Laylatul qadr – sharaf va ulug‘lash, hukm va taqdir kechasi. Alloh taolo bu kechada kelasi yildagi o‘lim, ajal, rizq va shu kabi taqdirga oid ishlarni belgilaydi.
Mahmud Zamaxshariy (roziyallohu anhu) aytadi: “Qadr kechasi bu barcha ishlarning taqdiri va hukmi belgilanadigan kechadir”.
Bu kechada farishtalar Allohning izni bilan yerga tushadi. Tong otguncha insonlarni duo qiladi va insonlarning duolariga “omin” deb turishadi.
Qadr kechasi quyosh botishidan to tonggacha davom etadi. Alloh bu kechada faqat yaxshilikni taqdir etadi. Boshqa kechalarda esa balolarni ham, yaxshiliklarni ham hukm qiladi.
Aksar ulamolar fikriga ko‘ra, Qadr Ramazon oyining yigirma yettinchi kechasidir. Zirr (roziyallohu anhu) Ubay ibn Ka’b (roziyallohu anhu)ga: «Birodaringiz Abdulloh ibn Mas’ud: “Kim bir yil qoim bo‘lsa, Qadr kechasini topadi”, deb aytganlar”, deganida, Ubay ibn Ka’b: “Alloh Abu Abdurahmon (ya’ni, Ibn Mas’ud)ni mag‘firat qilsin, chindan ham u Qadr kechasi Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligida ekanini bilar edi. Bu kecha yigirma yettinchi kechadir, lekin odamlar u narsaga suyanib qolmasligini xohlab aytmasdi”, dedi. So‘ngra qat’iy tarzda: “Qadr yigirma yettinchi kechada”, dedi. Shunda men: “Ey Abu Munzir, nima dalil bilan bunday deysan?” dedim. U zot: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bizga aytgan belgi bilan: u kun quyosh shu’lasiz chiqadi”, deb javob berdi» (Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyati).
Demak, Qadr kechasining katta alomatlaridan biri – o‘sha kuni quyosh shu’lasiz oqarib chiqadi. Ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Qadr kechasi haqida: “U kecha issiq ham, sovuq ham bo‘lmaydi. Quyosh o‘sha kuni och qizil holatda chiqadi”, dedilar».
Jobir ibn Abdulloh (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Men Qadr kechasini bildim. So‘ng u menga unuttirildi. U Ramazon oyining oxirgi o‘n kunidagi kechalaridan biridadir. U kecha ochiq yarqiragan bo‘lib, issiq ham, sovuq ham emas. Go‘yo oy bor kechaga o‘xshaydi. U kecha tong otgunicha shaytonlar chiqmaydi”, dedilar (Tafsiri Samarqandiy).
Shunday ekan, biz ham qo‘limizdan kelganicha kimdir namoz o‘qir, kimdir tilovati Qur’on bilan, yana kimdir tasbehu tahlil kabi toatu ibodat va duolar bilan mashg‘ul bo‘lib Qadr kechasini o‘tkazsak, Yaratganning ulkan in’omidan bahramand bo‘lamiz.
Shodi HAQBЕRDIYEV,
Urgut tumani bosh imom-xatibi
Savol: Hozirgi kunda ayrim odamlar qabristonlardan o‘zlari, oilasi uchun yer sotib olib, sag‘ana qildirib qo‘yishmoqda. Bu ishlari to‘g‘rimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Qabristonlar omma foydalanishi uchun hukumat tarafidan berilgan umumiy joy hisoblanadi, hech kimning shaxsiy mulki emas.
Shunga ko‘ra unga kimdir egalik qilishi, u joydan yer sotishi yoki sotib olishi mumkin emas. Bizdan avvalgi avlodlar, ota-bobolarimiz qabristondan biror narsani olishga, hatto qurigan giyoh olishdan ham cho‘chiganlar.
Hozirda ham ayrim odamlar qabristondagi meva va o‘t-o‘lanlardan foydalanish haqida ko‘p savol berishlari bejizga emas, ana shu hadikdan paydo bo‘lgan. Ammo ming afsuski, ayrim odamlar tomonidan kimlar bilandir til biriktirib, yer sotib olish holati oz bo‘lsa-da, paydo bo‘lmoqda. Bundan ehtiyot bo‘lish lozim. Chunki bu nohaqdan yer olish hisoblanadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam qattiq ogohlantirib, bunday deganlar: “Kim bir qarich yerni nohaqdan olsa, qiyomat kuni uni yetti qavat yer yutadi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Sa’id ibn Zayd roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir qarich yerni zulm ila olsa, qiyomat kuni uning bo‘yniga yetti qavat yer osib qo‘yiladi”, deganlar (Muttafaqun alayh).
Bu ishning qanchalik og‘ir ekanini tushunmagan odamlar turli vositalar bilan bir qarich bo‘lsa ham birovning yerini o‘ziga qo‘shib olishga harakat qiladilar. Islomda bu ish zulm hisoblanadi va katta gunoh sifatida qoralanadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.