“Qur’onni o‘rgangan sari uning mukammal va ulug‘ligini tushuna boramiz. Jozibador Qur’on toboro insonni hayratga sola boshlaydi, o‘ziga maftun etadi. Kishini o‘zini hurmat qilishga majburlaydi va shu tahlit hammaga ta’sir qiladi”
Edmund, ingliz mutafakkiri
* * *
“Qur’on insonlarga mukammal tarbiya darsi berishidan tashqari, ularga shaxsiy hayotlarida axloqli, olijanob, xayrparvar, jasur va g‘ayratli bo‘lishni, hamda butun musulmonlarni sevishni o‘rgatadi”.
Arnold Xovard
* * *
“Tarixda insoniyat yaratgan hech bir qonun bir lahza bo‘lsa ham, o‘zining komil suratini ko‘rsata olmagan. Ammo Qur’oni karim hukmron bo‘lgan davrida o‘zining har tomonlama komilligini ko‘rsatib, arablar o‘rtasida aql bovar qilmaydigan ijtimoiy va ma’naviy islohotlar o‘tkazgan”.
O.Peri, tarixchi olim
* * *
“Qur’onga oshno bo‘lgan har bir inson ushbu ilohiy kitobning betakrorligini e’tirof etmasdan iloji yo‘q. Uning uslubidagi o‘ziga xoslik shunchalar makammalki, biror bir Yevropa tiliga tarjima qilinganda undagi mazmunni to‘la qamrab olish mumkin emas”.
Edvar Montening “Qur’onning fransuz tiliga tarjimasi” kitobidan
* * *
“Biz nimalarni kashf qilgan bo‘lsak, bir necha yuz yil avval kelgan Qur’onda ularning barchasi mujassam. Demak u Allohning so‘zidir”.
Joli Samson, professor-ginekolog
* * *
“Qur’on shubhasiz ilohiy kitobdir. Uning eng ulug‘ va mo‘jizaviy kitob ekanini inkor etishga bo‘lgan urinish qachon va kim tomonidan, qanday ko‘lamda bo‘lmasin, barchasi chippakka chiqaveradi”.
Volfgang fon Gyote, nemis adibi
* * *
“Qur’on Jabroil (a.s.) vositasida Muhammad (s.a.v.)ga so‘zma-so‘z o‘qib berilgan Allohning kalomidir. U Alloh va uning elchisi Muhammad (s.a.v.)ning haqligini isbotlaydigan mo‘jizadir. U shunchalik ulug‘vor va mukammalki, birorta inson yoki jin uning eng qisqa surasining ham o‘hshashini keltirolmaydi. Bundan tashqari, undagi kelajak haqidagi ma’lumotlar, Muhammad (s.a.v.) aslo o‘zicha ayta olmaydigan, aql bovar qilmas bilimga asoslangan”.
Xerri Gaylordning “Islomni tushunish siri” asaridan
* * *
“Musulmonlarning tahsili va tarbiyasi oshib borgani sari, fikrlari ham shu nisbatda Qur’onga tayanaveradi”.
Doktor Morris
* * *
“Qur’onda eng aqlli insonlar eng buyuk faylasuflar va eng qobiliyatli siyosatchilar ham ayta olmaydigan donishmandona hikmatlar majmuasini topish mumkin. Ammo Qur’onning ilohiyligiga yana boshqa dalil mavjud. Bu ham bo‘lsa, uning vahiy qilingan kundan buyon asrlar davomida hech buzilmasdan saqlanganidir”
Laura Vessianing ““Islom” nomiga bir sharh” nomli kitobidan
* * *
“Qur’oni karimni har gal o‘qiganimda, men unga yanada yaqinlashaveraman. Go‘yo u xuddi shu bugun nozil bo‘lgandek va to‘g‘ridan to‘g‘ri menga murojaat qilayotgandek”.
Roja Gorami, fransuz faylasufi
* * *
“Qur’onning nozil bo‘lganiga XIV asrdan o‘tib borayotganiga qaramasdan, xuddi kecha nozil bo‘lgandek, bugungi hayotning dolzarb muammolarini sodda va adolatli hal etishi uning naqadar ulug‘ Kitob ekanligidan dalolat beradi”.
Libon, fransiyalik sharqshunos
* * *
Qur’onning xususiyatlaridan biri shuki, bir musulmon yoki har qanday inson Qur’onni qo‘liga olib har qaysi sahifasini ochib o‘qimasin, juda dolzarb bo‘lgan hayotiy g‘oyalar ko‘radi.
Jon Espozito, mashhur teolog
* * *
“Qur’on insoniyatga o‘ta mos va odil qonunlarni o‘z ichiga olgan o‘zgacha Kitobdir. Uning oyatlariga o‘hshash oyatlar boshqa biror din manbaalarida yo‘q va inson unga o‘hshash oyatlarni yaratishga doimo ojizdir”.
Ronald Nikolson, sharqshunos olim
Adabiy jihatdan qaraganda Qur’on yarim she’riy va yarim nasrda yozilgan arab tilining jozibasini namoyon etuvchi eng nodir namunadir.
Tilshunoslarning ko‘p hollarda Qur’onda qo‘llangan ma’lum qolip va ifodalarga taqlid qilganlari, Qur’onga teng keladigan biror asar yozish uchun bir necha marta uringanlari, ammo hanuzgacha bu borada muvaffaqiyatga erisholmaganlari ma’lumdir”.
F.Arbatnotning “Injil va Qur’onning tuzilishi” asaridan
* * *
“Agar biror kishi mendan hayotdagi ajib narsa nima, deb so‘rasa, men Qur’onnning asrlar davomida o‘z mazmun va mohiyatini yo‘qotmasdan kelishi, deb javob berardim. Agar payg‘ambar Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) olib kelgan Qur’on hayotga tadbiq etilganida edi, bugungi kunda insoniyat oldida ko‘ndalang turgan yechilmas muammolar bir lahzada hal bo‘lar edi”.
Jorj Bernard Shou, ingliz adibi
* * *
“Qur’on, aqiydalar va axloqning insonlarga hidoyat va hayotda muvaffaqiyat baxsh etuvchi mukammal majaladir”.
Doktor Stayngis
* * *
“Qur’on ulamolarga ilmiy simpoziya kabi bo‘lib, lug‘atchilarga lug‘at qomusi, til o‘rganmoqchi bo‘lganlarga naxv muallimi, she’rni yaxshi ko‘radiganlarga aruz kitobi hamda huquqshunoslarga qonun-qoidalarni mujassam qilgan qomus ensiklopediyasidir. Undan oldin kelgan ilohiy kitoblarning birortasi ma’nolarining chiroyliligi va lafzlarining latifligi jihatidan Qur’on suralariga, hatto eng qisqa surasiga ham teng kelmaydi. Shu sababli biz rivojlanayotgan tabaqa kishilari musulmon ummatining bu kitobini mahkam ushlab, nutqlarini Qur’on oyatlari bilan ziynatlagan holda iqtiboslar keltirishayotganini, fikrlarini shu oyatlar bilan asoslayotganini ko‘ramiz”
Doktor Muris Fransiy, fransiyalik sharqshunos
* * *
“Qur’onning axloqiy va madaniy saboqlari Islomning muhtasham qasrlariga bamisoli zarhal darvoza ishlangan kabidir”.
Chembers Ensiklopediyasi (Angliya)
* * *
“Qur’ondagi inson rivojlanishi haqidagi ifodalarning sharhlanishiga yordam qilish menga katta zavq bag‘ishlaydi. Men aniq ayta olamanki, bu ifodalarni hazrat Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Alloh bergan. Chunki bu bilimlarning ko‘pi yuz yillar davomida kashf qilinmadi. Bu menga bir narsani isbotlaydi: hazrat Muhammad sollallohu alayhi vasallam Allohning elchisidir”
Professor Keyt Mur, Toronto universiteti professori
Munira ABUBAKIROVA
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 21 apreldagi “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada yana bir muhim qadam bo‘ldi.
Mazkur hujjatning ahamiyati haqidaO‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori, taniqli dinshunos olim Muzaffar Komilov bilan O‘zA muxbiri suhbatlashdi.
– Muzaffar Murotovich, Prezidentimizning “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining ahamiyati haqida so‘zlab bersangiz.
– Haqiqatdan ham, muhtaram Prezidentimizning ushbu farmoni diniy-ma’rifiy sohaga davlat siyosati darajasidagi e’tiborning yana bir yorqin namunasi deyishimiz mumkin. “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonning mazmun-mohiyatini e’tiborga oladigan bo‘lsak, bugun bu sohaga alohida e’tibor va mehrni his qilib turibmiz.
Mazkur farmon mamlakatimizda diniy sohadagi davlat siyosatini yanada takomillashtirishga oid muhim hujjatlardan biri bo‘lib fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash, diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash va diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishda alohida ahamiyat kasb etadi.
4 ta bo‘lim 17 ta banddan iborat bo‘lgan farmonda bugun diniy-ma’rifiy sohada muammo bo‘lib turgan ayrim yo‘nalishlarni muhtaram Prezidentimizning o‘zlari alohida tahlillarga asoslangan holda ko‘rib chiqib, uning yechimilarini berdi.
Eng avvalo, bugungi murakkab sharoitda dunyoda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarni kuzatib, mamlakatimizda “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan xalqchil tamoyilga asoslangan islohotlar qanchalik muhim ekanligini ushbu farmondan ko‘rishimiz mumkin.
Farmonda belgilangan asosiy maqsadlar, fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash, har bir shaxsning dinga e’tiqod qilish yoki qilmaslik huquqini kafolatlash, diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘ymaslik, diniy bag‘rikenglik va konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash, turli dinlarga e’tiqod qiluvchi fuqarolar o‘rtasida o‘zaro hurmat va tushunish muhitini yaratishdan iborat.
Diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishda diniy ta’lim muassasalarini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va diniy-ma’rifiy sohadagi xalqaro hamkorlik bugun kun tartibida turgan dolzarb masalalardan ekanligini ko‘rib turibmiz.
Jamiyatda vijdon erkinligini kafolatlash, diniy bag‘rikenglik, fuqarolararo totuvlik hamda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash maqsadida “Bag‘rikeng jamiyat – barqaror davlat” tamoyili asosida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ichki ishlar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining yangi hamkorlik tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu jamiyatdagi muammolarni mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda, bahamjihat, bamaslahat hal qilish uchun asos va tamal toshi vazifasini bajaradi.
Shuningdek, ushbu farmon bilan diniy-ma’rifiy sohadagi tashkilotlar faoliyatining samaradorligini oshirib borish maqsadida doimiy asosda faoliyat ko‘rsatuvchi Diniy-ma’rifiy sohada ta’lim, fan va ilmiy-tadqiqotga oid faoliyatni muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etilishini shaxsan o‘zim yuqori kayfiyat bilan qabul qildim. Sababi, muvofiqlashtiruvchi kengash diniy-ma’rifiy sohada ta’lim, fan va ilmiy-tadqiqot ishlarining barcha jarayonlarini muvofiqlashtirish masalalariga mas’ul bo‘lgan maslahat organi hisoblanadi.
Ushbu farmonning ijrosi orqali mamlakatimizda diniy sohadagi davlat siyosati yanada takomillashadi, fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlanadi, jamiyatda tinchlik va totuvlik muhiti mustahkamlanadi.
– Ushbu farmonga muvofiq, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasiga aylantirildi. O‘quv-ilmiy dargohining qayta nomlanishi uning faoliyatiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
–O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi – diniy-ma’rifiy sohadagi ta’lim, din va davlat munosabatlari uyg‘unligini va birdamligini ko‘rsatib beradigan oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi nomiga o‘zgartirilgani bevosita akademiyani o‘zining faoliyatidagi qamrovni, ilmiy-akademik yo‘nalishlar, tadqiqotlar va shu sohadagi ishlarni muvofiqlashtirish masalasini oldiga qo‘yadi. Aynan shu maqsadda akademiyaning nomi shu yo‘nalishga mos ravishda o‘zgartirildi.
Akademiyaga juda katta vazifalar qo‘yilgan. Jumladan, 6 ta banddan iborat topshiriq ya’ni, islomshunoslik, dinshunoslik, din psixologiyasi, islom iqtisodiyoti, manbashunoslik, xalqaro munosabatlar va ehtiyoj mavjud bo‘lgan boshqa sohalar bo‘yicha kadrlar tayyorlash, ta’lim jarayoniga ilg‘or pedagogik texnologiyalarni, ilm-fan va texnikaning so‘nggi yutuqlarini hamda yetakchi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari tajribasi asosida ishlab chiqilgan ta’lim dasturlarini joriy etish, vijdon erkinligi va konfessiyalararo bag‘rikenglikni ta’minlash, radikallashuv, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish hamda diniy sohadagi davlat siyosatining asoslariga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish oldimizda turgan eng muhum vazifalar.
Diniy-ma’rifiy yo‘nalishdagi ilmiy tadqiqotlarni, ilmiy-ommabop adabiyotlarni tayyorlash va nashr qilish, ilm-fan yo‘nalishiga tadbiq etish shuningdek, internet tarmog‘ida turli xolis va noxolis fikrlar bildirilayotgan manbaalarning o‘rniga haqiqiy ilmiy, asosli xulosalarga ega bo‘lgan kontentlar bilan to‘ldirish talab etiladi. Albatta, yoshlarda yuksak ma’naviy va axloqiy fazilatlarni rivojlantirish, Vatanni sevish, uning taqdiriga daxldorlik, kasbga sadoqat hissini mustahkamlash, ta’lim-tarbiya jarayoni hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, mamlakatimizda va xorijda diniy sohada faoliyat olib borayotgan ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari bilan yaqindan hamkorlik qilish bo‘yicha alohida vazifa va topshiriqlar berilgan.
Qolaversa, mazkur farmon bilan akademiyaga bir qator huquqlar ham berilayapti. Ko‘p yillar davomida akademiyada yig‘ilib qolgan muammolar, jumladan, xorijdan professor-o‘qituvchilarni chaqirishda nomutanosibliklar bor edi. Akademiyaga o‘quv-ilmiy jarayonlarga jalb etilgan yuqori malakali xorijiy mutaxassislarga munosib to‘lovlarni amalga oshirish, talab ko‘p bo‘lgan yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha to‘lov-kontraktlar summasini bir necha barobarga oshirgan holda talabalarning to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lash muddatlarini belgilash va uzaytirish imkoniyati berildi.
Yetuk xorijiy mutaxassislarni jalb qilish hamda Akademiya vakillarini xorijiy ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalariga malaka oshirish va tajriba orttirish uchun yuborishdagi ayrim muammolar ham o‘z yechimini topdi. Akademiyaga o‘z grifi asosida darsliklar hamda boshqa o‘quv va ilmiy adabiyotlarni yaratish va nashr etish imkoniyatining berilgani maqsadga muvofiq bo‘ldi. Bundan butun jamoamiz, professor-o‘qituvchilar, ilm ahli, ziyolilar juda ham mamnun.
– Hujjatda Buxoro viloyati hokimligining Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi muassisligida Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish ham ko‘zda tutilgan. Ushbu markaz yurtimiz ma’rifiy hayotida qanday o‘rin egallaydi? Sizningcha, hazrat Bahouddin Naqshband ilmiy merosining ahamiyati qanday?
– Har bir millat o‘zining ma’naviy boyligi, tarixiy merosi va ulug‘ allomalari bilan faxrlanadi. Bunday ulkan shaxsiyatlardan biri tasavvuf ilmi va irfon yo‘lining yirik namoyandalaridan biri bo‘lmish Xoja Bahouddin Naqshband hazratlaridir. U kishining ilmiy merosi nafaqat Islom olamida, balki butun insoniyat ma’naviyatida alohida o‘ringa egadir.
Farmon asosida Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi, ochig‘i bu, bizning bir necha yillardan buyon ushalmay turgan orzuyimiz edi. Esimda bor, o‘tgan yili Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim janobi oliylari Toshkentga kelganlarida ham Buxoroga qilgan tashriflari davomida “hazrat Bahouddin Naqshbandga bizda millionlab ergashuvchi izdoshlar bor, agar bu yerlarda yaxshi imkoniyatlar bo‘lsa kelib ilmiy tadqiqotlar olib borilsa, asarlari o‘rganilsa, naqshbandiylik ta’limotini yoshlarga to‘g‘ri talqin qila oladigan mutaxassislar doirasidagi davra suhbati va konferensiyalar o‘tkazilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi”, degan takliflarni bildirgan edi.
Farmon bilan Buxoroda Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilib, buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish, yosh avlodni bag‘rikenglik hamda o‘zaro hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida targ‘ibot ishlarini olib borish, tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish, “Yetti pir” allomalari va aziz avliyolarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish, naqshbandiylik ta’limotining ezgu g‘oyalarini tadqiq etish uchun ilmiy-nazariy va uslubiy masalalarga bag‘ishlangan anjuman, konferensiya, ko‘rgazma, seminar-trening, tanlovlar hamda boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish, tasavvuf ta’limotining ilmiy asoslangan g‘oyalarini targ‘ib qilish, soxta tariqatchilikning oldini olish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishining asosiy vazifalari etib belgilandi.
Shu bilan birga Bahouddin Naqshband ilmiy merosini o‘rganish orqali akademik tadqiqotlar yo‘nalishlari ham kengaymoqda. Zero, ul zotning asarlari nafaqat irfonga oid, balki ijtimoiy, axloqiy va madaniy sohalarda ham mustahkam asosga ega. Ushbu meros xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan bo‘lib, uning tadqiqi turli tillarga tarjima qilinayotgani va dunyo ilmiy jamoatchiligi orasida qiziqish uyg‘otayotgani buning isbotidir. Bu meros har bir insonni kamtarlik, poklik, adolat va ezgulikka chorlaydigan mustahkam yo‘ldir.
– Mazkur farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 sentyabrga qadar “Haj va Umra yagona portali”ni yaratish ko‘zda tutilgan. Ushbu portalning ishga tushishi muborak ziyoratga boruvchilar uchun qanday yengilliklar yaratadi?
– Farmonga muvofiq, 2025 yil 1 sentyabrga qadar “Haj va Umra yagona portali” yaratiladi. Ushbu tashabbus mamlakatimizda diniy sohadagi islohotlarning yangi bosqichidan dalolat beradi. Mazkur portalning joriy etilishi ziyorat qiluvchilar uchun bir qancha qulayliklarni yaratadi.
Avvalo, elektron tartibda murojaat va ro‘yxatdan o‘tish imkoni tug‘iladi. Bu orqali fuqarolar Haj yoki Umra ziyoratiga borish uchun navbatga turish, hujjatlarni to‘plash va topshirish kabi jarayonlarni onlayn shaklda amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi. Bu esa ularning vaqtini va sa’y-harakatlarini tejashga xizmat qiladi.
Ikkinchidan, shaffoflik ta’minlanadi. Portalda navbatlar, to‘lovlar va boshqa barcha jarayonlar ochiq tarzda namoyon bo‘ladi. Bu orqali korrupsiyaning turli ko‘rinishlarining oldi olinadi.
Uchinchidan, xizmatlar markazlashtiriladi. Safar oldidan zarur bo‘lgan tibbiy ko‘riklar, ma’lumotnomalar, sug‘urta va boshqa xizmatlar ham portal orqali muvofiqlashtiriladi. Shu tariqa ziyoratga tayyorgarlik ko‘rish yanada osonlashadi.
To‘rtinchidan, axborot xabardorligi oshadi. Ziyoratchilar uchun zarur bo‘lgan barcha ma’lumotlar – safar jadvali, manzillar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, diniy-ma’rifiy yo‘riqnomalar, ziyorat odoblari va boshqa ko‘rsatmalar to‘liq elektron tarzda taqdim etiladi.
Beshinchidan, tezkor aloqa va murojaat xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi. Ziyorat davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni hal etish, favqulodda holatlarga javob berish imkonini beradigan elektron murojaat va aloqa tizimi ham portalning muhim qismi bo‘ladi. Bu tashabbus mamlakatimizda diniy sohani raqamlashtirish va fuqarolarga xizmat ko‘rsatish darajasini yanada yuksaltirishga qaratilgan muhim qadamlardan biri bo‘lib xizmat qiladi.
– Samimiy suhbat uchun tashakkur!
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri