Sayt test holatida ishlamoqda!
17 May, 2025   |   19 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:27
Quyosh
05:03
Peshin
12:24
Asr
17:26
Shom
19:40
Xufton
21:10
Bismillah
17 May, 2025, 19 Zulqa`da, 1446

Ming oylik ibodatga teng kecha

19.06.2017   108664   3 min.
Ming oylik ibodatga teng kecha

Ramazon oyida qalblarimizda o‘zgacha bir tuyg‘u, harakatlarimizda o‘zgacha bir samimiyat,  hayollarimizda Allohning  cheksiz rahmatidan umidvorlik, ibodatlarimizda o‘zgacha bir xushu’ bor.

Ne ne payg‘ambarlar oxiri zamon payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummati bo‘lish  orzusida o‘tganlar. Chunki Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning ummatlariga Allohning cheksiz marhamatlari bisyor.

Allohning ana shunday ne’matlari ichida Ramazon oyi va unda ming oydanda yaxshiroq bo‘lgan Qadr kechasining fazli biz ummatlarga berilgan bebaho boyligidir.

Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlar: “Kimki Qadr kechasida imon-e’tiqod, qanoat va ishonch bilan tursa oldingi gunohlari kechiriladi, kimki Ramazon ro‘zasini imon-e’tiqod va ishonch bilan tutsa, oldingi qilgan gunohlari kechiriladi”.

(Imom Buxoriy rivoyati).

 “To‘rt kechaning kunduzi ham kechasi kabi fazilatlidir. Allohu taolo bu kunlarda duo etgan kishining duosini rad etmaydi, ularni mag‘firat etadi va ular bu kuni mo‘l ehsonga ega bo‘ladilar. Bular qadr kechasi, arafa kechasi, barot kechasi, juma kechasi kunlaridir.” (Daylamiy)

Bunday   muborak vaqtlarda gunohlardan uzoq turish, toatlarni, ibodatlarni va har turli xayrli ishlarni ko‘paytirish kerak. Alloh taolo g‘animat qilib bergan vaqtning barokatini, hurmatini va sharafini  his etishimiz darkor.

Rivoyat qilinishicha, bir kuni Muso alayhissalom Alloh taologa nido qilib: “Iloho, sening yaqinligingni bilishni istayman”, - dedi. Alloh taolo: “Men Qadr tunida uyg‘oq bo‘lganlarga yaqindirman”, - dedi. Muso alayhissalom yana: “Iloho, sening rahmatingning orzusidaman”, - dedi. Alloh taolo: “Mening rahmatim Qadr kechasida miskinlarga rahm qilganlargadir”, - dedi. Muso alayhissalom: “Iloho, sirot ko‘prigidan yashindek o‘tishni istayman”, - deganlarida, Alloh taolo: “Qadr kechasida faqirlarga sadaqa berganlarni oldinroq o‘tkazaman”, - dedi. Muso alayhissalom nidolarini davom etib: “Iloho, jannat bog‘larida bo‘lishni va ularning mevasidan tanovul qilishni istayman”, - dedi. “Qadr kechasida tasbeh aytib, Meni zikr etish bilan mashg‘ul bo‘lganlar jannat bog‘lariga sazovor bo‘lishadi”, - dedi Alloh. Muso alayhissalom: “Iloho, do‘zaxdan najot topishni istayman”, - deganlarida, Alloh taolo “Qadr kechasida istig‘forni ko‘p aytganlar do‘zaxdan najot topadilar”, - dedi. Muso alayhissalom yana iltijo qilib: “Iloho, sening roziligingni topishni istayman”, - deganlarida, Alloh haq subhanahu va taolo: “Ey Muso, Mening roziligimni qadr kechasida ikki rak’at nafl namoz o‘qiganlar topadilar”, - dedi (“Zubdatul vo’izin” kitobidan).

Qadr kechasida ilm o‘rganish, Qur’oni karimni tilovat qilish, qazo namozlarini o‘qish, tasbeh, takbir, tahlil aytish,  sadaqa berish,   atrofdagilarga chiroyli muomalada bo‘lish boshqa  vaqtda qilingan ibodatlarga nisbatan ajri savobi ulug‘dir.

