Ramazon – o‘zi bilan bog‘liq shirin-shirin xotiralarni har damgidan ham yorqinroq yodga soladigan ajib fursat.
Qo‘lchalaridan birida pul, bittasida idishni mahkam ushlab, ko‘cha boshiga nisholda olishga ketayotgan bola qalbidagi quvonchdir Ramazon.
Nimagadir qoqinib, qo‘lidagi nisholda yer bilan bitta bo‘lgan go‘dakni turg‘izib, ust-boshini qoqib, yana boshqa kosaga nisholda to‘ldirtirib bergan bobo haqidagi xotiralardir.
“Birpasda tugab qoldi-ya ro‘za”, deb ko‘zyosh to‘kayotgan buvisini ko‘rib: “Ertaga hayit bo‘ladigan kunda ham yig‘laydimi?” deya o‘ylanayotgan kichkintoy ko‘zidagi hayratdir Ramazon.
Kattalarning murg‘ak ko‘ngil ishtiyoqini so‘ndirmaslik uchun “Yosh bolalar ro‘zani ikkiga bo‘lib tutadi”, degan gaplari sabab tushda qornini to‘yg‘azib, iftor paytida hamma bilan birga og‘iz ochayotgan kichkintoy qalbida ko‘z ochgan ibodatga muhabbatdir.
Iftorlik dasturxoniga tayyorlangan taomlarning yoqimli isi dimog‘ini qitiqlasa ham, bobosi gapiga kirib odob saqlab o‘tirgan bolakayda shakllanayotgan sabr ko‘nikmasidir Ramazon.
Bir oy davomida iftorlikka tansiqroq narsa pishirish uchun erinmay supra ochadigan onasi, opalari qavatida kichkina jo‘vasida jiddiyat bilan somsaga xamir yoyayotgan qizchaning urinishlaridir.
Qadr kechasi uxlamay chiqish yaxshiligini o‘zicha tushunib, ertalabgacha o‘tirishga qaror qilgan, biroq iftordan keyinoq uxlab qolgan, tong otganida uyg‘onib o‘ksinayotgan sabiyni quchib tasalli berayotgan onaning jonga malham so‘zlaridir Ramazon.
Bobosi, dadasi, amaki-tog‘asi, akalari bergan hayitlik pullariga orzu qilgan qo‘g‘irchog‘ini olish uchun shoshayotgan, egnidagi yangi atlas ko‘ylagining shitirlashiga quvonib chopayotgan qizaloqning shodliklaridir...
Aslida shular emasmi hali juda kichkinaligimizdan murg‘ak ko‘ngillarimizda Ramazonga muhabbat uyg‘otgan? Ana shu xotiralar emasmi bizga Ramazonni yanada aziz, yanada sevimli qilgan? Bobolarimiz, buvilarimiz, ota-onalarimiz, yoshi ulug‘larimizning eng katta xizmatlaridan bittasi shu ekani rost-ku!
Endi o‘zimiz ham kattalar qatoridamiz. Farzandlarimiz qalbida Ramazonga, ro‘zaga ishtiyoq, muhabbat, shavqni shakllantirish, ular yodida eng go‘zal xotiralarni qoldirish bizning zimmamizda. “Buning uchun unday qilishimiz kerak, bunday qilmog‘imiz lozim”, deyishga esa hojat yo‘q. Bolaligimiz Ramazonlari bilan bog‘liq xotiralarni, kattalarning xatti-harakatlarini eslasak, kifoya.
Ramazonni hurmatiga munosib o‘tkazish, jajji ko‘ngillarda bu oy bilan bog‘liq eng go‘zal taassurotlarni qoldirish barchamizga nasib qilsin!
Zumrad Foziljon qizi
1. Diniy ibodatlarni bajarish
1.1. Namozlarni o‘z vaqtida o‘qish. Ibodatlar ichida eng afzali – vaqtida o‘qilgan farz namozi sanaladi.
1.2. Ro‘za tutish. Qazo va nafl ro‘zalarni tutish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qish kunidagi ro‘za qiyinchiliksiz topiladigan g‘animat (o‘lja)dir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
1.3. Qur’on o‘qish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ummatimning eng afzal ibodati Qur’onga qarab tilovat qilishdir”, deganlar. Qur’onni yoddan o‘qishdan ko‘ra, unga qarab o‘qish afzaldir. Chunki Qur’onga qarash ham ibodatdir.
1.4. Tahajjud namozlarini o‘qish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Farz namozdan keyingi eng afzal namoz tungi namozdir”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
1.5. Duo va zikrni ko‘paytirish. “...Allohni ko‘p zikr qiling. Shoyadki, zafar topsangiz” (Juma surasi, 10-oyat).
2. Oilaga yaxshilik qilish
2.1. Ota-onaga yaxshilik qilish. O‘z vaqtida o‘qilgan farz namozdan keyin eng afzal amal bu – ota-ona xizmatida bo‘lish sanaladi. Zero, “Robbingiz, Uning O‘zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi” (Isro surasi, 23‑oyat).
2.2. Farzand va ahli ayolga xursandchilik ulashish. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarning yaxshilaringiz o‘z ahliga yaxshi muomala qilganingizdir. Men o‘z ahliga yaxshi muomala qiluvchirog‘ingizman”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
3. Ilm olish, kitob o‘qish
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ilm talab qilish har bir musulmon zimmasiga farzdir”, deganlar.
4. Tafakkurga vaqt ajratish
Hasan rahmatullohi alayh aytadilar: “Bir soat tafakkur qilish bir kechani bedor o‘tkazishdan yaxshidir”.
5. Muhtojlarga yordam berish
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir mo‘minning bitta dunyoviy tashvishini aritsa, Alloh taolo uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi. Kim qiynalgan kishiga yengillik keltirsa, Alloh taolo unga dunyoyu Oxiratda yengillik beradi” (Imom Muslim rivoyati).
6. Silai rahm qilish
Dam olish kunlari qavm-qarindoshlar holidan hech bo‘lmasa telefon orqali bo‘lsada xabar olish uchun qulay fursat. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimni rizqi keng, umri uzoq bo‘lish xursand etsa, silai rahm qilsin (qarindoshlik rishtalarini mustahkamlasin)” (Imom Buxoriy, imom Termiziy rivoyati).
7. Sport bilan shug‘ullanish
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kuchli mo‘min Alloh huzurida kuchsiz mo‘mindan yaxshiroq va mahbubroqdir”, deganlar.
8. Do‘st va yaqinlar holidan xabar olish
Hazrat Ali roziyallohu anhu aytadilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni: “Qaysiki musulmon boshqa bir musulmonni ertalab ziyorat qilsa, to kech kirgunicha unga yetmish ming farishta salavot aytadi. Agar kech kirganida ziyorat qilsa, to tong otgunicha yetmish ming farishta unga salavot aytadi. Unga jannatda bir bog‘ bo‘ladi”, deb aytganlarini eshitdim (Imom Termiziy rivoyati).
Dam olish kunlaringiz xayrli va barakali o‘tsin!
Davron NURMUHAMMAD