ESLATMA!
Hijriy sana hisobida kecha kunduzdan avval kelishini inobatga olsak, 27-kecha Ramazon oyining 26 dan 27-kuni o‘tar kechasidir. Joriy milodiy 2017 yil hisobi bo‘yicha Qadr kechasi 21 iyundan 22 iyulga o‘tar kechasiga to‘g‘ri keladi. Inshoalloh.
“Laylatul Qadr” – qanday kecha?
Bu kecha – “belgilash kechasi”, ya’ni yil davomida turli amal, hukm, rizq, taqdir belgilanadigan kechadir.
Bu kecha «... ming oydan yaxshiroqdir» (Qadr, 3).
1000 oy – 84 yilga teng.
84 yil – 30000 kunga teng.
Qadr kechasining bir soati – 3780 kunga teng.
Bu kechaning bir daqiqasi – 63 kunga teng.
“Laylatul Qadr” kechasi qachon bo‘ladi?
Abul Oliya (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Bir a’robiy kimsa Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning huzurlariga kelib, “Laylatul qadr qachon bo‘ladi?” deb so‘radi.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Laylatul qadrni Ramazonning ilk va eng so‘nggi hamda toq kechalaridan izlanglar!” dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Oysha (roziyallohu anho) rivoyat qilgan hadisda esa Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Laylatul Qadrni Ramazonning oxirgi o‘n kunligining toq kunlarida kutinglar”, deganlar.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qadr kechasi borasida: “U 27 yoki 29-kechadir. ushbu kecha yerda farishtalar soni toshchalardan ham ko‘p bo‘ladi”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Bu kechaning qanday alomatlari bor?
Ibn Xuzayma Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qiladi: Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “U ochiq va issiq ham, sovuq ham bo‘lmagan kecha. Uning tongida quyosh qizg‘ish, zaif bo‘lib chiqadi”, dedilar.
Bu kecha Alloh taoloning amri bilan farishtalar har bir osmondan va “Sidratul muntaho”dan (ya’ni, Jabroil (alayhissalom) maskanidan) yerga tushishadi, tong otguncha insonlar haqiga duo qilishadi.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bu kechani qanday o‘tkazar edilar?
Oysha onamiz (roziyallohu anho) rivoyat qiladilar: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Ramazonning oxirgi o‘n kunligi kelsa, kechalari uxlamas edilar va uydagilarni ham ibodat qilishga uyg‘otar edilar”, dedilar.
Bu kecha qanday amallarni ado etish lozim?
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim xuftonni jamoat bilan o‘qisa, u tunning birinchi yarmini qoim qilibdi, kim bomdodni jamoat bilan o‘qisa, qolgan qismini ham qoim qilibdi”, deganlar. Shunga ko‘ra, qadr kechalarida ushbu ikki namozni jamoat bilan o‘qishga astoydil harakat qilishi darkor.
Oysha onamiz (roziyallohu anho) rivoyat qiladi: “Yo Rasululloh agar Qadr kechasini topishga muvaffaq bo‘lsam nima deb duo qilay”, dedilar. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) “Yo Alloh, albatta, Sen kechirguvchisan, kechirishni yaxshi ko‘rasan. Meni (gunohlarimni) kechirgin, deb aytgin dedilar” (Imom Termiziy).
Bu namozning eng ozi ikki rakat, o‘rtachasi 100 rakat, ko‘pi esa toqat yetgunicha o‘qiladi. “Alloh rizosi uchun nafl namoz o‘qishni niyat qildim”, deb niyat qilinadi.
1-rakatda bir marta Fotiha va uch marta Qadr surasi o‘qiladi.
2-rakatda bir marta Fotiha, uch marta Ixlos surasi o‘qiladi. “Attahiyotu”, salovat va duolardan so‘ng salom beriladi.
3- va 4-rakatlar ham ayni shaklda o‘qiladi. 100 rakat o‘qiladigan namoz ham xuddi shunday o‘qiladi.
Namozdan so‘ng bir marta tashriq takbiri aytiladi: “Allohu akbar, Allohu akbar, la ilaha illallohu vallohu akbar. Allohu akbar va lillahil hamd”. So‘ngra yuz marta Qadr surasi, 100 marta “Alam nashrok...” surasi o‘qiladi. Bundan keyin esa “Qadr” duosi 100 marta qaytariladi.
Bu kecha gunohlar mag‘firat qilinadi?
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladilar. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Kim Laylatul Qadr kechasini imon va ixlos bilan bedor o‘tkazsa, uning shu kechagacha qilgan gunohlari mag‘firat qilinadi”, dedilar.
Alloh taolo bu oyda xolis niyatlar bilan tutayotgan ro‘zalarimizni, kechalari qoim turib ado etayotgan taroveh namozlarimizni va xatmu Qur’onlarimizni O‘zining lutfu karami ila qabul qilsin. O‘zi duolarni ijobat qiluvchi va gunohlarni mag‘firat qiluvchi Zotdir.
Duolaringizda bizni ham unutmang.
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi
Hanafiy mazhabida imomga iqtido qiluvchi imom orqasida xoh jahriy namozda, xohi maxfiy namozda qiroat qilmaydi.
Bunga dalil Payg‘ambarimiz alayhissalomning so‘zlaridir: «Kimning imomi bo‘lsa, bas, imomning qiroati uning ham qiroatidir», deb aytganlar.
Mana shunga sahobai kiromlar ham ijmo’ qilishgan. Yana bir hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom dedilar: «Qachon qiroat qilinsa, bas, jim turing!» Imom Muslim rivoyati.
Abu Hanifa va Abu Yusuf roziyalohu anhumlar nazdida: Imomga iqtido qilgan kishining qiroat qilishi makruh bo‘ladi, bundan murod makruhi tahrimiydir.
Chunonchi, Hazrati Ali karramallohu vajhahu bunday deganlar: «Kimki imom orqasida qiroat qilsa, batahqiq, sunnatni xato bajaribdi!»
Shunday ekan imomga ergashuvchi har bir namozxon imomga iqtido qilib ergashdimi, imomni qiroatini eshitishi va sukut saqlab jim turishi kerak bo‘ladi. Shunda ado etiladigan ibodatlar mukammal, bexato bo‘ladi.
Hanafiy mazhabining masalasiga binoan, fiqhiy matn kitoblari ko‘rsatmasiga amal qilgan holda barcha namozlarda imom orqasida muqtadiy jim turishi talab etiladi. Aks holda, makruhi tahrimiy ishni qilib qo‘yish mumkin.
Abdug‘affor Nishonov,
Pop tumani "Soy" jome masjidi imom-xatibi
Manba: @Softalimotlar