Ma’lumki, Ramazon oyi uch dahadan iborat: rahmat, mag‘firat va do‘zaxdan xalos bo‘lish. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday marhamat qiladilar: “Ramazonning avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat, oxiri esa jahannamdan xalos bo‘lishdir” (Ibn Abu Dunyo rivoyati).
Ramazonning avvalgi o‘n kunligi rahmat dahasidir. Bunda Alloh taoloning rahamati jo‘sh urganidan, yer yuziga ko‘p yog‘iladi. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: «Ramazon kelganida rahmat eshiklari ochiladi...» (Imom Muslim rivoyat).
Bu oyning o‘rtasidagi o‘n kunligi mag‘firat, oxiridagi o‘n kuni esa, do‘zaxdan qutulish dahasidir. Abu Hurayra (roziyallohu anhu) aytadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «U (Ramazon)ning oxirgi kechasida ro‘zadorlarning gunohlari kechiriladi», dedilar. Sahobalar: «Yo Rasululloh, u Qadr kechasimi?», deb so‘rashdi. U zot: «Yo‘q, lekin xizmatkor ishini ado etganidan so‘ng ajri – haqi to‘la qilib beriladi», dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Alloh subhonahu va taolo O‘zining hikmati ilohiysiga ko‘ra, ba’zi joylarni ayrimlaridan fazilatli qilgan. Shuningdek, ba’zi bir vaqtlarni boshqalaridan afzal qilgan. Jumladan, Ramazonni boshqa oylardan fazilatli qilgan. Bu muborak oyning oxirgi dahasining kunduzlari oldingilaridan afzaldir. Eng fayzli kechalar Ramazon oyi kechalaridir. Ramazon oyi kechalarining eng fazilatlisi oxirgi o‘n kechasidir.
Banda doimo Rabbisining toat-ibodatida yuradi, albatta. Ammo, Ramazonni, ayniqsa bu muborak oyning oxirgi o‘nligini g‘animat bilib, unda ko‘proq ibodat bilan mashg‘ul bo‘lsa, ulug‘ fazl va yuksak ajrga erishadi. Bu yutuqni qo‘lga kiritish uchun qanday yo‘l tutish kerak? Albatta, suyukli Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)ga ergashish zarur. Zero, u zoti bobarakot biz ummatlariga barcha sohada bo‘lganidek, bu borada ham o‘rnak bo‘lganlar. Oysha (roziyallohu anho) bunday rivoyat qiladilar:
كَانَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِذَا دَخَلَ الْعَشْرُ أَحْيَا اللَّيْلَ ، وَأَيْقَظَ أَهْلَهُ ، وَجَدَّ، وَشَدَّ الْمِئْزَرَ. رواه البخاري ومسلم.
«Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qachon (oxirgi) o‘nlik kirsa, kecha(lari)ni (namoz, Qur’on tilovati va boshqa ibodatlar bilan) tiriltirar (bedor o‘tkazar), ahllarini (kechasi ibodat qilishlari uchun) uyg‘otar, (toat-ibodatda yanada) g‘ayrat ko‘rsatar va (ibodatga odatdagidan tashqari) belni mahkam bog‘lar edilar» (Muttafaqun alayh).
Boshqa rivoyatda bunday kelgan:
كان رسول الله صلى الله عليه وسلم يجتهد في رمضان ما لا يجتهد في غيره، وفي العشر الأواخر منه ما لا يجتهد في غيرها .
«Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Ramazonda boshqa oylarda qilmagan jiddu jahdlarini qilardilar. Ayniqsa, Ramazonning oxirgi o‘nligi kelganida, unda boshqa kunlaridan ko‘ra g‘ayratli bo‘lardilar» (Muttafaqun alayh).
عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: كَانَ النَّبِيُّ صلى الله عليه وسلم يَعْتَكِفُ الْعَشْرَ الأَوَاخِرَ مِنْ رَمَضَانَ حَتَّى تَوَفَّاهُ اللهُ ثُمَّ اعْتَكَفَ أَزْوَاجُهُ مِنْ بَعْدِهِ. متفق عليه.
