Dunyo musulmonlari muborak Ramazonning beqiyos kunlarini boshdan kechirmoqda. Har bir mo‘min imkoniyati yetganicha ibodatlarini ado etmoqda, orttirib berilajak savoblarga munosib bo‘lishga bel bog‘lagan. Buning uchun, sharafli oyni risoladagidek o‘tkazish – ro‘za tutish, yaxshiliklarga shoshilish, taroveh namozlarida ishtirok etish, qarindoshlar holidan xabar olish va boshqa Ramazon oyi uchun sharafli bo‘lgan amallarni ado etish uchun imkoniyatlarimiz yetarli, keng yo‘l ochib berilgan.
Hadisi sharifda: «Ikki ne’mat borki, undan ko‘p kishilar mahrumdirlar, bu ne’matlar - salomatlik va xotirjamlikdir», deyiladi.
Jahonga nigoh tashlaymiz: ehtimol musulmon mamlakatlarda bu ayyom o‘ziga xos dabdaba bilan kutib olinar. Biroq, hamma davlatda ham osoyishtalik hukmron emasligini tunu kun uzatib turiladigan yangiliklardan ko‘rib, eshitib turibmiz. Manbalarda yozilishicha, islom tarixida bu oyda ko‘plab jangu jadallar to‘xtatilgan, tinchlik oyi sifatida qadrlangan. Ammo, bugun olamda sodir bo‘layotgan ko‘plab fojealar aynan ayrim razil kimsalar dastidan, terror atalmish balolar “sharofati bilan” ekanligini anglash qiyin emas. Ular din niqobi ostida faoliyat yuritsalar-da, muborak oyni hurmat qilmayotganlari hammaga birdek ayon. Ana shunday johillar borligi bois notinchlik va sarsonlikka barham berilmayapti, ko‘plab insonlar qutlug‘ oyda ham aziyat chekmoqda.
Internet saytlaridagi yoki dunyo kanallaridagi jahon yangiliklariga e’tibor berganmisiz, bugun dunyoda naqadar ayanchli voqealar sodir bo‘lmoqda. Mana birgina 18 iyun kungi yangiliklarda qanchalar ko‘p yo‘qotishlar va achinarli manzaralar mavjud ekanligiga misol keltiramiz:
Qohira yaqinidagi portlash oqibatida politsiya halok bo‘ldi...
Kolumbiya poytaxtida portlash sodir etildi, qurbonlar bor...
Portugaliyada o‘rmon yong‘inlari oqibatida 19 kishi halok bo‘ldi...
Italiyada kema prichalga urilishi oqibatida 55 kishi halok bo‘ldi...
Afg‘onistonda 5 xudkush hujum qilib, 2 politsiyachini o‘ldirdi...
Portugaliyadagi yong‘in qurbonlari soni ortmoqda, qurbonlar 60 nafarga yetdi...
Afg‘onistonda pokistonlik diplomatlar izsiz yo‘qoldi...
Iroq harbiylari Mo‘sul markazini egallash uchun hujum boshladi...
Yamanda 151 mingdan ziyod vabo kasalligi qayd etildi, bir yarim mingga yaqin kishi vafot etdi...
Kobulda jangarilar amerikalikni o‘g‘irlashdi...
Turkiyada 731 nafar harbiy ovqatdan zaharlandi...
Germaniya aeroportida terror tahdidi tufayli yo‘lovchilar evakuatsiya qilindi...
Eron Suriyadagi jangarilar bazasiga raketalar bilan zarba berdi...
(Kun.uz saytidan, 18 iyun yangiliklari asosida)
Ha, zamin bir kunda qanchadan qancha yo‘qotishlarni boshdan kechirmoqda, necha-necha insonlar mashaqqatda yashamoqda, eng afsuslanarlisi aksariyat hollarda bunday ayanchli oqibatlarga xudbin va razil kimsalar sababchi bo‘lmoqdalar.
Bu xabarlarni eshitganimizda teran fikr yuritishimiz lozim. Ana shunda biz kundalik tashvishlardan, arzimas sabablar bilan bekorga noliyotganimizni anglab yetamiz.
Bizlar uyqumizdan bazo‘r uyg‘onib, erinibgina saharlik qilayotganimizda, dunyoning qayeridadir to‘s-to‘polondan, tuni bilan tinmagan o‘q ovozidan ko‘z yummagan jonlar ro‘zani sarosimada tutishni boshlayotganini his qilamizmi?
Kuni bilan issiqdan qochib, sovuq xonalarda jon saqlab, Qur’on o‘qishga ham malollanib, hatto ro‘zani pesh qilib, kundalik yumushlarimizni ortga surib dangasalikka erk bergan kunlarimizda, zaminning bir burchagida uysiz, boshpanasiz, biror soyasiz ko‘chada qolgan ro‘zadorlar borligini tasavvurimizga sig‘dirolmaymiz...
Iftorlikka yaqin tanamizda his qilgan ochlik, tashnalikning qiyinchiligi bilan so‘zlarimizga erk beramiz, ishlab charchaganimizni ro‘kach qilamiz, hali vaqt bo‘lsa-da dasturxon tayyor emasligidan yaqinlarimizni koyiymiz. Sabr lozim mahalda besabrlikni lozim tutamiz. Duolar ijobat pallani bekorchi ishlarga safarbar etamiz, telefonda o‘yin o‘ynaymiz, bema’ni suhbatlarga berilamiz. Yaqinlarimizga yordam berishga malollanamiz, og‘iz ochgandan so‘ng esa, Allohga shukrona keltirishni unutgan holda tanovulga sho‘ng‘iymiz... Bilmaymizki, ana shu lahzalarda qayerlardadir, og‘zini ochganu yeyishga bir narsa topolmagan zamindoshlar holatini o‘ylamaymiz... biz bir necha soat his qilgan ochlik hissini ular necha kunlab totdi ekan a, qultum suvga yetishganda necha bor shukrona aytganlarini biz ham tanamizda sinab ko‘rdik. Biroq, biz yetishgan ne’matlarning naqadar hisobsizligini hech o‘ylab ko‘rganmizmi?
Bir kunda necha bor ezguliklar qilishga imkoniyatimiz bor, lekin xohlamaymiz. Ko‘cha-ko‘yda ketayotganimizda, kimgadir yo‘l ko‘rsatish, transportda joy berish, yig‘lagan bolajonlarni yupatish, keksalarga ko‘mak berish kabi biz uchun qiyin bo‘lmagan, biroq kimdir bundan juda xursand bo‘ladigan ishlarni qilishni unutib qo‘yamiz. Axir Ramazonning fayzi ana shu xayrlarimiz bilan yanada oshadiku!
Oilamiz, yaqinlarimizga qo‘pollik qilishda davom etamiz, arzimagan sabab bilan janjal qilishni o‘zimizga ep ko‘ramiz. Ota-onalarimiz oldidagi odobni-da unutib qo‘yamiz. Ularning borliklari uchun shukrlar aytish u yoqda tursin, ba’zan dillarini og‘ritib qo‘yganimizni ham bilmay qolamiz. Ramazon oyida bu kabi dilxiraliklar aslo mumkin emasligini unutdikmi? Sharafli oyda yaxshi fazilatlarimizni namoyon etsak, Ramazonda odatlanganimiz – sabr va yaxshi xislatlarimiz yil davomida bizga hamroh bo‘lishi mumkinligini bilmaymizmi?
Payg‘ambarimiz Rasululloh (s.a.v.): “Kimki bir kun o‘z oilasi ichida tinch, tani sog‘ bo‘lib tursa va oldida shu kuniga yetarlik taomi bo‘lsa, u odamga go‘yo butun dunyo berilgan hisoblanadi”, degan ekanlar. Allohga shukronalar bo‘lsinki, har birimiz ana shu in’omlardan bahramandmiz.
Shukrki, bugun yurtimizda qayoqqa qaramang, Ramazon shukuhi! Oilalarda totuvlik, dasturxonlarimiz to‘kin-sochin. Mahallada qo‘shnilar bir-biriga oqibatli, shirin so‘zini, muruvvatini ayamaydi. O‘zaro issiq nonu bir kosa ovqati bilan ko‘ngillarni ko‘taradilar. Bundayin muruvvatli, mehr-oqibatli el qayerda bor yana. Davlat Rahbarining shaxsan o‘zlari xalq qayg‘usini barobar chekadi, bu biz uchun baxt emasmi? Har bir muammoni dildan eshitib hal qilishni niyat qilgan, qayerdadir adashib yurgan yurt farzandiga otasidan-da ko‘proq jon koyitgan Yurtboshi yana qayerda bor? Bunday muruvvatni hech qaysi davlatdan topish mumkin emas.
Bir o‘ylab ko‘ring, shunday sharoitda ham nolish mumkinmi? Shunda ham noliganlarni “nonko‘r” deyish kerak. Shunday mehr-oqibatdan, imkoniyatdan yuz o‘girib Vatan yuziga oyoq qo‘yganlarni “inson” deb atash-da noto‘g‘ridir.
Aziz yurtdoshim! Atrofga teran nazar tashlaylik. Loqaydlikka yo‘l qo‘ymaylik. Shukronaga arzirli ne’matlarimiz sanoqsiz, ularni asrab avaylaylik! Hamisha ogoh bo‘laylikki, bizning buyuk ne’matimiz – tinchligimizni buzishga yo‘l qo‘yilmasin. Osmonimiz musaffoligi yo‘qolmasin. Ana shunda avlodlarimizga ham bizdan mana shunday go‘zal va osoyishta diyor qoladi, inshaalloh. Muborak Ramazonda duo qilaylik, yurtdoshlarimizdan hech biri to‘g‘ri yo‘ldan adashmasin, imonidan ayrilmasin.
Sharifa G‘ANIYEVA,
“Ziyo” studiyasi muharriri