frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Ramazonda taom tayyorlash odobi

22.06.2017   118512   3 min.
Ramazonda taom tayyorlash odobi

Ro‘zaning ko‘p hislatlaridan biri insonning yeyish-ichish talablarini izga solishlikka katta xizmat qiladi. Inson nafs balosidan qutilib imon va e’tiqod bilan ro‘za tutsa, Alloh taolo uni taqvodarlardan qiladi.

Ramazon oyida saxarlik va iftorlikka taom tayyorlashda har birimizdan o‘zgacha e’tiborni talab qilinadi. Har bir amalning odobi bo‘lagani kabi taom tayyorlashnining ham o‘z odob va meyorlari mavjud. Xo‘sh, taom tayyorlashni qaysi odobdan boshlash kerak? Albatta, taom tayyorlash uchun oziq-ovqatlarni xalol, peshana teri bilan ishlab topilgan sarmoyadan xarid qilishdan boshlash kerak. Undan keyin masaliqqlarning xalol va pok bo‘lishi muhimdir. Zero mana shu odoblar ro‘zadorlarning ro‘zalarini, duolarini qabul bo‘lish-bo‘lmasligini hal qiladi. Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilinadiki, Sa’d ibn Abu Vaqqos raziyallohu anhu Payg‘ambarimiz alayhissalomga: “Ey Allohning Rasuli, duo qiling, Alloh meni duosi qabul bo‘ladiganlardan qilsin”, dedilar. Shunda Payg‘ambar alayhissalom: “Ey Sa’d, taomingni halol qil, duosi qabul bo‘ladigan bo‘lasan. Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan zot bilan qasamki, bir odam harom luqmani qorniga tashlasa, Alloh uning duosini qirq kungacha qabul qilmaydi. Qaysi bandaning go‘shti haromdan va ribodan o‘ssa, unga do‘zax munosibdir”, dedilar.

Ro‘za kunlarida tayyorlanadigan taomlar odatiy, kunlik  taomlar bo‘lishi maqsadga muvofiqdir. Ro‘zadorlarni xushnud qilish uchun tayyorlanadigan laziz, tansiq taomlarni tanavvul qilishning xech qanday karohiyati yo‘q. Ba’zi buzuq tabiatli odamlar yaxshi taom iste’mol qilmaslikni taqvodorlikning cho‘qqisi sifatida ko‘rsatishga urinadilar. Alloh taolo faqat yemish g‘amida, doimo uning lazzatlisini axtaruvchi qorin bandasi bo‘lishni qoralaganidek, laziz taomlardan o‘zini tiyib, sifatsizinigina ixtiyor qilishni ham qattiq qoralaydi. Yeb-ichish gunoh emas, isrof qilish gunohdir. Imom Buxoriy keltirgan rivoyatda hazrati Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhu: “Seni ikki xislat – faxrlanish va isrofgarchilik xatoga boshlamasa, xohlaganingni yeb, xohlaganingni ichaver”, deganlar. Bu aslida, to‘g‘ri. Ammo keragidan ortiq yemoq ham isrofdir. Yeb-ichish kerak ekan, deb qorin bandasi bo‘lish ham Islomga, musulmonga munosib emas.

Imom Ahmad ibn Hanbal va Imom Termiziylar Miqdom ibn Ma’diykarab al-Kindiy raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Odam bolasi to‘ldiradigan idishlarning eng yomoni qorindir. Odam bolasiga qaddini turgizadigan yemaklar yetadi. Agar juda lozim bo‘lsa, taomi uchun uchdan bir, sharobi uchun uchdan bir va havosi uchun uchdan bir”, deganlar. Islom har bir sohada mo‘tadillik yo‘lini tutganidek, oziq-ovqat masalasida ham musulmonlardan mo‘tadil bo‘lishni talab qiladi.

Bundan tashqari, ko‘pgina opa-singillarimiz homiladorlik, farzand emizish hamda hayz va nifos ko‘rish sabablaridan ro‘za tutmay turishadi. Ana shunday kunlarda ro‘zador bo‘lgan oila a’zolariga shirin-shirin taomlar tayyorlab bersalar, ro‘zg‘orga keltirilgan masalliqlarni isrof qilmagan holda chiroyli tadbir qilsalar katta savobga ega bo‘ladilar. Negaki, ba’zi ayollar o‘zlari ro‘za tutmaganlari bois, saharlik va iftorlik dasturxoniga, ro‘zadorlar haqlariga beparvo bo‘ladilar. Erta turib xizmat qilish, kechki payt ovqatlanish vaqtiga rioya qilmaslik ila dangasalik qiladilar. Aksincha, ro‘za tuta olmaslarda, xizmatlarini ayamasalar - turmush o‘rtoqlari, qaynona va qaynotalari duolarini olib, katta ajrlarga ega bo‘ladilar. Ro‘za tutib berish bo‘yinlaridan soqit bo‘lmasada, ro‘zadorlarga va’da qilingan savoblarga erishadilar, inshaalloh! 

Xadichai Kubro ayol-qizlar 

o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisasi

Gulobod Qurbonova

Ramazon
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

14.08.2026   30359   2 min.
Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

Imom Buxoriy majmuasi nafaqat Ozbekiston, balki butun islom olami uchun ulugva muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.

Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.

Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.

Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.

Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.

Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.

Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.

Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari