Aqiyda masalalarida ham haddan oshib g'uluvga ketgan salafiylar «hijrat qilmaganlar kofirdir» degan gapni odamlar ichida keng tarqatishgan va tarqatib yurishibdi ham. Ular bu xossoslik bilan yondashishlikni talab qiluvchi tushunchani masala dalil va hujjat bilan tushunmaganlar yoki tushunsada tanolmaydiganlardir. Buzg'unchi, fitnachi, g'alamis to'da, guruh va oqim vakillari tomonidan kofir yurtda yoki dorul harbda turish kufrdir, hijrat qilish farzdir degan fikr uqtirilgan. Ammo qaysi dalil buni taqozo qilishini va eng muhimi, hijratning qayerga qilinishining bayoni kelmagan.
Hakim ibn Muoviyadan, u kishi o'z otasidan rivoyat qilgan hadislarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Musulmonning barchasi musulmonga haromdir. Ular ikki bir-biriga yordamchi birodardirlar. Alloh Azza va Jalla mushrikdan, musulmon bo'lganidan keyin toki u mushriklarni tark qilib musulmonlarga kelmagunicha, amalni qabul qilmaydi», dedilar». Nasaiy va Ibn Hibbon rivoyat qilgan.
Ahli Sunnat val jamoa raddiyasi: Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Fathdan keyin hijrat yo'q», dedilar». Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan.
Olimlar bu hadis umumiy va o'zidan oldin kelgan hijratga dalolat qiluvchilarini nasx qiluvchidir, deydilar. Shu bilan birga, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmon bo'lgan arablarni O'zlari tomon hijrat qilishga amr qilmaganlar va o'z yurtlarida turishlarini inkor qilmaganlar». Bu, takfirchilarning gapiga kuchli raddiyadir.
Albatta, hijratga tegishli dalillar faqat yuqorida zikr qilinganlardangina iborat emas. Bu masala bo'yicha ularning hammasini o'rganib chiqqan ulamolar quyidagi hukmni bayon qilganlar.
"Musulmonning dorul harbda muqim turishi uning Islomiga futur etkazmaydi. Faqat, dini xavf ostida qolgandagina bundan mustasno. Ya'ni, dinini oshkora zohir qilish imkoni qolmasa, hijrat qilish lozim bo'ladi."
Yurtimizda bugungi kunda musulmon xalqimiz uchun masjidlarning hizmat qilib turganligi, Yurtimizdagi o'g'il va qizlar uchun o'rta-maxsus islom bilim yurtlari, Toshkent islom instituti va Toshkent islom Universiteti, shuningdek, mamlakatimizda bunyod etilayotgan islom madaniyat va ma'rifat markazlari, Yurtimiz bo'ylab barcha joylarda diniy ibodatlar emin-erkin ado etilayotganligi, e'tiqod erkinligining insonni quvontiradigan ravishda keng ta'minlanganligi. Buzg'unchi guruh va oqim vakillarining g'arazli va fitnali vayronkor g'oyalari asossiz ekanligini ko'rsatadi.
Olimlar shunday deydilar: Bas, shunday ekan, aslida musulmon bo'lgan yurtlarda namozini o'qib, ro'zasini tutib, boshqa o'ziga farzi ayn bo'lgan hukmlarga amal qilib yurgan musulmonlarni «Hijrat qilmasang, kofir bo'lasan!» deyish xatodir.
Akbarali Yusufjonov
Uchqo'rg'on tuman Saidxon eshon jome masjidi imom xatibi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati