Allohga beadad hamdu sanolar bo‘lsinki, diyorimiz musulmonlari har yili ramazon ro‘zasini tinchlik-osoyishtalik, bag‘ributunlik bilan ado etmoqdalar. Darhaqiqat, bu oyda imon-e’tiqod bilan qilinadigan duolar mustajob bo‘ladi. Chunki muborak oyda Alloh taolo bandalariga osmon eshiklarini ochib, har bir duo qilguvchining duosini qabul qiladi.
“Ramazon” so‘zi besh harfdan iborat. Uning har bir harfiga ulamolarimiz shunday ma’no berganlar. “Ro” – “rahmat”, “mim” – “mag‘firat”, “zod” – “zimonun liljannat” (jannatga kirish uchun kafolat), “alif” – “amanun minannar” (do‘zaxdan omonlik), “nun” – “nurun minalloh” (Alloh tomonidan nur) ma’nolarini anglatadi.
Ushbu so‘zimizni Imom Termiziy (rahmatullohi alayh)dan rivoyat qilingan: “Ramazonning avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat, oxiri do‘zaxdan ozodlik kunlaridir”, hadisi sharifi ham quvvatlaydi. Ya’ni: “ro” harfi ramazonning avvali bo‘lgan rahmat kunlariga, “mim” o‘rtadagi mag‘firat kunlariga, “zod” va “alif” harflari oxiridagi “do‘zaxdan ozod bo‘lish” kunlariga, “nun” harfi esa butun ramazonning natijasida hosil bo‘ladigan nurga dalolat qiladi.
Ramazon oyining fazilatlarini batafsil bayon qilguvchi hadisni Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan Salmon Forsiy (roziyallohu anhu) rivoyat qilib, jumladan bunday dedilar: “…Bu oyda mo‘minning rizqi ziyoda bo‘ladi. Kimki u oyda birorta ro‘zadorga iftorlik qilib bersa, uning gunohlari kechiriladi va do‘zaxdan ozod bo‘ladi. Shuningdek, unga ham ro‘zadorning savobidan hech qancha kam bo‘lmagan savob beriladi”. Shunda biz: “Ey Rasululloh! Biz hammamiz ham ro‘zadorga iftorlik qilib bera olmaymiz-ku”, dedik. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh taolo bu savobni ro‘zadorga bir qultum sut yoki bitta xurmo yoki bo‘lmasa bir ho‘plam suv bilan iftorlik qilib bergan kishiga beradi. Kimki ro‘zadorning qornini to‘yg‘azsa, Alloh qiyomatda unga havzi kavsaridan bir qultum suv ichiradi, natijada u to jannatga kirgunicha chanqamaydi. Ramazon – avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat, oxiri do‘zaxdan ozod qilish oyidir. Kimki u oyda xodimlarning og‘irini yengil qilsa, Alloh uning gunohlarini kechiradi hamda do‘zaxdan ozod qiladi”, dedilar”.
Iftor paytidagi duolar ijobatdir. Zero, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytadilar: “Uch toifa insonning – ro‘zadorning yoki iftor qilayotgan ro‘zadorning, odil podshohning va mazlumning duosi mustajob bo‘ladi” (Termiziy, Ahmad va Ibn Moja rivoyati).
Shu o‘rinda bir mulohaza: Ba’zilar “Ro‘zadorni to‘ydirgan odam ro‘za tutganning savobini oladi”, degan gapni xato talqin etishadi, iftorlik marosimi uyushtirib, ko‘p odamlarni chaqiradi, keyin o‘zi ro‘za tutmay yuraverishadi. Bu odat mutlaqo xato tushuncha oqibatidir. Avvalo, bu gapdan o‘zi ro‘za tutmasa bo‘laveradi degan xulosa chiqmaydi. Qolaversa, hech bir savob ish farz ibodatni tark qilishga sabab bo‘la olmaydi.
Iftorlik qilish deganda, albatta dasturxon yozib, to‘p-to‘p odam aytishni tushunmaslik kerak. Kambag‘al, muhtoj kishilarga taom yoki kerakli mablag‘ni berish eng yaxshi iftorlikdir. Chunki shunisi riyodan xoli bo‘ladi.
Ba’zi iftorliklarda dabdabaga berilib ketish, noshar’iy ishlarni aralashtirib yuborish hollari ham uchrab turadi. Bunga o‘xshash holatlarni tugatish zarur.
Miskinga taom berish ro‘za tutishning o‘rniga o‘tishi esa, fidya berish deyiladi. Bunga Qur’oni karimda ruxsat berilgan. Biroq fidyaga o‘ta qariliklari, darmonsizliklari sababli ro‘za tuta olmay qolgan otaxon va onaxonlar haqlilar, xolos. Ulamolarimiz bu toifaga tuzalishidan umid yo‘q surunkali kasalga chalingan kishilarni ham qo‘shganlar. Faqat ana shu toifadagi kishilargina ro‘za o‘rniga fidya berishlari mumkin. Qolganlarga bu ruxsatning daxli yo‘q. Boshqa kishilar dunyodagi barcha miskinlarni to‘yg‘azsalar-da, farz ro‘zaning bir soati ham ulardan soqit bo‘lmaydi.
Ro‘za insonni hayotning barcha achchiq-chuchuklariga bardosh berish va ularga sabr qilishga hozirlaydi. Ruhan, aqlan va jismonan kamol topishida yordam qiladi va jamiyat rivojlanishi, taraqqiy etishi yo‘lidagi qiyinchiliklarni bartaraf etishga o‘rgatadi.
Shuningdek, ro‘zadorning o‘zi, oilasi va ummat uchun seroblik, farovonlik hosil bo‘ladi. Ochlik va chanqoqlik nimaligini o‘zidan o‘tkazgan ro‘zador, bunday azobni tortayotgan kambag‘al, bechoralarga yaxshilik ko‘rsatishga harakat qiladi.
Alloh taolo muborak ramazon oyida tutayotgan ro‘zalarimizni, toat-ibodatlarimizni o‘zining fazlu karami ila qabul qilib, barchalarimizni ulug‘ ajru savoblarga erishtirsin!
No‘mon Atabayev
Birinchi foyda:
Nega Qur’oni karimda “ankabut” (o‘rgimchak) so‘zi muannas (ayol) shaklida keltirilgan, garchi u muzakkar (erkak jinsida) bo‘lsada?
Oyatda bunday deyilgan:
مَثَلُ الَّذِينَ اتَّخَذُوا مِنْ دُونِ اللَّهِ أَوْلِيَاءَ كَمَثَلِ الْعَنْكَبُوتِ اتَّخَذَتْ بَيْتًا
“Allohdan o‘zgani do‘st tutganlarning misoli, o‘z uyini qurgan o‘rgimchak kabidir...” (Ankabut surasi, 41-oyat).
Oyatdagi اتَّخَذَتْ kalimasida ayol jinsiga dalolat qiluvchi ت “t” harfi kelganiga e’tibor bering.
Aslida “عَنْكَبُوتِ” (o‘rgimchak) so‘zi erkak jinsiga taalluqli.
Demak oyatda اتخذ bo‘lishi kerak edi. Lekin, اتَّخَذَتْ shaklida, ayol siyg‘asida keldi.
Zamonaviy ilm-fan shuni isbotladiki, tabiatan urg‘ochi o‘rgimchakkina uy qurishga qodir ekan. Erkak o‘rgimchak esa, faqat to‘rdan foydalanib harakatlanar, lekin uy qurish imkoniyatiga ega emas ekan.
Agar Alloh taolo oyatda “ankabut”ni erkak siyg‘asida zikr qilganida, bu ilmiy va biologik jihatdan noto‘g‘ri bo‘lardi. Ammo Alloh taolo, ayol siyg‘asini ifodalovchi ت “t” qo‘shimchasini keltirishi Kur’oni karim haq kalom ekaniga bo‘lgan iymonimizni yanada mustahkamladi va bizga haqiqatni ko‘rsatdi. Subhanalloh...
Ikkinchi foyda:
Urg‘ochi o‘rgimchak, bolalari tug‘ilishi bilan erkagini o‘ldirib, uyning tashqariga uloqtiradi.
So‘ngra bolalar kattalashganda, onasini o‘ldirib, uni ham uydan tashqariga uloqtiradilar.
Eng zaif va notavon uy
Alloh taolo Qur’onda buni bitta oyat bilan tasvirlagan:
“Holbuki, eng zaif uy o‘rgimchakning uyasidir. Koshki bilsalar edi” (Ankabut surasi, 41-oyat).
Odamlar o‘rgimchak uyining jismonan zaifligini bilishgan, lekin uning ma’naviy zaifligini faqat shu zamonda tushundilar. Shuning uchun, oyat: “Koshki bilsalar edi!”, jumlasi bilan yakunlandi.
Shunga qaramay, Alloh taolo Qur’on suralaridan birini shunday yoqimsiz hasharotning nomi bilan atadi. Ushbu sura boshidan oxirigacha fitnalar haqida hikoya qiladi.
Suraning boshlanishi: “Odamlar “iymon keltirdik” deyishlari ila imtihon qilinmay, tark etilishlarini o‘yladilarmi?” (Ankabut surasi, 2-oyat).
Davomida:
“Va odamlardan, Allohga iymon keltirdik, deydigan, so‘ngra Allohning yo‘lida ozorlansa, odamlarning fitnasini Allohning azobidek qabul qiladiganlari ham bor. Agar Robbing tomonidan nusrat kelsa, ular, albatta, biz siz bilan birga edik, derlar. Alloh olamlarning ko‘ksilaridagi narsalarni o‘ta bilguvchi zot emasmi?!” (Ankabut surasi, 10-oyat).
Ehtimol, fitnalarga “o‘rgimchak”ning nima aloqasi bor deb o‘ylarsiz?
Javob shuki, fitnalarning bir-biriga chambarchas bog‘liqligi go‘yo o‘rgimchak to‘rining iplariga o‘xshaydi.
Fitnalar shunchalik bir-biriga kirishib ketganki, uni bir-biridan ajratib, farqlab olish juda mushkul. Ular juda ko‘p va murakkab, ammo Allohdan madad tilaganlar uchun ular o‘ta zaif va juda nozikdir.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV