Ma’lumki, Ramazon oyi uch dahadan iborat: rahmat, mag‘firat va do‘zaxdan xalos bo‘lish. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday marhamat qiladilar: “Ramazonning avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat, oxiri esa jahannamdan xalos bo‘lishdir” (Ibn Abu Dunyo rivoyati).
Ramazonning avvalgi o‘n kunligi rahmat dahasidir. Bunda Alloh taoloning rahamati jo‘sh urganidan, yer yuziga ko‘p yog‘iladi. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: «Ramazon kelganida rahmat eshiklari ochiladi...» (Imom Muslim rivoyat).
Bu oyning o‘rtasidagi o‘n kunligi mag‘firat, oxiridagi o‘n kuni esa, do‘zaxdan qutulish dahasidir. Abu Hurayra (roziyallohu anhu) aytadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «U (Ramazon)ning oxirgi kechasida ro‘zadorlarning gunohlari kechiriladi», dedilar. Sahobalar: «Yo Rasululloh, u Qadr kechasimi?», deb so‘rashdi. U zot: «Yo‘q, lekin xizmatkor ishini ado etganidan so‘ng ajri – haqi to‘la qilib beriladi», dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Alloh subhonahu va taolo O‘zining hikmati ilohiysiga ko‘ra, ba’zi joylarni ayrimlaridan fazilatli qilgan. Shuningdek, ba’zi bir vaqtlarni boshqalaridan afzal qilgan. Jumladan, Ramazonni boshqa oylardan fazilatli qilgan. Bu muborak oyning oxirgi dahasining kunduzlari oldingilaridan afzaldir. Eng fayzli kechalar Ramazon oyi kechalaridir. Ramazon oyi kechalarining eng fazilatlisi oxirgi o‘n kechasidir.
Banda doimo Rabbisining toat-ibodatida yuradi, albatta. Ammo, Ramazonni, ayniqsa bu muborak oyning oxirgi o‘nligini g‘animat bilib, unda ko‘proq ibodat bilan mashg‘ul bo‘lsa, ulug‘ fazl va yuksak ajrga erishadi. Bu yutuqni qo‘lga kiritish uchun qanday yo‘l tutish kerak? Albatta, suyukli Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)ga ergashish zarur. Zero, u zoti bobarakot biz ummatlariga barcha sohada bo‘lganidek, bu borada ham o‘rnak bo‘lganlar. Oysha (roziyallohu anho) bunday rivoyat qiladilar:
كَانَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِذَا دَخَلَ الْعَشْرُ أَحْيَا اللَّيْلَ ، وَأَيْقَظَ أَهْلَهُ ، وَجَدَّ، وَشَدَّ الْمِئْزَرَ. رواه البخاري ومسلم.
«Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qachon (oxirgi) o‘nlik kirsa, kecha(lari)ni (namoz, Qur’on tilovati va boshqa ibodatlar bilan) tiriltirar (bedor o‘tkazar), ahllarini (kechasi ibodat qilishlari uchun) uyg‘otar, (toat-ibodatda yanada) g‘ayrat ko‘rsatar va (ibodatga odatdagidan tashqari) belni mahkam bog‘lar edilar» (Muttafaqun alayh).
Boshqa rivoyatda bunday kelgan:
كان رسول الله صلى الله عليه وسلم يجتهد في رمضان ما لا يجتهد في غيره، وفي العشر الأواخر منه ما لا يجتهد في غيرها .
«Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Ramazonda boshqa oylarda qilmagan jiddu jahdlarini qilardilar. Ayniqsa, Ramazonning oxirgi o‘nligi kelganida, unda boshqa kunlaridan ko‘ra g‘ayratli bo‘lardilar» (Muttafaqun alayh).
عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: كَانَ النَّبِيُّ صلى الله عليه وسلم يَعْتَكِفُ الْعَشْرَ الأَوَاخِرَ مِنْ رَمَضَانَ حَتَّى تَوَفَّاهُ اللهُ ثُمَّ اعْتَكَفَ أَزْوَاجُهُ مِنْ بَعْدِهِ. متفق عليه.
Oysha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilinadi: «Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) to Alloh u zotni vafot ettirgunicha, Ramazonning oxirgi o‘nligida e’tikof o‘tirar edilar. So‘ngra, u zotdan keyin zavjalari e’tikof o‘tirishdi» (Muttafaqun alayh).
عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: كَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يُجَاوِرُ فِي الْعَشْرِ الأَوَاخِرِ مِنْ رَمَضَانَ وَيَقُولُ: تَحَرَّوْا لَيْلَةَ الْقَدْرِ فِي الْعَشْرِ الأَوَاخِرِ مِنْ رَمَضَانَ. متفق عليه.
Yana Oysha (roziyallohu anho)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Ramazonning oxirgi o‘n kunligida e’tikof o‘tirar va: «Laylatul qadrni Ramazonning oxirgi o‘nligidan izlanglar» der edilar» (Muttafaqun alayh).
Payg‘ambarimiz (alayhissalom)ning mazkur dahada e’tikof o‘tirishlaridan maqsad – Laylatul qadrni topish edi. Zotan, masjidda o‘n kechayu kunduz uzluksiz e’tikof o‘tirgan odam, albatta, o‘sha muborak kechani topadi va unda va’da qilingan xayr-barakaga erishishi muqarrar. Shu e’tibordan, solih zotlar doimo Ramazoni sharifning oxirgi o‘n kunligida e’tikof o‘tirishga intilishgan. Shunga ko‘ra, imkoni, sharoiti ko‘targan kishilar ham bu ibodatni bajarishsa, ayni muddao bo‘ladi.
Mo‘min kishi doimo duo qilib yurishi kerak. Xususan, Ramazon oyida:
اللَّهُمَّ، إِنَّك عَفُوٌّ تُحِبّ الْعَفْو، فَاعْفُ عَنِّي
“Allohumma, innaka ’afuvvun tuhibbul ’afva, fa’fu ’anniy – Yo Alloh, Sen kechiruvchi Zotsan, kechirishni yaxshi ko‘rasan, mening (gunohlarimni) afv et”, deb ko‘proq iltijo qilishi zarur. Bu muborak duoni Ramazonning oxirgi o‘nligida, ayniqsa, toq kunlarida yanada ko‘proq takrorlash maqsadga muvofiq. Zero, Abdulloh ibn Burayda (roziyallohu anho)dan rivoyat qilingan hadisi sharifda Oysha (roziyallohu anho) aytadilar: “Yo Rasululloh, men Qadr kechasini topsam, nima deb duo qilaman, deya so‘radim”. U zot: “Allohumma, innaka ’afuvvun tuhibbul ’afva, fa’fu ’anniy – Yo Alloh, Sen kechiruvchi Zotsan, kechirishni yaxshi ko‘rasan, mening (gunohlarim)ni afv et”, deb ayt”, dedilar (Imom Ahmad, Termiziy, Nasoiy va Ibn Moja rivoyatlari).
Bu dahadagi kechalar bizga berilgan buyuk fursatdir. Manbalarda kelishicha, bu muborak kechaning yaxshiliklaridan mahrum bo‘lgan kishi juda ko‘p xayr-barakadan quruq qolar ekan. Zero, bu dahada do‘zaxdan ozod bo‘lish, yaxshiliklarda raqobat qilish, Allohga qurbat hosil qilish, ko‘p barakani o‘zida mujassam etgan, soniyalari qadrli, ozgina amalga ko‘plab ajr yoziladigan, bisyor amalga esa, qo‘sha-qo‘sha savob ato etiladigan tunlar onasi, ming oydan afzal kecha yashirilgan. U Qadr kechasidir. Laylatul qadr – qadri ulug‘ kecha, degani. Bu kechadagi fazilatlarning qadri yuksakligi, uning qadr-qimmati ming oydan ulug‘ligi va bu kechada bandalarning bir yillik amallari o‘lchanib, rejalashtirilishidan shunday nomlangan. Zero, farishtalar bu kechada kelgusi yilning shu kechasigacha qilinadigan barcha ishlarni o‘lchab-hisoblab qo‘yadilar. Demak, bu dahaning boshqalaridan fazilatli tomoni ham shunda. Zotan, u kecha ming oydan yaxshiroqdir. Bu taxminan, Laylatul Qadr kechasi ichida bo‘lmagan 83,3 yilga to‘g‘ri keladi. Bu, shu muborak kechada qilingan ibodatlar shuncha yil davomida bajarilgan ibodat savobidan fazli baland, deganidir.
Alloh taolo marhamat qiladi:
لَيْلَةُ الْقَدْرِ خَيْرٌ مِنْ أَلْفِ شَهْرٍ
“Qadr kechasi ming oydan yaxshiroqdir” (Qadr surasi, 3-oyat).
Alloh taolo bandalari toat-ibodatni ko‘paytirib, yuqori darajalarga erishishlari uchun Qadr kechasini Ramazon oyiining oxirgi o‘nligida yashirdi. Shu bois, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning o‘zlari o‘rnak bo‘lib, bu dahada oldingilaridan ko‘ra g‘ayratlari oshib, unda yanada ko‘proq ibodat bilan mashg‘ul bo‘lar va sahobalarni shunga chorlar edilar.
Bu sanoqli lahzalar ham yashin tezligida o‘tadi, ketadi. Shuning uchun, bu ulug‘ fursatni qo‘ldan boy bermaylik, u damlarni g‘animat bilib, ko‘proq ibodat qilaylik. Zero, biz yana qaytib bu muborak kechalarga yetamizmi-yo‘qmi Allohga ayon. Parvardigori olam hammamizni bu fayzli kechalarga eson-omon yetishimizni va undagi xayru barakadan bahramand bo‘lishimizni nasib etsin. Undan aslo mahrum etmasin. Omin!
Tolibjon QODIROV
tayyorladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Yetimning haqqini yeyishning katta gunoh, og‘ir jinoyat va o‘ta ketgan pastkashlik ekanini hech kim inkor qilmasa kerak.
Alloh taolo Qur’oni Karimda: «Yetimlarning mol-mulklarini zulm bilan yegan kimsalar qorinlariga do‘zaxni yebdilar, xolos» (Niso surasi, 10‑oyat), deya bejizga tahdid qilmagan.
«Falonchi yetimning pulini o‘maribdi», deyilsa, har qanday vijdonli odam o‘zi bilgan eng og‘ir gaplar bilan uni qarg‘ashi, haqorat qilishi tabiiy.
Biroq, shariat va voqelik nuqtayi nazari bilan qarasak, yetimning haqqini yeyishdek yana bir katta gunoh, og‘ir jinoyat bor, ammo negadir ko‘pchilik unga beparvo. Bu ‒ ommaning molidan nohaq, o‘g‘rin-cha, yeyishdir.
Ochig‘ini aytish kerak, postsovet mamlakatlarda davlatning mulkini o‘marish odat tusiga kirib, odamlarning qon-qoniga singib ketdi. Odamlar davlatning mulkini xuddi egasiz moldek tasavvur qiladigan bo‘lib qolgan. Davlatning mulkidan o‘g‘rilayotganlar o‘zini hech noqulay ham his qilishmaydi, xuddi otasidan qolgan bog‘dan olma yegandek, xalq mulkini bemalol o‘pqoniga tiqaveradi. O‘rni kelsa, bu borada musobaqalashib ham ketishadi.
Buning bir qator sabablari mavjud bo‘lib, shulardan biri bizdagi zamonaviy davlatchilikning tarixiy ildiziga borib taqaladi. Dahriylar inqilob qilib, Rusiya hukumatini ag‘dardi, ularning toj-taxtini, mol-mulkini talon-taroj qilib, tortib oldi. Keyin bu talonchilik davom etib, kengayib, butun bir xalqning yuqori qatlamiga tegishli barcha narsa musodara qilindi. Dahriy tuzumga qarshi chiqqanlar, ziyolilar, hur fikrli, ongli kishilar xalq dushmani deb e’lon qilinib, o‘ldirildi, qamaldi, surgun qilindi. Shuning uchun o‘sha paytdagi mazlum qatlam bu davlatga nisbatan alamzada bo‘lib qoldi, «davlat mening nasabimni, mavqeimni, mol-mulkimni tortib oldi, endi men ham davlatnikini sovuraman, chunki unda mening haqqim bor» degan tushunchada bo‘ldi. Sovet davrining oxiriga borib, nihoyatda ommalashgan bu tushuncha butun xalqqa singib, davlatning mulkini o‘g‘irlash oddiy ish bo‘lib qoldi, hatto uddaburonlik hisoblana boshladi.
Shu zaylda davlat xalqning mulkini, xalq davlat mulkini talon-taroj qilishga odatlanib qoldi. Bularning barchasi davlat bilan xalq o‘rtasida jarlik, beayov dushmanlikni yanada chuqurlashtirib yubordi. Bugun ham mana shu ruhiyat ko‘p joyda hukmron. Bu, Qur’on ta’biri bilan aytganda, xalqning o‘z-o‘zini o‘ldirishidir (Niso surasi, 29-oyatga ishora).
Ming afsuski, mustabid tuzum parchalanib, yurtimiz mustaqil bo‘lsa ham, juda ko‘pchilikda davlatning mulkiga nisbatan ana shunday noto‘g‘ri munosabat saqlanib qoldi. Jamiyatni bugungacha zimdan qo‘porib, yemirib, zaharlab kelayotgan korrupsiya, poraxo‘rlik, davlat mulkini talon-taroj qilish, birovlarning mulkini aldov yoki firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirish ana shu manfur tuzumdan qolgan razil sarqit, desak, xato bo‘lmaydi.
Aslida davlat mulki ommaning moli bo‘lib, uni nohaq va yashirincha olish eng og‘ir haromlardan sanaladi.
Qur’oni Karim va hadisi shariflarda ommaning molidan yashirincha olib yeyish «g‘ulul» deyiladi. Bu so‘z odatda o‘lja taqsimlanmasdan oldin undan biror narsani maxfiy ravishda olishni bildiradi, lekin ulamolar bu narsa ommaning molidan yashirincha yeyishning barcha ko‘rinishlarini o‘z ichiga olishini ta’kidlashadi.
Rummoniy aytadi: «G‘ulul so‘zi «g‘olalun» so‘zidan olingan bo‘lib, aslida suvning daraxtlar orasiga singishiga aytiladi. Xiyonatda mulkka odamlardan maxfiy suratda, halol bo‘lmagan yo‘l bilan kirim bo‘lgani uchun bu gunoh «g‘ulul» deb atalgan».
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deydi:
«Kimki g‘ulul qilsa, o‘ljaga xiyonat qilsa, Qiyomat kuni xiyonat qilib olgan narsasi bilan keladi. So‘ngra har bir jon qilgan qilmishini(jazosini) to‘liq oladi. Ularga zulm qilinmas».
Demak, kim ommaning mulkidan yashirincha biror narsa olsa, Qiyomat kuni mahshargohga o‘sha narsa bo‘yniga osilgan holda keladi, odamlardan yashirib qilgan xiyonati barchaga oshkor etiladi. Bu holatning tafsirini bevosita hadisi sharifda o‘qishimiz mumkin.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam oramizda turib, g‘ulul haqida so‘zladilar. Uning gunohi kattaligini, ishi og‘irligini gapirib, shunday dedilar: «Qiyomat kuni birortangiz yelkasida ma’rayotgan qo‘y bilan, kishnab turgan ot bilan kelib, «Ey Allohning Rasuli, meni qutqaring!» deganini ko‘rmayin! Men ham: «Sen uchun hech narsa qo‘limdan kelmaydi, senga (hukmlarni) yetkazganman», demayin. Yelkasida o‘kirib turgan tuya bilan kelib, «Ey Allohning Rasuli, meni qutqaring!» demasin. Men ham: «Sen uchun hech narsa qo‘limdan kelmaydi, men yetkazganman», deb turmayin. Yelkasida unsiz narsa bilan kelib: «Ey Allohning Rasuli, meni qutqaring!» demasin. Men ham: «Sen uchun hech narsa qo‘limdan kelmaydi, men yetkazganman», demayin. Yoki yelkasida hilpirab turgan bir parcha latta bilan kelib, «Ey Allohning Rasuli, meni qutqaring!» demasin. Men ham: «Sen uchun hech narsa qo‘limdan kelmaydi, men yetkazganman», demayin».
Buxoriy va Muslim rivoyati.
Bu hadisi sharifda kim ommaning molidan nimani o‘g‘irlagan bo‘lsa, Qiyomat kuni o‘shani yelkasiga ortgan holda kelishi, unga hatto shafoatchilarning peshvosi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham yordam bera olmasliklari ta’kidlanmoqda. Bundan og‘ir holat bo‘lmasa kerak.
Ommaning mulkidan o‘marishning katta-kichigi bo‘lmaydi, barchasi harom va og‘ir gunoh hisoblanadi. Imom Buxoriy «Sahih»da bu haqda alohida bob ochib, uni «G‘ululning ozi haqida», deb nomlaydi va unda bunday xiyonatning ozi ham og‘ir gunoh ekaniga dalil sifatida quyidagi hadisni keltiradi:
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning yuklariga Kirkira degan kishi mutasaddi edi. U vafot etdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «U do‘zaxdadir», dedilar. Borib qarashgan edi, bir aboa (choponga o‘xshash ustki kiyim) topib olishdi. U buni o‘ljaga xiyonat qilib olgan ekan».
Ommaning molidan haqsiz ravishda, yashirincha olish hatto shahidni ham do‘zaxga uloqtiradi. Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:
«Bir qul Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yuklarini tushirayotgan edi, to‘satdan daydi o‘q kelib, o‘sha qulga tegdi. Odamlar: «Unga shahidlik qutlug‘ bo‘lsin!» deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Yo‘q! Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, Xaybar kuni o‘ljalardan ulushlar taqsim bo‘lmay turib olgan shamlasi (o‘ranib olinadigan ustki kiyim) uning ustida olov bo‘lib lovullaydi», dedilar. Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan buni eshitgan zahoti bir poyabzal ipini olib kelib, «Men mana shuni olgan edim», degan edi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Bu do‘zaxdan (olingan) poyabzalning ipi!» dedilar».
Qarang, kim ommaning molidan biror narsa olsa, do‘zaxdan o‘shancha ulush olgan hisoblanar ekan. Bir ip olsa, do‘zaxdan bir ip, bir ko‘ylak olsa, do‘zaxdan bir ko‘ylak olgan bo‘ladi. Bu ma’no boshqa hadislarda ham ta’kidlanadi.
Imom Termizi Ka’b ibn Ujra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Haromdan bitgan har bir et do‘zaxga munosibdir», deganlar.
Imom Buxoriy Xavla Ansoriyya roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning «Allohning moliga o‘zini nohaq uradigan kishilarga Qiyomat kuni do‘zax bo‘ladi», deyayotganlarini eshitganman».
Ibn Hajar Asqaloniy rahmatullohi alayh ushbu hadisni sharhlar ekan, «Ya’ni musulmonlarning mol-mulkini botil tasarruf etadiganlar», deya izohlaydi.
Demak, musulmonlarning moliga mas’ul bo‘lgan kishi uni o‘ziga emas, birovga nohaq bersa ham, o‘ziga do‘xazni sotib olgan bo‘lar ekan.
Bu hadisi sharifda e’tibor beriladigan yana bir nukta shuki, ommaning moli Allohning moli hisoblanar ekan. Binobarin, xalqning mulkini o‘marayotgan kimsa Allohning molidan olayotganini unutmasligi kerak.
Kimdir «Nima uchun ommaning moli yetimning haqqiga tenglashtirilmoqda?» deyishi mumkin. Buning sababi juda oddiy. Ommaning molida yetimning haqqi bo‘lishi tayin, chunki umumiy boylikda butun xalqning haqqi bor, jamiyatda esa yetimlar bo‘lishi tabiiy. Binobarin, ommaning mulkidan nohaq olgan kishi qaysidir yetimning haqqini ham olgan bo‘ladi. Ammo u qaysi yetimning qancha haqqini olganini bila olmaydi va shu jihatdan buning gunohi yanada og‘irroq bo‘ladi. Bu gunohning tavbasi chin qalbdan nadomat chekish, bu ishni qaytib qilmaslikka qat’iy jazm qilishdan tashqari o‘sha nohaq olingan molni to‘laligicha o‘z joyiga qaytarish bilangina bo‘ladi.