Oysha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilinadi: «Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) to Alloh u zotni vafot ettirgunicha, Ramazonning oxirgi o‘nligida e’tikof o‘tirar edilar. So‘ngra, u zotdan keyin zavjalari e’tikof o‘tirishdi» (Muttafaqun alayh).
عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: كَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يُجَاوِرُ فِي الْعَشْرِ الأَوَاخِرِ مِنْ رَمَضَانَ وَيَقُولُ: تَحَرَّوْا لَيْلَةَ الْقَدْرِ فِي الْعَشْرِ الأَوَاخِرِ مِنْ رَمَضَانَ. متفق عليه.
Yana Oysha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Ramazonning oxirgi o‘n kunligida e’tikof o‘tirar va: «Laylatul qadrni Ramazonning oxirgi o‘nligidan izlanglar» der edilar» (Muttafaqun alayh).
Payg‘ambarimiz (alayhissalom)ning mazkur dahada e’tikof o‘tirishlaridan maqsad – Laylatul qadrni topish edi. Zotan, masjidda o‘n kechayu kunduz uzluksiz e’tikof o‘tirgan odam, albatta, o‘sha muborak kechani topadi va unda va’da qilingan xayr-barakaga erishishi muqarrar. Shu e’tibordan, solih zotlar doimo Ramazoni sharifning oxirgi o‘n kunligida e’tikof o‘tirishga intilishgan. Shunga ko‘ra, imkoni, sharoiti ko‘targan kishilar ham bu ibodatni bajarishsa, ayni muddao bo‘ladi.
Mo‘min kishi doimo duo qilib yurishi kerak. Xususan, Ramazon oyida:
اللَّهُمَّ، إِنَّك عَفُوٌّ تُحِبّ الْعَفْو، فَاعْفُ عَنِّي
“Allohumma, innaka ’afuvvun tuhibbul ’afva, fa’fu ’anniy – Yo Alloh, Sen kechiruvchi Zotsan, kechirishni yaxshi ko‘rasan, mening (gunohlarimni) afv et”, deb ko‘proq iltijo qilishi zarur. Bu muborak duoni Ramazonning oxirgi o‘nligida, ayniqsa, toq kunlarida yanada ko‘proq takrorlash maqsadga muvofiq. Zero, Abdulloh ibn Burayda (roziyallohu anho)dan rivoyat qilingan hadisi sharifda Oysha (roziyallohu anho) aytadilar: “Yo Rasululloh, men Qadr kechasini topsam, nima deb duo qilaman, deya so‘radim”. U zot: “Allohumma, innaka ’afuvvun tuhibbul ’afva, fa’fu ’anniy – Yo Alloh, Sen kechiruvchi Zotsan, kechirishni yaxshi ko‘rasan, mening (gunohlarim)ni afv et”, deb ayt”, dedilar (Imom Ahmad, Termiziy, Nasoiy va Ibn Moja rivoyatlari).
Bu dahadagi kechalar bizga berilgan buyuk fursatdir. Manbalarda kelishicha, bu muborak kechaning yaxshiliklaridan mahrum bo‘lgan kishi juda ko‘p xayr-barakadan quruq qolar ekan. Zero, bu dahada do‘zaxdan ozod bo‘lish, yaxshiliklarda raqobat qilish, Allohga qurbat hosil qilish, ko‘p barakani o‘zida mujassam etgan, soniyalari qadrli, ozgina amalga ko‘plab ajr yoziladigan, bisyor amalga esa, qo‘sha-qo‘sha savob ato etiladigan tunlar onasi, ming oydan afzal kecha yashirilgan. U Qadr kechasidir. Laylatul qadr – qadri ulug‘ kecha, degani. Bu kechadagi fazilatlarning qadri yuksakligi, uning qadr-qimmati ming oydan ulug‘ligi va bu kechada bandalarning bir yillik amallari o‘lchanib, rejalashtirilishidan shunday nomlangan. Zero, farishtalar bu kechada kelgusi yilning shu kechasigacha qilinadigan barcha ishlarni o‘lchab-hisoblab qo‘yadilar. Demak, bu dahaning boshqalaridan fazilatli tomoni ham shunda. Zotan, u kecha ming oydan yaxshiroqdir. Bu taxminan, Laylatul Qadr kechasi ichida bo‘lmagan 83,3 yilga to‘g‘ri keladi. Bu, shu muborak kechada qilingan ibodatlar shuncha yil davomida bajarilgan ibodat savobidan fazli baland, deganidir.
Alloh taolo marhamat qiladi:
لَيْلَةُ الْقَدْرِ خَيْرٌ مِنْ أَلْفِ شَهْرٍ
“Qadr kechasi ming oydan yaxshiroqdir” (Qadr surasi, 3-oyat).
Alloh taolo bandalari toat-ibodatni ko‘paytirib, yuqori darajalarga erishishlari uchun Qadr kechasini Ramazon oyiining oxirgi o‘nligida yashirdi. Shu bois, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning o‘zlari o‘rnak bo‘lib, bu dahada oldingilaridan ko‘ra g‘ayratlari oshib, unda yanada ko‘proq ibodat bilan mashg‘ul bo‘lar va sahobalarni shunga chorlar edilar.
Bu sanoqli lahzalar ham yashin tezligida o‘tadi, ketadi. Shuning uchun, bu ulug‘ fursatni qo‘ldan boy bermaylik, u damlarni g‘animat bilib, ko‘proq ibodat qilaylik. Zero, biz yana qaytib bu muborak kechalarga yetamizmi-yo‘qmi Allohga ayon. Parvardigori olam hammamizni bu fayzli kechalarga eson-omon yetishimizni va undagi xayru barakadan bahramand bo‘lishimizni nasib etsin. Undan aslo mahrum etmasin. Omin!
Tolibjon QODIROV
tayyorladi.
Ramazon oyida — Qur’on oyi — musulmonlarning Alloh taoloning kitobiga bo‘lgan e’tiborlari yanada ortadi. Ular Qur’onning nurlari ila qalblarini undagi shahvat kirlaridan poklanishi, ko‘ngillariga o‘rnashgan har qanday shak-shubha pardalarini olib tashlanishi umidida bo‘ladilar. Darhaqiqat, qalblar Qur’oni karim nuri bilan payvasta bo‘lmas ekan, unda turli shubhalarning qatlam-qatlam bo‘lib to‘planishi tabiiy. Qachonki Qur’onning fayzli nuri qalbga tushib uni yoritsa, shu zahoti qalbdagi fitnalar buluti Allohning izni ila tarqalib ketadi. Buning barchasi banda qalbi bilan tadabbur sahnasiga qanchalik ixlos va huzur bilan kirib borishiga bog‘liq.
Ramazon oyida musulmonlar Qur’onning 30 pora (juz)iga bog‘lanib, har kuni bir juz yoki undan ortiq o‘qishni maqsad qilib qo‘yishadi. Shunday qilib oy oxirigacha, hech bo‘lmaganda, bir marta Qur’onni xatm qilishni uddalashadi. Bu esa, musulmon kishini "Qur’onni tark etganlar" qatoridan chiqaradi.
Siz hech qachon shunday savolni o‘zingizga berib ko‘rganmisiz: Mus'hafi sharifni 30 juzga taqsimlanishi qachon va qanday yuzaga kelgan? Qur’oni karimga bu tarzda xizmat qilishda qorilarning sa’y-harakatlari qanday bo‘lgan?
Alloh taolo bu ummatga eng buyuk Kitobni eng buyuk Rasul (sallallohu alayhi vasallam) orqali nozil qilish bilan buyuk ne’mat ato etdi. Ummat esa bu ilohiy ne’matni munosib tarzda qabul qildi. Ummatning ulamo va qorilari bor kuch-g‘ayratlarini bu aziz kitobga xizmat qilishga bag‘ishladilar. Bu xizmatning mevasi sifatida Qur’onni oson o‘rganish, yodlash va o‘qishni ta’minlaydigan taqsimot usullari yaratildi. Bu usullar Qur’on o‘quvchida kuch paydo qiladi, zavq beradi, zerikmay o‘qishni taminlaydi.
Ma’lumki, Qur’oni karim Alloh taolo tomonidan oyat va suralarga bo‘lib nozil qilingan. Buning hikmatlari ko‘p. Imom Zamaxshariy buning sababini quyidagicha tushuntirganlar: “Agar, Qur’onning suralarga bo‘lib ajratilishidan nima foyda?-deb so‘rasangiz, men aytgan bo‘lardimki, Qur’onning suralarga bo‘lingan holda nozil qilinishi bir necha foyda va hikmatlarga ega. Alloh taoloning ilohiy hikmati ila boshqa samoviy kitoblar — Tavrot, Injil, Zaburni ham mana shu uslubda nozil bo‘lgan. Ilm ahllari ham har bir fanga oid kitoblarini yozganlarida ularni ham boblarga bo‘lib, har bobga sarlavha qo‘yishga odatlanganlar. Buning sababi shundaki, bir mavzudagi narsa bir necha bo‘lim va sinflarga ajratib bayon etilishi, o‘sha mavzudagi bayonni yanada ravshanroq va ta’sirliroq qiladi. Shuningdek, qori bir surani tugatib, boshqasiga o‘tganda, unda yangi ruh va qiziqish paydo bo‘ladi. Bu huddi safarga chiqqan odam misoliga o‘xshaydi: u qancha yo‘l bosganini - bir chaqirim, o‘n kilometr va hokazo - bilib turishi, safarni yana davom ettirishga ruhlantiradi. Shu sababli qori va ulamolar Qur’onni haftalik haftanomalar (sab’a) va bo‘limlarga — juz, o‘nlik, beshlik kabi shakllarda taqsim qilishgan. Yodlovchi uchun ham bu qulaylik tug‘diradi. Agar bitta surani yoki ikkita surani yod olsa, Qur’ondan to‘liq bir bo‘lakni yod olganidan quvonadi. Bu esa uning Qur’onning keyingi qismlarini yod olishiga rag‘bat hissini uyg‘otadi. Shuning uchun sahobalar “Baqara” va “Oli Imron” suralarini o‘qiganlarni ulug‘lar edilar. Anas raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Agar bir kishi Baqara va Oli Imronni o‘qib tugatsa, bizni nazdimizda ulug‘ kishi deb qaralar edi". Shuning uchun ham namozda to‘liq bir surani o‘qish afzalligi kelib chiqqan. Shuningdek, taqsimot ma’nolar uyg‘unligini, uslubning uyqashligini ta’minlaydi va ma’nolar bir-biriga bog‘lanadi.”
Avval boshda qori sahobiylar Qur’on suralarini haftalik qilib yetti qismga (hizb) bo‘lishgan. Har bir hizbda ma’lum sondagi suralar bo‘lib, hafta davomida butun Qur’onni xatm qilganlar. Ahmad, Abu Dovud va Ibn Moja rivoyat qilgan hadisda Avs ibn Huzayfa raziyallohu anhu sahobalardan: “Qur’onni qanday tarzda hizblarga ajratgansizlar?”-deb so‘radi. Ular aytdilar: “Uchta, beshta, yettita, to‘qqizta, o‘n bitta, o‘n uchta va mufassal suralar (Qof surasidan to Nos surasigacha).” Ushbu rivoyatda bayon etilishicha sahobalar davrida Qur’onni hizblarga taqsimlash quyidagi tartibda bo‘lgan:
1. 1-hizb: Baqara, Oli Imron, Niso — 3 sura.
2. 2-hizb: Moida, An’om, A’rof, Anfol, Tavba — 5 sura.
3. 3-hizb: Yunusdan Nahlgacha — 7 sura.
4. 4-hizb: Isro’dan Furqongacha - 9 sura.
5. 5-hizb: Shuaro’dan Yosingacha - 11 sura.
6. 6-hizb: Saffotdan Hujurotgacha - 13 sura.
7. 7-hizb: Qofdan Nosgacha - 65 sura.
Shaksiz, bu “yettilik” taqsimot Qur’on xatmini osonlashtiradi. Biroq, har bir qori ham haftada xatm qilishga qodir emas. Vaqti cheklangan, kuchi yetishmaydigan kishilar ham bor. Shuning uchun keyingi davrlarda Qur’onni yanada oson xatm qilish imkonini berish maqsadida yana boshqa usullar ishlab chiqildi. Suralar soniga emas, balki matn hajmi va boshqa asoslarga tayangan holda yangicha taqsimotlar vujudga keldi.
Hijriy 110 yili vafot etgan hukmdor Hajjoj ibn Yusuf zamoniga kelib Qur’onni boshqacha usulda taqsimlash istagi paydo bo‘ldi. U ham bo‘lsa Qur’on harflari sonidan kelib chiqib taqsimlash usulidir. Buning uchun Hajjoj ibn Yusuf ulamolar va qorilarni chaqirib, Qur’ondagi harflar sonini aniqlashni buyurdi. Ular Qur’ondagi harflarni sanab, sonini aniqladilar va keyin bu harflarni teng ikki qismga bo‘lishdi. Shuningdek, Qur’onni uchga, to‘rtga ham bo‘lish ishlarini amalga oshirishdi. Ibn Abu Dovudning «Masohif» kitobida quyidagicha rivoyat keltirilgan: «Hajjoj ibn Yusuf hofizlar va qorilarni yig‘ib: “Menga Qur’onda nechta harf borligini aytinglar,” dedi. Ular hisoblay boshlab, shunday xulosaga kelishdi: Qur’on 340 740 dan ortiq harfdan iborat. Hajjoj yana so‘radi: “Qur’onning yarmi qaysi harfda tugaydi?” Ular hisoblab, Qur’onning yarmi Kahf surasidagi {وَلْيَتَلَطَّفْ} (19-oyat) so‘zining “ف” harfiga to‘g‘ri kelishini aytishdi. So‘ng u: “Harflar soni bo‘yicha yetti qismga bo‘linishi qay tarzda bo‘ladi?”- deb so‘radi. Yahyo dedi: “Harflar soniga ko‘ra quyidagicha bo‘linadi”:
Birinchi qism: Niso surasidagi {فَمِنْهُمْ مَنْ آمَنَ بِهِ وَمِنْهُمْ مَنْ صَدَّ} (55-oyat), “د” harfida tugaydi.
Ikkinchi qism: A’rof surasidagi {أُولَئِكَ حَبِطَتْ} ت harfida tugaydi.
Uchinchi qism: Ra’d surasidagi {أُكُلُهَا دَائِمٌ} (35-oyat), “أ” harfida.
To‘rtinchi qism: Haj surasidagi {لِكُلِّ أُمَّةٍ جَعَلْنَا مَنسَكًا} (67-oyat), “أ” harfida.
Beshinchi qism: Ahzob surasidagi {وَمَا كَانَ لِمُؤْمِنٍ وَلَا مُؤْمِنَةٍ} (36-oyat), “ه” harfida.
Oltinchi qism: Fath surasidagi {ٱلظَّانِّينَ بِٱللَّهِ ظَنَّ ٱلسَّوْءِ} (6-oyat), “و” harfida.
Yettinchi qism: Qur’onning qolgan qismi.
So‘ngra Hajjoj: “Qur’onning uchdan biri qayerga to‘g‘ri keladi?”-deb so‘radi. Ular javob berishdi:
Birinchi uchdan bir qismi: Baroat (Tavba) surasining 100-oyatining boshi.
Ikkinchi uchdan biri: «To Siyn Miym» (Shu’aro) surasining 111-oyatining boshi.
Uchinchi uchdan biri: Qur’onning qolgan qismi.
Abu Muhammad Hammoniy rahimahulloh aytadi: “Hajjoj bizdan Qur’onning to‘rtdan bir qismini ham so‘radi. Ular javob berishdi:
Birinchi to‘rtdan biri: An’om surasining oxiri.
Ikkinchisi: Kahf surasidagi {وَلْيَتَلَطَّفْ}. 19-oyatda.
Uchinchisi: Zumar surasining oxiri.
To‘rtinchisi: Qur’onning qolgan qismi.”
Mutohhar ibn Xolid Abu Muhammad Hammoniydan rivoyat qiladi: “Biz buni to‘rt oyda o‘rganib chiqdik. Hajjoj esa uni har kecha o‘qir edi.”
Keyinchalik imom Abu Bakr ibn Ayyosh al-Kufiy (h. 194 yil vafot etgan) Qur’onni harflar soniga asosan 30 qismga (juz) bo‘ldi. Bu taqsimotda har bir juz (qism) da harflar soni teng bo‘lishiga e’tibor qaratildi. Shu tariqa, bir oyda Qur’onni to‘liq xatm qilish osonlashdi.
Shunday qilib, Qur’onni harflar asosida teng bo‘lish g‘oyasi Hajjoj zamonida boshlangan, keyingi ulamolar esa buni rivojlantirib borganlar. Abu Bakr ibn Ayyosh buni 30 qismgacha kengaytirgan. Demak, Qur’onni 30 qismga bo‘lish Islom tarixining ikkinchi asridayoq mavjud bo‘lgan.
Bu oxirgi — 30 qismli taqsimot eng keng tarqalgan va ommalashgan bo‘lib, shunga ko‘p omillar sababchi bo‘lgan. Eng muhim sabablardan biri — uning oy kunlari soniga mos kelishi, xususan, Ramazon oyida har kuni bir juz o‘qib, Qur’onni bir oyda xatm qilish imkoni bo‘lgani.
Ayrim manbalarda Qur’onning 20 qismli taqsimoti ham borligi zikr etiladi, bu shakl hozirda Misr Milliy kutubxonasida saqlanmoqda.
Qur’onni 30 qismga (juz) bo‘lish natijasida har bir juz alohida ajratib olinib, masjidlarda maxsus qutilarga solib qo‘yiladi va istaganlarda bir juzdan tarqatib beriladi, shu tariqa bir jamoa kishilar Qur’onni birga xatm qilishga muvaffaq bo‘ladilar. Ayniqsa Ramazonda, jamoat uchun maxsus quti (rub’a)larga joylashtirilgan Qur’on juzlarga ajratilgan holda taqdim etiladi. Bu jamlanma «rub’a» deb nomlanadi. Lug‘atda «rub’a» — teridan bo‘lgan idish yoki quti demakdir. Bu osonlashtirish yana bir yengillikka olib keldi — bu galgi yengillik Qur’onni yod oluvchilar (hofizlar) uchun mo‘ljallangan edi. Ya’ni, har bir juz (qism) — ikki hizbga bo‘lingan bo‘lib, birini kunduzi, ikkinchisini kechasi o‘qish mumkin. Har bir hizb — to‘rtta rub’ga (1/4) bo‘lingan. Bu usullar Qur’onni nafaqat o‘qish, balki yod olishni ham osonlashtirdi.
Shu oxirgi taqsimlash asosida Qur’on mus'haflari chop etilgan. Ushbu taqsimlash usulida qori va ulamolar orasida eng maqbul va keng qabul qilingan oyatlar soni asos qilib olingan. Masalan: Ilk madinaliklar Qur’onni 6000 oyat deb hisoblashgan, mutaaxxir madinalik olimlar — 6124 oyat, mutaaxxir makkaliklar — 6219 oyat, kufaliklar — 6263 oyat, basraliklar — 6204 oyat, shomliklar — 6225 oyat deb hisoblashgan.
Ta’kidlash lozimki, Qur’onning oyatlari soni borasidagi ushbu ixtiloflar mazhablar orasidagi ixtilofdan kelib chiqqan.
Bu borada As-Safaqsiy o‘zining "G‘ays an-naf’" kitobida o‘zidan oldin o‘tgan ikki muhaqqiq olimlarning gapini asos qilib keltiradi. Ular: 1. Abu Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Abu Bakr Qastaloniy — "Latoif al-isharot fi ilm al-qiroat" kitobining muallifi, 2. Qodiriy Muhammad — "Mus’if al-muqriiyn" kitobining muallifi. As-Safaqsiy ushbu olimlarga tayanib, eng maqbul va ittifoq qilingan fikrni tanladi. Shunday qilib, Misrda chop etilgan so‘nggi Qur’on nashri aynan shu asosda tayyorlandi. Bu nashrda juz, hizb va rub’larni belgilaydigan chetki belgilar (ishoralar) ham kiritildi.
Keyinchalik, turk ulamolari juzlarni shunday bo‘lishni taklif qildilarki, har bir juz 20 sahifadan iborat bo‘lsin va har sahifada 15 satr bo‘lsin. Bu esa kundalik namozning har bir rakaatida bir sahifa o‘qish imkonini beradi. Musulmon kishi shu tarzda, kunlik besh mahal farz namozlarning avvalgi ikki rakatida Fotihadan keyin o‘qiladigan zam sura o‘rnida va sunnat (ravotib) namozlarining har rakatida bir sahifadan o‘qisa, kun davomida bir juzni o‘qib chiqishi mumkin bo‘ladi. Shu bilan bir oyda besh vaqt namozlar orqali Qur’onni xatm qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Buning yana bir foydasi — taroveh namozlariga taalluqlidir. To‘rt mazhabda maqbul bo‘lgan fikrga ko‘ra, taroveh namozi 20 rakatdan iborat. Shuning uchun, mus'hafni tayyorlovchilar har juzni 20 sahifadan iborat qildilar, shu bilan har kecha bir juzni o‘qish osonlashadi va oy oxirida Qur’on xatm qilinadi. Bu usul hozirgi kunda Madina mus'hafida qo‘llanilmoqda.
Xulosa.
Qur’onni harflar soniga asosan juzlarga taqsimlash g‘oyasi Hajjoj zamonida boshlangan. Undan so‘ng ikkinchi asrda imom Abu Bakr ibn Ayyosh Qur’onni 30 qismga bo‘ldi. Keyinchalik har bir juz ikki hizbga, har bir hizb to‘rtta rub’ga bo‘lindi.
Qur’oni karimning Alloh taolo tomonidan nozil bo‘lishida sura va oyatlarga taqsimlandi. Mus'haf shaklida juzlarga taqsimlash bir necha bosqichda amalga oshirildi: sahobalar davridagi haftalik bo‘lishdan tortib, hozirgi kundagi 30 juz, 60 hizb va 240 rub’gacha. Bu taqsimlash asosan Qur’on harflarining soniga asoslangan.
Buning ko‘plab foydalari bor: o‘qish, yodlash, o‘rganishni osonlashtiradi, Qur’on o‘qish tartibini aniqlaydi, Ramazon oyida va kundalik namozlarda to‘liq xatm qilishga yordam beradi.
Alloh taoloning O‘zi musulmon ummatining aqliga o‘z Kitobiga xizmat qilish va uning ahliga yengillik yaratish yo‘lida hikmatlar va foydalarni ilhom etdi, alhamdulillah.
Doktor Honiy Mahmud Hasandan
Homidjon Ishmatbekov tarjimasi