Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Aprel, 2025   |   25 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:05
Quyosh
05:32
Peshin
12:26
Asr
17:11
Shom
19:15
Xufton
20:35
Bismillah
23 Aprel, 2025, 25 Shavvol, 1446

Ramazonda Qur’onning fazli va barokati

16.06.2017   9567   21 min.
Ramazonda Qur’onning fazli va barokati

Mehribon va rahmli Alloh nomi ila (boshlayman).

Bir kuni bir odam payg‘ambar alayhissalomning xizmatlariga kelib so‘radilar: “Yo Rasululloh, kishi farzandiga Qur’on o‘qutsa, uni ajri qandog‘ bo‘ladi?”. Payg‘ambar alayhissalom aytdilar: “Qur’on – kalomullohdirki, uni ajrining nihoyasi bo‘lmaydi”. Va bu javobni aytib turganlarida Jabroil alayhissalom nozil bo‘ldilar va aytdilarki: “Yo Muhammad, Alloh taolo Sizga salom yubordi va aytdiki, har kim farzandiga Qur’on o‘qitsa go‘yoki 10000 marta haj qilgandek va 10000 marta qul olib ozod qilgandek va 10000 marta g‘azot qilgandek va 10000 marta miskinga taom bergandek va 10000 marta kiymi yo‘qqa libos bergandek bo‘ladi va o‘qutgan Qur’onning har bir harfi uchun u bandaning nomai a’moliga Alloh taolo 10000 hasanot yozur va 10000 gunohni undan o‘chirur va to qiyomatgacha u bandani qabrida bir kalomulloh hamroh bulib turadi va qiyomatda u kalomulloh unga hujjat bo‘ladi va to u banda jannatga kirmaguncha kalomulloh undan ajramaydi”(Majma’ul ma’orif kitobidan). Yuqoridagi  hadisni bu hadisi sharif bilan tushuntirsak olam- olam ma’noga ega bo‘lamiz. Va hadisdan oladigan foydamiz ham shu bo‘ladi.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar:

“Agar har kim ilm o‘rganmoq uchun ustozni oldiga borib chukka tushib o‘tirsa, Alloh taolo uni uchun rahmat xazinasidan 70 eshik ochadi va ustozdin ta’lim olib, u yerdan turgan vaqtida go‘yoki onasidan yangi tug‘ilgandek gunohdin pok bo‘lib turar va uni o‘qugan ilmining har bir harfining barobariga Alloh taolo 70 shahidning savobini ato qilur va har bir kalimasiga bir yillik ibodatning savobini ato qilur( kalima fe’l, ism va harfdan tashkil topadi) va har bir varaqi uchun unga jannatdin bir shahar bino qiladi” (Majma’ul ma’orif kitobidan).  “Qul” (Ihlos surasidagi qul kalimasi “ayt” ma’nosida )so‘zida ikkita harf bor. Shu kalimaning o‘zi bilan yo‘q joydan 140 shahidning savobini va bir yillik savobni qo‘lga kiritasiz. Bir varaqda kamida 200 ta so‘z bo‘ladi. Bu amalni hisoblashning eng oson yo‘li hamma harflarni sanab chiqasiz keyin kalimalarni sanab chiqib uni har kuni hisoblab borsiz va har kuni qancha miqdorda savob olayotganingizni his qilib, kundan kun bu amalni davomiylikka aylantirasiz va ihlos va e’tiqod bilan shu savobni umid qilasiz. Hamma ofat va dankasalik ishonchsizlikdan kelib chiqadi. Siz esa amaliy tarzda Allohning rasuli va habibi Muhammad Amin sollallohu alayhi vasallamga ergashayotganingizni qalbingiz bilan butun tanangizga bildirib qo‘ying. Agar siz ustozdan bir varaq dars olsangiz harflar va kalimalar jamlanmasi orqali jannatda bir shahar egasiga aylanasiz. Bir varaqda qancha harf va qancha kalima bo‘lsa ularda va’da qilgan savoblar kamaytirilmasdan beriladi. Agar siz bu dars olishni Qur’ondan boshlasangiz nur ustiga nur bo‘ladi. Ayniqsa, ramazonda Payg‘ambarimiz ham Jabroil alayhissalomdan qur’odan dars olganlar. Payg‘ambarimizga ergashgan barcha sahobalar, tobe’inlar va toba’- tobe’inlar ham hatto boshqa zarur ishlari qolib ketsalar ham fakqat qur’on o‘qish va o‘qitish bilan mashg‘ul bo‘lganlar.

Qur’onnning fazli va barokatlari to‘g‘risidagi boshqa hadislar bilan tanishib chiqsak zora bizning qalbimizda ham qur’onga muhabbat uyg‘onib qur’onni yodlab qo‘ysak va darajalarimiz qiyomatda shafo’atchimiz Muhammad alayhissalom aytgan darajalar bilan birga bo‘lsak. Hamma holiga qarab amal qilgan narsani gapirish kerak. Kelinglar! O‘zlari haqiqiy holda ummatlariga o‘rnak bo‘lgan Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning so‘zlari bilan davom ettirsak.

Abu Zarr G‘iforiy roziyallohu anhu aytadi: “Bir kuni men: “Ey Rasululloh, menga nasihat qiling?” dedim. U zot: “Allohga taqvo qil, chunki u barcha ishlarning boshidir”, dedilar. “Ey Rasululloh, yana ziyoda qiling”, dedim. Shunda u zot: “Sen Qur’on tilovatini o‘zingga lozim tut. Zero u sen uchun yerda nur va osmonda zahiradir”, dedilar” (Ibn Hibbon “Sahih”da uzun hadisda rivoyat qilgan. Rivoyat sanadi zaif).

Abu Zarr roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan nasihat so‘raganida, u zot eng birinchi navbatda Abu Zarrga taqvoni mahkam ushlashni tayinladilar. Haqiqatan, taqvo barcha ishlarning boshidir. Agar ish taqvo asosida amalga oshirilsa, u Alloh dargohida maqbuldir. Taqvosiz qilingan amal har qancha chiroyli ko‘rinmasin, miqdori ko‘p bo‘lmasin, natija berishi qiyin.

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Uch (toifa kishilar)ni katta qo‘rqinch qo‘rqita olmaydi va ularga hisob yetmaydi. Xaloyiq hisob qilingunicha ular mushk ichra bo‘ladilar. (Ular) Alloh roziligi uchun Qur’on o‘qigan va u bilan qavmga imomlik qilgan, (jamoat) ham undan rozi bo‘lgan kishi, Alloh roziligi uchun besh vaqt namoz o‘qishga chaqirgan da’vatchi va o‘zi bilan Parvardigori hamda o‘zi bilan xo‘jayinlari orasini isloh qilgan qullardir” (Bayhaqiy “Shuabul-iymon”da, Tabaroniy “Avsat” va “Sog‘iyra”da sanadi bilan rivoyat qilgan). 

Abu Zarr G‘iforiy roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Sizlar Allohga undan (ya’ni, Qur’ondan) chiqadigandan ko‘ra afzalroq narsa bilan qayta olmaysizlar” (Hokim “Mustadrak”da, Abu Dovud “Marosiyl”da va Ahmad “Zuhd”da rivoyat qilgan. Hokim hadis sanadi sahih, degan).

Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: “Kim Qur’on o‘qisa, bas, u nubuvvat (darajasi)ga pog‘onama-pog‘ona ko‘tarilib boribdi. Faqat unga vahiy qilinmaydi, xolos. Qur’on sohibi qalbida Allohning Kalomi bo‘la turib g‘azab qilgan kishi bilan tortishishi va johil kishiga qo‘shilib johillik qilishi to‘g‘ri emas” (Bayhaqiy “Shuabul-iymon”da va Hokim “Mustadrak”da rivoyat qilgan va: “Bu sahih sanadli hadis, ammo ikkisi rivoyat qilishmagan”, deb aytgan).

Ibn Umar roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Temirga suv tegsa zanglaganidek bu qalblar ham zanglaydi”, dedilar. Shunda: “Ey Rasululloh, uning jilosi nima?” deyildi. U zot: “O‘limni ko‘p eslash va Qur’on tilovat qilish”, dedilar” (Bayhaqiy “Shuabul-iymon”da, Abu Nuaym “Hilyatul-avliya”da va Quzo’iy “Musnadush-shihab”da rivoyat qilgan). Temir zanglagani kabi qalb ham zanglaydi. Temir zanglashiga unga suv tegishi sabab bo‘lsa, banda qilgan gunohlari asorati yig‘ilib-yig‘ilib qalbni zanglatadi, uni qoraytiradi. Qur’on tilovati bilan qalb yayraydi, banda qiroatdan ruhiy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbga yopishgan zanglar sekin-asta tozalanib boradi.

عَنْ عُثْمَانَ بْنِ عَفَّانَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى الله عَلَيه وسَلَّم قَالَ: خَيْرُكُمْ مَنْ تَعَلَّمَ الْقُرْآنَ وَعَلَّمَهُ 

Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Sizlarning yaxshilaringiz Qur’onni o‘rganib, boshqalarga o‘rgatganlaringizdir”, deb marhamat qilganlar. (Imom Buxoriy rivoyati.)

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qur’onni o‘qigan va unga mohir bo‘lgan qorilar ulug‘ va mukarram farishtalar bilan birga bo‘ladi, Qur’onni tutilib-tutilib o‘qigan va qiroat unga mashaqqatli bo‘lgan kishi uchun ikki ajr bordir”, deb marhamat qildilar. (Buxoriy va Muslim rivoyati.)

Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhu aytadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Qur’on o‘qiydigan mo‘minning o‘xshashi utrujja[2] kabidir, uning hidi ham, o‘zi ham shirindir. Qur’on o‘qimaydigan mo‘min o‘xshashi hurmo kabidir, uning ta’mi shirin bo‘lib, hidi bo‘lmaydi, Qur’on o‘qiydigan munofiqning o‘xshashi rayhon kabidir, hidi hushbo‘y, lekin mazasi achchiqdir. Qur’on o‘qimaydigan munofiqning o‘xshashi esa hanzala[3]kabidir, uning hidi ham yo‘q, ta’mi ham achchiqdir”. (Buxoriy va Muslim rivoyati.)

 Umar[4]roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu  alayhi vasallam: “Alloh taolo bu Kitob (Qur’on) bilan ba’zi qavmlarning darajasini ko‘taradi va ba’zi qavmlarning darajasini tushiradi”, deb marhamat qildilar. (Muslim rivoyati.)

Abu Umoma Bohiliy[5]roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu  alayhi vasallam: “Qur’on o‘qinglar, zero u qiyomat kunida o‘z egalari uchun shafoatchi bo‘lib keladi”, deb marhamat qildilar. (Muslim rivoyati.) 

Ibn Umar[6]roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu  alayhi vasallam: “Faqat ikki narsada hasad qilish joiz: Alloh unga Qur’onni ato qilgan bo‘lib, kechayu kunduz uning tilovati bilan mashg‘ul bo‘ladigan kishiga va Alloh taolo unga mol dunyo ato qilgan bo‘lib, kechayu kunduz uni infoq qiladigan kishiga”, dedilar.(Buxoriy va Muslim rivoyati)

Abdulloh ibn Mas’ud[7]roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Alloh taoloning Kitobidan bir harf o‘qisa, buning barobariga u kishi uchun bir yaxshilik berilur. Alif, lam, mimni bir harf deb aytmayman . Balki alif bir harf, lom bir harf va mim bir harfdir”, dedilar. (Termiziy rivoyati.) 

Abu Sa’id Xudriy[8]roziyallohu anhudanRasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deb marhamat qilganlari rivoyat qilinadi: “Alloh taolo aytadi: “Kimni Qur’on o‘qish va mening zikrim uni boshqa narsalarni so‘rashdan to‘sib qo‘ysa, men unga so‘raganlarga berganimdan ko‘ra ko‘prog‘ini beraman. Alloh taolo kalomining boshqa kalomlarga nisbatan fazli Alloh taoloning bandalarga nisbatan fazli kabidir”. (Termiziy rivoyati.) 

Ibn Abbos[9]roziyallohu anhumo rivoyat qiladilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qalbida Qur’ondan hech narsa bo‘lmagan inson xaroba uy kabidir”, deb marhamat qildilar.(Termiziy rivoyati.)

Abdulloh ibn Amr ibn Os[10]roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qildilar: “Qur’onni yodlagan qoriga (qiyomat kuni) “O‘qi, ko‘taril va dunyoda tilovat qilganingdek tilovat qil. Sening manziling oxirgi o‘qigan oyatingdadir”, deb aytiladi”. (Termiziy va Nasoiy rivoyati.)

Muoz ibn Anas[11]roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Qur’onni o‘qib, undagi hukmlarga amal qilsa, qiyomat kunida Alloh taolo uning ota-onaSega toj kiydiradi. Uning nuri dunyo uylaridagi quyosh nuridan ko‘ra yorqinroqdir. Bunga amal qilgan inson haqida gumoning qanday?”. (Abu Dovud rivoyati.

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qur’on o‘qinglar zero, Alloh taolo Qur’onni yod olgan qalbni azoblamaydi. Albatta, bu Qur’on Alloh taoloning ziyofatidir. Kim unga tashrif buyursa, omonda bo‘ladi. Kimki Qur’onni yaxshi ko‘rsa, bas, u quvonsin”, deb marhamat qildilar. (Dorimiy rivoyati.)

Alloh taoloning Kalomini yodlash ulug‘ ne’mat va fazilatdir. Bu haqida Qur’on karim oyatlari va Hadisi shariflarda ko‘plab xushxabarlar kelgan. Bunga Yunus surasining 58-oyatni misol qilib keltirishmiz mimkin. Alloh taolo bunday deb marhamat qiladi:

قُلْ بِفَضْلِ اللّهِ وَبِرَحْمَتِهِ فَبِذَلِكَ فَلْيَفْرَحُواْ هُوَ خَيْرٌ مِّمَّا يَجْمَعُونَ

Ayting: "Allohning fazli va rahmati bilan, bas, (albatta), shular sababli (mo‘minlar) shodlansinlar! U to‘plagan narsa(boyliklari)dan yaxshiroqdir.

Bu oyatda Allohning ikki ulug‘ ne’mati zikr qilinmoqda.  Biri fazli, ya’ni Islom dini. Ikkinchisi rahmati, ya’ni Qur’oni karim.

Oyati karima tafsiri haqida Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Allohning fazli – Islom, rahmati – sizlarni Qur’on ahlidan qilganidir”.

Nasaiy, Ibn Moja va Hokim Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Insonlar ichida Allohning xos bandalari bor”, dedilar. “Ular kimlar?” – deb so‘radilar. U zot: “Qur’on ahli – Allohning ahli va xos bandalaridir”, deb javob berdilar.

Munaviy: “Qur’on ahli” Qur’onni tadabbur qilib, unga amal qilishni lozim tutganlardir”, degan.

Qur’oni karim oyatlari va Rasullloh sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan hadislardan  Qur’on homillari(qori)ga berilgan bu ne’matning qanchalik ulug‘ ekanini anglab olishimiz mumkin.  Oisha onamiz roziyallahu anhodan rivoyat qilinadi: “Kim yettita uzun surani yodlasa, u olimdir”.

Imom Ahmad va Imom Hokimning “Musnad”larida keltirilgan. Demak, inson Qur’oni karimni yodlash sababidan olimlik darajasiga ko‘tarilar ekan. Alloh taolo Ankabut surasining 49-oyatida:

بَلْ هُوَ آيَاتٌ بَيِّنَاتٌ فِي صُدُورِ الَّذِينَ أُوتُوا الْعِلْمَ

“Yo‘q, u (Qur’on) ilm berilgan zotlarning dillaridagi aniq oyatlardir”

deya marhamat qiladi. Bundan Qur’on hofizlari ahli ilmlardan ekani ma’lum bo‘ladi. Chunki ilmning avvali Alloh taoloning Kitobini yod olish va uni tushunishdir. Ko‘plab ulamolarning hayotiga nazar tashlasak, Alloh taoloning Kalomini yod olganliklarini ko‘ramiz. Buyuk bobokalonlarimizdan Ibn Sino va Amir Temurlar ham bunga yaqqol misol bo‘ladi. Shuningdek, ba’zi olimlar o‘z oldiga ilm talabida kelganlarni Qur’oni karimdan qancha  yod olganiga qarab ularni qabul qilgan, yoki qaytargan.

Ibn Huzayma: “Men otamdan Qutayba huzuriga borishga izn so‘ragan edim, u menga: “Avval Qur’onni o‘qi, keyin izn beraman”, dedi. Men Qur’onni yodlaganimda, u: “Endi uni namoz (Ramazon)da xatm qil”, dedi. Men bu ishni ham qildim. Biz hayit bayramini nishonlayotganimizda otam menga izn berdi”, degan.

Qur’on yodlash bilan olimlik darajasiga yetiladi. Ilm sababidan esa haqlar ado etiladi, silai rahm qilinadi va darajalar ko‘tariladi. Mujodala surasining 11-oyatida bunday deb marhamat qilinadi:

يَرْفَعِ اللَّهُ الَّذِينَ آمَنُوا مِنكُمْ وَالَّذِينَ أُوتُوا الْعِلْمَ دَرَجَاتٍ وَاللَّهُ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِيرٌ

Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur. Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir.

Ibn Burayda otasidan rivoyat qilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: “Qur’on qiyomat kuni holdan toygan kishi ko‘rinishida kelib, “seni tunlari bedor qilgan va kunduzlari chanqatgan menman”, deydi” (Ibn Moja va Ahmad rivoyati. Rivoyat sanadi hasan[1]).

Abdulloh ibn Burayda otasidan rivoyat qiladi: “Men Nabiy sollallohu alayhi va sallam huzurlarida o‘tirgandim, u zot: “Sizlar Baqara surasini o‘rganinglar! Zero, uni olish baraka, tark qilish hasratdir. Unga sehrgarlar qodir bo‘lolmaydilar”, deb aytganlarini eshitdim. So‘ng bir muddat turdilar va: “Baqara va Oli Imron suralarini o‘rganinglar! Zero u ikkisi ikki yorituvchi nur bo‘lib, qiyomat kuni ikki bulut yoki ikki soyabon yoki bir guruh saf tortgan qushlar shaklida kelib, o‘z sohiblariga soya qiladi. Qiyomat kuni qabr ochilib, banda u yerdan chiqib kelganida Qur’on uni charchagan kishi suratida kutib oladi va unga: “Meni tanidingmi?” deydi. Banda: “Seni tanimayman”, deydi. Shunda u: “Meni tanimaysanmi?” deb so‘raydi. Banda yana: “Men seni tanimayman”, deb javob qaytaradi. Shunda (Qur’on): “Men seni issiq kunlarda charqatgan, kechalari bedor qilgan do‘sting Qur’onman. Har bir savdogar tijorati orqasidan foyda ko‘radi. Sen ham bugun tijorating orqasidan foyda ko‘rasan”, deydi. Bas, uning o‘ng qo‘liga mulk, chap qo‘liga mangulik beriladi. Uning boshiga viqor toji kiydiriladi. Uning ota-onasiga ikki libos kidiriladi. U ikkisiga dunyo ahli teng kelolmaydi. Shunda ular (ya’ni ota-onasi): “Bu bizlarga nima sababdan kidirildi?!” deb so‘raydilar. Shunda: “Farzandlaringiz Qur’onni o‘rgangani uchun”, deyiladi. Keyin unga (ya’ni, Qur’on sohibiga): “O‘qi va jannat pog‘onasi va xonalari tomon ko‘taril”, deyiladi. U xoh tez, xoh shoshilmasdan qiroat qilsin, asta-sekin yuqorilab boraveradi”, dedilar” (Dorimiy, Ahmad va Bayhaqiy rivoyati. Rivoyat sanadi hasan).

وَعَنْ سَهْلِ بْنِ سَعْدٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: جَاءَ جِبْرِيلُ عَلَيْهِ السَّلاَمُ إِلَى النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: يَا مُحَمَّدُ عِشْ مَا شِئْتَ فَإِنَّكَ مَيِّتٌ وَاحْبِبْ مَنْ أَحْبَبْتَ فَإِنَّكَ مُفَارِقُهُ وَاعْمَلْ مَا شِئْتَ فَإِنَّكَ مَجْزِيٌّ بِهِ ثُمَّ قَالَ: يَا مُحَمَّدُ شَرَفُ الْمُؤْمِنِ قِيَامُ اللَّيْلِ وَعِزُّهُ

اسْتِغْنَاؤُهُ عَنْ النَّاسِ. رَوَاهُ الْحَاكِمُ فِي الْمُسْتَدْرَكِ وَالْبَيْهَقِيُّ فِي شُعَبِ الإِيْمَانِ وَالطَّبَرَانِيُّ فِي الأَوْسَطِ وَسَنَدُهُ صَحِيحٌ.


Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Jabroil alayhis salom Nabiy sollallohu alayhi va sallam huzurlariga kelib, “ey Muhammad, xohlaganingizcha yashang. Zero, siz (vaqti kelib) o‘lasiz. Xohlagan odamingizni yaxshi ko‘ring. (Bir kun) undan ayrilasiz. Xohlagan ishingizni qiling. Zero, siz buning uchun hisob qilinasiz”, dedi va keyin: “Ey Muhammad, mo‘minning sharafi kechasi qoim bo‘lish va uning hurmati odamlardan behojatligidadir”, dedi” (Hokim “Mustadrak”da, Bayhaqiy “Shuabul-iymon”da va Tabaroniy “Avsat”da rivoyat qilgan. Rivoyat sanadi sahih).

Tunning ma’lum qismini qoim o‘tkazish to‘g‘risida quyidagi rivoyat kelgan.

Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Kim (kechasi) Qur’ondan o‘n oyat bilan qoim bo‘lsa, g‘ofillardan, deb yozilmaydi. Kimyuz oyat bilan qoim bo‘lsa, “Allohga itoat etuvchilardan” deb yoziladi. Kim ming bilan qoim bo‘lsa, “ko‘p miqdorda savobga erishganlardan”, deb yoziladi” (Abu Dovud, Ibn Xuzayma va Ibn Hibbon rivoyati. Rivoyat sanadi sahih). Bu ma’noda kelgan rivoyatlarni yuqorida ko‘rib chiqqan edik. Sa’labiy Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “Kim kechasi ikki rak’at namoz o‘qisa, Alloh yo‘lida sajda qilgan va qoim bo‘lgan holida tong ottiribdi”.
Abdullohdan rivoyat qilinadi: “Kim tunda Baqara surasini o‘qisa, ko‘p va yaxshi qilibdi” (Tabaroniy “Kabiyr”da rivoyat qilgan).
Ibrohim Naxa’iy shunday deb aytardi: “Kechasi ozroq bo‘lsa ham Qur’on tilovat qilinglar!”

Avzoiy: “Kim kechalari bedor bo‘lib, Qur’onni ko‘p o‘qisa, qiyomat kuni hisob berishi oson bo‘ladi”, degan. Kechasi namoz o‘qish va qiroat qilishning afzalligi shundaki, kechasi qalb tinch holatda, har xil chalg‘ituvchi narsalardan uzoq bo‘ladi. Bunda banda dunyo tashvishlaridan forig‘ bo‘lib, Parvardigoriga sig‘inishi oson kechadi. Bu vaqtda riyo va amallarni bekor qiluvchi illatlardan saqlanish osonroq bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning eng ulug‘ mo‘jizalaridan bo‘lmish Isro’ va Me’roj voqealari ham kechasi sodir bo‘lgani bejiz emas. Kechasi qoim bo‘lish yoki Qur’on tilovat qilishda me’yorga amal qilish yaxshi. Butun tunni qoim holda o‘tkazishga odatlanish, insonga qiyinchilik tug‘dirishi, bu ishda davomli bo‘la olmay, o‘z nafsiga zarar yetkazishi mumkin.

Va yana payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar:“Har kimiki olimlarni xor tutsa qiyomat kuni uni Alloh taolo xaloyiq ichida xor qiladi”. Demak shuncha sifatlarni o‘zida jamlagan olimlarni xorlasa Alloh qiyomatda butun xaloyiq ichida xorlashini va’da bermoqda.

Allohim barchalarimizni O‘zining kalomiga ahl bo‘lishni nasib qilsin.

Allohumma solli vasallim va barik ala nabiyyina Muhammad.

Toshkent islom instituti “Ijtimoiy fanlar” kafedrasi kabinet mudiri

Urol Nazar Abdulquddus Termiziy tayyorladi.

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar

U zotning tug‘ilishlari bilan olam rahmatga to‘ldi

23.04.2025   904   3 min.
U zotning tug‘ilishlari bilan olam rahmatga to‘ldi

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.


Alloh taolo Nabiy sollallohu alayhi vasallamni maxluqotlarga rahmat o‘laroq yuborgan kundan afzalroq xursandchilik bormi?!

Kim Muhammad sollallohu alayhi vasallamning tavalludlari bilan shodlanmasa, aslo shodlik, xursandchilik ko‘rmaydi.

U zotning tug‘ilishlari bilan rahmat buloqlari otilib, olam rahmatga to‘ldi. Shuning uchun ham, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning mavlidlari Alloh taoloning ne’matini nishonlash va bu yuksak inoyatdan xursandchilik bayrami bo‘lgan.

Bu bayramni ushbu ne’matlarning qadrini bilgan, uni bardavom va ziyoda bo‘lishini umid qilgan kishilar nishonlaydi...

Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamni bashariyatga qanday sevishni o‘rgatish uchun yuborgan...

Nabiy sollallohu alayhi vasallamga chin muhabbat qo‘yuvchi kishini sunnatga faqat to‘g‘ri ergashayotganini, bid’atchini esa (amali kabi) muhabbati ham nuqsonli ekanini ko‘rasiz.

Nabiy sollallohu alayhi vasallamning mavlidlari bilan mo‘min kishigina quvonadi.

Mo‘minlar ushbu munavvar oyni Habibimiz sollallohu alayhi vasallam mavlidlari munosabati bilan xursandchilikda o‘tkazadilar. Zero, mavlidi sharif oyi xursandchilik qilish, mehr-muhabbat ko‘rsatish, yaxshilik, ehson-sadaqalar qilish oyidir.

Nabiy sollallohu alayhi vasallamga muhabbat qo‘yuvchi har bir kishi bu oy kelishidan avval tayyorgarlik ko‘rib, oy davomida imkon qadar ulug‘ ne’matga shukronasi, shodligini izhor qilishga intilgan.

Solih kishilar mavlidni nishonlashga moddiy imkon topolmasalar, hech bo‘lmasa bu oy davomida shomdan keyin tong otguncha yo‘lni yoritib turishi uchun chiroqlarini yoqib derazalariga qo‘yib qo‘yar ekanlar.

Onam Alloh rahmat qilsin bobosi shayx Mustafo haqida shunday der edi: "Bobom Rabi’ul avval tashrifidan bir necha oy avval tayyorgarlikni boshlab yuborardi. Aslida bobom davlatmand emasdi, lekin holatini birovga bildirmas, aksincha uning yaxshi amallari, zikr majlisi, mehmondorchiligi sababidan uyimiz barakaga to‘lib ketardi.

Mavlid oyi arafasida jonliq so‘yib, pullarini jamg‘arib qo‘yar, bu oy kirishi bilan bir jarchi qishloq chor atrofida baland ovozda: «Kim yegulikka, kiyim-kechikka ehtiyoji bo‘lsa shayx Mustafoning uyiga borsin!» deb aylanib chiqardi. Qishloqdagi yosh bolalar uning ortidan quvonch bilan chopqillashardi".

Shayx Mustafoning hovlisi bog‘-rog‘lari bor, bezatilgan baland qasr emas, balki loydan qurilgan qishloqdagi oddiy uylardan edi. Chunki bu uy egasi topganini tuproqqa sarflashning o‘rniga to‘g‘ri Alloh taolo yo‘lida ishlatib, foydasi aniq bo‘lgan tijoratni afzal ko‘rar edi.

Kechki payt shayx Mustafoning hovlisida chiroqlar ilinib, odamlar to‘planishib zikr, salavot, madhlar aytilardi.

So‘ngra taom tortilib, boy-kambag‘allar birga xursandchilik qilishardi. Unda barakani ko‘rardingiz. Faqir qalbidan ehson sohibi haqiga Allohdan kengchilik so‘rab duo qilar, sohibi ehson esa, Alloh taologa yaqinlashishiga sabab bo‘ladigan shunday ishga muvaffaq qilgani va buni yanada ziyoda qilishini, hayoti davomida yaxshilikda bardavom etishini so‘rab duo qilardi.

Bu xayrli odat boshqa hamqishloqlarimiz xonadonida ham davom etardi.

Muhammad Xolid Sobitning
«Tarixul ihtifol bi mavlidin Nabiy sollallohu alayhi vasallam»
kitobidan
Muhammad Zarif Muhammad Olim tayyorladi.