimiz, balki jahon miqyosida e’tirof etilgan va tan olingan siymolardan edi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf qator xalqaro islom tashkilotlari, jumladan, Makka shahridagi Islom olami uyushmasining ta’sis majlisi, Dunyo tasavvuf uyushmasi, Dunyo musulmonlar ulamolari kengashi, Islomobod shahridagi Butundunyo islom uyushmasi, Dunyo masjidlari uyushmasi va boshqa nufuzli xalqaro ma’rifiy tashkilotlarning faxriy a’zosi edi.
N.Usmonova tayyorladi, O‘zA