O‘zimiz, oila a’zolarimiz, farzandlarimiz va yaqinlarimizni ming oyning savobi yog‘ilib turadigan ushbu kechada yaxshiliklarga chorlab, ezgu amallar qilishga undashimiz darkor. Bemorlarni borib ko‘rish, nochorlarga yordam berish,  qalbni xursand qiladigan so‘zlar aytib, atrofdagilar ko‘nglini ko‘tarish ham savob amallardandir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Munira ABUBAKIROVA

 

Ramazon
Boshqa maqolalar

“Qiroat qilib ko‘tarilaver”

14.05.2025   3348   3 min.
“Qiroat qilib ko‘tarilaver”

Tartil bilan Qur’oni karimni qiroat qilish muhim amallardan biri bo‘lib, harflarni maxrajlaridan chiqarib, Allohning kalomini tushunib, tajvid qoidalari bilan to‘g‘ri o‘qishni anglatadi. “Tartil”ning lug‘aviy ma’nosi “biror narsani dona-dona qilib terish”ni anglatadi.

Qur’oni karim Alloh taoloning kalomi bo‘lib, uni tartil bilan o‘qish U zotning buyrug‘idir. Muzzammil surasi 4-oyatda shunday deyiladi: “Va Qur’onni tartil bilan tilovat qil”.

Ali roziyallohu anhudan oyatning ma’nosini so‘rashganda, “tartil – harflarni yaxshilash, vaqf o‘rinlarni bilish”, deb javob qilganlar. Jabroil alayhissalomga Muhammad alayhissalom Qur’onni tartil bilan o‘qib berganlar.

Tartil bilan Qur’on qiroat qilish uchun bir qancha qoidalarga rioya qilish lozim. Ular quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  1. Tajvid qoidalariga rioya qilish: “Tajvid”ning lug‘aviy ma’nosi “sifatini oshirish, ziynatlash, chiroyli qilish”ni bildiradi, istilohda Qur’ondagi so‘zlarning har birini o‘z miqdori va sifatida talaffuz qilish, iste’lo va istifola harflarini bir-biridan farqlab, tafxim, tarqiq, idg‘om, izhor kabi qoidalarga amal qilib o‘qishni anglatadi.
  2. Dona-dona, bir maromda va aniq o‘qish: Tartil bilan o‘qishda shoshilmaslik, har bir kalimani aniq tarzda o‘qish muhimdir. Bu oyatlarning ma’nosini tushunishga yordam beradi. Imom Shofeiy tartilning eng ozi tilovatda shoshilishni tark etishdir deganlar.
  3. Ma’nolarini tadabbur qilish: Qur’on ma’nolarini anglash tartilning muhim qismidir. Oyatlarning ma’nosini bilish ularni qalbga singdirishga yordam beradi.
  4. Ixlos va taqvo: Qur’onni faqat Allohning roziligi uchun o‘qish kerak. Ixlos bilan o‘qilgan Qur’onning barakasi va savobi ulug‘ bo‘ladi.
  5. Poklik va ehtirom: Qur’onni tahorat bilan o‘qish, tinch joyda va e’tibor bilan o‘qish tartilning sifatini oshiradi.

Tartil bilan Qur’on o‘qishning foydalari juda ko‘p. Ulardan ba’zilari:

  • Ruhiy oziq: Qur’on qalb uchun nurdir. Uni tartil bilan o‘qish insonning ruhini yanada sayqallaydi va Allohga yaqinlashtiradi.
  • Savob: Har bir harf uchun ko‘plab savob beriladi. Tartil bilan o‘qish bu savobni yanada oshiradi.
  • Qalb xotirjamligi: Qur’on qiroatining ovozi va ma’nosi qalbga taskin beradi, stress va tashvishlarni kamaytiradi.
  • Ilm: Qur’on ma’nolarini anglash va tajvidni o‘rganish orqali insonning bilimi rivojlanadi.
  • Shafoat: Qur’on qiyomat kuni o‘quvchilariga shafoatchi bo‘ladi.

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qur’on sohibiga: qiroat qilib ko‘tarilaver. Dunyoda qandoq tartil qilgan bo‘lsang, xuddi shundoq tartil qil. Albatta, sening manziling oxiri qiroat qilgan oyating makonidan bo‘ladir, deyiladi”, dedilar”, (Imom Termiziy rivoyati).

Zafar qori Mahmudov,
Toshkent Islom instituti “Qur’on ilmlari” kafedrasi o‘qituvchisi.