Ramazon oyida qalblarimizda o‘zgacha bir tuyg‘u, harakatlarimizda o‘zgacha bir samimiyat, hayollarimizda Allohning cheksiz rahmatidan umidvorlik, ibodatlarimizda o‘zgacha bir xushu’ bor.
Ne ne payg‘ambarlar oxiri zamon payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ummati bo‘lish orzusida o‘tganlar. Chunki Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning ummatlariga Allohning cheksiz marhamatlari bisyor.
Allohning ana shunday ne’matlari ichida Ramazon oyi va unda ming oydanda yaxshiroq bo‘lgan Qadr kechasining fazli biz ummatlarga berilgan bebaho boyligidir.
Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlar: “Kimki Qadr kechasida imon-e’tiqod, qanoat va ishonch bilan tursa oldingi gunohlari kechiriladi, kimki Ramazon ro‘zasini imon-e’tiqod va ishonch bilan tutsa, oldingi qilgan gunohlari kechiriladi”.
(Imom Buxoriy rivoyati).
“To‘rt kechaning kunduzi ham kechasi kabi fazilatlidir. Allohu taolo bu kunlarda duo etgan kishining duosini rad etmaydi, ularni mag‘firat etadi va ular bu kuni mo‘l ehsonga ega bo‘ladilar. Bular qadr kechasi, arafa kechasi, barot kechasi, juma kechasi kunlaridir.” (Daylamiy)
Bunday muborak vaqtlarda gunohlardan uzoq turish, toatlarni, ibodatlarni va har turli xayrli ishlarni ko‘paytirish kerak. Alloh taolo g‘animat qilib bergan vaqtning barokatini, hurmatini va sharafini his etishimiz darkor.
Rivoyat qilinishicha, bir kuni Muso alayhissalom Alloh taologa nido qilib: “Iloho, sening yaqinligingni bilishni istayman”, - dedi. Alloh taolo: “Men Qadr tunida uyg‘oq bo‘lganlarga yaqindirman”, - dedi. Muso alayhissalom yana: “Iloho, sening rahmatingning orzusidaman”, - dedi. Alloh taolo: “Mening rahmatim Qadr kechasida miskinlarga rahm qilganlargadir”, - dedi. Muso alayhissalom: “Iloho, sirot ko‘prigidan yashindek o‘tishni istayman”, - deganlarida, Alloh taolo: “Qadr kechasida faqirlarga sadaqa berganlarni oldinroq o‘tkazaman”, - dedi. Muso alayhissalom nidolarini davom etib: “Iloho, jannat bog‘larida bo‘lishni va ularning mevasidan tanovul qilishni istayman”, - dedi. “Qadr kechasida tasbeh aytib, Meni zikr etish bilan mashg‘ul bo‘lganlar jannat bog‘lariga sazovor bo‘lishadi”, - dedi Alloh. Muso alayhissalom: “Iloho, do‘zaxdan najot topishni istayman”, - deganlarida, Alloh taolo “Qadr kechasida istig‘forni ko‘p aytganlar do‘zaxdan najot topadilar”, - dedi. Muso alayhissalom yana iltijo qilib: “Iloho, sening roziligingni topishni istayman”, - deganlarida, Alloh haq subhanahu va taolo: “Ey Muso, Mening roziligimni qadr kechasida ikki rak’at nafl namoz o‘qiganlar topadilar”, - dedi (“Zubdatul vo’izin” kitobidan).
Qadr kechasida ilm o‘rganish, Qur’oni karimni tilovat qilish, qazo namozlarini o‘qish, tasbeh, takbir, tahlil aytish, sadaqa berish, atrofdagilarga chiroyli muomalada bo‘lish boshqa vaqtda qilingan ibodatlarga nisbatan ajri savobi ulug‘dir.
O‘zimiz, oila a’zolarimiz, farzandlarimiz va yaqinlarimizni ming oyning savobi yog‘ilib turadigan ushbu kechada yaxshiliklarga chorlab, ezgu amallar qilishga undashimiz darkor. Bemorlarni borib ko‘rish, nochorlarga yordam berish, qalbni xursand qiladigan so‘zlar aytib, atrofdagilar ko‘nglini ko‘tarish ham savob amallardandir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Munira ABUBAKIROVA
#Haj_2025
Yurtimizda davlatimiz va hukumatimiz tomonidan diniy-ma’rifiy sohaga qaratilayotgan alohida e’tibor tufayli so‘nggi yillarda mo‘min-musulmonlar Islomning barcha ruknlari, xususan, haj amallarini to‘la-to‘kis ado etmoqdalar.
2016 yilda 5200 nafar vatandoshimiz haj amallarini ado etgan bo‘lsa, 2017 yildan bunday sharafga erishganlar soni yana ikki ming kishiga ko‘payib, 7200 nafarga yetdi. 2022 yilda 12 mingdan ziyod, 2023–2024 yillarda esa 15 mingdan ortiq mo‘min-musulmon hajni ado etdi.
Bu yil ham 15 mingdan ziyod yurtdoshlarimiz Islomning beshinchi ruknini ado etadilar, inshoalloh.
Bugun Toshkent shahridagi «Shayx Zayniddin» jome masjidi majlislar zalida shu yil hajga boruvchi guruh rahbarlari ishtirokida ilk yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Bobomurod Rustamov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Haj va umra markazi bo‘limi boshlig‘i Maqsud Karimov qatnashgan yig‘ilishni Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domda Yunusov kirish so‘zi bilan ochib berdilar.
Tadbirda Toshkent shahri, Toshkent va Sirdaryo viloyatlaridan bu yil ellikboshi bo‘lib hajga boruvchi diniy soha xodimlari ishtirok etgan bo‘lsalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Surxondaryo viloyatlaridan boruvchi guruh rahbarlari ZOOM platformasi orqali onlayn qatnashdilar.
Yig‘ilishda guruh rahbarilariga haj mavsumidagi muhim vazifalar eslatilib, ularga guruhlar aniq bo‘lgach, ziyoratchilar bilan uchrashib, Islomning beshinchi rukni bo‘lgan hajga puxta tayyorgarlik ko‘rishlari, ehrom bog‘lash, hajning arkonlari, shartlari, farzlari, vojib va sunnatlarini atroflicha tushuntirishlari zarurligi qayd etildi.
Alloh taolo bu yilgi haj mavsumini yuqori saviyada o‘tkazishni nasib etsin. Har bir ziyoratchining haji mabrur bo‘lsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati