Islomiy va milliy qadriyatlardan biri o‘zgalarga yordam qo‘lini cho‘zishdir. Ushbu ko‘mak moddiy yoki ma’naviy bo‘lishi mumkin. Ramazon oyida beriladigan zakot va fitr ana shunday iadriyatlar sirasiga kiradi.
“Zakot” so‘zi tilimizda “poklik” va “o‘sish” ma’nolarini bildiradi. Shar’iy istilohda esa “Zakot maxsus moldan, maxsus juzni maxsus shaxsga Allohning roziligi uchun shariatda tayin qilinganidek mulk qilib berishdir”.
Zakot tufayli ijtimoiy barqarorlik yuzaga keladi. Shuningdek, zakotning faqat moddiy emas, balki ma’naviy, ruhiy, axloqiy ma’nolari ham bor. Zakotda beruvchiga ham, oluvchiga ham, ular yashab turgan jamiyatga ham katta foyda bor. Zakot berishdan asosiy maqsad kam ta’milangan faqir-fuqaro, beva-bechoralarga moliyaviy yordam berish barobarida insonni molu dunyodan ustun qilish, inson mol-duyoning, mol-dunyo insonning quli ekanini ta’minlashdir.
Imom G‘azzoliy rahmatullohi alayh:
“Alloh taolo O‘z bandasiga jon ne’mati va mol ne’matini bergan. Badan ibodatlari jon ne’matining shukridir. Moliyaviy ibodatlar mol ne’matining shukridir”, deganlar.
Zakot musulmonlarning ma’lum sanoqqa yetgan va bir yil aylangan chorva mollaridan beriladi. Uning sharti yilning ko‘p qismini yaylovda o‘tkazgan bo‘lishi kerak. Ulamolarimiz buning hikmatini quyidagicha aytgan. Odatda, chorva hayvonlar yaylovdagi o‘t-o‘simliklar bilan oziqlanadi. Vaholanki, o‘sha yaylovada ungan o‘t-o‘lanlar aholining umumiy mulki hisoblanadi. Demak, unda xalqning haqqi bor. Chorvador hamma molini xalqqa bera olmasligi tabiiy. Shu boisdan unga molidan 2,5 foizni ajratish kifoya. Ana o‘sha ajratilgan mulk, tabiiyki, o‘zi kabi mulkdor boyga emas, muhtoj odamga beriladi.
Muayyan miqdorga yetgan, yil to‘lgan tijorat mollaridan ham zakot beriladi. Tijoratchining mulkiga shubhali mollar aralashib qolishi ehtimoli bor. Molini poklab olish uchun muhtojlarga shariat belgilagan qismini ajratishi kerak bo‘ladi. Yana uyida zakot miqdorida puli borlar, yo sotish niyatida mashina, uy-joy, qimmat baho narsalar olib qo‘ygan hamda 85 gr tillo-kumushi borlar ham zakot beradi. Tasavvur qiling, bir odamning uyida 15 milliondan ortiq puli bor. Buni asrab qo‘yganiga bir yil bo‘ldi. Shundan u zakot berishi kerak bo‘ladi. Chunki pulni uyida saqlagani bois davlat va jamiyat zarar ko‘radi.
Zeb-ziynat va tillo taqinchoqlar hech qachon qadr-qiymatini yo‘qotmaydi va tabiiy ravishda narxi o‘suvchi mol hisoblanadi. Shuning uchun ham undan ulush beriladi. Zero, ba’zi uddaburon odamlar pulni jamg‘arish maqsadida tilloga aylantirib qo‘yishi hech kimga sir emas. Davlatga to‘lanadigan soliq sadaqa va zakot hisobiga o‘tmaydi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Bandalar tong ottirgan har bir kunda, albatta, ikki farishta nozil bo‘ladi-tushadi. Ulardan biri: “Allohim! Infoq qiluvchiga o‘rinbosar bergin”-, deydi. Ikkinchisi esa: “Allohim! Mumsik (Ziqna baxil)ga yo‘qotish bergin”, deydi”, dedilar.
Tasavvur qiling, agar har bir musulmon inson jamiyatdagi va dinidagi vazifasini sidqidildan bajarsa, muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zsa, jamiyatda faqir va miskin qolmaydi.
Shu o‘rinda bir mulohaza zakotni kimlarga berishni Yaratganning o‘zi Kalomida bitib qo‘ygan. Uni kimlarga berib bo‘lmaslik ham hadislarda bayon qilingan. Yana ulamolarimiz nomaqbul yo‘llarga sarf qiladiganlarga ham zakot berib bo‘lmasligini ta’kidlaganlar.
Albatta, zakotning savobi yanada mukammal bo‘lishi uchun uni munosib o‘ringa berilishi muhim. Chunki nomunosib shaxsga berilgan mablag‘ noshar’iy ishlarga yo‘naltirilib, zakot beruvchi ham gunohkor bandalar qatoriga tushib qolishi mumkin. Shuning uchun halol topgan boylikdan ajratilgan zakot beva-bechora, yetim-yesir, kambag‘al, muhtoj oilalarga, tolibi ilmlarga berilsa, ham ulkan savoblarga erishiladi.
Meva-cheva va yerdan chiqqan narsalardan, agar uni oqin(oqar) suv yoki yomg‘ir sug‘organ bo‘lsa, ushr-1/10 (o‘ndan bir) beriladi. Xalqimizda buni qo‘ni-qo‘shnichilik va muhtojlar haqqi deb yuritiladi. Agar hosil olishda sug‘orish asboblaridan foydalangan bo‘lsa, xarajati va qo‘l mehnati ko‘proq singgani uchun 1/20 (yigirmadan bir) beriladi.
Fitr sadaqasi
Fitr sadaqasi bug‘doydan, undan olinadigan narsalardan va mayizdan 2 kg. beriladi. Xurmo va arpadan 4 kg. beriladi.
Bizning diyorda keng tarqalgani fitr sadaqasini bug‘doydan berishdir. O‘rta hisobda bozordagi sotilayotgan bug‘doy narxi olinadi. Ba’zi olimlar kambag‘allarning foydasi uchun bozordagi eng qimmatini hisoblash yaxshi deydilar. Hanafiy mazhabimizda sadaqai fitr vojib hisoblanadi. “Fitr”ning ma’nosi “og‘iz ochish” degani. Zakot va boshqa sadaqalar moldan qilinsa, fitr sadaqasi jon boshidan qilinadi. Uning hikmati hadislarda bayon qilinganidek, ro‘zadagi kamchiliklarni bartaraf qilish, qolaversa, ro‘za tugashi va Ramazon hayiti kirishi bilan barcha musulmonlar bayram qilishidir. Tabiiyki, bayramni munosib o‘tkazish uchun dastmoya kerak. Buning uchun esa qurbi yetganlar muhtojlarga fitr sadaqasini xuddi sovg‘adek ulashadi va bayram barchaga tatiydi. Natijada jamiyat vakillari va tabaqalari o‘rtasida inoqlik, mehr-muruvvat rishtalari shakllanadi.
Ahrorbek MADAIPOV,
Ohangaron tumanidagi “Xonobod” jome masjidi imom noibi
Ota-onalar o‘g‘illariga Muhammad deb ism qo‘yishni afzal ko‘radilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak ismlari sahobalar davridan boshlab hozirgacha U zot alayhissalomga muhabbat yuzasidan farzandlarga qo‘yib kelinadi. Qolaversa, bir qancha hadisi shariflarda, ulamolarning so‘zlarida bu muborak ismni farzandlarga qo‘yish tavsiya qilingan va maqtalgan. Jumladan Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ismimni qo‘yinglar, ammo kunyam bilan kunyalanmanglar”, deganlar.
Imom Molik raziyallohu anhu aytadilar: “Madina ahli shunday der edi: “Muhammad ismli kishisi bor hech bir oila yo‘qki, unga ko‘plab yaxshiliklar berilmagan bo‘lsa”.
Ammo, “qasamki, kimki sening isming Muhammad bilan atalsa, hech qachon do‘zax o‘ti unga tegmaydi”, “Qiyomat kuni, ey ismi Muhammad bo‘lgan banda, jannatga kirish uchun o‘rningda tur, deb nido qilinadi” kabi uydirma hadislar ko‘plab uchraydi. Mazkur muborak ismga oid bir qancha uydirma hadislar kitoblarga kirib qolganini ulamolar aniqlagan va musulmonlarni ogoh etish uchun uydirma hadislarga oid yozgan kitoblariga kiritganlar.
Muhammad ismi do‘zaxdan asrashi, qiyomatda foyda berishi kabi fazilatlar bayon qilingan yuqorida zikr etilgan hadislar haqida Imom Shomiy asarida bunday degan: “Muhammad ismi bandaga foyda keltirishi haqida bironta sahih hadis yo‘q”.
Bakr Abu Zayd aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan Muhammad yoki Ahmad ismli kishini maqtagani yoki birovni bu ikki ism bilan chaqirishni man qilgani haqidagi har qanday hadis sahih emas” (“Tasmiyatul mavlud”, 17-bet).
Yana bir muhim jihat, bu ism sharafli ismlardan, ammo ism insonga odamlar orasida afzallik bermaydi. Agar bu ismni biror insonga qo‘yilsa, o‘sha insonning ismi hisoblanadi. Bu insonni chaqirilsa yoki ismi aytilsa, unga salovat aytish kabi Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga oid hukmlar qilinmaydi.
Asosiy va muhim jihat Muhammad deb nomlanish emas, balki U zotga ergashish ekanligini ulamolar ta’kidlaganlar. Insonga solih amallari va Allohdan qo‘rqishi dunyo va oxiratda foyda beradi.
Po‘latxon Kattayev,
TII Hadis va Islom tarixi fanlari kafedrasi
katta o‘qituvchisi.