Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Yanvar, 2025   |   8 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:30
Shom
17:14
Xufton
18:33
Bismillah
08 Yanvar, 2025, 8 Rajab, 1446

Qur’on haqiqati

19.06.2017   9554   8 min.
Qur’on haqiqati

“Qur’onni o‘rgangan sari uning mukammal va ulug‘ligini tushuna boramiz. Jozibador Qur’on toboro insonni hayratga sola boshlaydi, o‘ziga maftun etadi. Kishini o‘zini hurmat qilishga majburlaydi va shu tahlit hammaga ta’sir qiladi”

Edmund, ingliz mutafakkiri

*    *    *

 

“Qur’on insonlarga mukammal tarbiya darsi berishidan tashqari, ularga shaxsiy hayotlarida axloqli, olijanob, xayrparvar, jasur va g‘ayratli bo‘lishni, hamda butun musulmonlarni sevishni o‘rgatadi”.

Arnold Xovard

*    *    *

        

“Tarixda insoniyat yaratgan hech bir qonun bir lahza bo‘lsa ham, o‘zining komil suratini ko‘rsata olmagan. Ammo Qur’oni karim hukmron bo‘lgan davrida o‘zining har tomonlama komilligini ko‘rsatib, arablar o‘rtasida aql bovar qilmaydigan ijtimoiy va ma’naviy islohotlar o‘tkazgan”.

O.Peri, tarixchi olim

*    *    * 

 

“Qur’onga oshno bo‘lgan har bir inson ushbu ilohiy kitobning betakrorligini e’tirof etmasdan iloji yo‘q. Uning uslubidagi o‘ziga xoslik shunchalar makammalki, biror bir Yevropa tiliga tarjima qilinganda undagi mazmunni to‘la qamrab olish mumkin emas”.

Edvar Montening  “Qur’onning fransuz tiliga tarjimasi” kitobidan

*    *    *

 

“Biz nimalarni kashf qilgan bo‘lsak, bir necha yuz yil avval kelgan Qur’onda ularning barchasi mujassam. Demak u Allohning so‘zidir”.

Joli Samson, professor-ginekolog

*    *    *

 

“Qur’on shubhasiz ilohiy kitobdir. Uning eng ulug‘ va mo‘jizaviy kitob ekanini inkor etishga bo‘lgan urinish qachon va kim tomonidan, qanday ko‘lamda bo‘lmasin, barchasi chippakka chiqaveradi”.

Volfgang fon Gyote, nemis adibi

*    *    *

 

“Qur’on Jabroil (a.s.) vositasida Muhammad (s.a.v.)ga so‘zma-so‘z o‘qib berilgan Allohning kalomidir. U Alloh va uning elchisi Muhammad (s.a.v.)ning haqligini isbotlaydigan mo‘jizadir. U shunchalik ulug‘vor va mukammalki, birorta inson yoki jin uning eng qisqa surasining ham o‘hshashini keltirolmaydi. Bundan tashqari, undagi kelajak haqidagi ma’lumotlar, Muhammad (s.a.v.) aslo o‘zicha ayta olmaydigan, aql bovar qilmas bilimga asoslangan”.

Xerri Gaylordning “Islomni tushunish siri” asaridan

*    *    *

 

“Musulmonlarning tahsili va tarbiyasi oshib borgani sari, fikrlari ham shu nisbatda Qur’onga tayanaveradi”.

Doktor Morris

*    *    *

 

“Qur’onda eng aqlli insonlar eng buyuk faylasuflar va eng qobiliyatli siyosatchilar ham ayta olmaydigan donishmandona hikmatlar majmuasini topish mumkin. Ammo Qur’onning ilohiyligiga yana boshqa dalil mavjud. Bu ham bo‘lsa, uning vahiy qilingan kundan buyon asrlar davomida hech buzilmasdan saqlanganidir”

Laura Vessianing ““Islom” nomiga bir sharh” nomli kitobidan

*    *    *  

“Qur’oni karimni har gal o‘qiganimda, men unga yanada yaqinlashaveraman. Go‘yo u xuddi shu bugun nozil bo‘lgandek va to‘g‘ridan to‘g‘ri menga murojaat qilayotgandek”.

Roja Gorami, fransuz faylasufi

*    *    *

 

“Qur’onning nozil bo‘lganiga XIV asrdan o‘tib borayotganiga qaramasdan, xuddi kecha nozil bo‘lgandek, bugungi hayotning dolzarb muammolarini sodda va adolatli hal etishi uning naqadar ulug‘ Kitob ekanligidan dalolat beradi”.

Libon, fransiyalik sharqshunos

*    *    *

 

Qur’onning xususiyatlaridan biri shuki, bir musulmon yoki har qanday inson Qur’onni qo‘liga olib har qaysi sahifasini ochib o‘qimasin, juda dolzarb bo‘lgan hayotiy g‘oyalar ko‘radi.

Jon Espozito, mashhur teolog

*    *    *

 

         “Qur’on insoniyatga o‘ta mos va odil qonunlarni o‘z ichiga olgan o‘zgacha Kitobdir. Uning oyatlariga o‘hshash oyatlar boshqa biror din manbaalarida yo‘q va inson unga o‘hshash oyatlarni yaratishga doimo ojizdir”.

Ronald Nikolson, sharqshunos olim

 

         Adabiy jihatdan qaraganda Qur’on yarim she’riy va yarim nasrda yozilgan arab tilining jozibasini namoyon etuvchi eng nodir namunadir.

Tilshunoslarning ko‘p hollarda Qur’onda qo‘llangan ma’lum qolip va ifodalarga taqlid qilganlari, Qur’onga teng keladigan biror asar yozish uchun bir necha marta uringanlari, ammo hanuzgacha bu borada muvaffaqiyatga erisholmaganlari ma’lumdir”.

F.Arbatnotning “Injil va Qur’onning tuzilishi” asaridan

*    *    *

 

Agar biror kishi mendan hayotdagi ajib narsa nima, deb so‘rasa, men Qur’onnning asrlar davomida o‘z mazmun va mohiyatini yo‘qotmasdan kelishi, deb javob berardim. Agar payg‘ambar Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) olib kelgan Qur’on hayotga tadbiq etilganida edi, bugungi kunda  insoniyat oldida ko‘ndalang turgan yechilmas muammolar bir lahzada hal bo‘lar edi”.

Jorj Bernard Shou, ingliz adibi

*    *    * 

“Qur’on, aqiydalar va axloqning insonlarga hidoyat va hayotda muvaffaqiyat baxsh etuvchi mukammal majaladir”.

Doktor Stayngis

*    *    *

 

“Qur’on ulamolarga ilmiy simpoziya kabi bo‘lib, lug‘atchilarga lug‘at qomusi, til o‘rganmoqchi bo‘lganlarga naxv muallimi, she’rni yaxshi ko‘radiganlarga aruz kitobi hamda huquqshunoslarga qonun-qoidalarni mujassam qilgan qomus ensiklopediyasidir. Undan oldin kelgan ilohiy kitoblarning birortasi ma’nolarining chiroyliligi va lafzlarining latifligi jihatidan Qur’on suralariga, hatto eng qisqa surasiga ham teng kelmaydi. Shu sababli biz rivojlanayotgan tabaqa kishilari musulmon ummatining bu kitobini mahkam ushlab, nutqlarini Qur’on oyatlari bilan ziynatlagan holda iqtiboslar keltirishayotganini, fikrlarini shu oyatlar bilan asoslayotganini ko‘ramiz”

 Doktor Muris Fransiy, fransiyalik sharqshunos

*    *    *

 

“Qur’onning axloqiy va madaniy saboqlari Islomning muhtasham qasrlariga bamisoli zarhal darvoza ishlangan kabidir”.

Chembers Ensiklopediyasi (Angliya)

*    *    *

        

“Qur’ondagi inson rivojlanishi haqidagi ifodalarning sharhlanishiga yordam qilish menga katta zavq bag‘ishlaydi. Men aniq ayta olamanki, bu ifodalarni hazrat Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Alloh bergan. Chunki bu bilimlarning ko‘pi yuz yillar davomida kashf qilinmadi. Bu menga bir narsani isbotlaydi: hazrat Muhammad sollallohu alayhi vasallam Allohning elchisidir”

 Professor Keyt Mur, Toronto universiteti professori

        

Munira ABUBAKIROVA

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi

 

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar

Qalbning zangini ketkazuvchi amal

8.01.2025   3450   3 min.
Qalbning zangini ketkazuvchi amal

Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.

Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.

Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.

Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.

Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.

Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.

Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.

Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.

Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.