Pokiston poytaxti Islomobod shahridagi “Alloma Iqbol” universitetida “Ramazon risolasi” mavzuida anjumani bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur anjumanda Pokiston Xalqaro Islom universiteti Da’vat akademiyasi mudiri, Professor Suhayl Hasan “Qur’oni karim va sunnati nabaviyyaga ergashish – muvaffaqiyatga erishish yo‘li” mavzusida ma’ruza qiladi.
Anjumanni o‘tkazishga mezbonlik qilayotgan “Alloma Iqbol” universiteti mudiri o‘rinbosari Siddiqiyning aytishicha, mazkur “Ramazon risolasi” mavzuidagi anjumanni o‘tkazishdan talabalarga Qur’oni karim va sunnati nabaviyya ko‘rsatmalarni o‘rgatish va ularni kundalik hayotiga tatbiq etishga qiziqtirish maqsad qilingan.
Ma’lum bo‘lishicha, Islomoboddagi “Alloma Iqbol” universitetining 44 ta filialida Ramazon oyi davomida Qur’oni karim tilovati, Ramazonga oid ma’ruzalar va talabalar o‘rtasida turli musobaqalar o‘tkazilmoqda. Mazkur universitet dunyodagi nufuzli Islom universitetlaridan biri hisoblanadi.
Xalqaro aloqalar bo‘limi xodimi
Ilyosxon Ahmedov tayyorladi.
Bir yigit masjidga kelib biroz o‘tirgach, imomga e’tiroz bildirdi:
– Endi masjidga kelib o‘tirmasak ham bo‘larkan...
Imom undan nima uchun bunday deganining sababini so‘radi. Yigit yon-atrofdagi hamma odam telefonga qarab o‘tirgani, ba’zilari o‘zaro gaplashayotgani uchun shu gapni gapirganini aytdi.
Imom biroz o‘ylab turgach, bunday dedi:
– Yaxshi, e’tirozing o‘rinli. Men bu haqda odamlarga eslatib turibman. Lekin sen endi masjidga kelmoqchi bo‘lmasang bir ish qilib ket.
Yigit rozi bo‘ldi. Imom unga bir piyolani to‘ldirib suv berdi va shu suvni bir tmchi ham to‘kmasdan masjidning ichini bir aylanib chiqishini iltimos qildi. Yigit bor diqqat-e’tiborini jamlab, ohista qadamlar bilan, ikki ko‘zini piyoladan uzmagan holda vazifani muvaffaqiyatli ado etdi.
Imom unga dedi:
– Barakalloh! Endi menga ayt-chi, sen shu topshiriqni bajarayotganingda kimlar gapirib o‘tirdi, kimlar telefoniga qaradi?
Yigit javob berdi:
– Men qayerdan bilay, axir butun diqqatim suvni to‘kib qo‘ymaslikda edi.
Imom dedi:
– Ana ko‘rdingmi? Sen topshiriqni bajarayotganingda butun fikru hayolingni bir joyga jamlading. Allohning huzurida turganimizni his qilib, xayolimizni ibodatga, Uning zikriga qaratsak, boshqalarning xatosini ko‘rishga vaqtimiz ham qolmaydi. Albatta, kimdir xato qilsa bu sening hidoyatdan yuz burib ketishingga sabab bo‘lmasligi kerak. Chunki xato dinniki yo masjidniki emas, balki bandaniki...
Yigit o‘ylab ko‘rib, xato qilganini tushundi. Keyingi jamat namozlarida xushu bilan qatnashishda davom etdi.
Akbarshoh RASULOV