frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Islomda e’tikofda o‘tirish tartibi va fazilati

20.06.2017   97170   17 min.
Islomda e’tikofda o‘tirish  tartibi va fazilati

Mehribon va rahmli Alloh nomi ila (boshlayman).

Alloh taolo biz osiy bandalaringga lafzlari qisqa va ma’nolari keng bir uslubda bu mavzuni yoritishni nasib aylagin.

«E’tikof» lug‘atda «ushlab qolish», «turib qolish» va «lozim tutish» ma’nolarini ifoda qiladi.

Shariatda esa «Ro‘zadorning jamoat masjidida e’tikof niyati ila qolishidir».

E’tikofning shariatda mavjud ekaniga Kur’on, sunnat va ijmo’ dalolat kiladi.

E’tikofda Islom amallarining qaymog‘i jamlangandir. Bu qisqa fursatda har bir musulmon inson umri mobaynida yetishi imkoni bo‘lmagan va tasavvur qilib bo‘lmaydigan barcha fazilatlarni o‘z tanasida his qiladi. Haqiqiy ma’noda 10 kun davomida Allohning xos bandalari bu kunlarni hech bir narsaga alishmasdan faqat shu savobni deb o‘zining nafsiga sayqal berib Alloh bilan tinimsiz muloqot qiladi. Haqiqiy Rasulullohdek ixlos bilan o‘tirsa unda va’da qilgan ajr savobni kamaytirilmagan holatda olib chiqadi. Shuni yoddan chiqarmaslik kerakki e’tikofda o‘tirish haqiqiy ma’noda ruhiy ozuqani olish manbasi hisoblanadi. O‘zi aslida inson e’tikofda o‘tirganda u Allohdan nima so‘rasa o‘sha narsa o‘sha zahoti unga beriladi, bunga zarracha shubha yo‘q. Hanafiy mazhabida e’tikofning eng kami bir soat deyiladi. Agar bir soatni ham har qanday muxlis banda shu soatda aytilgan amallar bilan boyitib g‘ayrat qilsa unga o‘sha istaganidan ziyodi beriladi. Men bundan bir necha yil oldin 10 kunlik e’tikofda o‘tirganimda ko‘pgina foydalarni o‘zimda ko‘rdim. E’tikof ichida barcha yaxshiliklarga tanangizni odatlantirsangiz uning zahirasi shak – shubhasiz yanagi yil shu kuningizgacha yetishi fazilatiga ega bo‘lasiz. Amallarni faqat Alloh uchun xolis qilishga o‘rganasiz. Vahshiy xayvonni qo‘lga o‘rgatgandek nafsingizni o‘zingizga to‘liq bo‘ysindirasiz. Solih amallarni mahfiy qilishga odatlanasiz. Butun tanangiz Islom amallarini qilib yayraydi va hatto tanangizga sig‘may ketib Alloh lafzi qalbingizdan chiqqudek bo‘lib zikr qila boshlaydi. Bu zikr halovati bilan agar toshbag‘ir bo‘lsangiz ham sizning ko‘zlaringiz va butun tanangiz yig‘laydi. Hatto yig‘lab rohatlanasiz yana ham shu yig‘lash sizni o‘ziga chaqiradi va hatto qalbingiz ravshanlashib Rasulullohni, sahobalarni taba’ tobe’inlarni haqiqiy ma’noda his qilib ulardek bo‘lishga harakat qila boshlaysiz. Payg‘ambar alayhissalom “Ramazonning oxirgi 10 kunida butun osmondagi farishtalar ramazoni sharif butun ummati Muhammadiyaning ustidan ketayotgani uchun yig‘laydi”, deb xabar berganlar. Nega biz bu oyda yig‘lamasligimiz va mahzun bo‘lmasligimiz kerak. Bu sharofat va barakotni tami va lazzatini his qilgan kishilar so‘z aytsa juda ham ma’qul bo‘ladi. Bu ma’lumotlarni hadislardan xabar berib o‘tamiz. 

E’tikofga chaqiruvchi fazilatli hadislar:

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam e’tikof o‘tiruvchi haqida: «U gunohlarni ushlaydi va e’tikof o‘tiruvchi uchun yaxshiliklarni, barcha yaxshiliklarni qiluvchiga o‘xshatib, joriy qiladir», dedilar». Ibn Moja rivoyat qilgan.

Yana Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Kim o‘z birodari hojati uchun yurib, uni chiqarsa, unga o‘n yil e’tikof o‘tirgandan yaxshi bo‘lur. Kim Allohning roziligini tilab bir kun e’tikof o‘tirsa, u bilan do‘zax orasida osmon gardishidan kengroq uch xandaq qiladi», deganlarini eshitdim». Tabaroniy va Bayhaqiy rivoyat qilgan, al-Hokim sahih, degan.

Husayn ibn Ali roziyallohu anhumdan rivoyat: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim Ramazonda o‘n kun e’tikof o‘tirsa, xuddi ikki hajdek yoki ikki umradek bo‘ladi», dedilar». Bayhaqiy rivoyat qilgan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ogoh bo‘lingiz tanada bir parcha go‘sht bor, agar u isloh bo‘lsa, tananing barchasi isloh bo‘ladi, agar u fasod bo‘lsa, tananing barchasi fasod bo‘ladi, u qalbdir”.

Qalbning fasod bo‘lishiga ko‘pincha Allohga yuzlanishdan chalg‘itadigan insonning hayot tashvishlari, muammolari va boshqa mashg‘ulotlari sabab bo‘ladi.

Bu mashg‘ulliklar sirasiga insonning nafsiga yoqadigan turli taomlarni ko‘p iste’mol qilish, o‘yin-kulgi, ortiqcha keraksiz gaplar bilan uzun-uzun suhbatlar, ko‘p uxlash va boshqalarlar kiradi. Alloh taolo o‘z shariatiga shunday ibodatlarni kiritdiki, ularda insonning barcha qalbiy va jismiy hastaliklariga shifo topish mumkin bo‘ladi.

      E’tikofning go‘zalligi:

  • E’tikofdagi inson daraja va mavqe talabida Alloh taoloning ibodatining barchasida o‘zini butkul topshirishi;
  • Bandani Allohga yaqin bo‘lishini vojib qiladigan amallardan to‘sadigan dunyo mashg‘ulotlaridan nafsini o‘zoq tutish;
  • E’tikofdagi inson namozga o‘z vaqtlarini sarflashi va band qilishi. Namozga o‘z vaqtini sarflashligi haqiqiy yoki xukmiy bo‘ladi. Chunki e’tikofdan ko‘zlangan asl maqsad shari’atda jamo’at bilan namozni ko‘tish hisoblanadi. E’tikofdagi odam o‘z nafsini “Tahrim” surasidagi oltinchi oyatidagi farishtalarning sifatiga o‘xshatishdir. Alloh taolo “Tahrim” surasi 6 oyatida “Ular (Farishtalar)Allohning amriga isyon qilmaslar va nimaga buyurilsalar, shuni qilurlar”. Va yana Alloh taolo “Fussilat” surasi 38 oyatida “Agar ular mutakabbirlik qilsalar. Robbingning huzuridagilar Unga kechayu kunduzi tasbeh ayturlar. Ular malol olmaslar”. Shu oyatlardan ham ma’lum bo‘ladiki e’tikofda ro‘za shartdir. Ro‘zador Alloh taoloning mehmonidir. Xuddi shu masala “Nihoyada ham kelgan”.

   E’tikofda tavsiya qilinadigan narsalar:

  • iloji boricha holiga qarab darajama-daraja amallarni ko‘paytirib borish kerak;
  • e’tikofda kam va yaxshi so‘zlarni so‘zlash kerak va tildan keladigan 20 ta ofatdan saqlanish kerak;
  • taomni sunnatga binoan to‘ymasdan to‘xtatishga odatlanish;
  • zikr va xushu’ga berilish;
  • taqvoni kuchaytirish, chunki ro‘zadan maqsad qilingan narsa ham shu hisoblanadi;
  • pastga qarab yurish, ko‘zni har tarafga alanglatmaslik va birovlarning omonat narsalariga ko‘z tashlashdan saqlanish;
  • dunyo ishlaridan vaqtinchalik yuz o‘girish;
  • vaqtning qadriga borish;
  • ming oylik ibodat savobini faqat laylatul qadr kechasida berilishini his qilib uni savobi keng va ajri ziyoda amallar bilan boyitish. “Fatavoyi Hindiya” va “Fathul qodir” da E’tikof odoblarini sanaydi: Faqat yaxshi so‘zlarni so‘zlaydi, ramazondan 10 kunini e’tikof uchun lozim to‘tadi, e’tikof uchun masjidul xaromdek va jome’ masjidlardek masjidlarning afzalini ihtiyor qiladi. Bu masala “As – sirojul vahhaj”da ham zikri kelgan. E’tikof kun va kechalarida tilovatni, hadisni, ilmni, dars berishni, nabiy sollallohu alayhi vasallamni siyrati va nabiy alayhimussalomlarning siyratlari, solihlarning xabarlari va din ishlarini bayon qiluvchi kitoblarni o‘qishlari shart. “Sharhi Tahoviy” da e’tikofda gunoh sanalmagan so‘zlarni so‘zlasa bo‘ladi degan.
  • Payg‘ambar alayhissalom nima amal bilan shug‘ullangan bo‘lsa shu amallar bilan shug‘ullanish tavsiya etiladi;
  • E’tikofda inson ro‘zador bo‘ladi, Alloh zikri bilan band bo‘ladi hamda nafs talab qilgan narsalardan uzoqda bo‘ladi;
  • E’tikofda o‘tirgan inson ro‘zasini go‘zal shaklda tutadi;
  • Ro‘zaning savobini ketkazadigan behuda va nojoiz so‘zlar va amallardan tiyiladi;
  • E’tikofni kechalari bedor holda o‘tkazgani uchun inshaalloh oxirgi o‘n kunlikka yashiringan qadr kechasini topish imkoniga ega bo‘ladi;
  • E’tikof aslida savobli amal, uning ramazon oyida bajarilishi esa shu savoblarning yanada ko‘p bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Ramazongacha har bir yaxshilik amalga 10 dan 700 gacha savob bo‘ladi. Ramazonning ichidagi har bir amal uchun behisob savob va’da qilingan shu savoblarning eng kattasi e’tikof ichidagi amallarga joylashtirilgan. Chunki har qanday insonni majburlasangiz ham o‘tirishdan o‘zini tortadi. Lekin, Allohning hos bandalari hech bo‘lmasa “Fatavoyi Hindiya” da masjidga kirib to chiqqunicha vaqt oralig‘ida ham shu e’tikofning savobini umid qilib e’tikofda o‘tirsa e’tikof savobiga erishadi deganlar;
  • O‘zini va nafsini yaxshi ishlarga ko‘niktiradi;
  • Alloh uchun ibodatga ajrab chiqib, payg‘ambarlar sunnatini ado etgan bo‘ladi;
  • O‘zini o‘zi sarhisob qilib oladi, agar har oyda bir marta e’tikof o‘tirsa, bir oylik ishlarini, yilda bir marta o‘tirsa yillik amallarini hisob kitob qilib olishga erishadi;
  • Qur’on va hadislarni tafakkur bilan o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritadi;
  • Alloh taolo bilan yolg‘iz qolib, xotirjam oxiratimiz xususida tafakkur qilishga ham vaqtimiz yo‘qligini tushunasiz;
  • Tahajjud namozi o‘qishga odatlanasiz;
  • Shaytonni bo‘ynini sindirishga odatlanasiz;
  • Men bularga 10 kun mobaynida amal qildim. Bir yilgacha buning foydasini ko‘rdim.

  E’tikof quyidagi turlarga bo‘linadi:

  1. Vojib.

Bunga nazr qilingan e’tikof kiradi.

  1. Sunnati muakkada. Olimlardan biri aytishdi kim sunnatni tark qilsa u shak- shubhasiz farzni ham tark qiladi. Kim farzni tark qilsa u dinni buzuvchi bid’atchilar qatorida bo‘ladi, deganlar. Shu sababdan bu oddiy sunnatmas balki savobi ko‘pligi uchun takidlangan sunnatlar qatoriga kiradi. “Hidoya”da “As- sunnatu akmalul farz” sunnat farzni kamillikka yetkazadi, deyilgan. Shuni uchun ham misol qilib qo‘lni tirsakgacha yuvish uch marta yuvish sunnat deyilgan. Bir martada yetmagan joyga suv ikkinchi marta yuvganda yetadi. Shunda ham yetmasa uchinchisida kamolga to‘liq yetadi. Sunnat va nafllar aslida farzni kamolga yetkazish uchun shariatga kiritilgan. Alloh barchamizni sunnatni to‘liq bekami ko‘st amalga oshirishni nasib qilsin.

Bunga Ramazonning oxirgi o‘n kunidagi e’tikof kiradi.

  1. Mustahab.

Bunga yuqorida zikr qilinganlardan boshqa e’tikoflar kiradi.

E’tikof o‘ziga xos alohida ibodat bo‘lib u ila banda qalb musaffoligiga, dunyoning tashvishlaridan uzilishga, Alloh taologa qurbat hosil qilishga va shu kabi ko‘pgina fazllarga erishadi.

Uning ozi bir kundir. Ammo imom Muhammad rahmatullohi alayhi: «E’tikofning ozi bir oz muddat bo‘lsa ham bo‘ladi», deganlar va shunga fatvo berilgan. Kim e’tikofni buzsa, qazosini bajaradi. Xuddi nafl ro‘zani buzgan odam qazosini tutishi vojib bo‘lganga o‘xshab.

E’tikofning shartlari:

  1. Musulmon, aqlli va balog‘atga yetgan bo‘lishi. Janobat, hayz va nifos qonlaridan toza bo‘lish. Kofir odamni e’tikofga kiritilmagani sababi u ibodat ahlidan bo‘lmaganli uchun. Majnunni e’tikofga kiritilmagani sababi niyat ahlidan bo‘lmagani uchun. Junub, hayz va nifoslarning e’tikofga kiritilmagani sababi masjidga kirishi man bo‘lgani uchun. E’tikofning durust bo‘lishi uchun balog‘atga yetish shartmas balki aqlli go‘daklarga ham e’tikofning fayzi va barakasini olish shari’atda durust hisoblanadi.
  2. 2. Niyat. Hatto agar niyatsiz e’tikofda o‘tirsa ijmoga ko‘ra e’tikofi e’tikof o‘rniga o‘tmaydi. Bu masala “Fatavoyi Hindiya” va “Me’rojud - diroya”da ham kelgan.
  3. Masjidda bo‘lishi. Azon va iqomat aytiladigan barcha masjidlarda e’tikofda o‘tirish durust va u sahih qavldir. Bu masala “Xulosa”da ham kelgan. E’tikof o‘tirishga afzal masjidlar: Masjidul – xarom, Masjidun – nabiy, Baytul – maqdis, jamo’at masjidi, ko‘p va to‘la o‘z ahlini to‘diradigan masjidlar kiradi. Bu masala “Fatavoyi Hindiya” va “Tabyin”da ham kelgan. Ayol kishi o‘yidagi sajdagohida e’tikofda o‘tiradi. Agar ayol o‘yidagi sajdagohida e’tikofda o‘tirsa kishining haqqidagi jamo’at masjidida o‘tirgandek bo‘ladi. Masjiddan chiqmaydi chiqsa ham inson xojati uchun chiqadi. Bu masala Imom Sarahsiyning “Sharhul - mabsuti”da ham kelgan. Agar ayol kishi jamo’at masjidida e’tikofda o‘tirishi joiz lekin makruhdir. Bu masala “Muhiytus – sarahsiy”da ham o‘z ifodasini topgan. Yaxshisi ayol uchun uyidagi e’tikof afzaldir. Ayol uchun katta masjiddan ko‘ra mahalla masjidida o‘tirishi afzaldir. Ayollar uchun o‘z uylarida sajdagoh qilingan maxsus o‘rinlari bo‘lmasa ham boshqa joylarda o‘tirishi mumkin. Bu masala“Tabyin”da ham kelgan. Agar ayollar uyida maxsus sajdagohlari bo‘lmasa sajdagohni qilib keyin e’tikofda o‘tiradi deyilgan. Xuddi shu masala Bu masala “Fatavoyi Hindiya” va “Zohidiy”da ham kelgan.
  4. Ro‘za. E’tikofda ro‘za vojib shart bitta rivoyatga ko‘ra. Bu haqda Abu Hanifa rahmatullohi alayhdan rivoyatning zohiri bor. Ikki shogirdlari nafl e’tikoflarda ro‘za shartmas deydilar. Hatto agar men masjidga kirib chiqqunimcha e’tikofda bo‘laman deb niyat qilsa shu niyati e’tikofi uchun durust bo‘ladi. Bu masala“Tabyin”da ham kelgan. Agar kecha yoki kunduz e’tikofda o‘tiraman deb nazr qilsayu keyin taom yeb qo‘ysa uning bu e’tikofi durust bo‘lmaydi. Agar aytsaki alloh uchun mening zimmamda bir oy ro‘zasiz e’tikofda o‘tirish lozim desa. Bas unga bir oy e’tikof va ro‘za to‘tish lozim bo‘lib qoladi. Bu masala “Zohiriyya” va “Fatavoyi Hindiya”da ham chiroyli bayon qilingan.

E’tikof kilgan odamga mustaxab bo‘lgan narsalar:

  1. Namoz va Kur’on tilovati kabi toat-ibodatlarni mo‘l qilish.
  2. Foydasiz bo‘lgan so‘zlardan, janjal, tortishuv va so‘kinishdan saqlanish.
  3. Masjid ichidagi bir yerdan ajralmasligi. Imom Muslim r.a Nofe’ raziyallohu anhudan quyidagi so‘zlarni naql qildi. Nofe’ dedi: «Ibn Umar menga masjiddagi rasululloh sollallohu alayhi va sallam e’tikof kilgan yerni ko‘rsatdi».

E’tikofdagi odamga muboh bo‘lgan narsalar:

  1. Zaruriy extiyoj uchungina tashqariga chiqish.

Oisha raziyallohu anho dedilar: «Kasalni ziyorat qilmaslik, janozada ishtirok etmaslik, xotinlarga qo‘l tekkizmaslik va ular bilan kovushmaslik, zaruriy ehtiyoji uchungina tashqariga chiqish, e’tikofdagi odam uchun sunnatdir» (Imom Abu Dovud rivoyati.

  1. Masjidda uning tozaligiga rioya qilish bilan birga  yeyish, ichish va uxlash.
  2. Extiyojsis so‘zlash va boshqalar bilan gaplashish.
  3. Sochni tarash, tirnoqlarni olish, badanini tozalash, chiroyli kiyimlarni kiyish va xushbo‘ylanish.

Oisha raziyalloxu anxo dedilar: «Rasulullox sollalloxu alayxi va sallam e’tikof qilgan paytlarida, xujraga boshlarini kiritar va men boshlarini yuvar edim (boshka bir rivoyatda: boshlarini tarar edim)» (Muttafaqun alayh).

  1. E’tikof qilgan yeridan oilasini kuzatish uchun chiqish.

Sofiyya raziyalloxu anho rasululloh sollallohu alayhi va sallamning shunday qilganlarini rivoyat kilganlar.

E’tikofdagi odamga makruh bo‘lgan narsalar

  1. Oldi-sotti qilish.
  2. Ichida va tashida gunoh bo‘lgan so‘zlarni so‘zlash.
  3. Ibodat deb e’tiqod qilgan holda mutlaqo so‘zlashdan tiyilish. 

E’tikofni buzadigan narsalar:

  1. Masjiddan oz bo‘lsa-da, tashqariga zaruratsiz chiqish. E’tikofdagi kishi e’tikof joyidan kecha va kunduz uzrsiz chiqishi mumkin emas. Agar uzrsiz bir soat chiqib ketsa Abu Hanifa rahmatullohi alayhining qavlllariga ko‘ra e’tikofi bo‘ziladi. Xuddi shu masala “Muhit” da ham kelgan. U chiqishligi qastdan yoki o‘nitish orqali bo‘lsin farqi yo‘q e’tikofi bo‘ziladi. Xuddi shu masala “Fatavoyi Qozihon”da ham zikri kelgan.

Ayol kishi ham uyidagi sajdagohidan boshqa joyga chiqmaydi. Bu masala “Muhiytus - Sarahsiy”da ham kelgan. Agar ayol kishi masjiddagi e’tikofida taloq qilinsa u uyiga qaytib e’tikofini kelgan joyidan davom ettiradi. Bu masala “Tabyin”da ham kelgan.

  1. Jinsiy aloqa qilish.
  2. Telbalik yoki mastlik sababli aqlsiz xolatga kelish.
  3. Murtadlik (Allox bundan o‘zi saklasin!).
  4. Poklikni ketkazgani uchun hayz va nifos qonlarining kelish.

Allohim barchamizga bu oxirgi “Jahannamdan ozod bo‘lish” kunlari muborak bo‘lsin. Bu keltirilgan masalalarni juda ham ehtiyotkorlik ila amal qilishimizni nasib aylagin.

Allohumma solli va barik ala nabiyyina Muhammad va ala olihi va sohbihi ajma’iyn va toyyibiynat tohiriyn.

Toshkent islom instituti “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi kabinet mudiri

Urol Nazar Abdusalom Termiziy “Fatavoyi Hindiya” asosida tayyorladi.

Ramazon
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Payg‘ambarlik vahiy bilan namoyon bo‘ladi

10.08.2026   5224   15 min.
Payg‘ambarlik vahiy bilan namoyon bo‘ladi

Rabbining elchisi ekanini tasdiqlash uchun har payg‘ambarga ham xos kitob nozil bo‘lishi shart emas

 

Olimlar payg‘ambarni bunday ta’riflagan: «Payg‘ambar – shariat vahiy qilingan inson». Demak, payg‘ambarlik Alloh taoloning O‘zi bandalari orasidan tanlab olgan zotga vahiy nozil qilishi orqali yuzaga chiqadi. Alohida kitob tushishi payg‘ambarlik shartlariga kirmaydi. Bunga quyidagi dalillar dalolat bo‘ladi.
 

1. Payg‘ambarlik xabari vahiy orqali yetkaziladi. Alloh taolo biror bandasini payg‘ambarlik yo elchilikka tanlar ekan, unga saylanganini bildirib qo‘yadi. Bu bildirish nubuvvat va risolatning asosi bo‘lgan vahiyning bir turidir. Undan keyin Alloh taolo o‘sha payg‘ambarga kitob nozil qilishi ham, qilmasligi ham mumkin.


Nubuvvat xabari ba’zan kitob tushishi bilan boshlanadi. Masalan, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ilk vahiy bo‘lib Alaq surasining «Yaratgan Zot bo‘lmish Parvardigoringiz nomi bilan o‘qingoyati nozil qilingan. Biroq payg‘ambarlik ko‘pincha kitob tushishidan boshqa yo‘llar bilan boshlangan va aksar payg‘ambarlarda shunday bo‘lgan.


2. Nubuvvatning tasdig‘i payg‘ambarning so‘zlari va u keltiradigan mo‘jizalarga bog‘liq. Alloh taolo tanlagan bandasiga payg‘ambarlik berganidan keyin odamlar orasida bu nubuvvat va risolatning haqiqiyligi faqat ikki hodisa bilan sobit bo‘ladi:


Birinchisi: Payg‘ambar o‘z ummatiga: «Alloh taolo meni sizlarga payg‘ambar va elchi qilib yubordi», deb e’lon qiladi.


Ikkinchisi: Alloh taolo ushbu da’voni tasdiqlash uchun o‘sha zot orqali mo‘jiza ko‘rsatadi.


Payg‘ambarning «Men Allohning elchisiman, Alloh meni sizlarga nabiy qilib yubordi» degan so‘zlari tilovat qilinmaydigan vahiy (ya’ni, muqaddas kitobning bir qismi) bo‘lib, payg‘ambarlikning, elchilikning, shariat va dinga oid barcha hukmlarning haqligini e’tirof etish mana shu so‘zning tasdig‘iga tayanadi.


3. Kitobning ilohiyligi g‘ayri matluv (tilovat qilinmaydigan) vahiy bilan tasdiqlanadi: Alloh taolo biror elchisiga kitob nozil qilganida, u payg‘ambarga tushishi hamono «Allohning huzuridan tushgan kitob» bo‘lib qolmaydi, ya’ni odamlar buni birdan bila qolmaydi. Bu kalom Alloh taoloning huzuridan tushganini sobit qilish elchining «Bu kitob Alloh taoloning huzuridan nozil qilingandir» degan so‘zlari orqali amalga oshadi.


Demak, rasullarning bu guvohligi Alloh taolo ularga bildirgan tilovat qilinmaydigan vahiydir. Kitob ko‘rinishidagi tilovat qilinadigan vahiyning haqligi mana shu tilovat qilinmaydigan vahiy ustiga bino bo‘ladi.


4. Agar payg‘ambarlik faqat kitob tushishi bilan amalga oshadi, deb hisoblansa, unda o‘ziga kitob nozil qilinmagan barcha haq payg‘ambarlarning nubuvvati botil bo‘lib qolgan bo‘lardi. Shuningdek, bunday payg‘ambar minglab mo‘jizalar ko‘rsatib, rostgo‘yligiga minglab dalillar keltirsa ham, hech kim unga imon keltirishga majbur bo‘lmas va bu gunoh sanalmas edi.


Vaholanki, Alloh taolo alohida kitob tushirmasdan minglab payg‘ambarlar yuborgani barchaga ma’lum va ijmo’ qilingan (barcha ulamolar bir ovozdan tasdiqlagan, haq deb ittifoq qilgan) haqiqatdir. Alloh u zotlarga yo tilovat qilinmaydigan vahiy orqali bildirilgan hukmlarga amal qilishni, yo o‘zidan oldingi payg‘ambarlarning kitobiga muvofiq ish tutishni buyurgan. Masalan, Muso alayhissalomdan keyin Bani Isroilga yuborilgan payg‘ambarlar Tavrotga amal qilinishiga mas’ul edi. Alloh taolo Iso alayhissalom haqida bunday deydi: «Iso ibn Maryam: «Ey Bani Isroil, albatta, men o‘zimdan oldin kelgan Tavrotni tasdiqlovchi va mendan keyin keluvchi Ahmad ismli Rasulning bashoratini beruvchi, Alloh sizlarga yuborgan Payg‘ambarman», deganini eslang. (Ahmad) ularga haq bilan kelgan vaqtda esa, bu ochiq-oydin sehrdir dedilar» [Sof surasi, 6-oyat].


Iso alayhissalomga ham Bani Isroilning boshqa payg‘ambarlari kabi Tavrot hukmlariga amal qilish buyurilgan edi. Payg‘ambarlarga kitob tushmagan bo‘lsa-da, ularni yolg‘onchiga chiqargan qavmlarni Alloh taolo turli azoblarga mubtalo qildi va bu jazolarning bir qismini Qur’oni karimda bayon etib ham o‘tdi.


5. Kitoblar va sahifalar faqatgina ba’zi payg‘ambarlar va nabiylarga nozil qilingani, ularning aksariyatiga esa hech qanday kitob ham, sahifa ham tushmagani ijmo’ qilingan haqiqatdir. Ularga faqat vahiyning o‘zi – kitobsiz, sahifasiz – nozil qilingan. Shu bilan payg‘ambarligi mukammal, nubuvvati sobit bo‘lgach, ular yuborilgan qavmlar uchun hujjat-dalil tayyor holatga kelgan va endi odamlar imon keltirish va ergashishga majbur bo‘lgan.


6. Mana Bu qissa Shuaro, Naml, Qasas, Toha va Noziot suralarida bayon qilingan bo‘lib, voqealar Muso alayhissalomga Tavrot nozil qilinishidan oldin yuz bergan. Alloh taolo ushbu qissada Musoning bir qibtiyni (qibtiylar – qadimgi Mirs xalqi) o‘ldirib qo‘ygani sababli Fir’avn va uning qavmidan qochib, Misrdan chiqib ketganini, Madyan tomon yo‘l olganini va u yerdagi solih kishining qiziga uylanganini zikr qiladi. Keyin u ahli ayoli bilan Misrga qaytayotganda Tur tog‘i tomonida bir olovni ko‘rib qoladi. Alloh taolo aytadi: «Bas, u(olov)ga kelganida, nido qilindi: «Ey Muso! Albatta, Men O‘zim sening Rabbingdirman. Kavushlaringni yech. Chunki sen muqaddas Tuvo vodiysidasan. Men seni ixtiyor qilib oldim. Vahiy qilinadigan narsaga quloq os. Albatta, Men, O‘zim, Allohdirman. Mendan o‘zga iloh yo‘q. Bas, Menga ibodat qil va meni zikr etish uchun namozni to‘kis ado et» [Toha surasi, 11-14-oyatlar].


Alloh azza va jalla unga payg‘ambar ekanini xabar qildi va unga vahiy qilinayotgan narsaga quloq tutishni, ibodat qilish va namozni ado etishni buyurdi. So‘ng Haq taolo ikki mo‘jiza bo‘lishi uchun unga qo‘lidagi asoni tashlashni, keyin esa qo‘lini qo‘yniga qo‘yishni buyurdi. Shundan keyin buyuk Zot unga Fir’avn huzuriga borishni amr etdi: «Biz senga buyuk mo‘jizalarimizni ko‘rsatish uchun (shunday qildik). Fir’avnga bor, albatta u tug‘yonga ketdi», dedi». [Toha surasi, 23-24-oyatlar].


So‘ngra Alloh taolo Muso alayhissalom bilan Fir’avn o‘rtasida nimalar bo‘lganini zikr qiladi.


Demak, Fir’avnga Muso alayhissalomning da’vati yetib borishi va bu da’vatga ulkan mo‘jizalar hamroh bo‘lishi bilan hukmdor uchun hujjat qoyim bo‘lgan edi. Vaholanki, u paytda Muso alayhissalomga hali Tavrot nozil qilinmagandi. Chunki, Tavrot u zot Bani Isroil bilan birga Misrdan chiqib ketgani va Fir’avn g‘arq qilinganidan keyin nozil bo‘lgan. Bu Qasas surasidagi oyatlarda bayon etilgan.


Shunday qilib, hujjat vahiy nozil bo‘lganidan keyin da’vatning yetib borishi va unga mo‘jizalar hamrohlik qilishi bilan qoyim bo‘ladi. Faqat kitob bilangina qoyim bo‘lganida edi, Fir’avn uchun hujjat kuchga kirmagan va Alloh taolo tomonidan unga va qavmiga dalilsiz azob berilgan bo‘lar edi. bu esa, Al-Adl bo‘lgan Allohning sifatiga umuman to‘g‘ri kelmaydi.


Yuqorida zikr qilganlardan kelib chiqib aytish mumkinki, vahiylarning hammasi ham tilovat qilinadigan emas, balki ba’zida kitobsiz va sahifasiz ham bo‘lishi mumkin. Payg‘ambarlikning yuzaga chiqishi va sobit bo‘lishida asosiy mezon – vahiyning nozil bo‘lishi. Kitob esa Alloh taolo elchilari orasidan saralab olgan zotlarga xoslab berilgan vahiydir.


7. Payg‘ambarlik kitob tushishi bilan emas, balki vahiy nozil bo‘lishi bilan amalga oshishiga va vahiylarning hammasi ham tilovat qilinadigan emasligiga dalolat bo‘ladigan jihatlardan yana biri – Alloh taoloning biror kitobi borligi ma’lum bo‘lmagan va Alloh taolo kitob ato etmagan payg‘ambarlari bilan so‘zlashganidir. Biz bu so‘zlashuvlarni Haq taolo so‘nggi Kitobida zikr qilgani tufayli bilganmiz. Quyida Qur’oni Karimda Alloh taoloning kitob nozil qilinmagan payg‘ambarlari bilan so‘zlashgani haqida hikoya qilingan voqealardan namunalar keltiramiz.


1. Odam alayhissalom bilan. Alloh taolo aytadi: “Va: “Ey Odam, sen o‘z jufting ila jannatda maskan top. Unda nimani xohlasalaringiz, yenglar, osh bo‘lsin, faqat mana bu daraxtga yaqin kelmanglar, bas, u holda zolimlardan bo‘lasizlar”, dedik” [Baqara surasi, 35-oyat].

Haq taolo dedi: “Rabbi ularga nido qilib: «Sizlarni ana o‘sha daraxtdan qaytargan emasmidim va, albatta, shayton ikkovingizga ochiq-oydin dushmandir, demaganmidim?!» dedi» [A’rof surasi, 22-oyat].

Bu voqealar ular Yerga tushirilishidan oldin, jannatda bo‘lganida yuz bergan.

Ular Yerga tushirilganidan keyin Alloh taolo bunday degan: “Odam o‘z Rabbidan so‘zlarni qabul qilib oldi, keyin U Zot uning tavbasini qabul qildi. Albatta, U tavbani qabul qiluvchi va rahmli Zotdir” [Baqara surasi, 37-oyat].

Bu ham Odam alayhissalomga biror kitob nozil qilinmasdan oldin bo‘lgan ishlar sirasidandir.


2. Nuh alayhissalom bilan. Haq taolo Nuh alayhissalom bilan uning qavmi o‘rtasida kechgan voqealarni zikr qilganidan keyin bunday deydi: “Va Nuhga: «Qavming orasidan avval imon keltirganlardan boshqa hech kim imon keltirmas va ularning qilmishlaridan qayg‘uga tushmagin. Bizning rioyatimiz va vahiyimiz ila kema yasagin hamda zulm qilganlar to‘g‘risida Menga gap ochmagin, albatta, ular g‘arq bo‘lguvchilardir», deb vahiy qilindi. U kema yasamoqda. O‘z qavmidan bo‘lgan zodagonlar qachon oldidan o‘tsalar, uni masxara qildilar. U: «Agar bizni masxara qilsangiz, biz ham xuddi siz bizni masxara qilganingizdek sizlarni masxara qilamiz. Bas, yaqinda kimga sharmanda qiluvchi azob kelishini va kimning ustiga muqim azob tushishini bilib olursiz», dedi. Toki Bizning amrimiz kelib, tannur favvora otganda: «U (kema)ga har narsadan bir juftdan va ahlingdan avval so‘z ketmaganini va imon keltirganlarni ol», dedik. U bilan birga imon keltirganlar juda oz edi. U: «Kemaga mininglar, uning yurishi ham, turishi ham Allohning ismi ila bo‘lur. Albatta, Rabbim mag‘firatli va rahmlidir», dedi. U (kema) ularni tog‘lardek to‘lqinda olib ketayotganida, Nuh bir chetda turgan o‘g‘liga: «Ey o‘g‘lim, biz bilan birga (kemaga) mingin, kofirlar bilan birga bo‘lmagin», dedi. U (o‘g‘il): «Toqqa joylashib olsam, meni suvdan saqlaydi», dedi. U esa: «Bugun Allohning amridan saqlovchi yo‘qdir. Kimga rahm qilsagina (saqlar)», dedi. Shunda ular orasini to‘lqin to‘sdi va u (o‘g‘il) g‘arq bo‘lganlardan bo‘ldi. «Ey Yer, suvingni yutgin, ey osmon, o‘zingni tutgin», deyildi. Suv quridi. Farmon bajarildi va (kema) Judiy (tog‘i)ga joylashdi. «Zolim qavmlar yo‘qolsin!» deyildi. Nuh Rabbiga nido qilib: «Rabbim, albatta, o‘g‘lim ahlimdandir, albatta, va’dang haqdir va Sen hukm qilguvchilarning eng hikmatlisisan», dedi. U Zot: «Ey Nuh, albatta u (o‘g‘il) ahlingdan emas. Albatta, u yaxshi amal emasdir. O‘zing bilmagan narsani zinhor so‘ramagin. Men senga johillardan bo‘lmasligingni nasihat qilaman», dedi. U: «Rabbim, men o‘zim bilmagan narsani Sendan so‘ramoqdan panoh tilayman. Agar meni mag‘firat qilmasang va menga rahm ko‘rsatmasang, ziyon ko‘rguvchilardan bo‘laman», dedi. «Ey Nuh, Bizdan senga va sen bilan birga bo‘lgan ummatlarga tinchlik va barakotlar ila (kemadan) tushgin. Yana bir ummatlar bo‘lur, ularni biroz huzurlantirurmiz, so‘ngra ularni bizdan bo‘ladigan alamli azob tutar», deyildi” [Hud surasi, 36-48-oyatlar].


So‘ng Alloh taolo Payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga dedi: “Ana shu g‘ayb xabarlarini sizga vahiy qilmoqdamiz. Bundan oldin ularni siz ham bilmas edingiz va qavmingiz ham. Bas, sabr qiling, albatta, oqibat taqvodorlarnikidir” [Hud surasi, 49-oyat].


Xo‘sh, Alloh taoloning Nuh alahissalomga bu vahiysi va unga qaratilgan xitobi biror kitobda kelganmidi?! Yoki bu Alloh taolo unga to‘g‘ridan to‘g‘ri so‘zlagan xitob bo‘lib, u yerda o‘qiladigan hech qanday kitob bo‘lmaganmidi?!


Ushbu oyatlarning uslubi va undagi nidoning yo‘sini Alloh taoloning Nuh alayhissalomga to‘g‘ridan to‘g‘ri xitob qilganini, o‘qiydigan biror kitobni nozil etish orqali amr etmaganini ko‘rsatadi.


3. Yusuf alayhissalom bilan. U quduq tubida yotganda Alloh taolo vahiy qilib, hali akalariga ularning qilmishlari haqida xabar berajagini aytdi: “Bas, uni olib ketishgach va uni quduqning qa’riga tashlashga kelishib olishgach (uni amalga oshirdilar), (Biz) unga: «Bu ishlari to‘g‘risida ularga (kezi kelganda), albatta, xabar berursan, vaholanki, ular (Yusuf ekaningni) sezmaydilar», deb vahiy qildik.” [Yusuf surasi, 15-oyat]. Keyinchalik u Misr azizi (Bosh vaziri) bo‘lganidan keyin ularga bu haqda xabar berdi.


Xo‘sh, u quduqda bo‘lganida kelgan bu vahiy haqiqiy vahiy bo‘la turib, tilovat qilinadigan vahiymidi (muqaddas kitobning bir qismi edimi)? Yo‘q, u g‘ayri matluv vahiy edi.


Alloh taolo payg‘ambarlariga xitobni tilovat qilinadigan vahiy ko‘rinishida (kitob holida) tushirmagani borasidagi oyatlar bular bilan cheklanmaydi. Qur’oni karimda bunday oyatlar juda ko‘p bo‘lib, eslatib o‘tish maqsadida ozginasini keltirish bilan kifoyalandik, xolos.


Demak, payg‘ambarlikning asosi alohida bir kitob nozil bo‘lishiga emas, balki bevosita Alloh taoloning tanlangan bandasiga vahiy yuborishiga bog‘liqdir. Qur’oniy qissalar va tarixiy dalillar ko‘rsatganidek, vahiylar faqatgina kitob shaklidagi (tilovat qilinadigan) matnlardan iborat bo‘lmay, ko‘p hollarda payg‘ambarlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri bildirilgan (tilovat qilinmaydigan) ilohiy xitoblar ko‘rinishida kelgan. Shu sababli insoniyatga haqiqatni yetkazish va ularga qarshi ilohiy hujjatni qoyim qilish uchun faqatgina vahiyning o‘zi yetarli bo‘lgan, kitob esa Alloh taolo O‘zi xohlagan elchilarigagina ato etgan maxsus vahiydir.

Nurmuhammad Matkarimov,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot

markazi ilmiy xodimi


Mazkur maqolaga 

.Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2026 yil 7 iyuldagi 02/2 -sonli xulosasi olingan

Maqolalar